HARBIYNING AYOLI

ORZU...

G‘ayrat-shijoat, jo‘shqinlikka to‘la yoshlik damlari kishiga nimalarni va’da qilmaydi deysiz. Nimaniki istasang yetishadigandek, go‘yo qo‘l cho‘zsang, oyga yetadigandek. Kelajak sen istagandek bo‘ladimi yo taqdir o‘zani butunlay boshqa manzilga eltadimi – o‘ylab ham o‘tirmaysan. Ammo qismat sen uchun hozirlab qo‘ygan sinovlarga tayyor bo‘lmay turib ham hayot imtihonidan yuzing yorug‘ bo‘lib chiqishing mumkin...

 Qo‘shni yigit ko‘pdan beri Nigorani ko‘z ostiga olib yurardi. O‘qishidan ta’tilga keldi deguncha uning yo‘lini poylardi. Nihoyat, ochiq-oydin gaplashishga fursat, jur’at topdi o‘zida:

– Shu safar qulog‘ingni tishlab ketmasam bo‘lmaydi, ota-onam uylan, deb qo‘yishmayapti...

Eminjonning dadilligi qizga ma’qul bo‘ldi, “har holda harbiyligiga borib, ko‘nglidagini shartta aytdi-qo‘ydi”, xayolidan o‘tdi Nigoraning va shunday savol berdi:

– Nega shu kasbni tanlagansiz, o‘zi?!

– Otam tuman Mudofaa bo‘limida xizmat qilishini bilasan-ku! Uyimizga tez-tez harbiylar yig‘ilib turardi. Avvaliga ularning formasi, keyin gap-so‘zlariga qarab, havas qilganman... Ammo senga oson bo‘lmaydi, – gapida davom etdi yigit. Qizning o‘ylanib qolganini ko‘rib, halitdan cho‘chitib qo‘ymay dedimi, dalda berib, qo‘shib qo‘ydi: – Menimcha, sen har qanday qiyinchilikni yenga olasan.

Nigora indamay uyga qaytdi. Oyisi uning qarorini eshitib, xavotirga tushdi:

– Agar o‘sha yigitga turmushga chiqsang, bir umr bizdan uzoqda bo‘lasan, umring u shahardan bu shaharga ko‘chish bilan o‘tib ketadi.

– Yaxshi-ku, bormagan joylarimga boraman, ko‘rmagan joylarni ko‘raman...

– Ha, g‘o‘rgina bolam-a, yaqinlaringdan uzoqda yashash nimaligini tushunmayapsan. Issiq jon, yotar-turaring bor, bola-chaqali bo‘lganingda biror jonkuyaring qo‘l solishmasa, yolg‘iz o‘zing qanday eplaysan?

Nigora onaizorining gaplariga uncha parvo qilmadi, shirin xayollarga berilib, jimgina o‘tiraverdi. Ha, g‘o‘r yoshlik shunday kuch ato etadiki, bularning hech biri qiyinchilik bo‘lib tuyulmaydi, hammasi silliq kechadigandek orzular osmonida uchib yuraverasan...

To‘ylari bo‘lib o‘tganda yigit uchinchi, qiz birinchi kursni tugatgan talaba edilar. Eminjon Kolomensk (Rossiya) oliy harbiy bilim yurtida, Nigoraxon Samarqand davlat universitetining psixologiya fakultetida o‘qishardi. Ikkisi ham o‘qishidan kechib, yo u tomon, yo bu tomonda bo‘lishining iloji yo‘q edi. Yozgi ta’tilda Eminjon Nigorani o‘zi o‘qiydigan shaharga olib ketdi. Yangi kelin o‘zi istaganday ko‘rmagan joylarni ko‘rib quvondi. Qishloqdagi tengdoshlari hayotini ko‘z o‘ngidan o‘tkazarkan, “Qani, kim mendek shunday uzoq o‘lkada sayohat qilib yuribdi”, deya hayotidan mamnun bo‘lib qo‘yardi. Taassufki, hayot faqat quvonchlardan, harbiylarning ishi esa uzoq o‘lkalarda o‘qishu sayohat qilishdan iborat emas. Hademay, ta’til tugab, yana ayriliq onlari boshlandi.

