BIRINCHI SEKTORDA IKKI KUN

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida hududlarni hokimlar, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarga bo‘lingan. Sektor rahbarlariga hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini tashkil etish va hal qilish, aholining eng muhim muammolarini yechish yuzasidan javobgarlik yuklash hamda vakolatlar berish lozimligi ta’kidlangan.

MUAMMOLAR YECHIMI

Ushbu qarorning qabul qilinganiga salkam bir yil bo‘ldi. Uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha joylarda amalga oshirilayotgan ishlar qanday samaralar berayotir? Shu savolga javob topish maqsadida Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi tuman hokimi rahbarlik qilayotgan 1-sektor faoliyati bilan tanishdik. Sektor shtabi tuman markazidan ancha uzoqda, aniqrog‘i, “Obod turmush” mahallasida ekan.

Sektor rahbari, tuman hokimi Abduvahob Tamikaevni erta tongdan shu yerda uchratdik.

 — Mening ish kunim shtabdan boshlanadi, — deydi A.Tamikaev. — Sektorda 22 nafar ishchi guruh a’zosi bor. Qilingan ishlarni har kuni sarhisob etib, yangi ish rejasini tuzamiz va ishchi guruh a’zolariga taqsimlaymiz. Mahallama-mahalla, uyma-uy yurib aholi bilan suhbatlashamiz, yashash sharoiti bilan tanishamiz. Sektorimizga Erkin, Zangiota, O‘rtaovul qishloqlaridan 23 mahalla biriktirilgan. 11 ming 591 xonadonda  65 ming 843  nafar aholi istiqomat qiladi. Joriy yilning shu kunigacha barcha xonadonlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli o‘rganilib, 631 muammoli xonadon aniqlandi. Shundan 449 muammo joyida ijobiy hal qilindi, 182 muammo esa Yo‘l xaritasiga kiritildi.

Bajarilgan ishlar bilan tanishib, aholi bilan suhbatlashib, yuqoridagi gaplarda mubolag‘a yo‘qligiga ishonch hosil qildik.

— “Obod turmush” mahallasida istiqomat qilaman, — deydi  Iroda Abdusattorova. — Ko‘rib turganingizdek, mahallamizdagi uylar namunali loyihalar asosida qurilgan. Ko‘chalarimiz tekis, asfaltlangan. Mahallamiz o‘z nomiga munosib, haqiqatan ham obod. Rahbarlarimiz uyma-uy yurib, odamlarning holidan xabar olishmoqda. Boquvchisini yo‘qotgan, yordamga muhtojlarga yordam bermoqda. Yaqinda menga ham “Artel” rusumli gaz plitasi hamda gaz balloni berishdi.

— Baxtsiz hodisa tufayli uyimizda yong‘in chiqib, ancha  jabr ko‘rdik, — deydi “Turkiston” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Sanobar Ulxo‘jaeva. — Birinchi sektor xodimlari holimizdan xabar olib, yordam berib turishibdi. Iloyo, baraka topishsin.

Mahallalarda bo‘lganimizda, bunday minnatdorlik so‘zlarini ko‘pchilikdan eshitdik. 

Aholining salomatligi alohida e’tiborda. Hududdagi 16-oilaviy poliklinika binosi 2017 yilda homiylar yordamida ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Poliklinika terapevt, pediatr, xirurg, stomatolog va akusher-ginekolog mutaxassislari bilan ta’minlandi. Quyosh batareyalari o‘rnatildi.

O‘rtaovul hududidagi tug‘ruq va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari ham qayta rekonstruktsiya qilindi. Shoshilinch tibbiy yordam, rejali xirurgiya, markaziy laboratoriya, dezinfektsiya bo‘limlarida ta’mirlash ishlari olib borildi. Tumanga oltita yangi tez tibbiy yordam mashinasi olindi . 

49 nafar ixtisoslashgan tibbiy yordamga muhtoj bemorga respublika, 9 nafariga esa viloyat tibbiyot muassasalariga yo‘llanma berildi. O‘rtaovul hududida yetti nafar, Zangiota xududida 3 nafar, Erkin xududida bir nafar ijtimoiy yordamga muhtoj, qarovsiz qariyalar yashaydi. Ularga ijtimoiy patronaj tashkil etilib, 3 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga asosan 15 turdagi oziq-ovqat va gigienik tovarlar bilan muntazam ta’minlanmoqda.

