OQSOQOLNING BIR KUNI

Avtobusga chiqqan o‘rta bo‘yli, miqtigina, zuvalasi pishiq otaxon atrofdagilarga razm soldi. Ko‘rinishidan qat’iyatliligi sezilib turardi. Soat millari endigina to‘qqizga boryapti.

 

Avtobusdagi yoshlar avval cholga, keyin yonveriga qarashdi. Oq ko‘ylak, qora shim kiyib olgan uchta o‘spirin qulog‘iga pleyer tiqinchog‘ini taqib olgan, ko‘zlari esa qo‘llaridagi “Ayfon” telefonida. Har biri o‘z o‘yini bilan ovora. Chol ularga bir zum tikilib qoldi...

— Ota, keling, mana bu joyga o‘tiring, — deb o‘rta yoshlardagi kishi o‘rnidan turdi.

— Yo‘q, siz o‘tiravering, menga mana bu jo‘jaxo‘rozlar joy berishadi.

— Hoy bola, — deya haligi o‘spirinlardan birining tirsagidan ushladi.

U norozi holda boshini ko‘tarib otaga qaradi. Qulog‘idagini yechmay, bezraygancha qarab turaverdi.

— Qulog‘ingdagini ol, — dedi ota.

O‘spirin qulog‘idan tugmachalarni olib: — Nima deysiz? — dedi.

— Tur o‘rningdan, maktabda yoki uyda kattalarga avtobusda joy ber deb o‘rgatmaganmi?

Bola aftini ham o‘zgartirmay, qovog‘ini uyib turaverdi. So‘ng nariroqqa borib turdi-da, qulog‘iga yana o‘sha quloqchinni taqib, o‘yinga sho‘ng‘idi. Qolgan ikki o‘spirin hamon boshini ko‘tarmay qo‘l telefonlaridagi o‘yin ni davom ettirishardi. Ba’zilar yuzlariga jiddiy tus berib, katta muammolarni hal qilayotganday holatda. Sergak o‘tirgan va turganlar ham yo‘q emas. U yonida o‘yin bilan band o‘spirinni asta turtdi. Yigitcha boshini ko‘tarib, qulog‘idan tugmachalarni oldida otaga qaradi, uning yuzidan “sherigimni turg‘azdingiz, sizga yana nima kerak” degan ma’noni uqsa bo‘lardi.

— Shu o‘yin o‘rniga kitob o‘qisang bo‘lmaydimi? Aqlingga aql qo‘shilarmidi?

— Avtobusda kitob o‘qib bo‘lmaydi, ko‘zni ishdan chiqaradi, — dadil javob berdi o‘spirin.

— Nima, telefoningdagi o‘yin ko‘zingni ishdan chiqarmaydimi? Bunda ham ko‘zing zo‘riqadi-ku!

Yigitcha indamay qo‘l telefonini o‘chirdi-da, o‘rindiqdan turdi. Bu holatni ko‘rib, ikkinchi o‘rtog‘i ham turdi.

— Qani, yoshi kattalar, kelinglar joy bo‘shadi, —dedi ota boshqalarni o‘tirishga chorlab. Yoshi qirqlardan oshgan bir ayol va kishi kelib o‘tirdi.

— Farzandlarimizning shunaqa bo‘lishiga o‘zimiz aybdormiz. Charchabdi, telefonida muhim ishlarni hal qilayotgandir deb indamaymiz. O‘zimizni o‘zimiz hurmat qilmasak, yoshlardan talab qilmasak, tarbiya qilmasak, yelkamizga chiqib oladi-ku bunaqa-da. Sizlar nima deysizlar?

Unda, bunda: — Gapingiz to‘g‘ri, — degan ovozlar chiqdi.

— E, menga bo‘laveradi deb yashash eng yomon odat. Inson hech qachon befarq bo‘lmasligi kerak. Ie, tushadigan bekatim kelib qoldi, — dedi-da o‘rnidan turdi. 

Ota avtobusdan tushayotganida ko‘pchilik orqasidan havas bilan qarab turishardi. “Yaxshiyam shunaqa odamlar bor” degan gaplar qulog‘iga chalindi.

Ota marhumlarga xotira toshlari yasaydigan ustalar oldiga bordi. 

