Vatanning bolasi bo‘lish baxti

Bir necha yillar avval do‘stlashganim — Jalaquduqdagi maktablardan birining direktori Sadbarxon Mamitova Andijon viloyat Kengashi deputatlar guruhining rahbari ham edi. U bilan tanishganimda men Respublika “Milliy tiklanish” gazetasining Andijon viloyat muxbiri bo‘lib ishlardim. Dunyoqarashi keng, mulohazalari teran Sadbarxon yurtimizda ro‘y berayotgan xayrli ishlarning har biriga o‘z munosabatini bildirib, ko‘p bor maqolalarim qahramoni bo‘lgan. Ayniqsa, uning har uchrashganda o‘z g‘oya va mavzulari bilan fikr bildirishi ijodga ilhom berishday gap edi.

 

 Shu kunda u Jalaquduq tuman “Mahalla” jamoat fondi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatyapti. Viloyat miqyosidagi yig‘inlardan birida ko‘rishganimizda odatdagiday, suhbatimiz tez ulandi.

 — Sizning “Jonim Vatan, onamsan sen, bolangman men” degan she’ringiz bor edi Zamira opa, — dedi u. 

— Ha, — dedim uning she’r¬ni yaxshi ko‘rishidan quvonib. Sadbarxon  o‘sha she’rning dast¬labki to‘rtligini o‘qiy boshladi:

Yuragimning sara gulin senga tutay,

Gardlaringni kiprigimda artib o‘tay,

Isming aytsam ruhim 

baland... arshga yetay,

Jonim Vatan, onamsan sen, bolangman men. 

– Xabaringiz bor, musofirday yashayotgan juda ko‘p yurtdoshlarimiz necha o‘n yillab kutganlari O‘zbekiston fuqarosi degan tabarruk hujjatga ega bo‘lyapti. Yaqinda shu mazmundagi bir tadbirda buni yana bir karra his qildim. Bizning Jalaquduqda shunday baxtga erishganlar to‘qqiz nafarga yetdi. Birgina Yorqishloqda to‘rt nafar ayolimiz bu yil yurtimizning tan olingan kelinbolasiga aylandi. Ularning yuz ko‘zidagi quvonch va shukronalikni ko‘rsangiz edi. Sen Vatanni onam desang, Vatan seni bolam desa, bu juda katta baxt ekanini ular yurak-yuragidan his qilishdi. Maslahatim, ular bilan bir uchrashib suhbatlashing, yaxshigina maqola yozsangiz bo‘ladi.

Men Yorqishloqlik Nasibaxon Matmusaeva, Muhayyoxon Razzoqova, Gulnoraxon Egamberdieva, Munisaxon Xojimatovalarni izlab topib, ularning hayajonu quvonchlariga sherik bo‘ldim. Ta’bir joiz bo‘lsa, to‘rttalasi ham Yorqishloqning qo‘shni Qirg‘izistondan tushgan kelinlari ekan.

— Mening Qirg‘izistonning Qorasuv tumanidan O‘zbekistonning Jalaquduq tumanidagi Yorqishloqqa kelin bo‘lib tushishimni onam judayam xohlaganlar. Chunki o‘zlari shu qishloqdan qo‘shni respublikaga kelin bo‘lib borganlar-da. Daryodil otam Muxtorjon Olimjonov bilan uzoq yillar ahil, inoq yashashdi. Besh farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishdi, — dedi hayajonini yashirmay Gulnoraxon Egamberdieva. — Ammo onam sira Vatandan ko‘ngil uzolmaganlar. Yorqishloq desa yuraklari hapqirib ketardi. Vatan haqida gapirganlarida esa hikoyalari tugamas edi. Biz farzandlar barimiz onamning nega buncha hayajonlanganini u qadar tushunmasdik o‘shanda. “Borsangiz yarim soatlik yo‘l-ku” deb onamizga “aqllilik” ham qilib qo‘yardik, hatto.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganda shunchalar quvonganlarki, men buni onamday his qilmaganman. Gapning rosti, mening 1992 yilda Yorqishloqqa kelin bo‘lib tushishimda onamning o‘sha hayajonlari, sog‘inchlari, O‘zbekiston bilan bog‘lanish istaklari katta rol o‘ynagani aniq. 

— Siz Yorqishloqqa kelin bo‘lganingizdan xafa bo‘lganmisiz? — sinovchan nazar bilan so‘radim Gulnoraxondan. 

— Nega xafa bo‘lay, axir yaxshi oilaga kelin bo‘ldim. Ahil, inoq ro‘zg‘or ko‘rdim. To‘rt farzand topdim. Qolaversa, Yorqishloq onamning qishlog‘i. Tog‘alarim, xolalarim, yana boshqa qadrdonlar bari shu yerda. Undan tashqari, yurtimiz tinch, tuprog‘imiz hosildor. Men ham, turmush o‘rtog‘im ham fermer xo‘jaligida ishlaymiz. 

