TURIZMDA yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz parlamenti — Oliy Majlisga Murojaatnomasida milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biri sifatida turizmga alohida e’tibor qaratildi.

 

Bu bejiz emas. Xorijiy davlatlar iqtisodiyotini o‘rganar ekanmiz, turizmning mamlakat uchun yuqori, serdaromad soha ekanligini ko‘ramiz. Nima uchun bizda rivojlanish barqaror bo‘la turib, bu sohada oqsoqliklar, to‘g‘rirog‘i, oddiy sayyoh uchun ko‘nikma bo‘lib qolgan sharoit yetarli emas, degan tabiiy savol tug‘iladi. To‘g‘ri, ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda, iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish deganda aynan shu masalalar ko‘zda tutilgan, lekin bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan davrda bu kam, albatta. Shu sababdan ham, davlatimiz rahbari bu masalada tashabbusni o‘z qo‘liga olib, deputatlarga murojaat qildi.

Darhaqiqat, yurtimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. Zero, boy madaniy merosimizning 7 300 dan ortiqrog‘i ro‘yxatga olindi. Madaniy meros ob’ektlarining aksariyati YuNYeSKO ro‘yxatiga kiritilganining o‘zi turistlarga “katta yo‘l” degani, faqat unga e’tibor kerak. 

Shunday ekan, mamlakatimizning betakror tabiati, go‘zal dam olish maskanlari imkoniyatlaridan foydalanib, yangi turistik yo‘nalishlar ochish, sohaga jahon brendlarini faol jalb etgan holda, ziyorat turizmi, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik turizmni va sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish zarurligi borasida topshiriqlar berildi. Buni qanday amalga oshiramiz, avvalambor, sharoit, munosabatni o‘zgartirishimiz lozim. Qonunchilikni, ayniqsa, oddiy sharoit yaratishning muhim belgilari bo‘lgan “ruxsat berish”, “reklama” tartib-taomillarini yanada soddalashtirishimiz lozim.

Davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini qo‘llash sohani taraqqiy ettirish bilan birga tadbirkorlar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu nima degani? Bu shu yo‘lda faoliyatini boshlagan tadbirkorni davlat qo‘llab-quvvatlaydi degani. Shuning uchun ham bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik munosabatlarining huquqiy asoslari ustida ish olib borilmoqda.

Sohani rivojlantirishda yangi mexanizmlarni kiritish borasida 2018—2019 yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi vazifalar belgilab olindi. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turizmni rivojlantirish bo‘yicha hududiy kengashlar tashkil etildi.

Eng muhimi, turistlar uchun xizmat ko‘rsatish, transport, mehmonxona, ovqatlanish, dam olish, muhofaza qilish masalalari yanada takomillashtiriladi.

Faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat (litsenziya) olish tartibi va zarur bo‘ladigan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar onlayn tarzda belgilanishi, kuzatib borish tizimi yo‘lga qo‘yilgani tadbirkorlik sub’ektlari uchun juda katta qulayliklar yaratmoqda. Shuningdek, hukumat portalining “Elektron litsenziyalash” sahifasi orqali litsenziyalar reestri yuritilishi va litsenziya olish uchun zarur hujjatlarni elektron ko‘rinishda topshirish tizimi faollashtirildi.

Ko‘p yillardan beri muammo bo‘lib kelayotgan masala qo‘mitada bir necha bor ko‘rib chiqildi. Biz deputatlar tomonidan turoperator va mehmonxona xizmatlari ko‘rsatilishidagi xizmatlarni sertifikatsiyalashda yondashuvni o‘zgartirish to‘g‘risida takliflar berilgan edi. Bugungi kunda turoperator va mehmonxona xizmatlarini sertifikatlashtirish tartibi asosida turistlarning hayoti va sog‘lig‘ining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Ma’lumot uchun, 276 ta tashkilot, shu jumladan, 140 ta joylashtirish vositasi va 136 ta turoperatorga yengilliklar yaratildi. Sertifikatlashtirishni shu vazifa bo‘yicha xalqaro tashkilot (ISO) talablari bilan muvofiqlashtirish, mehmonxonalar xizmati sifatini yanada oshirish yuzasidan qo‘mita faoliyatining qayta tiklangani turistlarga sifatli xizmat ko‘rsatish va ularning oqimini ko‘paytirish imkonini beradi. 

Parlament so‘roviga muvofiq, turizm sohasida yana bir yangilik: turizm sohasiga taalluqli bo‘lgan barcha masalalar bo‘yicha tezkor va aniq ma’lumot olish, turizm sohasi sub’ektlari va turistlar so‘rovlarini to‘laqonli va tezkor qabul qilishdagi muammolar hal etildi. Xususan, kecha-kunduz — 24 soat faoliyat yuritadigan ma’lumot markazining ishga tushirilgani mamlakatimizga xorijdan kelgan sayyohlarning erkin harakatlanishi hamda zarur ma’lumotlarni tez olishida o‘ta muhim ahamiyatga ega. Bunday ma’lumotlar bazasiga turistlar uchun qulay bo‘lgan ovqatlanish, joylashtirish, mehmonxona xizmatlarining arzon va qulay ma’lumotlarini kiritish lozim. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, turizm davlat qo‘mitasi bilan hamkorlik memorandumini tuzadigan tadbirkorlik sub’ektlarini ham aniqlash va yangi sharoitlarni kiritish lozim.

Bunday kreativ yondashuv, oddiy aeroportdan boshlanishi muhim o‘rin tutadi. Albatta, biz yuqorida sohani rivojlantirishga qaratilgan bir-ikki misol keltirdik, xolos, sohani rivojlantirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy shart-sharoitlar yaratish istiqbollari va amalga oshirilayotgan ishlar ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish yangi g‘oyalarning tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.

Sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida, tabiiyki, O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonunini yangi tahrirda qabul qilish zarurati yuzaga kelmoqda. Albatta, har bir soha qonun bilan rivojlansa, uning davomiyligi, yashashi va barqaror rivojlanishiga davlat kafolat beradi.

 

Odinaxon JAMOLDINOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 

Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari

qo‘mitasi a’zosi