Qut va baraka — do‘stona munosabatlarda

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi. Yurtboshimizning “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir. inch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo – biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir. O‘zbekiston o‘zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning qat’iy tarafdoridir. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo‘yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz”, degan so‘zlari bugun o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.

 

Chet ellik ekspertlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning eng muhim yutuqlari sifatida qo‘shni mamlakatlar bilan chegara masalalarining hal etilishini e’tirof etishmoqda. Haqiqatdan ham mamlakatimizda o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish asosida xorijiy davlatlar, eng avvalo, qo‘shni mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Bu maqsadlar 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgandir. Chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish kabi masalalar ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi. O‘tgan qisqa vaqtda bu borada tarixiy qadamlar qo‘yildi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlarni ko‘zlash tamoyillariga asoslangan munosabatlar izchil mustahkamlanib bormoqda. Savdo-iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash maqsadida o‘tgan yil aprelida Dushanbeda ilk marta O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Javob ko‘rgazmasi Toshkentda oktyabr oyida bo‘lib o‘tdi. Dushanbeda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmada O‘zbekistonning 160 dan ko‘proq kompaniyasi 1500 dan ko‘proq nomdagi mahsulotlarini to‘rt kun davomida namoyish qilgandi. Ko‘rgazma va ikki davlat tadbirkorlari ishtirokidagi forum natijalariga ko‘ra 35 million dollardan ko‘proq qiymatga ega bo‘lgan 20 ga yaqin shartnoma imzolangan. Ko‘rgazmaga tashrif dushanbeliklarda jo‘shqin taassurot qoldirdi, ko‘pchilik uchun u haqiqiy syurpriz bo‘ldi, deya yozdi Tojikiston matbuoti. Odamlar o‘zbek mahsulotlarining sifatidan hayratga tushishdi, qo‘shnilarining mustaqillik yillarida qo‘lga kiritgan bu yutuqlaridan xursand bo‘lishdi.

Tojikiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi  favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiyning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekiston rahbariyati, shaxsan Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan siyosat tufayli so‘nggi yillarda nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqamizda ham olamshumul o‘zgarishlar yuz berdi. So‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida yirik qadamlar tashlandi. Bunda O‘zbekistonning qo‘shni — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan hamkorlik aloqalarining kengaytirayotgani, Afg‘onistonga alohida e’tibor qaratayotgani  alohida tahsinga loyiq.

Statistik ma’lumotlariga qaraganda, Tojikiston o‘tgan yilda tashqi savdo aylanmasini oshirdi va eng yuqori o‘sish O‘zbekiston hamda Qozog‘iston bilan ikki tomonlama savdoda qayd etildi. O‘zbekiston bilan ikki tomonlama savdo 85 foizga oshgan, bu 110 million dollardan ortiqdir. Tojikiston O‘zbekistonga yagona qo‘shma brend ostida yangi bozorlarga chiqishni taklif qildi. Bu ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy hamkorlikda muvaffaqiyatga erishishiga imkon beradi. O‘zbekistonlik ishbilarmonlar bu imkoniyatlardan foydalanib, Tojikistondagi ulushlari va investitsiyaviy faolliklarini sezilarli darajada oshirishlari mumkin. O‘zbekistonda bugungi kunda Tojikiston kapitali ishtirokida 24 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, ulardan biri – 100 foizlik xorijiy investitsiyaga ega. O‘z navbatida Tojikiston hududida O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida 9 ta  korxona tashkil etilgan. Tojikistonlik iqtisodiy sharhlovchi Safar Nurali O‘zbekiston iqtisodi va kompaniyalari Tojikiston bilan savdo-sotiq qilish uchun puxta tayyorlanganini ta’kidladi.  

Mamlakatlarimiz mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Masalan, o‘tgan yil sentyabrda Tursunzoda shahrida Tojikiston Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda Surxondaryo viloyati delegatsiyasi ishtirok etdi. Undan bir hafta avval Tursunzoda ijro hokimiyati vakillari Termizda O‘zbekiston mustaqilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etishgandi.

O‘tgan yili Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining sil kasalligi bo‘yicha mutaxassislar guruhi Tojikistonda bo‘ldi. Ilk bor O‘zbekiston va Tojikiston ftiziatr-mutaxassislarining uchrashuvi o‘tkazildi. Tojikiston IIV vakillari O‘zbekiston va Tojikiston ichki ishlar vazirliklari muvofiqlashtiruvchi guruhining ilk majlisida ishtirok etish uchun Toshkentga kelishdi.