Faqat... mening O‘zbekiston fuqarosi degan hujjatim yo‘qligi yuragimdagi eng katta g‘ussam edi. Qo‘ni-qo‘shnilarim, qishloqdoshlarim kabi fuqarolik haq-huquqlariga ega emasdim. O‘zini bir umr musofir sanagan onamning goh-goh aytadigan “Sen o‘zbek bo‘lsangu, mamlakating O‘zbekiston bo‘lmasa...” degan pichirlabgina aytadigan armonli gaplari bo‘lardi. O‘sha iborani boshqacharoq qilib “Sen shu yurtning bolasi bo‘lsang, shu yurtda yashasangu, Vatanning boshqa bolalariday haq-huquq¬larga ega bo‘lmasang” qabilida o‘zgartirib o‘ylardim-da, ko‘p iztirob chekardim.

Mening shu aziz yurtga kelin bo‘lishimni, armonsiz yashashimni istagan, oilaviy baxtimdan quvongan onam vafot etganida, chopib borolmadim. Yuziga yuzimni bosib vidolasholmadim. Ey-y... o‘shandagi qayg‘um olamga sig‘madi. Uyga kirib yostiqqa yuzimni bosib shunday ho‘ngrab yig‘laganmanki, ammo yig‘imni hech kim eshitmagan. Chunki turmush o‘rtog‘im, qaynonam bari onamning ta’ziyasiga ketgan edi. Men... yolg‘iz men... mengina borolmaganman. Chunki men hech joyning fuqarosi emasdim. Chegaradan o‘tguday hujjatim yo‘q edi.

Suhbatdan bildimki, Gulnoraxon Egamberdieva bunday iztirobga ko‘p marta duchor bo‘libdi. Katta akasi Mirzohid Olimjonov bir o‘g‘lini uylantirib, uch qizini uzatib, yurtga to‘rt marta to‘y berganida birontasida ham amma bo‘lib qatnasholmabdi. Opasi Gulchehraxon qizini uzatganida ham o‘z uyida ko‘z yoshsiz yig‘lab jiyaniga baxt tilabdi.

— Mana, O‘zbekiston fuqarosi degan pasport oldingiz...

— Men go‘yo yangi tug‘ildim, opa. Bu quvonchni qanday sharh¬lashga ojizman. Esiz, rahmatli onajonim ko‘rmadilar bu quvonchli kunimni. Ammo otam borlar. Aytamanku, bor yo‘g‘i yarim soatlik yo‘l, otamdan endi tez-tez xabar olaman. Shunga ming-ming shukur. Yurtboshimizga rahmatim juda ko‘p. Xalqparvar umr¬lari uzoq bo‘lsin.

Mening yuqoridagi iztiroblarim men kabilarda ham bor ekan. 2017 yilning oktyabrida yangi pasport olish uchun tantanali tadbirga borganimda ko‘rdim. O‘ziyam Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov topshirdi pasportimizni. Gullar berib tabriklashdi. Tabrikka arziydigan voqea bo‘ldi axir.

Gulnora Egamberdieva aytganiday, katta tabrikka munosib bu tantanada Yorqishloqning o‘zidangina to‘rt nafar ayolga bunday quvonch nasib etdi. 

Shu yurtda yashab, shu yurtda mehnat qilib, ammo saylash, saylanish huquqidan bahramand bo‘lolmay o‘zini kamsitilgan sezib yashash iztirobini hech kim boshidan o‘tkazgan ko‘ngillar yanglig‘ his qilolmasa kerak. 

— Prezidentimizning juda xayrli farmonlari bois yurtimiz yanada obod bo‘layotganidan quvonaman, — deydi Nasibaxon Matmusaeva. — Yaratilgan shart-sharoitlardan mening oilam ham bahramandligidan baxtiyor bo‘laman. Ammo hamqishloqlarim singari “yaxshiyam saylovda Prezidentimizga ovoz berganim. Mana ko‘nglimizdagidek ishlar bo‘lyapti” deya g‘ururlanolmasdim. Chunki men Prezident saylovida ishtirok etmaganman. O‘shanda ovoz berish huquqim bo‘lmagan. Eslasam, hozir ham yig‘lab yuboraman.

Nasiba Matmusaevaning chekkan iztiroblari ham Gulnoraxonnikidan kam emasdi. U ham otasi Qosimjon buva vafot etganlarida farzand bo‘lib so‘nggi yo‘lga kuzatolmadi. Nasibaxonning yana bir alamli og‘rig‘i shundaki, u o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘li (Qosimjon buva bilan Qirg‘izistonda yashaydi) Abdulazizning uylanish to‘yida ham ishtirok etolmagan. Ikki nabirasi – Asadbek va Mohlaroyim tug‘ilganda borib o‘g‘li va kelinini qutlay olmagan. — Qirg‘izis¬tonning O‘shidan Yorqishloqqa kelin bo‘lganingizga hech afsus chekkanmisiz? — so‘radim Nasibaxondan ham.