 

UMID...

Ko‘p o‘tmay, Eminjon o‘qishni bitirdi. O‘z yurtiga qaytib, Harbiy qismlardan birida ish boshladi. Tez orada uni diviziya komandiri etib tayinlashdi. Rahbarlik qobiliyatiga ega yosh yigit uchun bu ayni muddao edi, harbiylarga xos shijoat, qat’iyat bilan ishni davom ettirdi. Ammo oilasidan biroz xavotirda edi. Negaki, Nigoraning ilk homilasi nobud bo‘lib, tushkunlikka tushib qolgandi. Dard kelsa qo‘sha keladi, degan gap bekor emas ekan. Ular ketma-ket bir necha farzandidan ayrilishdi. Nigora bu og‘ir damlarni yolg‘iz o‘zi o‘tkazgan paytlar ham bo‘ldi. Axir, harbiy yigitga turmushga chiqqan-ku, avvaldan o‘zi rozi bo‘lmaganmidi shunday hayotga?! U onajonisi aytgan gaplarning mag‘zini endi chuqurroq his qildi. Ammo yengilishni ham istamadi, ruhshunos bo‘laturib o‘zim yengilsam, boshqalarga qanday maslahat beraman, deya o‘zini-o‘zi yupatdi, o‘ziga-o‘zi umid, ishonch bag‘ishladi. Yana farzand ko‘rish, homilani saqlab qolish uchun qanday maslahat bo‘lsa oldi, qaysi shifokorni tavsiya qilishsa, borib ko‘rdi. Yaxshi niyatli insonni Yaratgan ham yorlaqaydi. Qalbida avaylab o‘stirgan umid chechagi kurtak yozdi. Nihoyat, shiringina o‘g‘il tug‘ildi. Umri uzoq, rizqi butun bo‘lsin uchun Umrzoqjon, deya ism qo‘ydilar unga. Endi Eminjonning uyda kamdan-kam bo‘lishi Nigoraxonga hecham og‘ir botmaydigan bo‘ldi. Axir, endi uning qalbiga quvonch baxsh etadigan, kelajagiga katta umid bog‘lab, parvarish qiladigan ermakchasi bor...

Ona bo‘lish orzusi ushalgan ayolning ko‘ngliga bir qo‘l solib ko‘ring-a, unda qaysi ezgu sifatlar yo‘q deysiz?! Dunyodagi bor mehr-muhabbat shunda jamlanadi go‘yo. Endi undan baxtli, undan kuchli inson yo‘qdek, har qanday xayrli ishga o‘zi ham qodir, sizni ham shunga undaydi. Nigoraxon ham xuddi shu tuyg‘uni his qildi. Turmush o‘rtog‘ining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar  akademiyasiga o‘qishga yuborilishidan mamnun bo‘ldi. Axir turmush o‘rtog‘ining shunday ishonchga sazovor bo‘lishi katta baxt emasmi? Unga o‘qish, sohasi bo‘yicha bilim olishi, malakasini oshirishi uchun nimaiki zarur bo‘lsa, ko‘mak berishga tayyor edi. Harbiy insonning o‘z vazifasini oliy darajada ado etishi uchun eng zarur narsa bu — oilasidagi xotirjamlikdir. Nigora buni qalbdan his qilar, Eminjonni shu jihatdan ko‘nglini tinchitardi. Ayni paytda bu — ularni yanada uzoqlashtirishi mumkinligini ham bilardi. Shunga qaramay, Eminjon o‘qishga kirganida bir qarich o‘sgandek bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘i o‘qishni bitirgach, yanada mas’uliyatli lavozimlarda ishladi, boshqa viloyatlarga yuborildi, hatto uch oylab xat-xabarsiz qolgan vaqtlari ham bo‘ldi. Alhol birovga shikoyat qilishi o‘rinsiz. Aksincha, har qancha xavotir olmasin, bekor yurgani yo‘q-ku, Vatanimiz, tinchligimizning qo‘riqboni-ku ular. Oilaning yukini ayoliga ortib qo‘yib, bekorchilikni ermak qilib olgan erkaklarga sabr qilib yurganlar qancha, shularga to‘zim bersin, deya sog‘lom fikr yuritardi. Shoirning “Mehr ko‘zda degani yolg‘on, qancha uzoq bo‘lsak, shuncha yaqinsiz”, satrlarini takrorlarkan, shukrni ham, zikrni ham o‘z vaqtida ado etishni unutmadi. Shunday paytlarda turmush o‘rtog‘i vafot etib yo biror sabab bilan ajrashib, yolg‘iz yashayotgan ayollar ham ko‘z o‘ngidan o‘tardi. Sabr-qanoatni shulardan o‘rganish kerak, men qalban yolg‘iz emasman-ku, deya o‘ziga-o‘zi dalda berardi. Bo‘sh qoldi, deguncha eng sevimli mashg‘uloti — tuvaklarda anvoyi gullarni o‘stirish bilan shug‘ullanar, ba’zan bu ishga berilib, kunlar, oylar o‘tganini ham sezmay qolardi. Gullar, ularning turlari haqida qanday kitob bo‘lsa topib o‘qir, amalda sinab ko‘rardi. Ba’zan esa tikuvchilik qilar, ko‘rpa-yostiqlarga jild tikish hadisini olgach, xaridorlar ham ko‘payib qoldi. Bu ishlarni u ermak uchun qilsa-da, biror-bir chevardan kam emasdi.

