SHAXMAT TAXTASIDAGI PIYODALAR

Hozirgi kunda jahondagi turli “kuchli markazlarning” geosiyosiy qarama-qarshiligi “axborot makoni”ga ko‘chgan. Ya’ni axborot kimning qo‘lida bo‘lsa, o‘sha haq bo‘lib chiqmoqda.

 

Tahlilchilarning fikricha, tashqi kuchlarning aralashuvi natijasida barqaror hukumat ag‘darib tashlangan mamlakatlardagi vaziyat yanada murakkablashgan. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur mamlakatlarda boshboshdoqlik yuzaga kelgan. Bu esa “Bo‘lib tashlab hukmronlik qil” degan yovuz siyosatning amaldagi isbotidir.

Endilikda yana shu narsa aniq bo‘ldiki, davlat to‘ntarishlari, inqiloblar va tashqaridan bo‘lgan qurolli hujumlar oqibatida Yaqin Sharq va shimoliy Afrikadagi bir qator zaif mamlakatlardagi vaziyat juda ham keskinlashib ketdi va juda ham kuchsiz bo‘lmish markaziy hukumat boshqaruvni qo‘ldan chiqardi. Buni biz Iroq, Liviya va boshqa bir qator mamlakatlardagi ko‘ngilsiz voqealarda ko‘rib turibmiz. Bugungi Suriya ham shu ahvolni boshdan kechirmoqda. 

Suriyada fuqarolar urushi 2011 yil martida hukumatga qarshi ko‘tarilgan ommaviy namoyishlarni bostirishdan boshlandi. 

Muxolifat tashqi kuchlar o‘rgatganidek, demokratik saylovlar o‘tkazilishi va prezident Bashar Asadning iste’fosini talab qilib chiqdi. Hukumat mamlakatda kuch ishlatish orqali tartib o‘rnatishga va isyonning keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qildi. Biroq ularning chetdan siyosiy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi kutilganidek, mojaroning yanada keskinlashib ketishiga sabab bo‘ldi. Mana yetti yildirki, Suriyada qurolli qarama-qarshilik davom etmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, shu davr mobaynida 300 mingdan ortiq kishi halok bo‘lib, 13 million kishi o‘z uylarini tashlab ketgan. Urushdan avval Suriya aholisi 22 million kishidan iborat bo‘lgani e’tiborga olinsa, bu katta raqam ekani oydinlashadi. 

Mojaroning bu qadar keskinlashuvi o‘arb mamlakatlarini «endi harbiy harakatlarni to‘xtatish masalasida nima qilish kerak?» degan savolni o‘zlariga berishga sabab bo‘ldi. Tizginsizlik tus olgan bu mojaroni bartaraf etish yo‘lida ilk qadamlar ayrim mamlakatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvlarida muhokama qilindi. Birinchi qadam sifatida 2012 yil fevralida «Suriya do‘stlari guruhi»ning tuzilishi bo‘ldi. Uning o‘zagini AQSh, Buyuk Britaniya, Turkiya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA va Iordaniya tashkil qildi. Guruhning tashkil etilishiga BMT Xavfsizlik Kengashida Suriyaga oid rezolyutsiyaga Rossiya tomonidan veto qo‘yilgani sabab bo‘ldi.  Chunki rezolyutsiya loyihasida mamlakatda to‘kilayotgan qonlarga hukumat aybdor sifatida ko‘rsatilgan edi. o‘arb mamlakatlari va arab davlatlari Bashar Asadning hokimiyatdan ketishini talab qilgan edi. Rossiya esa Asad qonunga binoan hokimiyatda ekanini, mojaroga tashqi kuchlarning aralashishi xavfli tus olishidan ogohlantirdi. RF bir necha bor «Suriyaning do‘stlari guruhi» bir tomonlama ekanligini aytib, bu guruhga  qo‘shilmadi.

