QUDRATBAXSH YILLAR SAODATI

Mustaqilligimizning chorak asri. Tabiiyki bu fursat cheksiz vaqt ummonida atigi bir zarra, desam adashmayman. Ozodlikning shu qisqa fursatida qilingan ishlar, erishilgan marralarni sarhisob etsak-chi, eh-he, aqlu shuurimiz shoshadi. Uning zalvoriyu salmog‘ini to‘la his etish va o‘lchash uchun esa «Oltindan taroziyu, olmosdan tosh» zarur.

 

Yurtboshimiz Islom Karimov rahnamoligida Vatanimiz tanlab olgan o‘ziga xos va o‘ziga mos yo‘l — taraqqiyotning «o‘zbek modeli» o‘tgan muddat mobaynida o‘zini to‘la-to‘kis oqlabgina qolmay, bugungi kunda hatto jahonning eng taraqqiy etgan jamiyatlari va davlatlariga ibrat hamda andoza bo‘layotir, desak yanglishmaymiz. 

Ayni kunda Vatanning qay bir go‘shasiga bormaylik, ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlarning guvohi bo‘lamiz. Ammo bular shunchaki, o‘z-o‘zidan bo‘lmayotgani hammamizga yaxshi ayon. Binobarin, o‘tgan yillarda yurt qudrati, iqtisodiy salohiyati muntazam ortib, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi sur’atlari oxirgi 11 yil mobaynida jahondagi sanoqli davlatlar qatorida 8 foizdan kam bo‘lmayapti, xalqimiz turmush farovonligi esa tobora yuksalib borayapti. Ayni kunda barcha miqyoslarda rivojlangan davlatlar bilan tenglashishni maqsad qilgan va ushbu sa’y-harakatlarni izchil ro‘yobga chiqarayotgan O‘zbekiston dunyo hamjamiyatining havasini keltirayotgani aslo mubolag‘a emas. Zotan, diyorimizning nufuzli Jahon iqtisodiy forumi reytingiga muvofiq, 2014–2015 yillardagi rivojlanish yakunlari va 2016–2017 yillarda iqtisodiy o‘sish prognozlari bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan besh mamlakat qatorida turgani bejiz emas. Aytgancha, istiqlol yillarida mamlakatimizda iqtisodiyot qariyb 6 baravarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromad esa 12 baravardan ziyodga o‘sdi. 

 Albatta, erishilgan marralarga nazar tashlar ekanmiz, biroz ortga chekinib, yaqin o‘tmishni eslamay ilojimiz yo‘q. Xo‘sh kechagi kunda bizlar kim edik? Atigi yigirma besh yil avval qadr-qimmati va g‘ururi toptalgan xalq, biz —o‘zbeklar emasmidik? 

Keling, o‘tgan asrning 90-yillarini bi-ir ko‘z o‘ngimizga keltiraylik. O‘shanda O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat o‘ta og‘ir, u deyarli barcha sohalarda sobiq ittifoqda eng oxirgi o‘rinlarda turardi. Jumladan, yurtimizda yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hajmi 11 foizga pasayib ketgan edi. Xalqimiz go‘sht, sut mahsulotlarini sobiq ittifoq aholisiga nisbatan to‘rt barobar kam iste’mol qilardi. Bundan tashqari, 75 so‘mdan kam daromad oladigan aholi ulushi ittifoq bo‘yicha 12 foiz bo‘lsa, respublikamizda bu ko‘rsatkich 45 foizni tashkil etgani ham real haqiqat. 

O‘sha yillarda maktab va kasalxonalarning 60 foizi moslashtirilgan binolarda joylashgani, ayniqsa, 1700 ta maktabning avariya holatida bo‘lgani, qishloq aholisining atigi besh foizi ichimlik suvi, 17 foizi tabiiy gaz bilan ta’minlangani ham ayni haqiqatdir. Do‘kon peshtaxtalari huvillagan, eng zarur iste’mol mollari — shakar, un, yog‘, kir sovun odam boshiga o‘lchab berilardi. Kishilar yarim kechasidan nonga navbatga turishardi. 

