URUSH DAVRI BOLALARI

Yurtboshimiz tashabbusi bilan 9 mayning Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlana boshlaganidan buyog‘iga ham bir yigit umricha vaqt o‘tdi. Mana shu yillar davomida bir narsani ko‘p o‘yladim: inson uchun xotiradan azizroq tuyg‘u bormikan? Axir, uning ichida mehr ham, muhabbat ham, sog‘inch ham... nafrat ham bor.

 O‘tgan yillaringni eslaganda, ko‘zga qalqib chiqadigan ikki qatra yosh — yo‘qotgan yaqinlaring muhabbati, kechgan aziz damlaring sog‘inchi, yaqin insonlaringning bu hayotni erta tark etishiga sababchi mash’um urushga bo‘lgan nafratingning belgisi emasmi?..

Mening-da bolaligim Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi.

Urush davri bolalari... Ular go‘yo bolalikni chetlab o‘tib, birdaniga ulg‘ayib qolgan, kattalar kabi fikrlaydigan va ular bilan yonma-yon mehnat qilgan bolalar edi. Bugun aksariyatining ko‘ksida oppoq soqol, boshlarini qirov qoplagan nuroniylar... Otasini, akasini, tog‘asini urushga kuzatib, ortidan ko‘zlari to‘la yosh bilan mo‘ltirab qolgan bolakaylar... bugun bobo. Ular mustaqillik ne’matidan bahramand, farzandu nevaralari baxtu kamolini ko‘rayotgan baxtiyor bobolardir. Ammo ko‘ngildagi xotiralar aslo o‘chmas ekan.

O‘shanda bola edim, oilamizdan uch kishi — otam va ikki amakim (otamning ukalari) birin-ketin frontga jo‘nab ketishdi. Yoshi ulug‘roq katta amakim, ya’ni otamning akasi ham front orti ishlariga jalb qilindi.

Otam va bir amakim urushda halok bo‘ldi. Yana bir amakim, xuddi kechagidek eslayman, 1943 yilning izg‘irinli qish kunlaridan birida qo‘ltiqtayoq bilan uyga kirib keldi. 18 yoshli navqiron yigitning bu ahvolini ko‘rgan jigarlarning faryodini aytmaysizmi!..

 

1941 yilning kuzidan “qora xat” iborasi ko‘p takrorlanadigan bo‘lib qoldi. “Qora xat”da, odatda, jangchining frontda “Vatan ozodligi uchun qahramonlarcha halok bo‘lgani” yoki “bedarak ketgani” haqida ma’lumot bo‘lardi. Shundan so‘ng bolalar otasizlik nima ekanini his qila boshladi. Yetimlar soni kun sayin ortib borardi. Ayniqsa, otasi urushga ketgan yoki halok bo‘lgandan keyin tug‘ilgan bolalarga og‘ir edi. Ota bolasini, bola esa otasini loaqal uzoqdan bo‘lsa ham ko‘rmagan edilar. Yosh kelinchaklar chaqaloqni choyshabga o‘rab, daraxt soyasiga, arqon belanchakka solib, o‘zlari erlari o‘rniga g‘o‘zani ketmon chopiq qilardi. Ular chekkan iztiroblar, g‘am-anduhlar haqida eshitgansiz. Voajab, mana shunday og‘ir damlarda ham insonlar mehr-oqibatni unutishmagan ekan! Onalar bir burda non topsa, o‘zlari yemay, bolalariga tutqazar edi.

Uyda bug‘doy tugul, arpa yoki jo‘xori ham yo‘q edi, shekilli, bir kuni maktabga och-nahor ketdim. Ochlikdan sillam qurisa-da, saboqlarga kirishdim. Bir mahal sinfxonamizga onam kirib keldilar... Qo‘lida bir burdagina non! Mushtiparim, qaerdandir topib, menga yediraman, deb ikki chaqirim yo‘l bosib kelibdi.

Yaxshi ham ona tabiat in’omlari — turshak, shaftoli qoqi, yong‘oq, qovoq, qand lavlagi, arpa, jo‘xori bor ekan. Odamlar shu bebaho ne’matlar bilan kun kechirdi. Bugun nevaralarimga yong‘oqlar biz uchun valyuta o‘rnida o‘tardi, desam kulishadi. Vaholanki, 10-15 ta yong‘oqqa bitta daftar almashtirib o‘qiganlarimiz rost.

Maktabda oxirgi dars tugagach, bolalarga bir bo‘lak non ustiga bir choy qoshiq shakar yoki murabbo surtib berishardi. Och qolmaslik uchun. Ba’zi bolalar shu nonning yarmini yeb, qolganini onasiga olib ketardi! Hayot sinoatlari ularni sabrga, qanoatga o‘rgatgan.

Bu yil mamlakatimiz mustaqil bo‘lganiga chorak asr to‘ladi. Bugun O‘zbekiston jahonda o‘zining mustahkam o‘rni va mavqeiga ega. Dunyoning turli joylarida to‘s-to‘polon, urush-janjal, kelishmovchiliklar yuz berayotir. Men hayron qolaman: nahotki, insoniyat boshidan ikkita jahon urushini o‘tkazib ham xulosa chiqarmagan bo‘lsa! Qo‘liga sumka, daftar-kitob, koptok tutish o‘rniga qurol ushlayotgan go‘daklarning ertasini kim o‘ylaydi, axir! O‘zlaricha dunyoda adolat o‘rnataman, deya, aslida qilayotgan ishlari johilona jinoyatdan boshqa narsa bo‘lmayotgan kimsalarning ota-onasi, jigarlari, farzandlari yo‘qmi?

Tarixda yuz bergan mash’um urushlar va bugun sizu bizga o‘xshagan oddiy odamlar boshiga tushgan ko‘rgiliklar bizni hamisha ogohlikka chorlashi kerak. Toki yurtimizdagi barqaror (Allohga behisob shukr!) tinchlik-osoyishtalik, farovon turmushimizning qadrini unutib qo‘ymaylik.

 Anvar TOJIYEV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Fikrlaydiganlar mamlakati

2018-10-03 11:42:52

Kulrang bo‘ri

2018-10-03 11:58:50

Uyushma faoliyati tobora ...

2018-10-10 07:14:59

Rostga o‘xshagan yolg‘on. Misrning ...

2018-10-10 07:03:31

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.