Yoshlarini asragan yurtning bag‘ri butundir

Tinchlik, ma’naviy kamolot va taraqqiyot. Bir qaraganda, ularning bari boshqa-boshqa so‘zlardek tuyuladi. Ammo bu tushunchalar bir-biriga chambarchas bog‘langan. Ulardan biri bo‘lmasa, hech qaysinisi bo‘lmaydi. Bugun buni jahonning ko‘plab mamlakatlari taqdiri misolida ko‘ryapmiz. Ular kechirayotgan suronli yillar, odamlar ko‘zidagi xavotir, berilayotgan begunoh qurbonlar jahon ahlini sergak tortishga, ertangi kunga teranroq nigoh bilan qarashga undamoqda.

 

Ayni damda “globallashuv” atamasi yangi so‘z bo‘lmay qoldi. Zero, biz u bilan “nafas olyapmiz”. Endilikda dunyoning bir chekkasida yuz bergan hodisa haqidagi xabar uning boshqa bir chetiga soniyalar ichida yetib borishi bilan birga, u yerdagi hayotga ham bevosita ta’sir o‘tkazmoqda. Beparvolik, “bu hodisaning menga aloqasi yo‘q” deb qarash esa tinchlikning tanazzulga yuz tutishi uchun qadam qo‘yilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Zero, globallashuv insoniyatni juda ko‘p narsalardan mahrum bo‘lishiga ham olib kelayotgani bor gap. Buning misolini dunyoda kechayotgan  axloqsizliklar, ommaviy yo‘qotishlarda ham ko‘rishimiz mumkin. Bir paytlar iqtisodiyoti yuksak marralarni egallagan ba’zi davlatlar aholisining ma’naviy dunyoqarashi tubanlashib borayotgani bois tanazzulga yo‘liqmoqda. Tobora urchib borayotgan axloqsizliklar – insonlar orasida ma’naviy qadriyatlarning yo‘qolib borishiga sabab bo‘lmoqda. Shaxs “men”ining birinchi o‘ringa chiqishi, demokratiya niqobi ostida ko‘ngilga kelgan ishni amalga oshirish, bir jinsli nikohlarga qonuniy tarzda yo‘l ochilishi shusiz ham tobora “keksayib” borayotgan davlatlarning kelajagini xavf ostida qoldirmoqda. “Ommaviy madaniyat”ning tobora yoyilib borayotgani esa har qanday buyruqni ongsiz bajarishga tayyor bo‘lib qolgan mas’uliyatsiz ommani paydo qilyapti. Shu ma’noda hududlarda kechayotgan jarayonlar bizni o‘ylashga va xulosa chiqarishga undaydi. Xo‘sh, nega shunday bo‘lyapti? Bu falokatlarning ildizlari qaerda? Bir paytlar birlamchi muvaffaqiyatni dunyoda yetakchilik qilish, zamondan ustun kelish bilan bog‘lagan xalqlar  asl boylik — millat bolalarini, millat o‘zligini boy berib qo‘ydi. “Bugungi kunda dunyo miqyosida 75 millionga yaqin bola qurolli to‘qnashuvlar va tabiiy ofatlar tufayli aziyat chekmoqda. Va bu holat ularning ta’lim olish imkoniyatidan mahrum qilgan”. 168 millionga yaqin bola mehnat qilishga majbur qilinadi. Shundan besh millioni qullik sharoitlarida ishlaydi. 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan har to‘rt bolaning bittasi gumanitar inqiroz kutilayotgan mamlakatlarda yashaydi. “Buyuk” davlatlarning ko‘pchiligida bola tarbiyasi bilan ota-onalardan ko‘ra ko‘proq yollangan tarbiyachi, enagalar shug‘ullanishadi. Maktablarda ta’lim tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, pulli bo‘lgani bois o‘quvchilarning hammasi ham maktabni tugallay olmaydi. Natijada bo‘sh qolgan bolalar o‘rtasida jinoyatchilik odatiy  holatga aylanmoqda. 

E’tiborsizlik, beparvolik...

O‘z holiga tashlab qo‘yishning “demokratiya” so‘zi bilan sinonimga aylanishi...

Va bugungi kunga kelib ushbu yurtlar giyohvandlik, OITS, jinoyatchilikning o‘chog‘iga aylanib qolishi...