Peshonasiga «boqimanda», «ishyoqmas» degan tamg‘alar bosilgan xalqning ruhiyati singan, ko‘ngli o‘ksigan holat hukmron edi. Saratonda jizg‘anagi chiqqan dehqonning kosasi oqarish u yoqda tursin, hatto qorni nonga to‘ymasdi. Dalavoy yoki Paxtaoy degan ismlarni eshitganmiz, o‘sha kezlarda odatda paxta dalasida tug‘ilgan bolalarga shunday ismlar qo‘yilardi. Yupun ust-bosh, yirtiq kalishlarda qor-loy kechgan, yangi yil oqshomigacha dalada ko‘kargan o‘smir bolalarning ma’yus nigohlari qanday qilib yodimizdan chiqishi mumkin? 

O‘sha yillarda «paxta yakkahokimligi» tufayli har bir tanob yer markazning qat’iy hisobida turar, kerak bo‘lsa, hatto odamlarning tomorqasiga ham paxta ekilardi. 1989 yilning 17 avgustida respublika hukumatining Toshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Yurtboshimiz rahbarligida aholiga tomorqa va shaxsiy uchastkalar ajratish masalasi ko‘rilib, «Qishloqda yashovchi har bir oilani tomorqa bilan ta’minlash, ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish haqida»gi tarixiy qarori qabul qilingani bugungi muvaffaqiyatlarimizning asosi bo‘ldi, desak xato qilmagan bo‘lamiz.

O‘sha qaror ijrosi kuyinchaklik bilan amalga oshgan bo‘lsa-da, odamlar ilk bor moddiy va manfaatdorlik ta’mini o‘z turmushlarida sezdi va kelajakka umidi uyg‘ondi. Mazkur hujjatda qishloqda yashovchi har bir kishiga o‘rtacha 25 sotixdan yer ajratib berish va tomorqa maydonlarini qariyb 4,5 baravar ko‘paytirish nazarda tutilgan edi. Natijada 1989-90 yillarda 1,5 milliondan ko‘proq oilalarga qo‘shimcha yerlar ajratildi, 700 ming oilaga esa yangi tomorqalar berildi. Ushbu xayrli qadam sharofati bilan mamlakatdagi ijtimoiy keskinlikning oldi olindi. Ming-minglab kishilarning uyli-joyli, ya’ni «vatanli» bo‘lishiga erishildi.

Mustaqillik, yutuqlar haqida iftixor ila gapirar ekanmiz, kimlardir bular shunday, osongina amalga oshib qolgan ekan-da, deya o‘ylashlari ham mumkin. Meni ma’zur tutasiz, holva degan bilan og‘zingiz chuchiydimi? Ha, o‘lmang. Inchunun, bizlardan ancha avvalroq mustaqillikka erishgan bo‘lsa-da, hali ham o‘zini o‘nglay olmay yurgan davlatlar dunyoda kammi? Demak, bu o‘rinda asosiy masala erishilgan mustaqillikni izchillik bilan mustahkamlab borish, bunday ulug‘vor va beqiyos yumushga butun mamlakat ahlining boshini biriktirib safarbar etishda ekan.

Ta’bir joiz bo‘lsa, istiqlol o‘zbek xalqi azaliy orzusining ushalishi, betimsol, beqiyos bir tarixiy evrilishdir. Adl va haq tarozusining posangisini to‘g‘ri tutgan, mazlum elning dardlariga darmon bo‘ladigan rahbarning davlat tepasiga kelishi esa xalqimiz baxtining kulgani edi. Mehnatkash va olijanob millatimizning kuchli sabr-irodasi, Yurtboshimizning ulkan jasorati, matonati hamda zakosi bizni bunday dorilamon kunlarni ko‘rish saodatiga yetaklagani uchun bugun Yaratganga behad shukronalar aytsak kam. 

