“BOY MAMLAKATNING ASKARI BAQUVVAT BO‘LUR...”

Xalqimiz qalblarida olamjahon Shukronalik hislari bilan mamlakatimiz mustaqilligining yigirma olti yilligi — tantanalarini nishonlab turgan shu kezlarda ulug‘ ne’mat — tinchligimiz va osoyishtaligimiz garovi bo‘lgan Qurolli Kuchlarimiz salohiyati haqida mamnuniyat bilan qalam tebratish kishiga faxr bag‘ishlaydi. Sohada olib borilgan izchil islohotlar samarasi o‘laroq sha’n-shavkatli millatimizning qadim va qadrli qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan, professional asosda shakllangan milliy armiyaga ega bo‘ldik.

 

Bugun uning saflarida ming-minglab olovqalb, vatanparvar o‘g‘lonlar xizmat qilishmoqda. “Armiyani tom ma’noda armiya qiladigan, har qanday murakkab vaziyat va sinovlardan yorug‘ yuz bilan chiqishiga asos bo‘ladigan, uning jangovar qudrati va harbiy mahoratini yuksaltiradigan kuch – bu armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan insonlardir”, degan edi mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov. Shuning uchun ham islohotlar jarayonidagi o‘zgarishlar, yangilanishlar Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilayotgan insonlar manfaatlariga qaratildi. Harbiy xizmatchilarning o‘z kasbiga bo‘lgan muhabbatini oshiradigan, ularni yangi zafarlarga ruhlantiradigan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik qisqa vaqt ichida o‘z mevasini berdi: O‘zbekiston armiyasi xalqaro ekspertlar tomonidan Markaziy Osiyodagi eng kuchli armiya deb tan olindi. 2015 yilda O‘zbekiston jahonning eng kuchli armiyalari reytingida 54-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2016 yil 48-o‘ringa chiqdi. 

Yaqinda bo‘lib o‘tgan “ARMI – 2017” uchinchi xalqaro armiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar ham faol ishtirok etib, milliy armiyamiz kuchi, qudratini yana bir bor namoyish qilishdi. Ular mazkur tanlov doirasida o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. Vatan tuyg‘usidan kuch oladigan, shu yurt, shu el tinchligi va farovonligi uchun kerak bo‘lsa, jonidan kechishga ham tayyor bu o‘g‘lonlarimizga qarab ulug‘ ajdodimiz Amir Temurning «Boy mamlakatning askari baquvvat bo‘lur, askari baquvvat mamlakat boy bo‘lur», degan fikrlari xayolimizdan o‘tadi.

 

NUFUZLI TANLOV, MUNOSIB ISHTIROK

Endi mazkur tanlov haqida. Ma’lumki, Rossiya, Belarus, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Xitoyning 22 ta poligonida 28 ta mamlakat harbiy xizmatchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchinchi xalqaro armiya o‘yinlari doirasida 29 ta tanlov o‘tkazildi. Ulardan 8 tasida O‘zbekiston harbiylari ilk bora ishtirok etishdi. 15 tasida esa mamlakatimiz vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashganini ta’kidlash joiz. 

Xususan, Rossiya Federatsiyasi hududida kechgan “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari”, “Elbrus halqasi”, “Sodiq do‘st”, “Xavfsiz marshrut”, “Yo‘l patruli”, Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Merganlik marrasi”, Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Qurolsoz usta”, “Musaffo osmon” tanlovida harbiy xizmatchilarimizdan iborat 8 ta jamoa munosib ishtirok etdi.

“Tank biatloni”, “Harbiy-tibbiy estafeta”, “Dala oshxonasi”, “Osmon kaliti”, “Avtobronetank texnikasi ustasi”, “Harbiy ralli”, “Muhandislik formulasi”, “Rembat”, “Hamdo‘stlik jangchisi”, “Artilleriya ustasi”, “UUA (uchuvchisiz uchish apparatlari) ekipajlari musobaqasi”, “Suvorov shiddati”, “Xavfsiz muhit”, “Desantchilar vzvodi”, “Aviadarts” kabi musobaqalarda esa vakillarimiz kuzatuvchi maqomida qatnashdi. 

Mamlakatimiz harbiylari 4 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritgan holda, mahoratda, professionallikda hech kimdan kam emasligini namoyon etdilar. Yurtimiz himoyachilari mazkur xalqaro musobaqada ilk bora ishtirok etayotgani, qolaversa, 29 ta tanlovning atigi 8 tasida qatnashayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, natijalar juda yaxshi.

 

MALAKA VA TAJRIBA O‘Z SO‘ZINI AYTGANDA

Rossiya Mudofaa vazirligi saytidagi “ARMI – 2017” sahifasida “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” tanlovi natijalariga ko‘ra, razvedkachilarimiz tanlovning desantlashtirish, uzoq masofaga yugurish kabi bellashuvida ikkinchi o‘rinni zabt etgan. Bu Vatanimiz himoyachilarining mazkur tayyorgarlik bo‘yicha yuksak malaka, ko‘nikmaga ega ekanini ko‘rsatadi. O‘zbekiston harbiy xizmatchilari – 218,44 ball, uchinchi o‘rin sohibi Belarus harbiylari – 127,11. Oradagi farqni ko‘ryapsizmi? Shuningdek, tanlovning uchinchi bosqichidagi “Razvedkachi so‘qmog‘i” bellashuvida yurtimiz posbonlari raqiblaridan ancha ustunlik qilib, uchinchi o‘rinni egallagani (227,6 ball, to‘rtinchi o‘rin – 174 ball) ularning professionallikda hech kimdan kam emasligidan dalolat.

Musobaqa yakuni bo‘yicha mamlakatimiz harbiy xizmatchilari 3-o‘rinni zabt etishdi.

Harbiy xizmatchilarning tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha mahoratini sinovdan o‘tkazadigan “Elbrus halqasi” musobaqasida vakillarimiz ishtiroki tahsinga sazovor. Rossiya Mudofaa vazirligi saytidagi jadvalda keltirilishicha, tanlovning tog‘ to‘sig‘i yo‘lagi deb nomlangan bellashuvda O‘zbekiston harbiylari 919 ball bilan birinchi o‘rinni zabt etgan. Osma kechuv shartida esa posbonlarimiz ikkinchi o‘rinni egallashgan. Parallel kechuv shartida jamoamiz vakillari 833 ball to‘plab, uchinchi o‘rinni egallaganini ta’kidlash joiz. Jadvalda 7 ta vazifani bajarganidan so‘ng jamoamiz 4-o‘rinni egallagani keltirib o‘tilgan. 

 Moskva viloyati hududida harbiy kinologlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Sodiq do‘st” musobaqasida podpolkovnik S. Vafoev yetakchiligidagi jamoamiz ishtirok etdi. 

Jamoamiz “Dog biatlon” deb nomlangan birinchi bosqichda 30 ball jamg‘arib, 4-o‘rinni, “Muhofaza xizmati” deb atalgan ikkinchi bosqichda esa 242 ball to‘plab, 5-o‘rinni egalladi. 300 metrlik to‘siqlarni yengish bo‘yicha mashqda ham vakillarimizga 5-o‘rin nasib etdi.

Yakunda o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar faxrli 4-o‘rinni qo‘lga kiritdilar.

Rossiya Federatsiyasining Tyumen shahrida o‘tkazilgan “Xavfsiz marshrut” musobaqasida podpolkovnik R. Baybekov yetakchiligidagi harbiy xizmatchilar jamoasi mamlakatimiz sharafini himoya qilishdi. Musobaqa yakunlari e’lon qilingan jadvalga ko‘ra vakillarimiz faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

“Yo‘l patruli” tanlovi Rossiyaning Noginsk shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda podpolkovnik A. Ataev yetakchiligidagi harbiy xizmatchilardan iborat jamoa tajriba va mahoratini namoyish etdi. Xususan, jamoa sardori kapitan D. Toshpo‘latov, jamoa a’zolari serjantlar – F. Musaev, S. A’zamov, kichik serjant J. Qodirovning faolligi, yuksak tajribasi va mahorati o‘z so‘zini aytdi. Qolaversa, mazkur tanlov harbiy xizmatchilarimizning ilg‘or tajribalarni o‘rganishida muhim ahamiyat kasb etdi. 

Jamoamiz a’zolari individual poyga bahslarida 3-o‘rinni zabt etishdi. Ayniqsa, harbiy texnika estafeta bahslarida vakillarimiz faol qatnashganini ta’kidlash joiz.

Musobaqa yakuniy natijalari bo‘yicha Vatanimiz himoyachilari 3-o‘rinni egalladilar.

Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Merganlik marrasi” tanloviga harbiy xizmatchilarimiz puxta hozirlik ko‘rishgandi. Otar shahrida bo‘lib o‘tgan musobaqada buni isbotlashdi. Ta’kidlash joizki, musobaqa avvalidayoq uning bosh hakami general-mayor Talgat Koybakov o‘zbekistonlik merganlarning yetkachilar safida ekanligini alohida e’tirof etib o‘tdi. Birinchi bosqich yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan jadvalda O‘zbekiston merganlari xitoyliklar bilan bir xil ball jamg‘argan holda 4-o‘rinni band etdi. 

Xitoyning Korla shahrida bo‘lib o‘tgan “Qurolsoz usta” tanlovida ham O‘zbekiston harbiylari Rossiyadan keyin 4-o‘rinni egalladi.

“Musaffo osmon” tanlovi ham Xitoy Xalq Respublikasining Korla shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda polkovnik T. Nurmuhamedov boshchiligidagi o‘zbekistonlik harbiylar faol ishtirok etishdi. 

 

HURLIK NASHIDASI

Tinch va osuda o‘tayotgan har bir kunimiz biz uchun qadrli. Yuzida xotirjamlik, so‘zida shukronalik bo‘lgan vatandoshlarimiz bilan suhbatlashganda mustaqillik sururini, shukuhini dildan his qilamiz. Zero, mustaqillik o‘zbek xalqiga baxtli va to‘kis yashash, o‘z orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish imkonini berdi, taraqqiyot uchun, yangi zamon uchun yo‘l ochdi. Obod yurtda baxtli hayot kechirayotgan avlodlar faqat ezgulikka, ezgu maqsadlarga intilib yashayapti. Shuning uchun ham Vatanimiz mustaqillikka erishgan kunni eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida nishonlaymiz. Bu muborak bayramga shu yurtda yashovchi yoshu qari munosib sovg‘a hozirlashga intiladi. Vatanimiz himoyachilarining “ARMI – 2017” uchinchi xalqaro armiya o‘yinlaridagi faol ishtiroki ham to‘yga munosib to‘yona bo‘ldi. Qat’iyat, yoniq yurak, fidoyilik ila zimmasidagi muqaddas burchni sidqidildan ado etayotgan bu o‘g‘lonlar bilan har qancha faxrlansak, iftixor qilsak arziydi.

 

Gulnora HOJIMURODOVA tayyorladi.