BUYUK PARVOZLAR YURTI

Odam bolasi qalbida havoga parvoz qilish istagi uyg‘onganiga va harakat boshlaganiga necha ming yillar bo‘lgani, shubhasiz. Biroq bu istakning chinakamiga ro‘yobiga hali u qadar ko‘p bo‘lmadi. 

 

Samolyot, samolyot,

Qanotingni pastlab o‘t.

Men otamga xat yozay,

Sog‘inchimni tashlab o‘t...

Urush davri bolalarining iltijoli qo‘shiqlari shunday edi.

Yodimda, bola paytim, yangi chiqqan oyga qarab duo qilayotgan onamga savol berdim:

– Buvi, nega oyga qarab duo qilamiz?

– Yana yangi oy chiqqaniga, yangi kunlarga omon yetganimiz uchun shukrona qilamizda, bolam!

– Oyga yetib bo‘ladimi?

– Bilmadim, ehtimol, falakka uchganlar oyning diydorini ko‘rishar, ammo  bizga yo‘l bo‘lsin, bolam!

– Katta bo‘lib samolyotda osmonga uchgan mahalim oyni ko‘rsam “onam senga doim duo qiladi, bizning uyimizni ko‘proq yoritgin”, deb aytaman...

Samoga parvoz hamisha insoniyatning hayratlari, orzulari, quvonchlari bilan qorishiq. Odamlar nazdidagi “temir qush” – samolyotlar afsonaviy ko‘rinishlarini yo‘qotib qo‘ymaydi. 

Shu bois parvoz bilan bog‘liq ishlar ham, uning o‘zi ham hayajonli, ta’sirchan...

Mamlakatimiz iqtisodiy quvvatini yana ham mustahkamlash, og‘ir sanoatimizni yuksaltirish orqali jahonning rivojlangan mamlakatlari qatoridan munosib joy olish maqsadida Prezidentimiz 1992 yil 28 yanvarda “O‘zbekiston havo yo‘llari Milliy aviakompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdi. Bu voqea istiqlolimiz tarixida zarhal harflar bilan yozildi. O‘sha sanadan boshlab havo kemalarimiz samoga “O‘zbekiston” nomi bilan ko‘tarila boshladi. 

O‘sha davrda mamlakatimiz uchun havo yo‘llari hali ochilmagan qo‘riq edi. O‘zga yurtlarga borishga chog‘langan odam avval Moskvaga uchib borib, keyin kerakli manzilga qarab yo‘l olardi. Qaytishida ham avval Moskvaga, keyin Toshkentga qayta olardi. Qo‘shnisining uyiga kirish uchun boshqa mahalladan yo‘l izlagan odamdek ovorayu sarsonlik joni-jonimizdan o‘tgan ekanmi matonat, iroda, g‘ayrat bilan havo yo‘llarini zabt etishga kirishdik. 1992 yili London, Karachi, Dehli, Kuala-Lumpur, Tel-Aviv va Pekin kabi dunyoning yirik shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri samolyot qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Birdaniga bunday mashhur shaharlarga qatnov boshlaganimizning zamirida namoyishkorlik, ko‘z-ko‘zlash niyati yo‘q edi. Aksincha, biz “oddiydan oddiy xalq emasmiz, munosiblar ichra munosibmiz”, degan hayotiy haqiqat mujassam topgandi. Aviatsiya sohasidagi har bir qadamning bosilishi oson kechmaydi. Lekin uning mamlakatimiz taraqqiyotidagi o‘rni, odamlar ruhiyatiga ijobiy ta’sirini hisobga olib, istiqlolning dastlabki yillaridayoq bu mashaqqatli yo‘lni iroda, matonat bilan bosib o‘tishga jazm qildik.

1993 yil “Toshkent” xalqaro aeroporti dastlabki “A-310” aerobusini qabul qildi. O‘sha yili Frankfurt va Bangkokga qatnovlar ochildi. 1994 yilga kelib o‘arb texnikasini o‘zlashtirish boshlandi. Ikkinchi “A-310” aerobusi xarid qilindi. Afina, Manchester va Seulga qatnovlar ochildi.