Yurtboshimizning 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida “tadbirkorlik sub’ektlariga amaliy yordam ko‘rsatish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish” shuningdek, “fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlikda huquqbuzarliklarni, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida profilaktika qilish hamda ularning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan ishlarni tashkil etish” vazifasi  belgilangan.

Shundan kelib chiqib, sektorda tadbirkor, ishbilarmonlarga har taraflama yordam ko‘rsatilyapti. Ayni kunlarda hududda yigirmaga yaqin eksportchi korxona faoliyat ko‘rsatayotir. O‘zbekiston va Janubiy Koreya tadbirkorlari hamkorligida tashkil etilgan “Tech-holgies of real time” MChJ —ulardan biri. 87 nafar xodim mehnat qilayotgan bu korxona “Damas”, “Nexia”, “Lasetti”, “Captiva”, “Hundai”, “Toyota”, “Lada, Renault”, “Ford” rusumidagi avtomobillar uchun o‘nlab turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarmoqda. O‘tgan yili korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va Tojikistonga eksport qilindi.

— Tadbirkor bo‘laman, degan hech bir inson e’tiborimizdan chetda qolmayapti, — deydi sektorning mas’ul kotibi Jahongir Norxo‘jaev. — Imkonimiz yetgancha yordam beryapmiz. Bankdan kredit olish, chet eldan zamonaviy dastgoh va texnologiyalar olib kelishga ko‘maklashayapmiz. Ularning yutuqlarini ommalashtirayapmiz. Tadbirkorlarimizning aksariyati Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqa oladigan ishbilarmonlarga aylanyapti. Hududimizda joriy yilning birinchi choragida yana to‘rtta yirik korxona faoliyat boshlab, yuzlab yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

— Huquqbuzarliklarning oldini olish, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida ta’sirchan profilaktika tadbirlarini tashkil etish sektorimizda bajarilishi lozim bo‘lgan muhim ishlardan, — deydi sektor ishchi guruhi a’zosi, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining yoshlar masalasi bo‘yicha o‘rinbosari, xuquqbuzarlik profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i Sherzod Ro‘ziev. — Sektorimizga 12 nafar profilaktika inspektori biriktirilgan. Hududda besh oy ichida 43 jinoyat qayd etildi. Shundan to‘qqiztasi o‘g‘irlik,  to‘rttasi firibgarlik, bittasi qoradori savdosi bilan shug‘ullanish. O‘tgan yillarga nisbatan past bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkichni qoniqarli deb bo‘lmaydi. Chunki, jinoyatning bittasi ham ko‘p. Shuning uchun biz sektor hududidagi maktablarda, mahallalarda, oilalarda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlikning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan tadbirlar tashkil etayapmiz. Har payshanba — profilaktika kunida o‘tkaziladigan tadbirlarda sektor rahbari, mahalla faollari ham faol ishtirok etyapti.

 SEKTOR RAHBARINING QABULIDA

 Ertangi kungi ishimimz shtabda o‘tkaziladigan qabul kuniga to‘g‘ri keldi. 

Shtabda o‘n chog‘li fuqaro o‘tiribdi. Navbati bilan sektor rahbari qabuliga kirib chiqyapti.

— Men uy qurish uchun yer so‘rab keldim, — dedi fuqaro Qudratxo‘ja Azamatov. — Hozir uyga muhtojmiz. Arzonlashtirilgan uy uchun hujjat topshiraylik desak, boshlang‘ich to‘lovni to‘lashga imkoniyatimiz yetmaydi.

— Boshlang‘ich to‘lovni to‘lolmasangiz uyni qanday qurasiz? — deb so‘raydi hokim.

— Aka-ukalarim qurilish materiallaridan yordam beramiz, deyishyapti.

— Qudratxo‘ja, biz sizning talabingizni qondira olmaymiz. Bunga haqqimiz yo‘q. Chunki uy-joy qurish uchun yer uchastkalari ajratish to‘xtatilgan. Faqat, sizga, haqiqatan ham uyga muhtojligingiz tasdiqlansa, arzonlashtirilgan uy berishimiz mumkin.

