Sohibqiron izdoshlari

Qadim zamonda bir yurtga g‘anim bostirib keladi. To‘satdan kelgan yovga qarshi jang qilib, behuda qon to‘kishni istamagan ushbu mamlakat podshohi sulh tuzish harakatini qiladi. Dushman tomon suyukli otini so‘rasa ham, sevgan yorini berishini shart qilsa ham ko‘nadi. Ammo uchinchi marotaba unga tegishli yerlarni so‘ragan yovga qarshi: “Vatanimning bir qarich yerini ham senlarga bermayman”, deya jang maydoniga chiqadi...

 Darhaqiqat, er kishi uchun Vatan himoyasidan bo‘lak yuksak sharaf yo‘q. Yigitga eng yarashiqli kasb-kor ham yurt istiqboli yo‘lida jon kuydirish, xalqi va oilasi tinchligini muhofaza etishdir. Bu yo‘lda sobitqadam bo‘lib, kerak bo‘lsa, jonini fido qilib yurtimizni yomon ko‘zlardan asraganlar qancha. Bugun ularning nomi hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi. Avlodlarga o‘rnak qilib ko‘rsatiladi. Shubha yo‘qki, ular ham murg‘akligida buyuk bobokalonlariga, botir ajdodlariga havas qilgan, ulardek bo‘lishni orzu qilgan. 

Amir Temur, Temur Maligu Jaloliddin Manguberdi, Boburdek jasur ajdodlarlarning munosib vorislari bo‘lish bugun bizning oldimizda turgan sharafli, g‘ururli vazifadir. Aytish joizki, o‘lmas siymolarimiz nomini abadiylashtirish, ular merosini o‘rganib, kelajak avlodga munosib tarzda yetkazishda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda Prezidentimizning “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash” to‘g‘risidagi farmoniga asosan buyuk davlat arbobi va sarkarda Sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik fazilatlarini yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini inobatga olgan holda, respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga (4 ta viloyatdagi) “Temurbeklar maktabi” nomi berildi. 

Ko‘pchilikni bunday nomlanish qiziqtirgani ham rost. Izohni esa quyidagicha bildiramiz: Sohibqiron Amir Temur nafaqat buyuk davlat arbobi va sarkarda, balki o‘z davrida adolatni, ilm-fan va madaniyatni yuqori darajaga ko‘targan, bunyodkor va markazlashgan davlat asoschisi ham bo‘lgan. “Temur tuzuklari” asari esa bugungi kunda ham yoshlarimizga o‘z hayoti va faoliyati, harbiy mahorati va san’ati bilan yaqindan tanishtirish imkoniyatini bermoqda. Bobokalonimiz tuzuklari davlat tizimi, uni idora qilish uslublari va vositalari, undagi turli lavozim, vazifalar darajasi, tabaqalarning toifalanishi, harbiy qo‘shinlarning tashkil etilishi, jang olib borish mahoratlari, davlat xizmatchilari rag‘batini tashkil etish omillari, adolatli soliq turlarining joriy etilishi, mamlakatni obodonlashtirish kabi tadbirlardan bizni voqif etadi. Bular esa o‘z davrida yuksak madaniy va huquqiy darajada shakllangan milliy davlatchilikdan dalolat beradi. Amir Temur siyosatining asos-mohiyati adolatli davlat, insonparvar jamiyat negizlarini qaror toptirishga xizmat qiladi. Uning quyidagi xulosalari ham so‘zimizning tasdig‘idir: “...har mamlakatning yaxshi kishilariga men ham yaxshilik qildim, nafsi yomonlar, buzuqlar va axloqsiz odamlarni mamlakatimdan quvib chiqardim. Pastkash va razil odamlarga o‘zlariga loyiq ishlar topshirdim, xiyla hadlaridan oshishlariga yo‘l qo‘ymadim. Ulug‘larini va sharaf — e’tiborli kishilarni hurmatlab, martabalarini oshirdim. Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo‘lini to‘sdim».

Ana shunday buyuk sarkardaga munosib vorislarni tarbiyalashni o‘z oldiga maqsad qilgan harbiy maktablardan biri — Toshkent Temurbeklar maktabidir. 

Toshkent Temurbeklar maktabiga umumta’lim maktablarining 9-sinfini bitirgan, sog‘lom, dastlabki, harbiy-kasbiy tanlov va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi yoshlari, ya’ni o‘g‘il bolalar o‘qishga qabul qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bo‘lmagan, unga nisbatan jinoiy ish va dastlabki tergov-surishtirish ishlari yuritilayotgan yoki sudda jinoiy ishi ko‘rib chiqilayotgan, jazo choralari yoki amnistiya qo‘llanilishidan qati nazar jinoyat sodir etilgani sababli ayblov e’lon qilingan, yashash joyidan yoki ichki ishlar bo‘limlaridan u haqida salbiy tavsiyanomalar taqdim etilgan o‘quvchilarga kirish imtihonlarida qatnashishga ruxsat etilmaydi. 

