Bizga tinchlik, omonlik kerak

Tinchlik — ulug‘ ne’mat. Uni asrash har bir fuqarodan juda katta mas’uliyat talab etadi. Bu muhim masalaga mamlakatimizda katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Chunki butun dunyoda tinchlikka raxna soluvchi tahdidlar tobora kuchayib bormoqda.

 

Biz tinchlikning qadriga yetadigan, nafaqat o‘zimizga, balki butun dunyoga tinchlik istaydigan xalqmiz. Uni asrash uchun barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilayotganimizni har bir O‘zbekiston fuqarosi chuqur anglab turibdi.

Vatan taqdiri hamisha yoshlarga bog‘liq bo‘lgan. Vatan manfaatlari uchun kurashgan, uni yanada kuchliroq sevgan, irodasi kuchli insonning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada ortadi. Yangi-yangi rejalar, g‘oyalar haqida o‘ylay boshlaydi. Buning hammasi uchun eng avvalo, tinchlik kerakligini yana bir marta tushunib yetadi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’biri bilan aytganda «Tarix — bu xotira». Xalq xotirasiz yasholmaydi. Bugungi kun har birimizdan tinchlikning qadriga yetishni, farzandlarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanishni talab etmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida vatanparvarlik tarbiyasi bo‘yicha tegishli fanlar va mashg‘ulotlar joriy etish hamda ularni kuchaytirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Har yili o‘quv yili boshida maktablarda tinchlik darslari o‘tilishi esa ana shu jihatlarni yoshlar ongiga chuqurroq singdirishda muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimiz tinchligini asrash, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, osuda hayotni saqlash ekani juda muhim. Buning uchun eng avvalo, milliy armiyamiz kuch-qudratini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilgandir. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mustaqillik yillarida Vatanimizning nafaqat bugungi taraqqiyoti, balki kelajakdagi rivoji talablariga ham javob beradigan, mutlaqo yangi Milliy xavfsizlik kontseptsiyasi va Mudofaa doktrinasi ishlab chiqildi. 

Sir emaski, milliy armiyamiz tashkil etilgan ilk yillarda Qurolli Kuchlar tizimida ham jiddiy muammolar mavjud edi. Sobiq tuzum armiyasidan qolgan harbiy xizmatni o‘tash tartiblariga rioya qilmaslik, boshboshdoqlik, og‘ir jinoyatlarni sodir etishga moyillik, ayniqsa, xalqimizning armiyaga ishonchsizligi, yoshlarning harbiy xizmatdan bo‘yin tovlashi kabi muammolar o‘z yechimini kutardi.

Yangi mustaqil davlat armiyasi tizimida olib borilgan islohotlar jarayonida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga chaqirish tizimini isloh qilish yuzasidan miqyosi hamda teranligi jihatidan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalar amalga oshirildi.

Amalga oshirilgan bunday ishlar milliy armiyamiz mudofaa salohiyati yuksalishida, xalqimizning tinch hamda osoyishta hayotini ta’minlashda, ona-yurtga sadoqat bilan xizmat qiladigan avlod shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, tinch hamda osuda hayotimizni himoya qilishning mustahkam tayanchi, degan e’tirofga munosib bo‘lmoqda. 

Aytish kerakki, bugungi kunda dunyoning ayrim davlatlarida tobora keskin tus olayotgan vaziyat, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi ortib borayotgani barchamizni chuqur xavotirga qo‘ymoqda. Yuzaga kelayotgan ana shunday tahlikalar barchamizdan ogohlikni va qurolli kuchlarimizdan esa yuqori darajadagi jangovar qobiliyatni mustahkamlashni talab etadi. 

Jumladan, 28 avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev «Kattaqo‘rg‘on» dala-o‘quv maydonida o‘tkazilgan operativ taktik mashqlarni kuzatdi. Mazkur dala-o‘quv maydonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari tomonidan dushman tahdidini qaytarish va uni yo‘q qilishga doir mashg‘ulotlar bir-biriga bog‘liq bo‘lgan jami oltita jangovar harakatlar epizodi va uchta alohida epizod namoyish etildi. Vatanimiz himoyachilari barcha vazifalarni muvaffaqiyatli bajardi.