2012 yil o‘rtalariga kelib mojaroni barqarorlashtirish BMT darajasiga chiqdi. O‘sha yilning 30 iyun kuni Jenevada birinchi xalqaro konferentsiya («Jeneva-1») bo‘lib o‘tdi. Uning ishida BMT XKning doimiy a’zolari, YeI, Arab davlatlari Ligasi va Turkiya vakillari ishtirok etdi. Na hukumat a’zolari, na muxolifat vakillari anjumanda qatnashmadi. Uchrashuvda Jeneva kommyunikesi qabul qilindi. Unda hukumat va muxolifat vakillaridan iborat O‘tish hukumatini shakllantirish, Suriya konstitutsiyasini qayta ko‘rib chiqish, prezidentlik va parlament saylovlarini o‘tkazish belgilab qo‘yilgan. Ammo hujjat matnida Suriya prezidenti zudlik bilan mansabidan ketishi borasida birorta ham so‘z yo‘q edi. Ayni shu iboraning yo‘qligi kommyunikening turlicha talqin etilishiga sabab bo‘ldi. o‘arb va arab mamlakatlari «Asaddan keyingi davr» boshlanganini ta’kidlagan bo‘lsa, Rossiya esa Asadning prezident mansabida qolish-qolmasligini suriyaliklarning o‘zlari hal qilishini aytdi. «Jeneva-1» qarorlarini har kim o‘zicha talqin qilgani bois, O‘tish hukumati tashkil etilmadi, fuqarolar urushi esa davom etaverdi. Harbiy harakatlarga endi «Islom Davlati», «Jabhat an-Nusra» kabi terror tashkilotlarining jangarilari ham qo‘shildi. Suriya mojarosi mintaqaviy xavfsizlikka tahdid sola boshladi. Suriyada kimyoviy qurollar qo‘llanilgani aniqlangach, ayrim xorijiy davlatlar «Asad armiyasiga qarshi harbiy amaliyot boshlash kerak», degan talabni ilgari sura boshladi. Bu esa vaziyatni yanada keskinlashtirdi. 

AQSh va Rossiyaning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayligina Suriyaga qarshi harbiy harakatlar boshlanmadi. Rossiya kafilligi ostida Suriya barcha kimyoviy qurollarni yo‘q qilishga va’da berdi.

Rossiya va AQSh bosimi ostida «Jeneva-2» konferentsiyasi o‘tkazildi. Uning ishida ilk bor Suriya hukumati vakillari ishtirok etdi. Konferentsiya 2014 yilning 22 yanvar kuni Shveytsariyaning Montryo shahrida ochildi. Muzokaralarda aniq natijalarga erishilmadi. «Jeneva-1» va «Jeneva-2» muzokaralariga va xalqaro kaolitsiyaning IDga qarshi harbiy amaliyotlariga qaramay, mojaro barqarorlashmadi va xalqaro terrorchilarning keng qamrovli hujumlari to‘xtatilmadi. Xalqaro terror guruhlari Suriya hududlarining 60 foizini o‘z nazoratiga oldi. Shu sababli ham 2015 yilning  yanvar va aprel oylarida Rossiya tashabbusi bilan Moskvada Suriya hukumati va muxolifatining to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Ammo bu muzokaralar ham samara bermadi. Urush keskin tarzda davom etdi va terrorchilar o‘zlari nazoratidagi hududlarni kengaytirdi. Ular hokimiyatni egallab olishlariga bir bahya qoldi. 

2015 yilning  sentyabrida prezident Bashar Asadning iltimosiga ko‘ra Rossiya Suriya hududlarida IDga qarshi harbiy amaliyotni boshladi. Buning natijasida mojarodagi kuchlar nisbati Suriya armiyasi foydasiga o‘zgardi. Rossiyaning Suriyadagi amaliyotlari navbatdagi tinchlik muzokaralariga turtki bo‘ldi va Venada 2015 yilning oktyabrida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Anjumanda yangi yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Biroq, bu hujjatda ham Bashar Asadning siyosiy taqdiri haqida biror yangi gap bildirilmadi. Venadan keyingi Jenevada 2016 yilgi muzokaralar ham o‘z natijasini bermadi.

