Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash salomatlik garovidir. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir SARIMSOQOV bilan suhbat

–Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda asosiy e’tibor iste’molchilar huquqini himoya qilishga qaratilgan. Shunga qaramay, ko‘pchilik aldanib qolyapti. Sababi kundan-kunga yangi texnologiyalar asosida qadoqlangan mahsulotlar soni ko‘payib, sifat darajasiga e’tibor kamaydi. Iste’molchilar huquqini himoyalash jamiyati oldida mas’uliyatli, ya’ni inson salomatligi uchun muhim mahsulotlarni tanlashga ko‘maklashish vazifasi turibdi. Ayting-chi, bugungi iste’molchi o‘z haq-huquqlaridan qay darajada xabardor? Savdo xodimlari tomonidan huquqi suiiste’mol qilingan paytda o‘z manfaatini himoya qila oladimi? 

 —O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi poytaxtimizning Shayxontohur tumanida 1997 yil 11 kishidan iborat ijtimoiy harakat bilan o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, bugun uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarda 14 ta hududiy birlashmasi, 193 ta tuman (shahar) jamiyatlari mavjud. Federatsiya va uning joylardagi tuzilmalari faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida” va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari hamda Vazirlar Mahkamasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414-sonli qarori, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari asosida tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik nazoratini olib boruvchi yagona jamoatchilik instituti hisoblanadi. Asosiy maqsadi aholining, xususan, yoshlarning huquqiy bilimlarini yanada oshirish, ichki iste’mol bozorida insonlar hayoti va sog‘ligiga xavf tug‘diruvchi sifatsiz mahsulotlar sotilishining oldini olishdan iboratdir. Shu bilan bir qatorda iste’molchilardan kommunal, savdo-sotiq, sog‘liqni saqlash, jamoat transporti va maishiy servis sohalari bo‘yicha tushayotgan murojaatlar yechimini topishga yaqindan ko‘mak berishdan iborat.

 Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida joylarda “Inson huquqlari va manfaatlari – oliy qadriyat”, “Sog‘liqni saqlash sohasida iste’molchi huquqlari”, “Yuksak iste’mol madaniyati sari” va  “Iste’mol madaniyatini oshirish – davr talabi”, “Fuqarolar murojaati hamisha e’tiborda”, “Inson manfaatlarini ta’minlashda jamoat tashkilotlarining o‘rni”, “Bank plastik kartochkasi qulay va  zamonaviy to‘lov vositasi”, “Oilada iste’mol madaniyatini oshirish” va boshqa ko‘plab rang-barang mavzularda 1455 ta o‘quv seminari hamda 5101 ta davra suhbatlari tashkil etildi.

Tashkilot tomonidan iste’molchilar huquqlari va manfaatlari himoya kilinishini ta’minlash uchun jamoatchilikni keng jalb etish, ichki iste’mol bozorida sifati past, odamlar hayoti va sog‘ligiga xavf tug‘diruvchi tovarlar sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholining huquqiy va iste’mol madaniyatini oshirish sohasida olib borilayotgan ma’rifiy tadbirlar samarasi o‘laroq, bugungi iste’molchilarning huquqiy bilimlari yuksak darajada, bundan o‘n yil ilgarigi iste’molchilardan tubdan farq qiladi, sifati talabga javob bermaydigan yoki nuqsonli tovar qilganida o‘z huquqlaridan to‘liq foydalangan holda uni sifatlisiga almashtirish, maishiy elektr texnika jihozlarini kafolat muddatida tovar nuqsonlarini bepul ta’mirlatib olish kabi tartib-qoidalarni yaxshi biladi va uni o‘z vaqtida amalga oshira olayapti. Bundan tashqari, huquqlari buzilganda manfaatlarini himoya qilinishini so‘rab tegishliligi bo‘yicha vakolatli idoralarga murojaat qilish huquqlaridan ham to‘liq foydalana olayaptilar.

Federatsiya tomonidan aholi uchun bir qancha qulayliklar yaratilgan. Tashkilotning iste`mol.uz rasmiy veb-saytidan foydalanuvchilar uchun ish boshlagan virtual qabulxonasi yangi RM.iste`mol.uz domeniga o‘tkazildi. Iste’molchilar mazkur virtual qabulxonaga o‘z murojaatlarini elektron shaklda jo‘natish imkoniga ega bo‘ldilar. Bundan tashqari, bugungi kunda 1091 ishonch telefoni ham aholi xizmatida. Mazkur ishonch telefoniga kuniga o‘ttizga yaqin murojaatlar kelib tushmoqda.