— Qolaversa, turmush o‘rtog‘i harbiy bo‘lgan bir men emas-ku, — deydi Nigoraxon biz bilan suhbatda.  — Oilaviy bordi-keldi qiladigan qancha tanishlarim bor. Ochig‘i biz — harbiylarning ayoli bir-birimizga maslahatgo‘y, inoq yashaymiz. Birimiz opa, birimiz singil bo‘lib, to‘y-marakalarimizda yelkadoshmiz. Bularning bari oilalarimiz mustahkamligini ta’minlaydigan omillardir...

O‘g‘li Umrzoqjon zehnligina bola edi. Farzandining es-hushli, ilmli bo‘lishini kim ham istamaydi deysiz. Nigora bor kuchini, bo‘sh vaqtini faqat shu maqsadga qaratdi. Goh bolasiga qo‘shilib o‘quvchi, goh abiturient bo‘ldi. Hafsala bilan qilingan sa’y-harakatlar mevasi qanchalik totli bo‘lishini tatib ko‘rganlar biladi. O‘g‘li o‘qishga kirganida ana shunday totli lahzalar tufayli hamma qiyinchiliklar unut bo‘ldi.   

Hayotning g‘am-tashvishlari insonning aqlini kiritadi, turmush so‘qmoqlarida surilib-turtinib donishmand bo‘lganlar bor, deydi keksalar. Shu kunlar boshidan o‘tmaganlar esa, afsuski, hayotni o‘z qarichlari bilan o‘lchaydilar, yolg‘izlar haqida har gapni bichib-to‘qishdan qaytmay, o‘z gunohlarini ikki hissa oshiradilar. Nigoraxon ham ana shunday gap-so‘zlardan cho‘chirdi, ba’zan ozgina ilmoqli gap ham yuragiga toshdek botardi. Ayniqsa, o‘g‘li ulg‘ayib, harbiy xizmatni ixtiyor qilganida u bir yil butunlay yolg‘iz qoldi. O‘sha yillari Eminjon Qashqadaryoga ishga safarbar qilingandi. Bu vaqtda ular Toshkent viloyati Qibray tumanida yashardilar. Qarindosh-urug‘ bari Samarqandda, onda-sonda keladiganlar nafaqat uning uyini, qalbini ham nurga to‘ldirganday bo‘lardi. Ammo hech kim shaxsiy hayotidan kechib, birovning hayoti bilan yasholmaydi. Ana shu o‘y-tashvishlar, ayriliq azobi sababmi yo Yaratganning yana bir sinovimi, Nigora jiddiy xastaliklarni boshdan kechirdi. Bir necha bor tig‘ ostida yotishiga to‘g‘ri keldi. Kasallik va yolg‘izlikda o‘z uying ham go‘yo yutib yuboradigandek tuyuladi. Bunday paytda dardingga sherik bo‘lib, tashvishingga yelka tutadigan ota-ona bo‘ladi. Bu ulug‘ zotlardan ertaroq ayrilib qolsang, buyam bir azob. Nigora ana shu azobni ham boshidan o‘tkazdi. Ba’zan turmush o‘rtog‘i bilan ilk uchrashuvidan so‘ng onasi bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatni eslab, “O‘zimning bashoratgo‘y onajonim-a”, deb jilmaygan kuyi ko‘zlaridan duv-duv yosh oqardi. Shukrki, harbiylarga, ularning oila-a’zolariga katta imkoniyatlar berilgan, Nigora ham ana shu sharoitlardan foydalandi. Harbiy gospitalda, mohir shifokorlar qo‘lida davolandi, oyoqqa turdi. Oilasiga, baxtiga qaytdi.

 