2016 yil oxirlarida Rossiya, Turkiya va Eron muzokaralarning yangi davrasini boshlab berishdi. Bu uch davlatning birgalikdagi siyosiy va harbiy harakatlari bilan 2016 yilning 30 dekabrida Suriyada o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olindi. Moskva tashabbusi bilan Qozog‘iston poytaxti Ostonada 2017 yilning  yanvarida Suriya hukumati va muxolifati  vakillari ishtirokida qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuvlarda birinchi marta islomiy guruhlar qatnashdi. Ostona uchrashuvlarining natijasi Rossiya, Turkiya va Eron ishtirokida ishchi guruhi tashkil etilgani bo‘ldi. Rossiya, Turkiya va Eron Jenevadagi uchrashuv bilan bir qatorda Suriya xalqlari Kongressini tashkillashtirishga harakat qilmoqda. Rossiya va Eron Suriyaning amaldagi prezidentini qo‘llab-quvvatlaydi. Turkiya esa muxolifatning ayrim guruhlari tomonida ekanini aytadi.

Rossiya, Turkiya va Eron Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan Kelishuvni imzolashdi. Hujjat Suriyadagi mojarolarni tinch yo‘llar bilan barqarorlashtirish doirasida Rossiya, Turkiya va Eronning istiqboldagi hamkorligini belgilab beradi. Sochida 22 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan uch tomonlama sammitdan so‘ng matbuot anjumani o‘tkazgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin uch mamlakat yetakchilari o‘zlarining xavfsizlik, mudofaa va diplomatlariga Suriya Xalqlari Kongressini tashkillashtirish borasida ishlashni topshirganliklarini aytdi.

Eron prezidenti Hasan Rouxani bayonot berib, Kongress Suriya yangi konstitutsiyasini ishlab chiqishga yordam berishini ta’kidladi. Aynan mana shu hujjat asosida mamlakatda saylovlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Turkiya prezidenti Rejep Erdo‘g‘an Suriyadagi muhtojlarga uzluksiz ravishda insonparvarlik yordamlarini yetkazish yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi.

Suriya muxolifati vakillarining o‘tgan haftada Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunida qabul qilingan bayonotda Suriya prezidenti Bashar Asad mamlakatda o‘tish davri boshlangunga qadar iste’foga ketishi kerakligi ta’kidlanadi. Qabul qilingan hujjatga ko‘ra, ayni shu talab bajarilgan taqdirdagina, barqarorlik va xavfsizlik asosida siyosiy jarayon boshlanishi mumkin.

Suriya muxolifatining vakillari Saudiya Arabistoni rasmiylarining taklifi bilan Ar-Riyodda to‘plandi. Tomonlar BMT shafeligida Jenevada bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda Asad masalasida yagona fikr shakllantirish ustida ishlamoqda. Suriyaning amaldagi hukumati va muxolifat o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuv 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Uni BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Staffan de Mistura tashkillashtirdi. Suriya muxolifatining ko‘plab vakillari, bo‘lajak prezident masalasi saylovlarda hal etilishi kerakligini ta’kidlashmoqda. Ko‘pchilik esa Asadni harbiy jinoyatchi sifatida ko‘rishlarini aytishib, bundan keyin prezident lavozimiga saylanmasligi lozimligini ta’kidlaydilar.

Qo‘shma Shtatlar Suriyadagi Amerika harbiy xizmatchilarining kichikroq kontingentini saqlab qolish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Ayni damda Amerika harbiy xizmatchilari Suriya Demokratik kuchlari, turli kurd va arab guruhlari koalitsiyasi tomonidan nazorat qilinadigan mamlakat shimolida faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Donald Tramp ma’muriyatidagi manbaga tayanib The Washington Post gazetasi xabar berdi.