1995 yil. Toshkent – Nyu-York qit’alararo havo yo‘lagi ochilishi katta voqea bo‘ldi. “Toshkent” xalqaro aeroportida havodagi harakatni boshqarish avtomatlashtirilgan markaziga poydevor qo‘yildi, tez orada u butun MDHda eng yaxshi markazga aylandi. 1996 yil 30 noyabrda poytaxtimiz aeroportiga birinchi “Boing-767” havo kemasi kelib qo‘ndi. Aviakompaniya uchuvchilar majmuasida “A-310” va “Boing-767” otryadlari tashkil etilib, havodagi harakatni boshqarish yangi markazi ishga tushdi. Samarqand xalqaro aeroporti rekonstruktsiyasi boshlandi. Qadamlarimiz dadil bo‘lib, qanotlarimiz keng quloch yoza boshladi. Ko‘ksiga shamol tegib, ruhi tetiklashgan millatning parvozi yuksalgandan yuksala bordi. 1997 yili aviakompaniya parki ikkita “Boing-767” va o‘rta masofaga uchuvchi “Rj-85” havo kemalari bilan to‘ldirildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston va Yaponiya hukumatlari o‘rtasida Buxoro, Samarqand va Urganch aeroportlarini rekonstruktsiya qilish uchun kredit ajratish to‘g‘risidagi bitim imzolanib, Parij va Dakkaga qatnovlar ochildi. o‘arbda ishlab chiqarilgan samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi tuzildi. Rim, Birmingem, Amritsarga yangi qatnovlar ochilib, aviakompaniya Xalqaro aviatsiya xavfsizligi fondining “Parvozlar xavfsizligi uchun” faxriy yorlig‘iga sazovor bo‘ldi. 2001 yilga kelib Toshkent – Osaka qatnovi ochildi. “A-310” va “Boing-767/757” samolyotlariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash ishlarini olib borish bo‘yicha ikkinchi Yevropa sifat sertifikati olindi. Aviata’mirlash korxonasining imkoniyatlari kengayib, texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro bozorga yo‘l ochildi. Shu bois Toshkent aviata’mirlash zavodi “Uzbekistan Airways Tehnics” korxonasiga aylantirildi. Samoga yo‘l olgan uchuvchining orzusi — bu balandlik degan gap bor. O‘zbekistondan turli xorijiy  mamlakatlarga yo‘l olayotgan uchqur lochinlarimiz nigohidagi xaritaga yana bir katta manzil chiziqlari tortildi, Osaka orqali Tokioga qatnov ochildi. 

Katta izlanish va shiddatli faoliyat hamisha muvaffaqiyat olib keladi. 2003 yilda aviakompaniyaga «Boing-767-300 ER» yo‘lovchilar havo kemasi keltirildi. 

Bo‘lib o‘tgan XXVI Xalqaro Moskva anjumanida “Toshkent” aeroporti “2003 yilning eng yaxshi aeroporti” deb topildi. O‘z nominatsiyasiga ko‘ra Samarqand aeroporti ham shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay Riga, Shanxay va Ostona shaharlariga qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

2009 yilda Buxoro xalqaro aeroporti Aeroport assotsiatsiyasining “MDH mamlakatlarining “Eng yaxshi yil aeroporti” tanlovi g‘olibi bo‘ldi.   

Yangi aviatsiya texnikasi O‘zbekiston aviakompaniyasi parvozlari xavfsizligi va muntazamligini ta’minlashda  asosiy mezonlardan biridir. Osiyo va Yevropa, AQSh va Yaponiyaning 40 dan ziyod shaharlariga parvozlarni amalga oshiradigan MAK havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va yaroqliligini ta’minlash aviakompaniya faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Milliy aviatashuvchi hozirda joriy yilning sentyabr-noyabr oylarida olib kelinishi kutilayotgan ikkita Boeing-787 Dreamliner samolyoti ekspluatatsiyaciga hozirlik ko‘rmoqda. Eng zamonaviy, uzoq masofaga uchuvchi Boeing-787 layneri innovatsion texnologiyalar asosida yaratilgan va yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega. Samolyotning yo‘lovchilar saloni dizaynidagi mutlaq yangicha yondashuv ekipaj a’zolari va yo‘lovchilarga uzoq parvoz davomida barcha qulayliklarni yaratadi. Ushbu havo layneri Toshkent — Nyu-York yo‘nalishida uzluksiz parvozlarni amalga oshiradi.

O‘tayotgan yillar, biz uchib o‘tayotgan yo‘llar millat taqdiriga tutashib, jon tomiriga aylangani rost. Yilma-yil qadamlab borsak, biror yil yo‘qki, aviatsiya sohasidagi muvaffaqiyatlarimiz qayd etilmagan bo‘lsa... Birorta yilimiz yo‘qki, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining omad quyoshi porlamagan bo‘lsa...

Ushbu e’tiroflarimizni faktlar bilan dalillaymiz.

2014 yilda Milliy aviakompaniya (MAK) IOSA auditidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Nufuzli tashkilotlardan biri, 270 dan ortiq aviakompaniyani o‘zida birlashtirgan Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) a’zoligiga qabul qilindi. Aviatsiya xavfsizligi Yevropa agentligi (EASA)milliy aviakompaniyamizning xavfsiz aviatashuvchi sifatidagi maqomini tasdiqladi. Bu — xalqaro maydonda Milliy aviakompaniyamiz faoliyati tan olinganidan dalolatdir.