— Sog‘lom raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi. Ammo bugun ayrim “tadbirkor”lar oson pul topish maqsadida mashhur korxonalar tomonidan ishlab-chiqarilgan sifatli mahsulotlarning “qo‘lbola” nusxalarini ko‘paytirib, nafaqat iste’molchilar, balki ishbilarmonlar faoliyatiga ham katta zarar keltirmoqda. Ularning bunday qilmishlariga qonun yo‘li bilan chek qo‘yilganidan televidenie orqali xabardor bo‘lib turibmiz. Ammo iste’molchilarimiz asl mahsulotdan soxtani ajrata bilishi uchun qanday targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda?

– O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda har bir ishlab chiqaruvchi o‘zi ishlab chiqarayotgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishi va iste’molchining hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishi, mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berishi shartligi belgilab berilgan. Bugungi kunda tadbirkorlikni kasb qilganlar buni yaxshi his qilgan holda pok niyat bilan xalqimizga halol xizmat qilmoqda. Ma’lumki, bugungi kun xaridori, mijozi va buyurtmachisi mahsulotlarni erkin tanlash huquqiga ega. O‘zlariga ma’qul bo‘lgan bejirim qadoqli, sifatli va hamyonbop mahsulotlarni xarid qilishni afzal ko‘radi. Shu sababli tadbirkor ichki iste’mol bozoriga faqat sifatli hamda xavfsiz mahsulotlarni taqdim etsagina u xaridorgir bo‘ladi. Ammo ba’zan soxta tadbirkorlar faoliyat yuritayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. “Mendan ketguncha, egasiga yetguncha...” qabilida mashhur brendlar va kompaniyalar belgisi ostida sifatsiz tovarlarni yashirin ravishda ishlab chiqarayotganlar  ham bor. O‘ylab qarasangiz, bu ishlar, xizmatlar va tovarlar qanchadan-qancha insonlar: keksalar, yoshlar va kichkintoylarning  sog‘ligiga  xavf solishi, balki moddiy hamda  ma’naviy zarar ham yetkazishi mumkin.  

Bu borada, Federatsiya tashabbusi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘zstandart” agentligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “Toshkent” teleradiokanali DUK hamkorlikda aholining huquqiy va iste’mol madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida mahalliy hamda xorijiy mamlakat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat hamda nooziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi bo‘yicha “Sifat nazorati” loyihasi tashkil etildi. Bu loyiha dasturida Federatsiyaga ko‘rsatuv jarayonida Standart va sanitariya-gigienik talablariga nomuvofiq bo‘lgan mahsulotlar bo‘yicha ishlab chiqaruvchi, sotuvchi, xizmat ko‘rsatuvchilarga hamkor tashkilotlar tomonidan tavsiyalar berish va  mahsulotlari o‘rganilgan hamda sifati belgilangan talablarga muvofiq bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirilishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, bu ko‘rsatuv doirasida iste’molchilarga mahsulotlarni tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak, asl mahsulotni soxta, qalbaki mahsulotlardan qanday ajrata bilish, iste’molga yaroqsiz mahsulotlarni sifatlisiga almashtirish muddatlari va qoidalari haqida ham tushuncha berib borilmoqda. 

Keyingi ikki yildan ortiq davrda mazkur loyiha doirasida go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, non va non mahsulotlari, konservalangan mahsulotlar, makaron, choy, bolalar bo‘tqasi va kiyim-kechaklari, qandolat mahsulotlari, osh tuzi, shokoladli konfetlar, yarim tayyor mahsulotlar, salqin ichimliklar va sharbatlar, o‘quv qurollari, kir yuvish vositalari, shampun, yoritkich lampalar, bolalar o‘yinchoqlari va xo‘jalik sovuni kabi jami 44 ta mahalliy korxonalarning mahsulotlaridan namunalar o‘rganildi. Ushbu mahsulotlar “O‘zstandart” agentligi hamda Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining sinov laboratoriyalariga topshirilib, ulardan tegishli xulosalar olindi. Laboratoriya tahlil natijalari 18 ta ishlab chiqaruvchi korxonalarning mahsulotlari standart talablariga nomuvofiq ekanligini ko‘rsatdi. Federatsiya tomonidan mazkur ishlab chiqaruvchi korxonalarga kamchiliklarini bartaraf qilinishi yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berish bo‘yicha vakolatli davlat organlariga ma’lumotnoma kiritildi. Shuningdek, mazkur ko‘rsatuvda o‘rganish natijasi 26 ta ishlab chiqaruvchi korxonalarning mahsulotlari tegishli me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi aniqlandi. Federatsiya, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi, “O‘zstandart” agentligi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi hamda “Toshkent” telekanali xodimlari tomonidan ichki iste’mol bozoriga o‘zining sifatli mahsulotlarini yetkazib berayotgan tadbirkor va ishbilarmonlarga Federatsiyaning asosiy shiorini targ‘ib qiluvchi “Yuksak iste’mol madaniyati sari” mavzusidagi esdalik sovg‘asi (statuetka) va tashakkurnomalarini topshirishdi. Bugungi kunda Samarqand, Navoiy va Xorazm viloyati hududiy birlashmalari tomonidan ham “Sifat nazorati” tahliliy ko‘rsatuvi  tashkil etilgan.

– Toshkent shahri misolida bir necha savdo do‘konlarini aylandik. Savdo xodimlari chiroyli kiyimlarda, zamonaviy kassalarda o‘tirib, elga xizmat qilayotgani ko‘zni quvontiradi. Lekin muomala madaniyati maqtagulik darajada emas. Bu savdo markazlariga yurtimizdan tashrif buyurgan xorijlik mehmonlar ham kirishadi. Federatsiya tomonidan iste’molchilarga yuksak madaniyat ko‘rsatish va ularning huquqlarini himoya qilish masalasi qonunchiligimizda qay darajada o‘z aksini topgan?  

– Shu o‘rinda yaqinda tashkilotimizning ishonch telefoni orqali Yangiyo‘l tumanida istiqomat qiluvchi Jamila Toshevadan tushgan murojaatni keltirib o‘tmoqchi edim: “O‘zim istiqomat qilayotgan hududda joylashgan oziq-ovqat do‘konidan yogurt va qatiq  sotib olgandim. Uyga kelib uni ochib ko‘rganimda ta’mi buzilgani, noxush hid chiqarayotgani ma’lum bo‘ldi. Uni do‘konga olib borgandim sotuvchi darg‘azab bo‘lib, uni almashtirib bera olmasligini, boshqalari ham shu ahvolda ekanligini aytdi... Buni eshitib sarosimaga tushdim, chunki bu mahsulotlarni, ayniqsa, bolalar sevib iste’mol qilishadi-ku... Boshqalar ham sotib olgan bo‘lishlari mumkin-ku. Shu bois mahsulotlarni tuman sanitariya-epedimiologiya nazorati markaziga olib bordim. Markaz xodimlari  uning tarkibi  buzilganligi, inson hayotiga xavfli ekanligini aytishdi. Bu holatda sotuvchiga javobgarlik bormi?».

Tashkilotga shu kabi ko‘plab savollar kelib tushadi. Avvalo, har bir sotuvchi do‘konlarda go‘sht-sut, baliq, qandolatchilik mahsulotlari (biskivit tortlar, pirojnoe va boshqalar), yarim tayyor mahsulotlar, tayyor masalliqlar va boshqa tez buziladigan mahsulotlarni sotishda faqat sovutiladigan peshtaxtalar, vitrinalardan foydalanilgan holda me’yorda saqlash va  uning yaroqlilik muddatini muntazam nazorat qilib  borish sotuvchining vazifasiga kiradi. Xaridorga qo‘pol muomalada bo‘lgan, narxlarni asossiz ravishda oshirgan, nazorat kassa chekini bermagan, mahsulotlarning miqdori, bo‘yi, eni va vaznini noto‘g‘ri o‘lchagan,  terminal orqali xizmat ko‘rsatishdan bosh tortgan, yaroqlilik muddati tugagan mahsulotlarni sotgan, standart talablariga nomuvofiq bo‘lgan, inson hayotiga xavf tug‘diruvchi tovarlarni ko‘r-ko‘rona sotgan savdo xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Jinoiy kodeksiga muvofiq qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganligi uchun javobgarlik belgilangani haqidagi ma’lumotlar berib borilmoqda.

Federatsiyaning Xorazm, Farg‘ona, Andijon, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Toshkent viloyati hududiy birlashmalari tomonidan kommunal, gaz ta’minoti, elektr energiyasi, sog‘liqni saqlash, dori vositalari, chakana savdo qoidalari, mehmonxona, pochta va telefon aloqasi, jamoat transporti, temir yo‘l va havo yo‘llari transporti va maishiy servis sohalarida ko‘rsatiladigan xizmatlarda iste’molchilarning huquqiy va iste’mol madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot vositalari tayyorlanib, tashkil etilayotgan ma’rifiy tadbirlar ta’sirchanligini yanada oshirishda foydalanilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi 30 ta moddadan iborat qonun va sohaga oid me’yoriy hujjatlar iste’molchining haq-huquqlarini to‘liq kafolatlagan. Shu tufayli ham aholi, xususan yoshlar ularni qunt bilan o‘rganishlari, uni hurmat qilishlari va amal qilishlari kerak. Iste’molchilik borasida yuz berayotgan qonunbuzilish holatlariga befarq bo‘lmay, aksincha  faolliklarini to‘liq namoyon eta olsalargina, jamiyatimizning rivojlanishiga o‘zlarining munosib  hissalarini qo‘shgan bo‘ladilar.  

 

Adiba UMIROVA

suhbatlashdi.