KALOVINI TOPSA, CHIQINDI HAM BOYLIK

O‘tgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida ekologik holatni yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tahlil etish, eng dolzarb vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda sohadagi kamchilik va muammolar tanqidiy tahlil qilinib, tizim oldidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi.

 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga tegishli vazirliklar bilan birgalikda shaharlarda chiqindi yig‘ish shoxobchalarini tartibga solish, qishloq aholi punktlarida sanitar-tozalash xizmatlarini rivojlantirish yuzasidan 5 yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Dasturda ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi sonidan kelib chiqib, chiqindi yig‘ish maydonchalarini namunaviy loyihalar asosida optimal tashkil etish, chiqindi tashish maxsus texnikalari xaridini ko‘paytirib, qishloq aholisini sanitar-tozalash xizmatlari bilan bosqichma-bosqich qamrab olish, davlat-xususiy sheriklik printsipi asosida “Toza hudud” unitar korxonalari buyurtmasiga ko‘ra sohada tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari nazarda tutiladi. Maishiy chiqindilarni qayta ishlash haqida so‘z borar ekan, Prezidentimiz xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va keng joriy etish zarurligini ta’kidladi.

— Germaniya, Belgiya, Yaponiya, Gollandiya, Shvetsiya kabi mamlakatlarda 60-65 foiz maishiy chiqindi qayta ishlanadi, 20-25 foizidan energiya olinadi, qolgan qismi yoqiladi. Ya’ni chiqindini poligonlarda ko‘mishga ham ehtiyoj yo‘q, — dedi Shavkat Mirziyoev. — Buning natijasida yer resurslari tejaladi, iqtisodiy samaraga erishiladi va atrof-muhitga salbiy ta’sir kamayadi. 

Chiqindilar bilan bog‘liq muammolar bugungi kunda global masalalardan biriga aylanib bormoqda, desak yanglishmagan bo‘lamiz. O‘tmishga nazar tashlasak, chiqindilar nafaqat gigiena va salomatlik masalasida, balki shaharsozlik, hatto xalqaro aloqalarda ham muhim o‘rin tutganiniga guvoh bo‘lamiz. Munitsipal darajadagi ilk chiqindixonalar Afinada eramizdan avvalgi 400-yilda tashkil etilgan ekan. O‘shanda barcha chiqindilar maxsus savatga solinar va keyinchalik shahar tashqarisiga olib chiqib tashlanar edi. Qadimiy Rimda ham chiqindilar shahar tashqarisiga olib chiqilgan. Bugungi kunda ham Rim janubiy-g‘arbida chiqindilardan tashkil etilgan sun’iy Monte-Testachcho tepaligi saqlanib qolgan. Bu tepalik yer yuzidagi eng qadimiy chiqindixona hisoblanadi. 

O‘rta asrlarda Yevropa shahar ko‘chalaridagi chiqindi va axlatlar yuqumli epidemiyalarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan. Vabo keng tarqalgan XV asrga kelibgina bir qator shaharlarda ko‘chalarni axlat va chiqindilardan tozalash masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Sanoat asriga kelib esa shaharlarda suv quvurlari paydo bo‘ldi.

XX asrda texnologiyalar taraqqiyoti va ishlab chiqarish taraqqiyoti chiqindilar tarkibining o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Avvallari faqat ovqat qoldiqlarigina chiqindi sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, endilikda karton, plastik, kimyoviy va tibbiy jihozlarning qoldiqlari ham chiqindi sifatida ko‘rila boshlandi. Lekin chiqindilarni yo‘q qilish tartibi o‘zgarmay qolaverdi. Ya’ni chiqindilar ko‘mib tashlandi, okeanga uloqtirildi yoki yoqildi. XX asrning ikkinchi yarmiga kelibgina ekologiya bilan bog‘liq muammoga e’tibor qaratila boshlandi. 1970 yilning 22 aprelida ilk bor “Yer kuni” o‘tkazilib, atrof-muhit muhofazasi kun tartibiga qo‘yildi.

Bugungi kunda chiqindilar bilan bog‘liq masala turli mamlakatlarda turlicha hal qilinadi. Ayrim mamlakatlarda xonadon egalari chiqindilarni turlarga ajratib, ularni chiqindixonaga tashlashni odat qilgan bo‘lsa, Shveytsariya kabi mamlakatlarda chiqindilar qo‘shni mamlakatlardan import qilinadi va zavodlarda yoqib yuboriladi. Bu mamlakatdagi issiqlik elektr stantsiyalari aynan chiqindilar hisobiga ishlaydi. Shu sababli chiqindilar aholidan sotib olinadi. Zavodning muttasil ishlashi uchun xom ashyo kerak bo‘ladi. Mana shu sabab mahalliy aholi qo‘shni Italiyadan chiqindilarni sotib olishga majbur. Uchinchi dunyo mamlakatlarida esa odamlar Yevropa va Amerikadan insonparvarlik yordami niqobi bilan olib kelingan chiqindilarni ajratish bilan shug‘ullanishadi.