Amerika kontingentining maqsadi – o‘zining ittifoqchilariga ID guruhlari qolgan hududlarni tozalashda yordam berish va mahalliy boshqaruv idoralariga mintaqadagi vaziyatning barqarorlashishini kafolatlashdan iborat. Bundan avvval AQSh mudofaa vaziri Jeyms Mettis bayonot berib, Bashar Asad hukumati va Suriya muxolifati o‘rtasida mojarolarni siyosiy barqarorlashtirish to‘g‘risida Kelishuvga erishilmagunga qadar Amerika harbiylari Suriyani tark etmasligini ma’lum qilgan edi. Gazeta ekspertlarning AQSh o‘z oldiga Eronning Suriyada oshib borayotgan ta’siriga qarshi turishni ham maqsad qilgani borasidagi so‘zlaridan iqtibos keltirgan. Bugungi kunda Suriyada Amerikaning rasman 503 harbiy xizmatchisi bor. Ular Suriya Demokratik kuchlari bo‘linmalariga yordam beradi va ular bilan mashqlar o‘tkazadi. Ma’lumki, mamlakatda Amerikaning bir necha yuz kishidan iborat maxsus bo‘linmalari, artilleriyasi va harbiy aviadispecherlari mavjud.

Ko‘pchilikning nazarida Suriya arab mintaqasidagi muvozanatni tiklash ramzi bo‘lib, Yaqin Sharqdagi Amerika ta’siri kamayishining yorqin ifodasi bo‘ldi.

“Sovuq urush” yakunlanganidan beri Rossiya Yaqin Sharqda AQSh qatori o‘z ta’sirini tiklab oldi. Moskva ko‘zlayotgan maqsadlarning sir-sinoati ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ygan. Rossiya Suriyadagi vaziyatni o‘z tizginiga oldi. 2015 yilning 30 sentyabrida Moskva Suriyaning amaldagi hokimiyatini qo‘llab-quvvatlashini va terrorchilikka qarshi kurashga kirishini e’lon qildi. Bu bilan Bashar Asadga hokimiyatda qolish umidini sovg‘a qildi. Shu yo‘l orqali ruslar mintaqaga qaytdi. Ma’lumki, Sho‘rolar Ittifoqi qulashi bilan Rossiyaning roli o‘zgargan edi. AQSh esa aksincha, dunyoning turli burchaklarida bosqichma-bosqich nufuzini oshirib borgandi. Suriya mojarosida Rossiya nimalarga qodirligini namoyish qildi. Harbiy havo, dengiz, artilleriya va quruqlikdagi kuchlar Bashar Asad rejimiga to‘la qo‘llovni ta’minladi. Rossiya turli ekstremistik va mo‘’tadil qurolli muxolifat kuchlarini yakson qildi. Operatsiya shu qadar izchillik va muntazamlik kasb etdiki, Moskvani tinch aholini o‘ldirish va ta’qiqlangan qurollarni qo‘llashda ayblashgacha borishdi. Suriya rejimi muxolifat qarshisida nafaqat oyoqqa turib oldi, balki uning mustahkamlanishi va jipslashuvi ro‘y berdi. Moskvaning qo‘llab-quvvatlashi  Bashar Asadni inqirozni yechish yo‘lida yana bosh figuraga aylantirish uchun yetarli bo‘ldi. Ko‘mak va qo‘llov mintaqadagi boshqa arab mamlakatlari hukmdorlarida Kreml bilan ittifoq tuzishga kuchli xohish uyg‘otdi.

Bir narsani unutmaslik kerak. Yaqin Sharq davlatlari shaxmat doskasidagi piyodalar xolos. Uni bir katakdan ikkinchi katakka siljitsa bo‘ladi. Yirik davlatlar tufayli mintaqa xalqlari o‘z taqdirlarini o‘zlari hal etolmaydilar. Ularni boshqaradigan o‘yinchilar o‘zgarishi mumkin xolos.

 

Sharofiddin TO‘LAGANOV

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASLNI SOXTADAN AJRATISH FURSATI KELDI

2017-12-14 12:02:58

FAXRIYLAR E’TIBORDA

2017-12-14 11:54:51

“MUSTAQIL JURNALIST” KIM O‘ZI?

2017-12-14 11:56:37

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.