ZAMIN NOZ-NE’MATLARI — DASTURXON ZIYNATI

Latifjon Umrzoqov uzoq yillar avtotransport tizimida faoliyat yuritgan. Bundan 4-5 yil oldin Janubiy Koreyada xizmat safarida bo‘libdi. Buning nimasi qiziq deysizmi? Qizig‘ini o‘zi aytib berdi.

 — O‘zim bilan bir-ikki kilogramm gilos olib borgandim. Mehmonxonada mezbon mamlakat vakili haligi gilosdan bir-ikki donasini og‘ziga oldi-yu, yuz-ko‘zida g‘alati o‘zgarish paydo bo‘ldi.

“Voy-bo‘y, meva ham shunaqa shirin bo‘ladimi?! Umrimda bunday ne’matni tatib ko‘rmaganman”. Suhbatdoshimning bu hayrati mening g‘ururimni jo‘sh urdirdi. Rostdan ham, yurtimiz tuprog‘ida bitgan mevalarning mazasi hech qaerda yo‘q-da!

2014 yil iyun oyida Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro konferentsiyada Prezidentimiz: “Siz muhtaram mehmonlarga bir sirni aytmoqchiman. Jahonda kamdan-kam uchraydigan tabiat va tuproq-iqlim sharoitlarining uyg‘unligi tufayli dunyodagi eng mazali va eng foydali meva-sabzavotlar faqat bizning mintaqamizda yetishtirilishi mumkin” deganlarida anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonga havas qilishgandi.

Konferentsiya kunlari xorijlik mehmonlar jurnalistlar bilan suhbatda aynan shu mavzuga alohida urg‘u berishdi. AQShdagi Atrof-muhitni o‘rganish instituti direktori, professor Maykl Edenshtayn shunday degandi:

— O‘zbekiston ko‘rkam bog‘lari, shirin-shirin mevalari bilan dunyoga mashhur. Quyosh nuriga to‘yingan bunday mazali mevalarni boshqa hech qaysi mamlakatda uchratmaganman! 

— Yurtingizda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, yetishtirilayotgan meva va sabzavotlar, ulardan tayyorlanayotgan sharbatlar yuqori sifati, xushta’mligi va tabiiyligi bilan havasimizni keltirdi, — dedi ispaniyalik Fermerlar uyushmasi prezidenti Ignasio Fernandes de Mesa. — Mevalarning bu qadar ko‘pligi, turlarining xilma-xilligi, biri-biridan mazaliligi bizni lol qoldirdi.

Mehmonlarning hammasi bozorlarimizda betakror joziba, to‘kinlikka tan berishdi. Ular ushbu saxovatli zaminda yetishtirilayotgan totli mevalarni, noz-ne’matlarni iste’mol qilib rohatlanishdi va havas qilishdi.

2015 yilda yurtimizning aksariyat hududlarida bahorning salqin kelgani sababli ko‘plab bog‘lardagi daraxtlarni sovuq urdi. Lekin shuni mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, yakunlangan yilda meva-chevaning bozor narxi oshib ketmadi. Bu O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida, shuningdek, nisbatan kech gullagan bog‘larda hosilning saqlanib qolgani bilan izohlanadi.

Umuman, keyingi yillarda oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini  ta’minlash masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni izchil tatbiq etishning mustahkam tashkiliy-huquqiy asoslari yaratilgani fuqarolarning sog‘lom va farovon hayot kechirishini kafolatlashda muhim omil bo‘layotir. Binobarin, mustaqillikning ilk yillaridanoq aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilib, bu borada olib borilayotgan bosqichma-bosqich islohotlar o‘z samarasini berayapti. 

Yurtimizda oziq-ovqat ishlab chiqarish sanoati jadal rivojlanmoqda. Agrosanoatni modernizatsiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida dala va bog‘ ne’matlari yetishtirish hajmi tobora ortib borayapti. Bulardan tashqari, aholini yil davomida meva-sabzavotlar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida zamonaviy andozalar asosida issiqxonalarni vujudga keltirish, bog‘lar, tokzorlar maydonini kengaytirish, yetishtirilgan hosilni kuz-qish davrida sifatli saqlash imkonini beradigan omborxonalar barpo etish sa’y-harakatlari ham alohida e’tibordaki, bu oziq-ovqat mahsulotlari ta’minotining barqarorligiga, boshqacha aytganda, aholi dasturxoni to‘kinligiga xizmat qilmoqda. Jumladan, mamlakatimizda har yili 16 million tonnaga yaqin meva-sabzavot yetishtirilayotir. Aholi jon boshiga qariyb 300 kilogramm sabzavot, 75 kilogramm kartoshka va 44 kilogramm uzum to‘g‘ri keladi. Bu xalqaro normalarga ko‘ra maqbul deb hisoblanadigan iste’mol me’yoridan uch barobar ko‘pdir.