Shuni iftixor bilan aytish kerakki, bugungi kunda yigitlarimiz uchun Vatan himoyasi oliy sharafga aylandi. Harbiy bo‘lishga intilayotgan yoshlar safi tobora kengayib borayotgani ham buni ko‘rsatib turibdi. Shu o‘rinda yana bir gap. Yoshlarimizga Vatan himoyasi nima ekanligini, chegarada turgan askar ortida yurti, oilasi borligini teranroq anglatishimiz kerak, deb o‘ylayman. Bir paytlar boshimizdan kechirgan uqubatli kunlar bugun ortda qoldi. Mustaqillik e’lon qilinganidan boshlab askarlarimiz faqat o‘zimizning yurtimizda xizmat qilmoqda. O‘zbekiston hech qanday harbiy blokka qo‘shilmaydi va o‘z hududida chet mamlakatlarning harbiy bazalari joylashishiga ham yo‘l qo‘ymaydi. Bu — qonun yo‘li bilan ham mustahkamlab qo‘yilgan. Shuni chuqur anglab yetgan holda ta’lim dargohlarida vatanparvarlik darslari ko‘proq o‘tilishiga, unda ko‘pni ko‘rgan, tarixni yaxshi biladigan insonlarning ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratishimiz zarur.

Hozirgi kunda yaqin  va  uzoq atrofimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, turli qarama-qarshilik va  ziddiyatlar, to‘qnashuv va  qon  to‘kishlar, nizo va  adovatlar kuchayib bormoqda,  muxtasar aytganda, vaziyat g‘oyat qaltis bo‘lib, tobora murakkab va  keskin tus olmoqda. 

Bunday o‘ta  tahlikali vaziyatda bizning olib borayotgan siyosatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida, xalqaro qonun va  normalarda muhrlab qo‘yilgan asosiy printsiplarga rioya qilish, yuzaga keladigan qarama-qarshilik va  nizolarni zo‘ravonlik bilan emas, faqatgina tinch va  siyosiy yo‘l  bilan hal  etishni, bugungi kunda dunyoning turli hududlarida davom etayotgan urush va  qon  to‘kish holatlarini so‘zsiz to‘xtatishni nazarda tutadi.

Ayni damlarda xalqaro vaziyatning shiddat bilan o‘zgarishi, davlatlararo ziddiyatlarning kuchayishi, keskinlikning yanada ortishi, yer yuzining turli nuqtalarida yangi nizo o‘choqlarining paydo bo‘lishi – ayni mana shunday o‘tkir masalalar jahon jamoatchiligida katta tashvish va xavotir uyg‘otmoqda.

Bu fikrimizga qo‘shni Afg‘onistondagi o‘ttiz sakkiz yildan buyon davom etayotgan urush va qon to‘kishlar yaqqol misol bo‘la oladi.  Bugun, oradan shuncha vaqt o‘tishiga qaramasdan, Afg‘onistondagi mavjud vaziyat dunyo jamoatchiligini hamon tashvishga solib turibdi. 

O‘zbekiston qo‘shni yurt muammosi borasidagi pozitsiyasini mustaqillikka erishilgan dastlabki kunlardan e’lon qilgan edi. Ushbu mamlakatdagi vaziyat bizning hududimiz, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlik uchun eng katta xavf-xatar hisoblanadi.

Bu mojaro tufayli yillar davomida bu mintaqada qancha-qancha qon to‘kilib, millionlab odamlar qochoq bo‘lib boshqa o‘lkalarga bosh olib ketdi. Afsuski, ayrim davlatlarning Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashishi oqibatida fuqarolik urushiga barham berish o‘rniga battar olov purkamoqda. O‘z navbatida bu Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan O‘rta Osiyo davlatlarining tinchligiga ham raxna solmoqda. Urush alangasi yon-atrofdagi mamlakatlar, xususan, bizning yurtimiz uchun qanday katta xavf-xatar va notinchlik tug‘dirgani hech kimga sir emas.

O‘zbekiston “Qo‘shning tinch – sen tinch”, degan azaliy xalq hikmatiga amal qilib, afg‘on mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish harakatida bo‘lib kelayotgani, bu muammo doimo e’tiborimiz markazida turgani, dunyo hamjamiyatiga takror va takror murojaat qilganimiz barchaga yaxshi ma’lum.

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov 1997 yilda “6+2” muloqot guruhini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqani va 1999 yili mazkur guruhning Toshkent uchrashuvi bo‘lib o‘tganidan barchamiz xabardormiz.