Biz kunda, kunora xorijiy davlatlar hayotini kuzatib kelamiz. Aviahalokatlar, samolyot portlashlaridan aziyat chekayotgan, kuyib kul bo‘layotgan shaharu qishloqlarni, fojialar girdobida qolgan odamlarni ko‘ramiz, achinamiz, xayolan hamdard bo‘lamiz.

Aynan shu paytda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi belgisi bilan havoga ko‘tarilayotgan samolyotlarning xavfsizligi a’lo darajada ta’minlanganini his etib shukronalar aytamiz. Eng asosiysi, mamlakatimiz tinchligi, osuda hayotimiz barcha yo‘llar kabi havo yo‘llarining ham xavfsizligini to‘la kafolatidir. Bugungi kunda MAK dunyo tajribasida tan olingan ICAO birliklari tizimi (QNH)ni qo‘llab kelyapti. 

Yangi turdagi samolyotlardan foydalanish yer usti texnika bazasini yangilashni taqozo etgani bois poytaxtimiz va viloyatlar markazlaridagi aeroportlar to‘liq modernizatsiya qilindi. Mazkur aeroportlarda yangi va takomillashgan texnikalar joriy etilmoqda, uchish-qo‘nish yo‘lkalari rekonstruktsiya qilindi. Shuningdek, aerovokzallarning tashqi qiyofasi yangilanib, yo‘lovchi terminallari soni ko‘paytirildi va xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilandi.

Faqat Toshkent, Samarqand kabi yirik madaniy markazlardagina emas, Urganch, Namangan kabi viloyat markazlarida barcha qulayliklar yaratilganligi ham aviakompaniyaning muvaffaqiyatini ta’minlaydi, desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Masalan, Urganch xalqaro aeroportida  soatiga 300 kishiga xizmat ko‘rsatuvchi, ya’ni uchib keluvchi va uchib ketuvchi yo‘lovchilar uchun ikkita terminal foydalanishga topshirildi. Bu yerda yana har bir sayyohning dam olishi yoki zaruriy masalalar bo‘yicha kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishi uchun maxsus xona tashkil etilgan. “Navoiy” xalqaro aeroportida yangi yuk va yo‘lovchi terminallari, Buxoro va Urganchda zamonaviy aerovokzallar, “Toshkent” aeroportida uchib ketuvchi yo‘lovchilar uchun yangi blok, Business Lounge “Uzbekistan airways” biznes-zali va “Toshkent aeroporti – 3” yangi mahalliy yo‘nalishlar aerovokzali ham ishga tushirildi. Namangan aeroportida havo kemalarini cheklanmagan miqdorda qabul qilish imkonini beruvchi, to‘liq ta’mirdan chiqqan, yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi foydalanishga topshirildi. 2016 yilning boshida mahalliy yo‘nalishlardagi qatnovlarda aviabiletlarni onlayn bron qilish va sotib olish xizmati ishga tushirildi. 25 yanvar kuni MAK va KOICA mutaxassislarining yangi “Toshkent-4” yo‘lovchi terminalining qurilish loyihasi bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Milliy aviakompaniya tomonidan parvozlar jug‘rofiyasi kengaytirib borilayotgani ham e’tiborga molik. So‘nggi yillarda Urganchga Milan va Parijdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlar amalga oshirilmoqda. Yaqin kunlarda ular qatoriga Frankfurt ham qo‘shiladi. Bu yevropalik sayyohlar uchun qulay va diltortar yo‘nalishlar bo‘lib, yurtimizda sayyohlik industriyasini yanada taraqqiy toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, yo‘lovchilar talabidan kelib chiqib, Amritsar va Dehliga muntazam parvozlarning soni ko‘paytirildi. Aviaparkni zamonaviy samolyotlar bilan to‘ldirish jarayoni havo flotini modernizatsiya qilish, uchuvchilarni tayyorlashga nisbatan talablarni kuchaytirishni taqozo etdi. Yangi samolyotlarning keltirilishi munosabati bilan dastlabki bir guruh aviatsiya xodimlari Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh, Frantsiya, Janubiy Koreyadagi o‘quv-mashg‘ulot markazlarida ham nazariy, ham amaliy tayyorgarlikdan o‘tdi.  O‘zbekiston Qahramoni, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi uchuvchi-yo‘riqchisi Zarxo‘ja Saidazimov 1992 yili Milliy aviakompaniya tashkil etilgan dastlabki kunlarda Toshkent —Bahrayn — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha “Tu-154” samolyotida birinchi parvozni amalga oshirgan edi. So‘ngra xorijlik hamkasblari bilan birgalikda “Airbus” va “Boeing” laynerlarida parvoz qilishni o‘zlashtirdi. Ayni paytda, tajribali uchuvchi sifatida yoshlarga mahorat sirlarini o‘rgatib kelmoqda. 