— Usta, men qishloqdan keldim, — dedi ota. — Bizning qabristonda urushdan qaytgan oltmish yetti odamning qabri bor. Shularning ismi sharifi, tug‘ilgan va vafot etgan sanalari bilan xotira toshiga yozdirib, qabriston kiraverishiga qo‘ymoqchimiz. Qishlog‘imiz rassomlari chizmasini chizib berishdi, baraka topkurlar. 

Qog‘ozdagi chizmaga usta bir ko‘z yugurtirdi-da,

— ota juda savobli ishga qo‘l uribsiz. Bu ishni sizga o‘n kunda tayyorlab beramiz, taxminan mana shunday bo‘ladi, — deb tayyorlab qo‘yilgan toshlaridan birini ko‘rsatdi.

– Bo‘ladimi?

— Bo‘ladi, usta, yaxshi tayyorlabsiz. Xalq, ayniqsa, yoshlar o‘z bobolarini kim bo‘lganligini bilishlari kerak-da. 

Ustalar bilan narxini kelishib, ota qishlog‘iga yo‘lga tushdi. Bektemir yo‘lidan o‘tayotganida bo‘layotgan qurilishlarni, qaddini g‘oz ko‘tarib turgan ikki-uch qavatli uylarni, keng yo‘llarni ko‘rib, ko‘zlari quvondi. “Ha, Yurtboshimizga rahmat. Xalq farovonligi yo‘lida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bu hudud bir paytlar eng ko‘rimsiz joylar edi. Poytaxtimizga kirish yo‘llari ham borgan sari chiroy ochib bormoqda. Borib avval machitda, keyin qishloq guzarida odamlarni hasharga chorlayman”, degan fikr uning tinchini buzdi. 

U ikki yoshida otadan yetim qoldi. Uch yoshga kirganida katta akasi urushdan qaytdi. Akasi uch uka va uch singilni ota o‘rnida tarbiya qildi. Hamma qatori maktabga, keyin armiya xizmatiga bordi. O‘qishga sharoit yo‘qligi uchun shofyorlik kursini tugatib, xo‘jalikda yuk mashinasini hayday boshladi.  Akasi rahmatli hamma ukalari va singillarini uylantirdi, chiqardi. Eng kenjasi bo‘lganligi uchunmi, ko‘proq unga mehribonlik qilardi. To oilasini tiklab olgunicha yonidagi hovlidan joy qilib berdi. U yog‘iga oila aravasini o‘zi tortib ketdi. Yelib-yugurib dang‘illama uy solib, xalqqa to‘y qilib berdi. Olti farzandi va xotini bilan el qatori yashab kelmoqda. 

O‘tmish xayollari bilan qishlog‘iga kelib qolganini sezmay qoldi. Avtobusdan tushganidan uni ko‘rganlar savolga ko‘mishdi:

— Ha, Otabek aka, ishlar pishdimi, xotira toshi bo‘lidigan bo‘ldimi? 

— Akbar, ko‘changga kirib bo‘lmaydi. Yo‘llaring o‘ydim-chuqur. Qishda ko‘lmak, yozda chang-to‘zon, qo‘shnilaringni yig‘ib, uch-to‘rt mashina shag‘al tashlatsang bo‘lmaydimi?

— E, aka, yo‘l davlatniki, bunga javob beradiganlar qilsin-da, siz nimaga aralashasiz?

— Men aralashmasam, kim aralashadi? Avvalambor, bu ko‘chadan asosan o‘zing va qo‘shnilaring yurasizlar. Shuning uchun ko‘changga o‘zlaring ham qaranglar-da. Davlat tomonidan qilinayotgan ishlarni ko‘rmayapsanmi? Biz ham qarab turmaylik-da! Ariqsiz, suvsiz, daraxtsiz ko‘cha fayzsiz bo‘ladi, uka. Qo‘ni-qo‘shningni yig‘ib shu ishga kirishinglar. Hammalaring ishlayapsizlar. Deyarli hammangda yengil mashina bor. O‘zlaring harakat qilmasalaring, tashqaridan birov kelib bu ishlarni qilmaydi-ku inim.

— Xo‘p, aka, tushundim, bir hafta-o‘n kunda aytganingizday bo‘ladi.