— Maktabimizga har yili 150 ga yaqin o‘quvchi qabul qilinadi va ular harbiy kiyim-bosh, turar-joy bilan ta’minlanadi, — deydi vzvod komandiri, mayor Bahodir Ortiqov. — Ayni kunda muassasamizda 450 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘quv maskaniga bilimdon pedagoglar,  harbiy xizmatchilar ham qat’iy talablar asosida ishga qabul qilinadi.  Tegishli ma’lumotga, yuksak axloqiy-ruhiy sifatlarga ega nomzodlar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega. Harbiy xizmatchilar esa ma’naviy-ma’rifiy va jangovar tayyorgarlikdan yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan, qo‘shinlarda kamida 10 yil tajriba orttirgan, pedagog, psixolog yoki yuridik oliy ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.

O‘quvchilar qat’iy kun tartibi asosida ilm oladilar. Ertalabki soat oltida uyg‘ongan o‘quvchilar badantarbiya, yuvinish, saf ko‘rigi (guruh komandirlari tomonidan darsga tayyorgarliklari va tashqi ko‘rinishlari ko‘zdan kechiriladi), nonushtadan so‘ng o‘quv mashg‘ulotlariga yo‘l olishadi. Darvoqe, bu yerda ularning ovqatlanish tartibiga alohida e’tibor beriladi. 

— O‘quvchilarning kunlik ovqatlanish ratsioni 5100 kkalga teng, — deydi maktab oshpazi Tohir Sultonov. — Maktabimizda birinchi kurslar uchun alohida, ikkinchi va uchinchi kurslar uchun alohida ikkita oshxona bo‘lib, bu yerda har kuni 4 mahal (birinchi va ikkinchi nonushta, tushlik va kechki) dasturxon yoziladi. 

O‘quv reja asosida kunlik mashg‘ulotlarni yakunlagan o‘quvchilar guruh komandirlari nazoratida mustaqil mashg‘ulotlarga yo‘naltiriladilar. Yoshlarni o‘qishdan chalg‘itmasligi uchun maktab hududida telefondan foydalanish ta’qiqlangan. Ularning ota-onalari ham guruh rahbarlari orqali farzandlaridan hol-ahvol so‘rab turishadi. 

 — Ochig‘i, bu dargohga endi kelgan kezlarim moslashish ancha qiyin bo‘ldi. Chunki uydagidek istaganda yotib, xohlaganda turolmaysan. Vaqtingni behuda o‘tkazib, xohlaganda televizor ko‘rib, telefon ishlatolmaysan, — deydi 2-bosqich o‘quvchisi sirdaryolik Jahongir Jumaboev. — Hozir kun tartibi asosida harakat qilishga o‘rgandim. Rejalangan vaqt unumli ekanini angladim, qat’iyatli, mas’uliyatli, jur’atli bo‘lishni o‘rgandim. 

Yosh kursantlarning sog‘ligi ham doimo nazorat ostida. Shifokor Mohira opaning aytishicha, o‘quvchilar har yili yozgi va qishgi ta’tildan so‘ng umumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Odatda, bu kabi o‘quv maskanlarida yuqumli kasallikka chalinganlar kuzatilmaydi. Agar o‘quvchilar lor yoki ko‘richak kasalliklari bilan og‘risa, bir oydan uch oygacha jismoniy mashg‘ulotlardan ozod etiladi (dars jarayonlariga qatnashadi) hamda shifokor nazoratida bo‘ladi. 

O‘quv binosini kuzatarkansiz, unda ko‘rgazmali materiallar, metodik vositalar bilan jihozlangan o‘quv xonalarini ko‘rasiz. Tir xonasida kursantlarga avtomatdan otish, jang san’ati haqida nazariy va amaliy bilimlar berilsa, ingliz tili, rus tili xonalarida tilni mukammal o‘rganish uchun shart-sharoitlar muhayyo.

 

Joriy o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uch yil emas, ikki yil mobaynida o‘qitiladi va shu davr ichida pedagoglar, harbiy xizmatchilar zarur barcha bilimlarni puxta o‘rgatishadi. 

Toshkent Temurbeklar maktabiga malakali o‘qituvchi pedagoglarni jalb etgan holda Amir Temurning mardligi, tashkilotchilik qobiliyati va strategik tafakkuri, ko‘p sonli g‘alabalari, bunyodkorlik ishlari, betakror shaxsiy fazilatlarini keng tadqiq etishga qaratilgan o‘quv-uslubiy, ilmiy, badiiy adabiyotlar, metodik qo‘llanmalarni to‘plash, tayyorlash, shu yo‘nalishda ARM fondini yanada boyitish va mazkur adabiyotlardan ta’lim jarayonida keng foydalanish yo‘lga qo‘yilyapti.

Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar va pedagog ustozlar o‘quv guruhlarini reja asosida Amir Temur va temuriylar tarixi davlat muzeyiga olib borishadi. Ularning bo‘sh vaqtlari ham bobomizning bizga qoldirgan boy merosini o‘rganish, o‘git va saboqlarini egallashga qaratilgan. Chunki bular haqida boxabar qilmasdan turib, Sohibqironga munosib vorislarni tarbiyalash imkonsiz.

 

Qambarali AZIZOV, podpolkovnik,

Toshkent Temurbeklar maktabi direktori 

o‘rinbosari, 

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Sholaziz SHOXIDOYEV olgan suratlar