O‘zbekistonda buyrak transplantatsiyasi

 

O‘zbekiston tibbiyot tarixida ilk marotaba buyrak transplantatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Dastlabki 20-25 kun ichida Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi tomonidan to‘rtta buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bajarildi. Eng muhimi, endi surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan og‘rigan bemorlarga shu yerning o‘zida amaliy yordam beriladi.

 

Bugungacha Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi tomonidan surunkali buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan murojaat qilgan ikki mingdan ortiq bemorlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, ma’lumotlarga qaraganda, hozir ulardan yigirma besh nafar juftlik jarrohlik stoliga yotishga tayyor.

— Klinikamiz yetti yil avval bu operatsiyaga tayyor edi. Sababi, rahbariyat men kabi ko‘plab shifokorlarni Rossiya, Ukraina, Belarus singari mamlakatlarda malaka oshirib kelishimizni ta’minladi. Bugun biz bor bilim va salohiyatimizni ishga solib, bosh xirurgimiz Fazliddin Bahriddinov bilan birgalikda buyrak transplantatsiyasidek xayrli ishni muvaffaqiyatli amalga oshiryapmiz, — deydi yurak qon-tomir jarrohi, nefrolog Zohidjon Matkarimov. — Men buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalarida shaxsan qatnashdim. Vazifam bemorlarni buyrak ko‘chirib o‘tkazishgacha bo‘lgan jarayonga tayyorlashdan iborat edi. Ya’ni qon tomirlarni ochish, tozalash... Bilasizmi, bu to‘rt-besh kishi uddalaydigan ish emas. Bu jarrohlik ishida yigirmaga yaqin shifokorlar ishtirok etadi. Biz bir jamoa bo‘lib harakat qilamiz. Yaxshi natijaga erishgandan so‘ng bemorlar yetti-o‘n kun ichida uyiga qaytishadi... Ularning quvonchini ko‘rib, biz ham zimmamizdagi mas’uliyatni muvaffaqiyatli bajarayotganimizdan sevinamiz. 

Bugun buyrak ko‘chirib o‘tkazishda donorlik uchun faqatgina bemorning yaqin qarindoshlariga ruxsat berilgan. Donorlar ham klinika tomonidan yigirma kundan bir oygacha bo‘lgan muddatda sinchkovlik bilan tekshiriladi, zamonaviy kompyuter uskunalarida organizmi o‘rganiladi. Jumladan, qon, peshob analizlari, Respublika kardiologiya, urologiya markazlari bilan hamkorlikdagi ko‘rik natijalari yaxshi chiqsa, donor organizmida qo‘shimcha kasalliklar kuzatilmasa, donorlikka ruxsat beriladi va buyrak ko‘chirib o‘tkazish jarayoni boshlanadi. Negaki, donorning salomatligi ham juda muhimdir. 

Bugungi kungacha o‘tkazilgan to‘rtta operatsiyada yurak qon-tomir xirurgi, nefrolog, professor Fazliddin Bahriddinov boshchilik qilgan bo‘lsa, qisqa vaqt mobaynida bemorlarning ikki nafariga uyiga javob berilgan. Ta’kidlash lozimki, uch-uch yarim soat davom etadigan buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bemor va donorning yetti-o‘n kun davolanishi uchun taxminan besh million so‘m atrofida pul sarflanadi. Bu xuddi shu ish yuzasidan chet elga borib davolanishdan o‘n barobar arzonga tushadi va bemorning oila a’zolari uchun ham qator qulayliklar tug‘diradi. Bemorlarning operatsiyadan keyin iste’mol qiladigan dori-darmonlari miqdori hamisha shifokorlar nazoratida. Shuningdek, bemorning operatsiya uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining orderi bilan kelishi o‘zi va oilasi uchun yanada kengroq imkoniyatdir. 

Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazida yiliga sakkiz mingga yaqin yuqori texnologik, murakkab operatsiyalar o‘tkazib kelinadi. U yerdagi shart-sharoitlar esa dunyo standartlari darajasida ekanligi kishini quvontiradi. Ibn Sino bobomizning “Shifokorda lochinning ko‘zi, arslonning yuragi, ayolning qo‘li bo‘lishi kerak” degan gaplari bu dargohda o‘zining yaqqol isbotini topgan. 

— Men Toshkent viloyati Bekobod tumanidanman. Uzoq vaqtdan buyon buyrak xastaligidan azob chekardim. Xudoga shukr, bari ortda qoldi. Tutingan opam menga donorlik qildi. Hozir opam ham, men ham o‘zimizni yaxshi his qilyapmiz. Avvalo, Yurtboshimizga katta rahmat. Shifokorlarga ko‘p tashakkur, — deydi bemor Isfandiyor Mamatvaliev.

— O‘g‘lim Amirjon Otabekovni ko‘rsatmagan joyimiz qolmadi. Chet elga ham bormoqchi edik. Lekin o‘z yurtimizda buyrak ko‘chirib o‘tkazishga ruxsat berilganini eshitib, bu yerga keldik. O‘g‘limga dadasi Anvar Alimov donorlik qildi. U kishiga javob berishdi. Hozir ancha yaxshilar, — deydi Sirdaryolik Adolat Alieva. 

Markazdan shifo topib ketayotgan yurtdoshlarimizning ko‘zlaridagi quvonch shifokorlarni yanada kuch-g‘ayrat bilan ishlashga undamoqda. Kelajakda inson a’zolari transplantatsiyasiga oid qonun kuchga kirsa, markaz mutaxassislari jigar, buyrak, o‘pka va yurak transplantatsiyasiga ham tayyor. 

Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazidagi qo‘li yengil shifokorlarga maqsad sari olg‘a borishlarida kuch va matonat tilab qolamiz. 

Sabohat SULTONOVA, 

“Hurriyat” muxbiri

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.