BIOETIKA TAMOYILLARI

Mushukcha zorlanib miyovlaganicha ovqatlanib o‘tirgan odamlardan najot istab oyoqlariga suykalar, ammo mehr o‘rniga har gal tepki yerdi. Bo‘sh stolga kelib o‘tirgan qiz bilan yigit oyoqlari ostida o‘ralashayotgan mushukchaga ijirg‘anib qarab qo‘yishdi. U ketavermagach, yigit jonivorning boshini mo‘ljallab zarb bilan tepdi. Bir necha metr nariga uchib tushgan mushukcha g‘alati ovoz chiqardi-da, turishga ham majoli yetmay, so‘nggi bor u tomonga qarab, kulayotgan odamlarga umid bilan boqdi. Og‘zining chetidan sizib oqqan qon uning yurak urishi bilan birga qotib qoldi.

 

Afsuski, tevarak-atrofimizda sodir bo‘layotgan bunday holatlarga tez-tez guvoh bo‘lamiz. Ko‘p qavatli uylarning oldida o‘yinchoq sifatida bolasining tug‘ilgan kuniga olib berilgan, keyin esa katta bo‘lib qolgan kuchuk, mushuklarni ko‘chaga chiqarib tashlash odatiy hol.

Bugun butun dunyoda hayotda, jamiyatning turli sohalarida bioaxloq qoidalariga amal qilish yuzasidan bahslar ketmoqda.

Qadimgi yunon tilidan olingan bioetika — inson faoliyatining hayotda, tibbiyot va biologiyada jonivorlarga nisbatan munosabati bo‘lib, ilk marotaba mazkur tushunchani 1927 yili Frits Jaxr tilga olgan bo‘lsa, 1969 yili amerikalik onkolog va biokimyogar V.Potter uni muomalaga kiritdi. 1999 yili Kosta-Rikada bioetika masalalariga bag‘ishlangan anjumanda V.Potter nutq so‘zlar ekan, “Men barchangizdan bioaxloqni mas’uliyat, kompetentlik talab qiluvchi hamda barcha madaniyatlarni o‘zida mujassam etgan va gumanizmni targ‘ib etayotgan yangi etika ta’limoti sifatida qabul qilishingizni so‘rardim”, — dedi.

Aytish joizki, bioetika ekologiya fanining rivojlanishi va yo‘nalishlarining kelib chiqishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Bugungi kunda bioetika masalalari insonning bizni o‘rab turgan tabiatga, hayvonot va o‘simlik dunyosiga bo‘lgan munosabatida ham o‘z aksini topmoqda. Bunda har bir tirik jonzot yashash huquqiga ega ekanligi, insoniyat o‘zining jismoniy va ruhiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida jonivorlar ustida tajribalar o‘tkazish, ularni o‘ldirish, qiynash, irsiyatini o‘zgartirish masalalarida insof qilishi, besabab va behuda fojiali harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi ta’kidlanadi. Bioetika masalalarini faqatgina shifokorlar, biologlargina o‘rganmay, hozir ekologlar, faylasuflar, dinshunoslar, psixologlar, sotsiologlar, huquqshunoslar, siyosatchilar va boshqalar ham mavjud bioetik muammolarni hal etishda faol qatnashishmoqda. Demak, bioetika fanlararo fenomen bo‘lib, biologiya va tibbiyotning jadal rivoji insoniyat oldida zudlik bilan yechilishi lozim bo‘lgan muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa barcha kasbdagi odamlarni birlashishga chaqirayotir. Demak, bioetika ilmiy texnik taraqqiyot keltirib chiqarayotgan muammolar bilangina emas, balki bugungi kunda insoniyatni tashvishga solayotgan global siyosiy, ekologik muammolarni hal etishga ham qaratilgandir. 

Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda bioetika muammolari qonunchilik bilan boshqariladi. Bioetika me’yorlari esa tajriba uchun qo‘llaniladigan hayvonlar o‘rniga modellardan, ya’ni hujayra va mushaklardan foydalanish, agarda buning iloji bo‘lmasa, xodimlarni laboratoriya hayvonlari bilan axloqiy me’yorlarga rioya qilgan holda ishlashga o‘rgatish zarur. AQSh, Yevropaning qator mamlakatlari, Rossiyada bu borada maxsus ilmiy-axborot markazlari tashkil etilgan va “Hayvonlarni qiynoqlardan himoya qilish to‘g‘risida” qonun qabul qilingan. Qonunda hayvonlarni qiynoqlardan himoya qilish bilan birgalikda yovvoyi va uy hayvonlarini boqishda ularga nisbatan muomala me’yorlari, ularni qiynoqqa solish, o‘ldirish, ko‘chaga chiqarib tashlash, tajriba uchun boqiladigan hayvonlarga nisbatan axloqiy tamoyillarni qo‘llash ko‘rsatib o‘tilish bilan birga davlat hokimiyati organlari, yuridik va jismoniy shaxslarning bu boradagi mas’uliyati oshirilgan. 

Xalqaro bioetika qo‘mitasi (XBQ) 1993 yilda tuzilgan bo‘lib, uning tarkibi 6 nafar mustaqil ekspertdan iborat. Ular ilmiy yo‘nalishlarda tajriba o‘tkazishda har bir inson, hayvonlarning huquqlari himoya qilinishini nazorat qilib boradi.

O‘zbekiston, Gruziya, Moldova, Rossiya va Tojikistonda bioetika davlat o‘quv standartiga kiritilgan. Ammo u asosan tibbiy oliy ta’lim muassasalarida bevosita inson huquqlari bilan bog‘liq jihatlarni qamrab olgan. Milliy qonunchiligimizda, xususan, jinoyat kodeksining to‘rtinchi — “Ekologiya sohasidagi jinoyatlar” bo‘limi, ya’ni XIV bobi “Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi jinoyatlar”ga bag‘ishlangan va uning “Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish” deb nomlangan 202-moddasida “Ovchilik, baliqchilik yoki hayvonot dunyosining boshqa turlarini ushlash qoidalarini buzish, noyob hayvonlarni tutishning belgilangan tartibi yoki shartlarini yoxud o‘simliklarning dori-darmon, oziq-ovqat va manzarali (dekorativ) turlarini yig‘ish yoki tayyorlash, shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi hayvonot va o‘simlik olamidan foydalanish tartibini buzish ancha miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi” deb belgilangan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining “Tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik” nomli VIII bobining 79, 83, 92, 93, 94, 95-moddalarida tabiatga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazgan, ularni yo‘q qilib yuborish, qirilib ketishiga, soni kamayishiga sabab bo‘lish uchun jazolar belgilangan. Shunga qaramay, hayvonlarga nisbatan aholidagi munosabat hamon achinarli ahvolda. Chunki jinoyat va ma’muriy kodekslarida asosan davlat tomonidan muhofazalanadigan o‘simlik va hayvonot dunyosi uchun jazo xususida gap ketadi. Ammo boshqa jonivorlar-chi? Ularga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lish shart emasmi? Bu haqda jiddiy bosh qotirish vaqti kelmadimikin...

Fikrimizcha, gumanizm tamoyillari ustuvor yo‘nalish sifatida tan olinayotgan bugungi kunda aholi o‘rtasida bioetika masalalarini tushuntirish, hayvonlarga nisbatan teng huquqli jonzot sifatida qarash, hayoti xavf ostida qolgan hayvonlarga yordam berish maqsadida boshpanalar tashkil etish, hayvonlarga besabab zarar yetkazgan, o‘ldirgan fuqarolarga nisbatan ma’muriy va jinoiy jazoni qo‘llash va albatta nazorat uchun ekologik profilaktika nozirlari shtatini ichki ishlar tarkibida joriy etish vaqti yetdi.

 

Nargis QOSIMOVA, 

Jurnalist

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.