Ota yo‘lida davom etdi. Mahalla guzari oldida besh-olti kishi nimalarnidir tortishib turardi.

— E, ana Otabek aka keldi. Nima qilish kerakligini u kishi yaxshi biladi, — turganlar uning yo‘liga peshvoz chiqishdi.

— Xo‘sh, og‘aynilar, nima gap? Hammalaring hayajondasizlar?

— Otabek aka, mana bu uch mahallaga o‘n kundan beri gaz kelmayapti, gaz bosimi kamayganidan  oilalar qiynalib qolishdi. Ayniqsa, yosh bolalilar, qariyasi bor xonadonlar. Bir nima qilish kerak, aka, — dedi Umar aka tashvishli.

— Yuringlar, bafurja gaplashamiz. Shoshganda aql qochadi degan gap bor. 

— Gap bunday, og‘aynilar, — sekin gap boshladi otaxon. — Bitta mashina topib, tuman gaz tarmog‘i tashkilotiga boramiz. Ularning rahbarlari bilan gaplashib kelamiz. Shunday qilsak, yaxshi bo‘ladi, nima deysizlar?

— Juda yaxshi bo‘ladi, aka, bola yig‘lamasa, onasi ko‘krak bermaydi degan gap bor. O‘zimiz talab qilmasak, kim biz uchun jon kuydiradi, — uning gapini ma’qulladi Xolmat aka.

Ular borib tashkilot rahbarlari va mutaxassislari bilan gaplashib olishdi. Ular ham o‘z talablarini aytishdi. Qishloqdagi ko‘pchilik iste’molchilar gaz va elektrdan qarzlari borligini va bu ishda mahalla faollari ham yordam berishini so‘rashdi. Bular ham ba’zi bir nozirlarning kirdikorlarini, to‘langan qarzlarni noto‘g‘ri kompyuterga kirim qilayotganlari uchun keskin chora ko‘rish shartligini talab qilishdi.

— Otabek aka, hamma qishloq oqsoqollari sizga o‘xshab jon kuydirishsa, nur ustiga nur bo‘lardi, — dedi tashkilot rahbari ularni ko‘chagacha kuzatib qo‘yarkan. 

Ular qishloqqa qaytishganida guzar yonida er-xotin turishardi.

— Ha Ahmadjon, nima bo‘ldi, xotining bilan kepsan?

— Aka, pichoq borib suyakka taqaldi, — salom- alikdan keyin gap boshladi er. O‘g‘limiz nobop chiqdi. Xudoning bergan kuni uyga mast bo‘lib keladi. Xotinini uradi, xo‘rlaydi, bolalarini ko‘chaga haydaydi. Guzar yonidagi do‘kon atrofida besh-oltita ulfatlari bilan har kuni maishat qiladi. Shuncha gapirsak ham kor qilmayapti. O‘dag‘aylab,  sizlar menga nima qilib bergan edingizki, menga aql o‘rgatmoqchi bo‘lasizlar, deydi. Nima qilishga hayronman, aka, Sizga maslahatga keldik.

— Hozir qaerda o‘g‘ling?

— Uyida, mast bo‘lib yotibdi. 

— Bo‘pti, ertalab uyingga ikki-uch kishi bo‘lib boramiz. Hozir unga gap ta’sir qilmaydi. Ulfatlari bilan ham qattiqroq gaplashishga to‘g‘ri keladi.

Otaxon shunday deya ularni kuzatib yo‘lakka chiqdi.

— Otabek aka, qizimga boshqa viloyatdan sovchilar kelgandi. Mahalla oqsoqoli bilan gaplashsak deyishmoqda, — deb Mahmud aka unga yaqin keldi.

— Xo‘p, uka, axir bu umr savdosi, maslahat bilan o‘ylab ish qilgan ma’qul. Qani, boshla uyingga. Yoshlar kelajagimiz, ular uchun har doim jon kuydirib, yashashaimiz kerak. Bog‘ni ham tarbiyalash zarur. Aks holda dog‘ bo‘ladi.

 

Ibrohim BEK

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

O‘ng qo‘ling berganini CHAP QO‘LING ...

2018-06-20 12:19:48

Qadimiy va BETAKROR

2018-06-20 12:31:32

Ko‘p yo‘nalishli gazeta

2018-06-20 12:22:26

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2018
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.