Kelajak sog‘lom avlod qo‘lida

Bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan Qibray tuman tibbiyot birlashmasida kasalliklarni davolash, sog‘lom bola tug‘ilishi va onalar salomatligini asrash yo‘lida e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda. Birlashmaning o‘ndan ortiq bo‘limi bo‘lib, ularning har birida bolalar va kattalar salomatligini tiklash uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.

 

– Shifoxonamizga yildan-yilga yangi tibbiy asbob-uskunalar keltirilayotgani tug‘ma kasalliklarni ham bartaraf etish uchun mustahkam zamin yaratmoqda, – deydi terapiya bo‘limi boshlig‘i Ozoda Yo‘ldosheva. – Mazkur shifoxonada ancha yillardan beri ishlayman. Ko‘p tajribamga asoslanib, shuni aytishim mumkinki, barkamol ota-onadangina sog‘lom farzand dunyoga keladi. Tug‘ilgandan keyin bolaning ham ma’nan, ham jismonan yetuk bo‘lib ulg‘ayishi uchun oilada sog‘lom muhit bo‘lishi kerak. Ba’zan ota-onalar o‘g‘lining harbiy xizmatga borishdan avval bo‘ladigan shifokorlar ko‘rigidan o‘tolmaganidan shikoyat qiladi. Lekin bunga yoshlikdan e’tibor berish kerakligini xayoliga ham keltirishmaydi. Masalan, asab tizimi va faoliyati bilan bog‘liq shunday surunkali kasalliklar borki, yiliga ikki-uch marta shifokor nazoratida bo‘lmasa, turli xil yurak xastaliklari keltirib chiqarishi mumkin. Birgina tug‘ma falaj bilan dunyoga kelgan bolalarning aksariyatida har xil turdagi nevroz kasalliklari uchraydi. Bo‘limimizda ichki kasalliklarni dori-darmonlardan tashqari, nur apparatlari va massaj yordamida ham davolaymiz. Qolaversa, muhtaram Yurtboshimizning tibbiyot sohasi oldiga qo‘yayotgan talablari va yaratilgan sharoitlar bois zamonaviy texnika vositalari tibbiyot sohasiga ham shiddat bilan kirib kelayapti. Endilikda avloddan-avlodga o‘tadigan nasliy kasalliklarni aniqlab, ularni bartaraf etish imkoni paydo bo‘ldi. Yaqinda bizda shunday kasallikka chalingan bir bemor davolanib ketdi. Yosh kelin-kuyov tibbiy ko‘rikdan o‘tgani borganda, shifokorlar yigitga oila qurishi mumkin emasligini aytishgan. Lekin ota-onasi “bizning ham orzu-havasimiz bor”, deb uylantirgan. Natijada, otaning kasalligi o‘g‘il bolaga, onaniki esa qizga o‘tgan. Bunday noxush holatlarning oldini olish uchun nasl-nasabni surishtirish, tibbiy ko‘riklardan o‘tish va sog‘lom turmush tarziga amal qilish kerak. Avlodlar sog‘lomligiga erishish har jihatdan shunga bog‘liq.

— Shifoxonamizning yangi binosi 2013 yilda foydalanishga topshirilgan. Har bir bo‘limga kerakli mutaxassislar qamrab olingan. Bu – bemorlarni tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi uchun shaharning bir chetidan, ikkinchi chetiga jo‘natishga hojat qolmadi degan gap, – deydi ginekologiya bo‘limi boshlig‘i Renat Vildanov. – Keyingi paytda oilaviy shifokor degan iborani ko‘p ishlatayapmiz. Yurtboshimiz  ham chaqaloqlar va bemorlarning uylariga borib, doimiy ravishda tibbiy yordam ko‘rsatish uchun patronaj xizmatini yaxshilash borasida o‘z taklif va mulohazalarini bildirgani bejiz emas. Chunki har bir oilaga kirib chiqqan shifokor bemorning kasallik tarixidan tortib, qanday tibbiy yordam ko‘rsatish va parvarish qilishgacha biladi. Bu bemorlar salomatligi uchun juda muhim. Ayniqsa, homilador ayolga mas’ul shifokor ona vujudidayoq bolani qanday parvarish qilish, keyingi farzandini rejalashtirgan holda dunyoga keltirish uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi borasida tushuntirish ishlarini olib boradi. Tibbiyot nuqtai nazaridan qaraganda, 20 yoshda qiz bola turmush qurishga tayyor hisoblanadi. Lekin onalik baxtiga muyassar bo‘lganlarning orasida 16-17 yoshli onalar ham borligi juda tashvishlanarli. Bu yoshda bolali bo‘lish nari tursin, hatto o‘zini himoya qilishni ham bilmaydi. Ayrim qaynonalar bolani ikki yoshgacha ona suti bilan boqishga qo‘ymasdan, kelinidan ikkinchi farzandni olib kelishni talab qiladi. Ham aqliy, ham balog‘at davrida zarbaga uchragan onalar buni ko‘tarolmasdan salomatligini battar yo‘qotadi. Bu oilaviy ajralishlarga olib keladi.

Go‘dak tug‘ilgandan uch yoshgacha ona suti bilan oziqlanishi kerak. Shunda bola poliklinika, shifokor nimaligini bilmay o‘sadi. Inson salomatligi uchun dunyoda ona sutidan foydaliroq ne’mat yo‘q. Yuqorida ta’kidlanganidek, harbiy xizmatga yaroqsizlik holati ham keyingi paytda farzandini sun’iy ozuqalar bilan boqayotgan onalarning safi kengayib borayotganidan kelib chiqmoqda. O‘zidan sog‘lom zurriyod qoldirishni istagan ota-onalar avvalo, iqtisodiy tomondan to‘kis, oilaviy jihatdan xotirjam, madaniyati ham yuksak bo‘lishi kerak. Nimjon, kasalmand bolalar nafaqat ota-onalar, balki jamiyatimizga ham foyda keltirmaydi. Shu o‘rinda, maktablarning 11 yillik ta’lim tizimiga o‘tgani ayni muddao bo‘ldi. Endi yoshlarimizda mustaqil fikr shakllanadi. Maktabning 9-sinfini bitirib, o‘zini katta bo‘lib qolgandek his qilgan kollej o‘quvchilari ham shunga qarab qadam tashlaydi. 

Shifoxonamizda bemorlarga xalqaro tibbiyot talablari darajasida xizmat ko‘rsatishga harakat qilyapmiz. Shifokorlarni qayta tayyorlash kurslari bor, har yili hamkasblarimiz malakasini oshirib keladi. Lekin tibbiyot kollejlarini bitirgan ko‘pchilik yoshlarga ish yo‘q. Bir ish o‘rniga uch-to‘rtta hamshira to‘g‘ri keladi. Nazarimizda, tibbiyot kollejlarini  qisqartirish yoki yangi mutaxassisliklarga asos solishni vaqti kelmadimikan? Ta’lim jarayonida o‘qitish ishlarini butunlay yangilashni hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Masalan, ilmiy laboratoriyalarda biologlar, laborantlar yetishmaydi. Patronaj hamshiralarini tayyorlaydigan kafedraga ham asos solinsa, bu faqat tibbiyotimizning yuksalishi uchun xizmat qiladi, albatta.

Adiba UMIROVA,

“Hurriyat” muxbiri

Sholaziz SHOXIDOYEV olgan surat