XOTIRJAMLIK... 

U biroz o‘ziga kelgach, maktabdagi ishini davom ettirdi, ruhshunosligi unga kuch ato etdi, o‘quvchilariga, maslahat so‘raganlarga yordam berish bilan o‘zini ruhan yengil his qildi. Bu orada Eminjon ham Toshkentga qaytib, Chirchiq serjantlar maktabida ishini davom ettirdi. Ayolini qo‘llab-quvvatlab, kasallikni yengishiga yordam berdi. Yolg‘iz o‘g‘il Umrzoqjon ham volidasiga parvona bo‘lishga intilardi. ToshMIga o‘qishga kirgach, “O‘zim do‘xtir bo‘lib olay, keyin siz hech qachon kasal bo‘lmaysiz”, deya uning ko‘nglini ko‘tarib qo‘yardi. Asta-sekin hammasi iziga tusha boshladi, kasallik ham chekindi. Hash-pash deguncha turmush o‘rtog‘ining nafaqaga chiqadigan vaqti ham yetib qolibdi. Eminjon shu haqda gapirganda, Nigora quvonib ketdi:

– Harbiylikning shunisi tuzukda, hali yosh, kuch-quvvatga to‘la bo‘la turib, nafaqaga chiqib olasiz, qanday yaxshi!

– Bu gapingdan shuncha yillik azoblaring yodingdan chiqqan ko‘rinadi? – kulib dedi Eminjon.

– Yo‘q, hammasi yodimda, lekin o‘tgan umrimdan nolimayman, har bir kunimizga shukrona qilishni o‘rgandim, xolos... Axir siz harbiylar kabi qanchadan-qancha matonatli yigitlar Vatanimizni, demakki, bizni, ota-onalarimizni, farzandlarimizni, butun kelajagimizni pobonidirsizlar. Sizlarga neki yillar, jonimiz ham fido bo‘lishi kerak aslida!

Nigora turmush o‘rtog‘ining xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholanib, “Jasorat” medali bilan taqdirlangan va muddatidan ancha oldin kapitan unvoni berilganda, harbiyning ayoli bo‘lganidan qalbida shunday iftixor tuyib, qayta-qayta shukrona aytgan edi. Mana, endi podpolkovnik harbiy unvoni bilan nafaqaga chiqyapti.

Ayolning ko‘zlarida shunday nur jilvalandiki, bundan bir haqiqatni uqish mumkin edi: azal taqdir yozig‘iga rozi bo‘lib, sabr-qanoatga suyanib yashashda gap ko‘p ekan. Ha, bu baxtiyorlik, xotirjamlik, ortda qolgan qiyinchiliklar ustidan g‘oliblik nashidasi edi...

 

Xolida FAYZIYEVA