Qayd etish joizki, o‘tgan tarixan qisqa davrda yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlarining chetdan olib kelinishiga barham berildi. Shuningdek, 2015 yilda mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti(FAO)ga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun beriladigan mukofotga sazovor bo‘lgan 14 ta davlatdan biri sifatida e’tirof etildi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz va xalqimiz jahon hamjamiyatida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlangan mustaqil davlat darajasiga erishdi.

Albatta, qo‘lga kiritilgan natijalarimiz bugungi jahon bozorining murakkab talablari sharoitida mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport salohiyatini kengaytirishga imkoniyat yaratib bermoqda. Zero, Prezidentimiz 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida 2020 yilda boshoqli don yetishtirishni 16,4 foizga, kartoshka yetishtirishni 35 foizga, sabzavotni 30 foizga, meva va uzumni 21,5 foizga oshirish ko‘zda tutilgani va bu o‘z o‘rnida shu turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish hajmining sezilarli darajada ortishiga olib kelishini ta’kidlab o‘tgan edi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 12 aprelda qabul qilingan “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, shubhasiz, mazkur soha rivojini yangi bosqichga olib chiqadi. Unda ushbu turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash hamda saqlash infratuzilmasini takomillashtirish yuzasidan g‘oyatda dolzarb va istiqbolli  vazifalar belgilab berildi.

Ayni paytda davlat ehtiyojlari uchun paxta hamda boshoqli don ekin maydonlarining qisqartirilishi hamda ularning o‘rniga donli, sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari ekilishi jahonda davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida ichki iste’mol bozorini yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror to‘ldirish, ayniqsa, qish hamda bahor mavsumlarida ho‘l meva, sabzavotlar tanqisligining oldini olish imkoniyatini yaratmoqda.

Mamlakatimizdagi qayta ishlash korxonalariga xomashyo resurslarini muntazam yetkazib berish, tashqi bozorlarda xaridorgir va raqobatbardosh bo‘lgan ho‘l meva hamda qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini, turlarini kengaytirish uchun ularni yetishtirish, ishlab chiqarish va xarid qilish bo‘yicha yagona tizimni shakllantirish maqsadlari ko‘zlangan qarorga ko‘ra, endilikda meva-sabzavotlar davlat buyurtmasi bo‘yicha xarid qilinadi. Mahsulotlarni sanoat asosida qayta ishlash uchun davlat buyurtmasi doirasida xarid qilish fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tarkibiga kiradigan xususiy shakldagi qayta ishlash korxonalari o‘rtasida tuziladigan kontraktatsiya shartnomalari asosida shartnoma qiymatining 40 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda bo‘nak berish orqali amalga oshiriladi. Eng muhimi, mahsulotlar fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan kelishilgan holda  bozor narxlarida  xarid qilinadi. Buning zamirida, albatta, fermer va dehqonlarning manfaatdorligini oshirish, ularga o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni sotish hamda realizatsiya qilishda ko‘maklashishdek ezgu niyat mujassamdir.

Yana bir jihat shundaki, qarorga binoan meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari hamda uzumni qayta ishlaydigan xususiy mulk shaklidagi korxonalar, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, 2019 yilning 1 yanvarigacha zamonaviy uskuna va texnologiyalar olib kirishda bojxona to‘lovlari (bojxona yig‘imlaridan tashqari) to‘lamaydi. Bundan tashqari, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tarkibiga kiradigan xususiy mulk shaklidagi qayta ishlash korxonalari (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar yagona soliq, davlat maqsadli fondlariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi. Bunday yangilanish bozor munosabatlariga  o‘tishning besh tamoyilidan biri — davlatning o‘zi bosh islohotchi ekaniga yorqin misoldir.

Bu kabi imtiyozlarning berilishi mazkur sub’ektlarning bo‘sh mablag‘lari hisobidan ishlab chiqarishni texnik qayta jihozlash va modernizatsiya qilish, mahsulot tayyorlash hajmini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Albatta, Prezidentimiz tomonidan ushbu huquqiy hujjatning qabul qilinishi mamlakatimiz rivojlanishining bugungi bosqichida xalqimiz turmush darajasini oshirish yo‘lidagi o‘z vaqtida va hayotiy qadam bo‘lganligini ta’kidlash joiz.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu hujjat fermer va dehqon xo‘jaliklari, tadbirkorlik sub’ektlariga yangi imkoniyatlar yaratish bilan birga, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi barqarorligini yanada mustahkamlashga, quyoshli zaminimizda bitgan noz-ne’matlar el dasturxonini boyitishga xizmat qiladi.

 SH.JABBOROV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.