— Lekin odamlar yer olib uy-joy qurayapti-ku?

— Ular bir vaqtlar olgan uchastkalariga qurayotgan bo‘lishi mumkin. Agar noqonuniy qurilish qilayotgan bo‘lsa, sudga beriladi, imoratlari buziladi. O‘zboshimchalik bilan qurilish qilgan 165 kishi sudga berildi. Yaqinda noqonuniy qurilgan 68 uyni buzdik. Qonunni chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Sizga maslahatim, tezroq hujjat topshiring. Mana Nazarbekda 432 arzonlashtirilgan kvartira qurilyapti. Nasib qilsa, shulardan biri sizniki bo‘ladi. 

— Men Xonobod qishlog‘ida yashayman, — deydi Poshsho Nazarova. — Oilamiz bilan tikuvchilik qilamiz. O‘zim tikyapman, mahalladoshlarimga o‘rgatyapman. Kichik korxona ochishga joy bo‘lmagani uchun noqonuniy faoliyat ko‘rsatyapman. Iltimosim, qishlog‘imiz chekkasida qurilish qilsa bo‘ladigan ozgina yer bor. Qachondan beri foydalanilmayapti. Shu yerni menga kichik korxona qurish uchun qonunlashtirib bersangizlar. Kichik korxona ochsam, 20 nafar odamni ish bilan ta’minlayman.

— Prezidentimizning “Bitta odamni ish bilan ta’minlagan tadbirkorni boshimga ko‘taraman” degan gaplarini eshitgansiz. Siz 20 odamni ish bilan ta’minlayman, deyapsiz. Hamma aytganlaringizni qilamiz.

Hokim mutasaddilarga topshiriq beradi:

— Hozir Xonoboddagi namunali uylar qurilgan qishloqqa borasiz. Qishloq chetida bo‘sh yer bor ekan. Kichik korxona qurish imkoniyati bor-yo‘qligini aniqlab, shu bugundan kechiktirmay, Poshsho Nazarovaga rasmiylashtiring. Ikki soat ichida menga natijasini ayting.

Poshsho Nazarova sektor rahbariga qayta-qayta “rahmat” aytadi.

— Farmatsevtman, — deydi qabulga kirib kelgan navbatdagi ayol — Sevara Karimova. — Men ham Xonobodda turaman. Qishlog‘imizda dorixona yo‘q. Imkoni bo‘lsa, dorixona ochsam. 

— Juda yaxshi. Siz ham Poshsho opa bilan tezroq qishloqqa boring. Hozir mutaxassislar boradi. Dorixona uchun mo‘ljallagan joyingizni ko‘rsatasiz. Imkoni boricha yordam beramiz.

— Mening dala hovlim bor edi, — deydi Muxtor Zohidov. — Ozroq muddat borolmaganim uchun kimlardir egallab olibdi. Dala hovlilar rahbari ham o‘shalar tarafda. O‘zimning qonuniy dachamga kirolmayapman.

Sektor rahbari huquqshunosni chaqirib, Muxtor akaning dala hovlisi bilan bog‘liq holatni aniqlagach, Muxtor Zohidov murojaatini bugundan kechiktirmay hal qilish vazifasini topshirdi.

Yoshi yetmishdan oshgan otaxon qabulxonaga kirib keldi.

— Meni hech qanday muammom yo‘q, — dedi u salom-alikdan so‘ng va o‘zini tanishtirdi: Narimon ota. — Ko‘pchilik nomidan minnatdorlik bildirgani keldim. Rahmat, sizlarga. Martabalaring bundan ham ulug‘ bo‘lsin. Avvalo, Prezidentimizga rahmat. Xalqimizga ko‘p yaxshiliklar, g‘amxo‘rliklar qilyapti. Yurtimizga hamisha bosh bo‘lib, xayrli ishlarga rahnamolik qilib yursinlar. Biz, keksalarning duosi shu — Xudoyim Yurtboshimizni qo‘llasin!

Otaxonga qo‘shilib, kaftlarimizni biz ham yuzimizga tortdik. 

“Hurriyat” muxbirlari

O‘ktam ABDULLAYEV,

Sholaziz SHOXIDOYEV

(foto)

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.