– Yurtboshimizning bevosita tashabbusi va shijoati bilan mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi  zamonga uyg‘un holda rivoj topmoqda, – deydi Zarxo‘ja Saidazimov. – Jumladan, O‘quv-mashq markazi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash doimiy e’tiborda. Hozirgi kunda  ushbu Markazga qarashli Trenajyor majmuasida Boing- 757/767 samolyotlarining zamonaviy o‘quv trenajyorlari hamda Il-114-100, A-320 – full-flight simulyatorlari o‘rnatilgan. Ta’kidlash joizki, yangi trenajyorlar aviakompaniya uchuvchilariga nostandart holat va vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish hamda harakatlarni real voqelik asosida amalga oshirish imkonini beradi.

2012 yilda jahon bo‘ylab taqdimot turi doirasida Toshkentga dastlabki “Boeing 787 Dreamliner” kelib qo‘nganda, Amerika kompaniyasi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” vakillari samolyotning texnik xususiyatlarini sinab ko‘rish uchun unda bir soat parvoz qildi. Laynerni boshqarish milliy aviakompaniyaning eng yaxshi uchuvchilaridan biri Uchuvchilar kompleksi direktori Alisher Karimovga topshirildi. “Boeing – Fuqaro samolyotlari” kompaniyasining bunday qarori uchuvchilarimiz mahoratiga bo‘lgan chuqur hurmatdan dalolatdir. Zarxo‘ja Saidazimov suhbatimiz so‘ngida shunday dedi:

– Uchuvchi parvoz paytida adashishi, chalg‘ishi mumkin emas. Parvoz va ko‘zlangan maqsadga eson-omon yetib olishdan boshqa narsani o‘ylashi ham mumkin emas, deb bilaman. Chunki, insonlar taqdiriga daxldor ekanimizni unutmagan holda, el-yurt ishonchini ham oqlashimiz kerak. Kasbim tufayli ko‘p yurtlarni kezdim, turli insonlar, ming xil taqdirlarni ko‘rdim. Yer-osmon, havo, quyosh bir bo‘lgani bilan bizning millatimizga xos bo‘lgan qadr  boshqa joylarda yo‘q. Ulg‘ayib sochimga oq oralasa ham onamning duolariga muhtojman. Yo‘llarimga qarab turganini his etib, diydorlariga oshiqaman. Safardan qaytguncha nabiralarimni sog‘inaman. Ularni bag‘rimga bosgan mahalim baxtiyorlik nashidasini suraman. O‘zga yurt tuprog‘iga qadam bosgan ondan boshlab O‘zbekistonni qo‘msay boshlayman... Osmonimiz musaffo, tuprog‘imiz serhosil, xalqimiz tozadil bo‘lgani uchun ham, boshimiz ko‘kka yetadi. Ko‘ksimizni kerib samoda parvoz qilamiz...

Havo transportida ishlash – bu har kuni yuksak mas’uliyat, chuqur bilim, vazminlik, eng murakkab vaziyatlarda ham zudlik bilan to‘g‘ri qaror qabul qilishni talab etadigan mashaqqatli mehnatdir. Nafaqat parvozlar xavfsizligi va havo parkining texnik jihatdan sozligi, balki yong‘inga qarshi himoya, avariya-qutqaruv va tibbiy ta’minot, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega vazifalarni bajarish uchuvchilar, muhandislar, texniklar va boshqa mutaxassislarning mahorati, fidokorona mehnatiga bog‘liqdir. Soha xodimlarining o‘z ishiga nisbatan bunday mas’uliyatli munosabatda bo‘lishi bois, havo floti mamlakatimiz faxriga aylanmoqda.  “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi samolyotlariga chiqqan yo‘lovchilar qulay, shinam muhitga tushadi, alohida e’tirof va g‘amxo‘rlikdan bahramand bo‘ladi. Havo kemalari barcha zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Videoproektorlar orqali badiiy, hujjatli filmlar, musiqiy kliplar, multfilmlar namoyish etiladi. 

...Vaqt – uchqur, davr — yugurik. Qaysidir voqealar vaqt shamolida uchib, to‘zg‘ib ketadi. Kimdir xotirlaydi, kimdir yo‘q. Lekin xalq hayotiga, xalq yuksalishiga, millatning tanitib, tan oldirishga xizmat qilgan voqealar ertangi kun uchun oltin poydevor bo‘lib qoladi. Avlodlar ularni suyunib, sog‘inib xotirlaydi. O‘zlarining shaxdam qadamlari, ulug‘ maqsadlarida ularning faoliyatidan kuch oladi, ibrat oladi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining 24 yillik jo‘shqin faoliyati ham xuddi shunday bugunga quvvat, ertaga rag‘bat beruvchi faoliyatdir.

                

Munavvara USMONOVA

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.