2001 yilda Prezidentimiz BMT Bosh kotibiga yo‘llagan murojaatida Afg‘onistonni demilitarizatsiya qilish masalasini BMTning Xavfsizlik Kengashi kun tartibiga qo‘yish taklifini ilgari surdi;

2008 yilda NATOning Buxarest sammitida BMT shafeligi ostida “6+3” muloqot guruhini tashkil etish taklifi bildirilgan edi. Yuqorida zikr etilgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi siyosiy faoliyat kontseptsiyasida mamlakatimiz “tinchliksevar siyosat yuritadi va harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi”, deb aniq-ravshan bayon qilingan.  “O‘zbekiston qo‘shni davlatlardagi qurolli mojarolarga va keskinlik o‘choqlariga tortilishining oldini olish yuzasidan barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘radi, shuningdek, o‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaydi”, deya ta’kidlangan. 

Bunday qat’iy, shu bilan birga, uzoqni ko‘zlagan, chuqur o‘ylangan siyosatni oldinga surish uchun O‘zbekistonda barcha asoslar bor. Avvalambor,  bu Afg‘oniston bilan uzoq tarixiy o‘tmishga borib taqaladigan yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmatga asoslangan aloqalarimiz, mamlakatimizning Markaziy Osiyoda tutgan alohida o‘rni va mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilgan mustahkam va sobitqadam tashqi siyosatidir.

Bir necha yil muqaddam,  AQShning Jon Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti rahbari Frederik Starr O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatish pozitsiyasiga e’tibor qaratib shunday degan edi: O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni “o‘ta og‘ir va nozik” deya, aniq va ravshan tahlil etdi. Bugungi kunda afg‘on muammosini harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligini real fikrlay oladigan har bir inson tushunib yetmasligi mumkin emas.

Bunday fikr-mulohazalar O‘zbekistonning tinchlik o‘rnatish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha chuqur o‘ylangan pozitsiyasi jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganining yaqqol dalilidir.

Jahon OAVda har kuni jar solinayotgan AQSh va Yevropaning ayrim mamlakatlari hamda Rossiya o‘rtasidagi «sovuq» munosabat ham dunyo tinchligiga rahna solib turibdi. Buning ustiga shu kunlarda Myanmada kechayotgan xunrezliklar dard ustiga chipqon bo‘lib turibdi. Dunyoning eng qudratli davlatlari o‘rtasidagi bunday siyosat tufayli qanchadan-qancha fuqarolar sarson-sargardon. Bundan tashqari, Ukrainada bir necha yildan beri hal etilmay qolayotgan keskinlik u yerda yashayotgan xalqlarning tinkasini quritdi. Ukrain xalqi bilan bunday holat yuz beradi deb, kim ham o‘ylagandi deysiz. Chetdan o‘zlarini «demokratiya» rahnamosi sifatida Ukrainaga kirib olgan ayrim siyosatdonlarning kaltabinliklari oqibatida qardosh mamlakatda qarama-qarshi kuchlar paydo bo‘ldi. Oqibati ayon. Tarixi, o‘zining qadriyatlari bilan butun dunyoga o‘rnak mamlakat parokandalikka yuz tutdi. 

Suriya masalasi esa alohida mavzu. Mamlakatda 2011 yilda boshlangan qonli mojaroning, afsuski, oxiri ko‘rinmayapti. Bu yerda ham ayrim siyosatdonlar o‘z kuchlarini ko‘z-ko‘z qilish bilan ovora. Bir tomonda butun mamlakat aholisi uy-joyini tashlab qochoqqa aylangan. Bir tomonda esa tinchlik o‘rnatishga yordamga kelganlar Suriyani o‘zaro kurash maydonida aylantirib IShID balosini katta «sahna»ga olib chiqishdi. Afsuski, IShIDning jirkanch oqibatlari bizning mamlakatimizni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Uning bir tiyinga qimmat g‘oyalari va yolg‘on va’dalariga yuzlab vatandoshlarimiz ko‘r-ko‘rona ergashib, oqibatda xoin, vatanfurushga aylanishdi. 

Xo‘sh, bizga shu kerakmi? Yo‘q. O‘zbek xalqiga umumtaraqqiyot yo‘lida osuda hayot, tinchlik, farzandlarining kamolini ko‘rish, bayramlar kerak. 

 

Jobir XO‘JAQULOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.