Bu narsalar har birimizni mulohaza qilishga undaydi. Tinchlikka, yurtimizdagi bugungi taraqqiyotga xolis, shukrona ko‘z bilan qarashga o‘rgatadi. Bundan yigirma besh yil avval xalqimiz mustaqilikka erishgani e’lon qilingan kunda yurtimizning faqatgina erki emas, balki abadiy tinchligi ham mustahkamlanib qo‘yilgan edi. O‘zbekiston ilk yillardayoq boshqa davlatlar ichki siyosatiga aralashmaslik, dunyodagi hech bir harbiy blokka qo‘shilmaslik, shuningdek, begonalarning yurtimiz ichki hayotiga aralashishiga, tazyiqiga yo‘l qo‘ymaslik siyosatini qabul qildi. Bu qarorning naqadar to‘g‘ri bo‘lganini o‘tgan yigirma besh yilda mamlakatimizda erishilgan misli ko‘rilmagan yutuqlar ham isbotlab turibdi. Inson o‘ziga-o‘zi baho bera olmaydi deyishadi. Agar hech narsaga erishilmagan bo‘lsa, uni shishirib osmonga olib chiqib qo‘ysangiz ham pufak tez orada yorilib ketadi. Eslang, jahonning katta-katta rivojlangan davlatlari iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan bir pallada O‘zbekiston yilni foyda bilan yakunlagach, o‘zbek modelini o‘rganishga bo‘lgan harakatlarning boshlanishi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy tadqiqotlar asosida “Butun jahon baxt indeksida” yurtimiz 158 ta davlat ichida 44-pog‘onani, Mustaqil davlatlar xamdo‘stligi orasida  esa 1-o‘rinni egallashi, bular shunchaki maqtov emas, balki e’tirof.  

Bugun O‘zbekiston jahon bilan bo‘ylashmoqda. Mamlakatimizning fan, ta’lim, tibbiyot, sport, san’at sohalaridagi yutuqlari har birimizga g‘urur bag‘ishlaydi, albatta. Ammo hech narsa o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Bu yutuqlar ortida ham mashaqqatli mehnat, aniq-tahliliy xulosalar, oqilona islohot yotibdi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. O‘tgan yigirma besh yil davomida yurtimizda “Kelajak — yoshlar qo‘lida” degan ezgu shiorni anglab borayotgan yangi avlod shakllandi. Natijada ularda ijtimoiy faollik, ma’naviy va huquqiy ong, vatanparvarlik tuyg‘ulari kuchaydi. “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishi shart” degan ezgu shior ostida yoshlarning har tomonama yetuk, komil inson bo‘lib yetishlari yo‘lida hech nimani ayamaslik Yurtboshimiz tashabbusi bilan davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. 

Respublikamizda har bir fuqaro bepul tibbiy xizmatdan foydalanish, ta’lim olish huquqiga ega, voyaga yetmagan shaxslarni majburiy mehnatga jalb qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan.  Qolaversa, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun,  Kadrlar tayyorlash milliy Dasturining hayotga tatbiq etilishi mamlakatimiz ta’lim tizimida yangi bir jarayonni ochib berdi. Bugun yurtimizning eng chekka joylarida ham o‘quvchilarning kasb-hunar egallashlari va ta’lim olishlari uchun  barcha sharoitlar yaratilgan.  “9+3” tizimi esa maktabda egallangan bilimlarning litsey-kollejlarda mustahkamlanib, oliy ta’lim uchun kuchli poydevor bo‘layotgani ko‘plab mamlakatlarda qiziqish va havas uyg‘otayotgani ayni haqiqat. Yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish maqsadida ko‘plab ko‘rik-tanlovlarning o‘tkazilishi yurtimizdagi minglab o‘g‘il-qizlarning yangi iste’dod qirralarini ochish, iqtidorini namoyon qilish imkoniyatini bermoqda. Bu yo‘lda tom ma’noda yoshlarimizning tayanchi, qanotiga aylanib ulgurgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining xizmatlari beqiyos. Tashkilotning “Mening biznes g‘oyam”, “Yosh tadbirkor — yurtga madadkor”, “Shunqorlar”, “Kamolot malikasi”, “Yurt kelajagi” iqtidorli yoshlar tanlovi, “Siz qonunni bilasizmi?” kabi tanlovlari natijasida yoshlar tadbirkorlik, fan, sport, san’at sohalarida ko‘plab yutuqlarga erishib kelishmoqda. Muhimi, ushbu tanlovlar yoshlarimiz o‘rtasida ahillik, birdamlik, o‘ziga bo‘lgan ishonchni shakllantirmoqda. O‘tgan yillar davomida sportchilarimiz jahon arenalarida O‘zbekiston bayrog‘ini yuksakka ko‘tarishyotgani, xalqaro fan olimpiadalarida oltin, kumush, bronza medallarni qo‘lga kiritgani, chet tillarini mukammal egallab, xorijlik tengdoshlari bilan har qaysi jabhada bellashayotgani yoki biznes sohasida xususiy tadbirkorlik faoliyatini boshlab, mamlakatning tirgaklariga aylanayotgani albatta, quvonarli. Darhaqiqat, har bir inson tug‘ilib voyaga yetar ekan, uning har bir muvaffaqiyati Vatan bilan bog‘liq. Yurt quyoshi, obi-noni uni jisman kuchga to‘ldirsa, ajdodlar merosi, ota-ona va ustozlar bergan ta’lim-tarbiya,  ma’naviyatini oshirib boraveradi.

Bugungi taraqqiyot, bugungi xulosalar Yurtboshimizning “Farzandlari sog‘lom yurt — qudratli bo‘lur”  degan so‘zlarini yodga soladi. Dunyo va yurtimiz manzaralarini kuzata turib, bu so‘zlarda nafaqat jismoniy barkamollik, balki ma’naviy yuksaklik ham nazarda tutilganiga ishonch hosil qilib boryapmiz.

 

Feruza XAYRULLAYEVA

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.