Inson omiliga e’tibor va munosabatda «Islohotlar islohot uchun emas, avvalo inson uchun, uning baxt-saodati, farovon hayotini ta’minlash uchun» degan tamoyilning doimiy ustuvor bo‘lib kelganligi hamma yutuqlarimizning asosiy kaliti bo‘ldi, desak xato qilmaymiz. Istiqlolning ilk yillaridagi og‘irchiliklar va erishilgan dastlabki g‘alabalar hech qachon xotiramiz ko‘zgusidan o‘chmaydi. Vatanimizda g‘alla va neft mustaqilligi ta’minlangani yaxshi esimizda. Asakada ilk o‘zbek avtomobillari konveyerdan chiqqani, Uchquduq—Miskin—Nukus temir yo‘li barpo etilgani, shahru guzarlardagi obodliklar, ko‘priklar va yo‘llar, kollej va litseylar qurilganini yoddan chiqarib bo‘ladimi? Ular mustaqilligimizning benazir va ko‘rkam inshootlari edi. Bunyodkorliklar, qurilishlar miqyosi esa yildan-yilga emas, balki oydan-oyga kengayib borardi. 

Qisqa fursatda agrar mamlakatdan iqtisodiyotda sanoatning ulushi 34 foizga yetgan, qolaversa, eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 70 foizdan oshgan ilg‘or davlatga aylandik. Vatanimizning yuksak industrial davlatga aylangani bu shunchaki oddiy voqea emas. Bu ulkan va olamshumul g‘alaba! Bunga erishishimizning boisi shuki, ilk qadamlardanoq bu masalaga jiddiy e’tibor qaratildi. Yildan-yilga bu ishlar izchil davom ettirildi. Aytaylik, mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalar uchun birgina o‘tgan yilda jalb etilgan investitsiyalarni oling. Ana shu maqsadlar uchun 15 milliard 800 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb qilinibdi. Ushbu sarmoyalarning 67,1 foizi bevosita yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga yo‘naltirilibdi. Bu esa o‘tgan yilda jami 7 milliard 400 million dollar miqdoridagi 158 ta yirik ishlab chiqarish ob’ektining qurilib, ishga tushishiga imkon tug‘dirdi. Xususan, Toshkent issiqlik stantsiyasida 370 mvt quvvatga ega bug‘ gaz qurilmasi barpo etildi, Chorvoq GESi gidrogeneratori modernizatsiya qilindi va hokazo. Surg‘il koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi bular orasida alohida o‘ringa ega. Jami qiymati 4 milliard dollardan ziyod majmua dunyodagi eng zamonaviy, eng yuqori texnologiyalar asosida ishlaydigan yirik korxona hisoblanadi. Albatta, bu borada hali oldinda yuksak marralar turibdi.

Mamlakatimizning xalqaro maydonda raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiyotimizni yanada modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilish hisobidan yetakchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish shular jumlasidandir. Ushbu niyatlar ro‘yobga chiqishi natijasida 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmi 2 baravardan ziyodga oshadi, iqtisodiyot tarkibida sanoatning ulushi 40 foizga yetkaziladi. 

Nima yomon, birovga qaramlik yomon. Bu qaramlik o‘ta muhim ehtiyoj, ya’ni oziq-ovqatga daxldor bo‘lsa, ayniqsa, yomon. Bir paytlar, aniqrog‘i 90-yilda aholimizning asosiy oziq-ovqat tovarlari, don, kartoshka, go‘sht, sut va qandolat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji deyarli import hisobidan qondirilardi. Endi-chi? Endi ularning 96 foizi mamlakatimizning o‘zida ishlab chiqarilmoqda. Mana bugun, yozning avji pishiqchilik kezlarida bozorlarimizu supermarketlar peshtaxtalarida turli-tuman meva-sabzavotlar, poliz ekinlari serob. Ularning sifati, arzonligini ayting. Bunday seroblik, to‘kinlik zamirida avvalo fermer, mirishkorlarimizning zahmatli mehnati va ona zminimizning saxovati yotibdi. Birodarlar, jannatmonand yurtimizga, saxovatli dala va bog‘-rog‘larimizga aslo-aslo ko‘z tegmasin, deymiz. 