«Biz juda katta siyosiy voqea arafasida turibmiz. Men buni tarixiy voqea deya atagan bo‘lardim. Tez kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi amalga oshiriladi», — deydi Tojikiston elchisi.  «O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi qadim-qadimdan davom etib kelayotgan ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari tarixida yangi sahifa ochadi. O‘zbek va tojiklar aslida ikki tilda so‘zlashuvchi  bir xalq. Bizni o‘zaro ajratib turuvchi jihatlar yo‘q, xalqlarimizni bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Ularning tafakkuri, turmush tarzi, e’tiqodi va qarashlari ham mushtarak. Turmush tarzimiz, urf-odatlarimiz, madaniyatimiz bir, o‘z yerimizga, o‘z tariximizga, o‘z qo‘shnilarimizga  bir xil munosabatda bo‘lamiz» deya qayd qildi Tojikiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi  favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy.

Darhaqiqat, Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatdan yangi pog‘onaga olib chiqishiga shubxa yo‘q. Unda imzolanadigan hujjatlar xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlashga, o‘zaro bordi-keldilarga keng imkoniyatlar yaratishga hissa qo‘shadi. Viza rejimining soddalashtirilishiga bo‘lgan intilishlar ham shundan dalolat beradi. Har ikki mamlakat fuqarolarining bemalol bordi-keldisini yo‘lga qo‘yish maqsadida transport yo‘nalishlarini ochish ham ko‘zda tutilmoqda. Umuman olganda, mavjud kommunikatsiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish uchun barcha ishlar amalga oshirilmoqda. Hamkorlik masalasida imkoniyatlarimiz juda ham katta. Yaqin ikki yil mobaynida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmini yarim milliard dollarga chiqarish ko‘zda tutilmoqda. O‘ylaymanki, bu hali chegara emas. Ham O‘zbekiston, ham Tojikiston so‘nggi 20 yil mobaynida iqtisodiy sohada katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

«Men, O‘zbekistonda elchilik faolyatimni boshlaganimdan beri, mamlakatingiz qo‘lga kiritgan kattadan-katta yutuqlarga guvoh bo‘ldim. Iqtisodiyotdagi muvaffaqiyatlar, sohada paydo bo‘layotgan yangi-yangi imkoniyatlarni bevosita o‘z ko‘zim bilan ko‘rayapman. O‘zbekiston mahsulotlari jahon bozorini zabt etmoqda. Ishonch bilan ayta olamanki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi yaqin kelajakda yuqori ko‘rsatkichlarga erishadi. O‘tgan yili Toshkentda Tojikiston madaniyat kunlari, Dushanbeda esa O‘zbekiston madaniyat kunlari o‘tkazildi. Hech bir mubolag‘asiz, aytish kerakki, bu tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik bayramiga aylanib ketdi. Anjumanlarda har ikki xalq bir-birlarining milliy musiqa san’atini nechog‘li yuksak qadrlashi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Toshkentdagi Tojikiston madaniyat kunlari tadbirida ishtirok etar ekanman, xalqlarimiz bir-birlarini juda ham sog‘inganlariga bevosita guvoh bo‘ldim», — deydi Tojikistonning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari.

Uning aytishicha, diplomatlarning, davlat idoralari rahbarlarining oldida turgan muhim vazifa — xalqlarimiz bir-birlariga quchoq ochib borishlariga, yanada mustahkam o‘zaro muloqot qilishlariga hissa qo‘shishdan iborat.  

Elchi janoblari ta’kidlab o‘tgandek, «biz yoshlarga, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga asrlardan asrlarga meros bo‘lib kelayotgan o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik g‘oyalarini singdirishimiz kerak. Bu masalada OAVning roli juda ham katta. Tojikiston OAVlarida do‘st O‘zbekistonda yuz berayotgan olamshumul voqealarga katta e’tibor qaratilmoqda. Bularning hammasi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik asosida yoritilmoqda. Misol sifatida aytadigan bo‘lsam, yaqinda 23 yoshli o‘zbekistonlik futbolchilar Osiyo chempionatida finalga chiqdi. Tojikistondagi ikkita telekanal mana shu musobaqalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qildi. Tojikistonliklar, tojik xalqi O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining shodligini xuddi o‘zinikidek bilib, birgalikda baham ko‘rdi.

Tojik va o‘zbek xalqi o‘rtasidagi do‘stlik, bu kechagina paydo bo‘lgan gap emas, balki asrlar davomida yashab kelayotgan haqiqat. Bitta daryodan suv ichadigan bu ikki xalqning an’analari va urf-odatlari o‘rtasidagi o‘xshashlik e’tirof etiladi. Mamlakatlarimizni yaqinlashtirish va ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi ishlar O‘zbekiston va Tojikistonning ko‘p millatli xalqlari manfaatiga xizmat qilmoqda, bu xalqlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

 

Sharofiddin  TO‘LAGANOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

BIRINCHI SEKTORDA IKKI KUN

2018-06-13 11:54:54

Elchilar xonasi joyiga qaytdi

2018-06-13 12:50:42

KECHIKKAN IQROR. Oradan yuz yillar ...

2018-06-13 12:25:22

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2018
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.