Yaponiyada chiqindilarga oid qoidalar mahalliy munitsipalitet tomonidan, to‘g‘rirog‘i, mahalliy hukumatlarga qarashli zavodlar tomonidan ishlab chiqiladi. Aholi chiqindilarni turlarga ajratgan holda chiqindixonalarga tashlashga majbur. Bunda chiqindi yonadigan va yonmaydigan turga bo‘linadi. Shu sababli ham “kunchiqar yurt”da mahsulotlar narxi ham yonadigan va yonmaydigan idishlarga solinishi bilan farq qiladi.

Xitoy poytaxti Pekinda aholi chiqindilarni qaerga tashlashdan xavotir olmasa ham bo‘ladi. Ular ertalab uylaridan chiqqan chiqindini chiqindi yig‘uvchilarga pullashadi. Ular esa chiqindilarni shahar chetidagi Dong Syao Kou qishlog‘iga eltadi. Bu qishloqda chiqindilarning barcha turi bo‘lib, ishchilar saragini sarakka, puchagini puchakka ajratishadi.

Gana poytaxti Akkra yaqinida yer yuzidagi eng yirik elektronika chiqindixonasi bor. Atlantika okeani sohilidagi Agboshbloshi chiqindixonasiga dunyoning barcha burchaklaridan buzuq kompyuterlar, televizorlar, monitorlar, eski magnitofonlar, tikuv mashinkalari, telefon kabi maishiy texnikalar olib kelinadi. Kimlar uchundir chiqindi bo‘lgan buyumlar mana shu yerda boshqalarni badavlat insonlarga aylantiradi. Ishchilar maishiy texnikalarni eritib, undan alyumin va misni ajratib, kerakli odamlarga topshirishadi. Shuni ham aytish kerakki, Agboshbloshi chiqindixonasida ishlovchilarning ko‘pchiligi zaharli mahsulotlar oqibatida kelib chiqqan kasalliklardan vafot etadi.

Maldivda chiqindilardan tashkil etilgan Tilafushi sun’iy oroli mavjud. 1992 yildan boshlab bu yerga mamlakatning barcha hududlaridan bir kunda tonnalab chiqindilar olib kelinadi. Tilafushi dengiz sathidan atigi 1 metr balandlikda bo‘lgani bois, kimyoviy mahsulotlarning okeanga tushishi va ekotizimga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotir olinadi.

Kopengagenda, yangi avlod chiqindixonasining loyihasi ishlab chiqildi. Ko‘rinib turibdiki, chiqindilar o‘z tarixida yomon hid tarqatuvchi darajasidan san’at galereyasi darajasigacha ko‘tarildi. Lekin chiqindilarga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishimiz kerak. Ya’ni chiqindilarni kamaytirish maqsadida o‘z imkoniyatlarimizni hisobga olishimiz kerak.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 21 apreldagi farmoniga muvofiq, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi qayta tashkil etilib, uning zimmasiga ekologik holatni yaxshilash, maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash borasida ko‘pgina vazifalar qo‘yildi. Shuningdek, 2017—2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tubdan yaxshilash yuzasidan kompleks dastur qabul qilinib, moliyalashtirish manbalari belgilab berildi. 

Bu sohada hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar va qilinadigan ishlar juda ko‘p. Masalan, yurtimizda 53 foiz aholiga sanitar-tozalash xizmati ko‘rsatiladi, xolos. Shundan atigi 15 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Deyarli barcha qishloqlarda maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash va tashish umuman yo‘lga qo‘yilmagan.

Yig‘ilishda maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish ishlarini tizimli tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Plastik, polietilen va boshqa qadoqlash materiallarini to‘plash, utilizatsiya qilish yoki qayta ishlashga topshirishda ishtirok etayotgan yuridik va jismoniy shaxslarni rag‘batlantirish mexanizmini joriy qilish zarurligi qayd etildi. 

Atrof-muhit ifloslanishining oldini olish sohasida davlat nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Chiqindilarni to‘plash va tashish ishlarini doimiy nazorat qilish, aholining bu boradagi madaniyati va mas’uliyatini oshirishga ham e’tibor qaratildi. Zero, bu ishlar zamirida odamlarning sog‘lig‘i, turmush farovonligi yotibdi.  

 

Sharofiddin TO‘LAGANOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yigitlarning sarasi

2018-08-15 07:13:13

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq. Xira ...

2018-08-15 07:16:32

Davlat xizmatlari: ishonch ...

2018-08-15 07:20:05

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2018
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.