O‘rni kelganda qishloq xo‘jaligida ham chuqur tarkibiy o‘zgarishlar ro‘y berganini aytib o‘tmasak gaplarimiz qiyomiga yetmaydi. Bugun qat’iy izga tushgan fermerchilik harakati ham istiqlolimizning mevasidir. Endilikda fermer xo‘jaliklari 90-92 foiz qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish bilan kifoyalanib qolmay, balki qishloq taraqqiyoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan kuchli ijtimoiy harakatga aylanib ulgurdi. 

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida «Ashur Mamarajab» nomli fermer xo‘jaligini bilaman. Raisi Faxriddin Qo‘ziev ishchan, izlanuvchan yigit. 

— Jami 77 gektar maydonimiz bor, — deydi u biz bilan suhbatda. — Shundan 33 gektariga g‘alla, 30 gektariga esa paxta ekib, dehqonchilik qilib kelayapmiz. 2006 yildan buyon g‘alla va paxta hosildorligini gektariga 40 tsentnerdan kam qilmayapmiz. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, ter to‘kib mehnat qilinmasa, bunga erishib bo‘lmaydi. Har qanday yangilikni amaliyotga joriy etish oson emas. Dastlabki yillarda texnika ta’minotida, umuman, xo‘jalikni yuritishda ma’lum muammolarga duch kelganimiz ham bor gap. Ammo bugunga kelib xo‘jaligimiz to‘la oyoqqa turib, ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylandi. Texnikalarning istalgan turidan bor. Endilikda paxta, g‘alladan tashqari qo‘ychilik va yilqichilik bilan ham shug‘ullanayapmiz. Ayni paytda 100 boshdan ziyod qo‘y va 20 ga yaqin otlarimiz bor. Joriy mavsumda 120 tonna sara urug‘lik g‘allani omborlarga topshirdik. Xo‘jalik a’zolarining har biriga ham 500-600 kilogrammdan g‘alla berdik. Ishchilarimiz vaqtida oylik maoshlarini olishayapti, qishloqdagi kam ta’minlangan oilalar ham doimiy e’tiborimizda. Xo‘jalik daromadi hisobidan har yili mahalla ko‘chalarining 2-3 kilometriga shag‘al yotqizib berayapmiz. Kuni kecha fermer xo‘jaligi ko‘magida 36 nafar otaxon-onaxonimiz al-Hakim at-Termiziyni ziyorat qilib qaytishdi. Ro‘zayi ramazondan keyin keksalarimizni Samarqandga, Imom Buxoriy bobomizning ziyoratiga olib borishni niyat qilib turibmiz. 

Faxriddin Qo‘ziev bilan suhbatimiz qo‘r olib, birpasda ancha-muncha gurung qilib qo‘yibmiz. Fermerning hamma gaplarini mazza qilib eshitdimu, ammo mana bu so‘zlarini sizlarga ham yetkazishni o‘zimga farz, — deb bildim.

— Ochig‘i, bugungi kunlarni ko‘zimizga to‘tiyo qilsak arziydi, — dedi fermer hayajon bilan. — Nega desangiz, chorak asr avval shu qishloqda bir-ikkita «jiguli» va «moskvich» ulovi bo‘lardi. Bugunga kelib har ikki xonadonning birida «Neksiya», «Lasetti», «Spark». Avvallari bitta uy qurish uchun yillab ovorayu sarson bo‘lardingiz. Bugun esa marhamat, imtiyozli kreditga zamonaviy namunali uylardan istaganingizni olavering. Xo‘sh, shunday ekan, bu kunlarning sadag‘asi ketsangiz arzimaydimi?

Qishloq xo‘jaligi haqidagi gapni davom ettiradigan bo‘lsak, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi xomashyosini qayta ishlash, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash infratuzilmasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilayotganini aytmasdan bo‘lmaydi. Nega desangiz, bu ham o‘ta muhim masala. Hozirga kelib meva-sabzavotlarni saqlaydigan omborlarning umumiy quvvati 832 ming tonnaga yetkazildi. Demak, endilikda yil davomida narxlar keskin oshib ketmaydi, aholimiz asosiy qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlanadi. 

Istiqlolga daxldor yana bir gap, o‘tgan davr mobaynida aholi jon boshiga go‘sht iste’moli 1,4 barobar, sut va sut mahsulotlari — 1,5 marta, kartoshka — 1,9 marta, sabzavot— 2,6 barobardan ortiq ko‘payibdi. Bu degani, mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga mustahkam poydevor desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Darvoqe, o‘tgan yili mamlakatimiz BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti(FAO)ga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotga sazovor bo‘lgan 14 ta davlatdan biri deb e’tirof etildi. 

Ta’kidlash kerakki, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Maktab ta’limini rivojlantirish hamda boshqa umummilliy dasturlar jamiyatimiz hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Mamlakatimizda o‘n ikki yillik majburiy va bepul, umumiy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga, ikki bosqichli oliy ta’lim tizimiga asos solindi. Bular esa endilikda zamonaviy yangi avlod kadrlarining ta’lim va tarbiyasida mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilayotir. 

 Bugun barcha insoniyat o‘ta notinch, tahdidli va tahlikali davrda yashayotgani hammamizga kunday ayon. Ochig‘i, tinchlik va barqarorlik borasida ezgu niyatlar bilan kirib kelgan, bir-biriga qarama-qarshi tuzumlar barham topgan XXI asrdan umidlarimiz ancha katta edi. Lekin shunga qaramasdan, tinchlik mavzusi insoniyat oldidagi yechib bo‘lmas muammoga aylandi. Tinchlik va osoyishtalikka rahna solayotgan, jahonning turli burchaklarida urush olovini yoqishga urinayotgan kuchlar insoniyatga jiddiy xavf solib turibdi. Turli geosiyosiy manfaatlarni ko‘zlayotgan kuchlarning dunyoni qaytadan taqsimlash yo‘lidagi xomxayollari adolatparvar va tinchlikparvar insoniyatni, shu jumladan, doimo tinchlik tarafdori bo‘lib kelgan eldoshlarimizni hushyorlik, ogohlikka chorlashi turgan gap. Aytish kerakki, O‘zbekistonning xalqaro maydonda olib borayotgan, yaqin va uzoq qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar, o‘zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosatini bugun jahon jamoatchiligi ochiq va ravshan ko‘rib turibdi. 

Bilamizki, mamlakatimiz rahbariyati hamisha va har doim dunyoning turli mintaqalarida yuz berayotgan qarama-qarshilik va to‘qnashuvlarni faqatgina siyosiy muzokaralar, tinchlik yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori bo‘lib kelayotir. Inchunun, Vatanimizning hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmasligi yoki yurtimiz hududida chet davlatlarning harbiy bazalari joylashtirilishi va harbiylarimizning xorijiy mamlakatlarda jangovar operatsiyalarda qatnashishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi masalalarda O‘zbekistonning pozitsiyasi qat’iy. Vatanimiz, xalqimiz tinchlik va bunyodkorlik yo‘lidan bundan keyin ham hech qachon og‘ishmaydi.

So‘zimizni muxtasar etsak, biz o‘tgan chorak asr mobaynida yuz bergan ko‘pgina to‘siq va qiyinchiliklarga qaramasdan, barcha sohalarda katta o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Xalqimizning ahilligi va yakdilligi, mamlakat rahbarining uzoqni ko‘ra bilish layoqati tufayli yuksak dovonlarni zabt qilish bizga nasib etdi. Shunday katta shodiyonalar ostonasida turar ekanmiz, avvalo yurtimizga, mustaqilligimizga aslo ko‘z tegmasin, bayramlarimiz bayramlarga, to‘ylarimiz to‘ylarimizga ulanaversin, deymiz. 

 

Abdumajid AZIMOV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,

«Do‘stlik» ordeni sohibi

 
 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yolg‘onning qurbonlari

2018-01-15 06:33:35

MA’RIFAT YO‘LIDA SOBITQADAMLAR

2018-01-15 06:45:38

Tvda SO‘ZLASHUV MADANIYATI

2018-01-15 06:30:30

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

January 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.