— Yo‘q. Rost aytaman yo‘q. Turmush o‘rtog‘im Ma’murjon Mirzahakimov juda yaxshi odam. Qaynonam Ma’rifatxon ona, qaynotam Mutallibjon buva qishloqda juda obro‘li odamlar. Ular yetti o‘g‘il uch qizni tarbiyalab voyaga yetkazishgan. Men bu oilaga oltinchi kelin bo‘lib tushganman. Hayotimiz farovon. Shaftolizor bog‘imiz bor. Uzumlarimiz ham ko‘p. Husayni uzumimiz pishganda hovlimiz shunaqa chiroyli bo‘lib ketadiki, qarab yayraysiz. Daromad ham qilasiz. Bizning oila qariyb uzumshunos bo‘lib ketgan. Xususiy KamAZ avtomobilimiz ham bor. O‘g‘lim Maqsudjon dadasi bilan hamkorlikda boshqarib yakka tadbirkorlik bilan shug‘ullanishadi. 

Men uzoq yillar qishloq kasalxonasida hamshira bo‘lib ishladim. Shu kunda o‘g‘lim va xo‘jayinim faoliyat olib borayotgan “Baxt” xususiy avtouyushmada hamshira bo‘lib faoliyat ko‘rsatyapman. Qolaversa, musulmonchilikda erning makoni ayol uchun muqaddas Vatan hisoblanadi. Shuning uchun ham O‘zbekiston menga eng aziz, eng muqaddas Vatan. Ayniqsa, endi – uning haqi-qiy fuqarosi bo‘lganimdan juda baxtliman. 

O‘zbekiston fuqarosi degan hujjatni olgungacha bo‘lgan iztiroblar, ichki og‘ir o‘ylar uchinchi qahramonim — Munisaxon Xojimatova hayotida ham ko‘p ro‘y bergan. Munisaxonning qalbidagi katta og‘riqlardan biri 45 yoshli nor¬g‘ul o‘g‘lini tuproqqa qo‘y¬gan ota-onasiga dalda bo‘lib yonida turolmagani. Akasi Munisaxonni juda yaxshi ko‘rardi. Afsus, uning ta’ziyasida tobutkash bo‘lolmadi. O‘shani o‘ylasa, haliyam qiynaladi. Mana, O‘zbekiston uning onasi, u shu yurtning bolasi degan tabarruk hujjatni oladigan kun ham bor ekan. Bu kun Munisaxon uchun quvongan ko‘ngil to‘yi, qadr to‘yi, yaxshilik to‘yi, insonga e’zoz to‘yi bo‘ldi. Chunki Munisa Xojimatovaning ota-onasi hayot. Endi olti-etti yillab sog‘inib, borolmay qiynalmaydi. Borib holidan xabar oladi. Duolarini olib qaytadi. 

Muhayyo Razzoqova esa, Yorqishloqqa 16 yoshida ip yigiruv fabrikasida ishlash istagi bilan kelgan. Shu yerda Inoyatillo Razzoqov bilan tanishib baxt topgan.

— Men 20 sotixli katta hovliga kelin bo‘ldim, — deydi Muhayyoxon. — Qaynona-qaynotamning yoshlari ancha ulug‘ edi. Shuning uchun biror joyda ishlamadim. Ularning duosini olay deb xizmatida bo‘ldim. Axir katta hovlining ishi kichik bo‘lmaydi. Bog‘imiz bor. Uzum, gilos yetishtiramiz. A’lonav noklarimiz bor. Sabzavotlarning hamma turi o‘zimizdan chiqadi. Ehtiyojimizdan oshganini sotamiz. Yurtimiz bozorining to‘kinligiga hissa qo‘shamiz. Hayotimizning farovonligi, ro‘zg‘orimizning to‘kinligi deh-qonchilikdan desam noto‘g‘ri bo‘lmaydi.

Xudoga shukur, Qirg‘izistonda yashayotgan keksa, duogo‘y ota-onam hayot. Bu yangilikdan juda quvonishdi. Prezidentimizni ham rosa duo qilishdi. Tumanimizning Do‘stlik mavzesidagi Yangi ko‘rpa qishlog‘iga kelin bo‘lgan mendan katta opam — Halimaxonning ham tezroq shunday pasport olishini Xudodan tilashdi. 

 

Mana qo‘limda O‘zbekiston fuqarosi degan pasport. Ikki yurtning qo‘shnichiligi tobora yaxshilanib boryapti. Hukumatimizga ming rahmat. Endigina 42 yoshga kirgan bo‘lsam ham allaqachon nabira ko‘rdim. Mahliyo qizim hadya qildi bizga nabirani. Gulira’no qizim – 8-sinfda o‘qiyapti. Xullas, endi xonadonimizda to‘ylar boshlanadi. Demak, ikki respublikadan mehmonlar jamlanadi. Xursandchilik, totuvlik bilan o‘tkazamiz barini. Qanday yaxshi. 

 

Zamira RO‘ZIYEVA

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira