O‘zbekiston — Turkiya: SAMARALI TASHRIF

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning taklifiga ko‘ra shu yilning 25-26 oktyabr sanasida davlat tashrifi bilan Turkiyada bo‘ldi. 

 Prezident Shavkat Mirziyoevning yaqin va uzoq xorij mamlakatlariga qilayotgan tashriflarini kuzatib borar ekanmiz, albatta, har bir tashrif davomida davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalari yanada mustahkamlanayotganidan, munosabatlarning yangi-yangi qirralari ochilayotganidan mamnun bo‘layapmiz.

 

Darhaqiqat, globalizm sharoitida jahon bilan, xususan, jahon mamlakatlari bilan doimiy hamkorlikda, bahamjihat ish yuritgan davlat har jihatdan yutishi hech kimga sir emas. Shu ma’noda butun jahon ahli, ayniqsa, OAV O‘zbekistonning bugungi tashqi siyosatini katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda. Xususan, Prezidentimizning Turkiyaga tashrifi ham bundan istisno emas. Ma’lumki, Turkiya davlati O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib, 1991 yil 16 dekabrda tan olgan. 1992 yil 4 martda esa ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. 1996 yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. 

2016 yil noyabrda Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning mamlakatimizga tashrifi Turkiya davlati O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini namoyon etdi. Binobarin, ushbu davlat rahbarlari joriy yil 14 mayda Pekinda bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” forumi, 10 sentyabrda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha sammiti doirasida ham uchrashib muloqot qildilar. 

Aynan mazkur tashrifga qaytsak, Turkiya Respublikasi Prezidenti saroyida bo‘lib o‘tgan ikki davlat rahbari muloqotlarida asosan O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

O‘zbekiston va Turkiya hamkorligi har ikki taraf uchun ham manfaatli, albatta. Zero, O‘zbekiston bozori, qolaversa, yanada erkinlashayotgan iqtisodiyotimiz, asosiysi, yurtimizda tadbirkorlarga yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit Turkiya uchun muhim bo‘lsa, uning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyalari, dengiz yo‘llari, qishloq xo‘jaligi va turizm salohiyati O‘zbekiston  uchun foydalidir. Ayniqsa, Turkiyadagi turizm sohasi yuksak rivojlangan bo‘lib, xususan, asrimiz boshlarida soha 10 milliard dollar  daromad keltirgan bo‘lsa, 2014 yilga kelib esa xorijiy sayyohlar tomonidan davlat xazinasiga 34,3 milliard dollar mablag‘ kelib tushgan.  

Ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida o‘tkazilgan muzokarada savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm, ilm-fan va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Toshkent har tomonlama strategik ahamiyatga ega hamkor ekani, aholisi 32 million bo‘lgan O‘zbekiston tabiiy gaz zaxirasi bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinda, uran zaxirasi bo‘yicha to‘rtinchi, paxta yetishtirish bo‘yicha oltinchi va uning eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turishini ta’kidladi. Shunga qaramay, ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar ko‘lami kutilgan darajada emas, 2016 yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollarni, joriy yilning sakkiz oyida esa 900 million dollarni tashkil qilgan. 

Muzokaralar yakunida Prezidentlar ikki mamlakat hamkorligini yangi, strategik bosqichga ko‘tarish maqsadida Qo‘shma bayonotni imzolashdi. Shuningdek, iqtisodiyot, savdo-sotiq, sanoat, bank-moliya, investitsiya, turizm, transport-logistika, sog‘liqni saqlash, kadrlar tayyorlash, mudofaa va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir 20 dan ziyod hujjatlar qabul qilindi. 

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoev va Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘on muzokaralar nihoyatda samarali kechgani, erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat hamkorligini yangi pog‘onalarga yuksaltirishini ta’kidladilar. 

Tashrif mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkiya Respublikasi Bosh vaziri Binali Yildirim ishtirokida ikki mamlakat moliya va ishbilarmon doiralari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida imzolangan hujjatlar ulkan ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Shuningdek, 26 oktyabrda Istanbulda o‘tkazilgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari biznes forumida yirik energetika ob’ektlari va yo‘l infratuzilmalarini qurish, to‘qimachilik mahsulotlari, elektr jihozlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqat va agrosanoat tarmog‘ida zamonaviy sanoat va logistika markazlari tashkil etish sohalarida 3,5 milliard AQSh dollari hajmidagi 30 dan ortiq loyiha bitimlari imzolangani ta’kidlandi.

Prezidentimiz yaqin yillarda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 3-4 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgani, bu ikki mamlakat ishbilarmonlari uchun keng imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. 

Turkiyalik ishbilarmonlar Prezidentimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, valyuta bozori erkinlashtirilgani, viza olish tartibi soddalashtirilgani o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun qulayliklar yaratilganini alohida qayd etishdi. Ochiq va amaliy ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston va Turkiyaning moliya tashkilotlari, firma va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi, tomonlarni qiziqtirgan aniq loyihalar muhokama qilindi. 

«Anadolu»  axborot agentligining xabariga ko‘ra, “Turkiya Toshkent va Anqara o‘rtasidagi munosabatlarni kerakli darajaga olib chiqishni o‘zining burchi deb biladi”, deya ta’kidlagan  Turkiya iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi Istanbuldagi Turkiya — O‘zbekiston biznes-forumi ochilishida. 

«Turkiya O‘zbekiston bilan munosabatlarni juda qadrlaydi. Turkiya Iqtisodiyot vazirligi Turkiya va O‘zbekiston Prezidentlari ko‘rsatmalari hamda bosh vazirlari direktivasi bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarni kuzatib bormoqda. Uzoq muddatli ikki tomonlama munosabatlar asosida o‘zaro manfaatlarni hisobga olish yotadi. Shaxsan men ikki tomonlama tovar aylanmasida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy manfaatlariga alohida e’tibor qarataman», — dedi N. Zeybekchi.

Vazir 2017 yil oxiriga kelib Turkiya iqtisodiyotining o‘sishi olti foizdan oshishini eslatdi. «Yil oxiriga kelib, Turkiya eksporti ham 11-12 foizga o‘sadi. Turkiya nominal YaIM miqdori bo‘yicha dunyoda 17-o‘rinni va xarid qobiliyati tengligi bo‘yicha hisoblangan YaIM kattaligi bo‘yicha 13-o‘rinni egallaydi. Mamlakatning bu yilgi ko‘rsatkichlari maqtovga loyiq», — dedi Zeybekchi. 

Shu o‘rinda Shavkat Mirziyoevning tashrifi jahon va Turkiya nashrlarida keng yoritilib, unga yuqori baho berilayotganini alohida qayd etish joiz. Xususan, «Milliet» (milliyet.com.tr) nomli turk nashri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, Anqara va Toshkent o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etgan.

«Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimini bajarishga qariyb bir yil oldin kirishdi. Xalqaro kuzatuvchilar xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston so‘nggi 10 yil davomida Markaziy Osiyo hamda Yevroosiyoning eng jadal rivojlanayotgan davlatiga aylanadi, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsuloti shiddatli sur’atlarda o‘sadi», dedi Turkiyaning Kappadokiya universiteti o‘qituvchisi, professor Hasan Ali Qarasar «Anado‘lu» agentligiga bergan intervyusida. Ekspertning fikricha, ikki mamlakatning o‘zaro hamkorligi hozirgacha kutilgan darajada emas, lekin davlat rahbarlari bunga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Professor ikki mamlakat o‘rtasida nafaqat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, balki turizm, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va aviatsiya sohalarida ham hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ishlar rejasi atroflicha ishlab chiqilganini qayd etgan. «Shuning uchun Shavkat Mirziyoevning Turkiyaga davlat tashrifi katta ahamiyat kasb etadi, deya olaman. Bu tashrifni tarixiy deb hisoblaymiz, zero, u o‘zaro munosabatlarning kelgusi 5-10 yillik istiqbollarini belgilab berdi», degan Hasan Ali Qarasar.

 

Albatta, ko‘plab axborot agentliklari va nashrlar, internet saytlari tomonidan qayd etilgan bu kabi e’tiroflarda aslo mubolag‘a yo‘q.  Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Turkiya Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning ertangi istiqbollarini belgilab, shu bilan birga  ikki qardosh xalq  do‘stligi mustahkamlanishida yangi bosqich bo‘lib, O‘zbekiston va Turkiya ravnaqiga xizmat qiladi. 

 

Abdumajid AZIMOV