GAMBURGDA YANGRAGAN VATAN MADHIYASI

Bundan bir yil avval Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan yozgi Olimpiada o‘yinlarida barchamizga olam-olam quvonch bag‘ishlagan bokschilarimiz kuni kecha yana katta «sahna»ga ko‘tarildilar. Germaniyaning Gamburg shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida mamlakatimiz charm qo‘lqop ustalari 1 ta oltin, 3 ta kumush, 2 bronza, jami 6 ta medalni qo‘lga kiritdi.

 

27 avgustdan 2 sentyabrgacha davom etgan boks bo‘yicha navbatdagi dunyo birinchiligida terma jamoamiz 9 ta vazn toifasida bahslarda ishtirok etdi. Rio — 2016 olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘stmatov, olimpiadaning kumush medal sohiblari Bektemir Meliqo‘ziev va Shaxram o‘iyosovning ishtiroki bu gal ham dunyo sport jamoatchiligining diqqat markazida bo‘ldi. Ular o‘z harakatlari bilan muxlislar va mutaxassislar ishonchini qozondilar, deb, bemalol ayta olamiz. Qolgan vazn toifasida vatanimiz nomini himoya qilgan yigitlar ham yuksak mahoratlarini namoyish eta olishdi. 

Gamburg ringlarida ham O‘zbekiston — Kuba qarama-qarshiligi davom etdi. Hozirgi kunda ana shu ikki mamlakat bokschilari dunyoda yetakchilikka da’vo qilayotgani hech kimga sir emas. Afsuski, bu galgi janglarda kubaliklar vakillarimizdan ustun keldi. 

Musobaqaning hal qiluvchi raundi — yarim finalga O‘zbekiston vakillaridan olti nafar bokschi, kubaliklardan esa 9 nafar charm qo‘lqop ustasi yetib bordi. Final uchun kechgan janglarda vakillarimizdan to‘rt nafari dunyo chempionligi  uchun bahslarni davom ettirish huquqini qo‘lga kiritdi. Afsuski, mahoratli bokschi Bektemir Meliqo‘ziev final ostonasida irlandiyalik raqibiga ochkolar hisobida yengildi. Shuningdek, yarim final bosqichiga qadar raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmagan Isroil Madrimov ham ushbu bosqichda to‘xtashga majbur bo‘lib, jahon chempionatining bronza medallari bilan taqdirlandi. 

Hal qiluvchi final janglarida to‘rt vazn toifasida ringga ko‘tarilgan yigitlarimiz kubaliklarga qarshi kurashdilar. Dastlab, olimpiada chempioni Hasanboy Do‘stmatov ringga ko‘tarildi. Ushbu qarama-qarshilikda andijonlik bokschimizning harakatlari avvalgi janglaridan unchalik farq qilgani yo‘q. Raqibiga nisbatan ringda ham ancha faol bo‘ldi. Biroq, kubaliklar ustozi tanlagan taktika oldida bizning murabbiylar ojiz qolishdi. Kubalik bokschiga ustozlari Hasanboyning «zaif» nuqtalarini to‘g‘ri ko‘rsata olgani uchun jangda uning qo‘li baland keldi. Kuba vakili uch raund davomida raqibini o‘zidan uzoqda saqlashga harakat qildi. Ring bo‘ylab Hasanboyning zarbalaridan qochib qolishga intilib, qarshi hujumda aniq zarba bera oldi. Yakunda uning ishlab chiqqan rejasi ish berdi. Olimpiada chempioni 2017 yilgi jahon chempionatining kumush medali bilan cheklandi.

Jahon chempionligi uchun qolgan vaznlarda kechgan janglarda Jasurbek Latipov, Iqboljon Xoldorov ham kubalik bokschilarga imkoniyatni boy berdi. Ular chempionatning ikkinchi pog‘onasiga joylashdilar.

69 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sha’nini himoya qilgan Shaxram o‘iyosov Rio — 2016 olimpiadasida bo‘lgani kabi azaliy raqibi Roniel Iglesiasga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Rioda ular yarim final bosqichida ro‘baro‘ kelgan. Shaxram Braziliyada qanday usulda raqibini yenggan bo‘lsa, Gamburgda ham ana shunday «kurash» olib borib, kubalik bokschini taslim qildi. Barcha raundlar Buxoro boks maktabi tarbiyalanuvchisining ustunligida o‘tdi. Hamyurtimiz jangni to‘la o‘z nazoratida o‘tkazdi. Aniq va juda kuchli zarbalar Shaxramga jahon chempioni degan sharafli nomni taqdim etdi. Uning sharafiga Gamburgda jonajon O‘zbekistonimiz madhiyasi sadolari ostida hur bayrog‘imiz baland ko‘tarildi.

— Murabbiylar bilan yillar davomida olib borgan mashaqqatli mehnatning rohatini ko‘rish nasib etganidan juda xursandman. Ushbu g‘alabani xalqimizga, muxlislarga, Prezidentimizga va mustaqilligimizning 26 yilligiga bag‘ishlaymiz. Yana bir bora aytaman, men bu yutuqqa bir o‘zim erishganim yo‘q. Barcha-barchaga rahmat, — deydi, Shahram o‘iyosov.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, bokschilarimiz mamlakatimiz mustaqilligining yigirma olti yilligi nishonlanayotgan shu kunlarda vatanimizga va xalqimizga ajoyib tuhfa taqdim etishdi. Bokschilarimiz tomonidan jahon chempionatida qo‘lga kiritilgan g‘alabalar o‘zbek o‘g‘lonlarining salohiyati va imkoniyati yuksak cho‘qqilarni zabt etishga qodir ekanining yorqin namoyishi bo‘ldi.  

 

Jobir XO‘JAQULOV