MAKTAB BOZORI: Kimga foyda, kimga zarar?

Shu kunlarda maktab yarmarkalari ish boshlaganidan xabar topdimu, o‘g‘limni yetaklab poytaxtimizdagi Farhod bozoriga yo‘l oldim. Maktab yarmarkasida sotilayotgan muqovasida mashhur futbolchilaru, avtomobillar suratlari tushirilgan daftarlarni ko‘rib, o‘g‘limning quvonchi ichiga sig‘may ketdi. Men uchun esa birinchi galda ularning sifati va narxi muhim.

 

Oladiganimizni tanlab sotuvchiga yuzlandik. U muloyimlik bilan: “Singlim, terminaldami yoki naqd” deb so‘radi. El qatori oyligimizning asosiy qismi plastikda bo‘lgandan keyin javobimiz tushunarli. Sotuvchi hisoblagichni qo‘liga olib cho‘tlay ketdi. Ammo bu biz mo‘ljallagan summadan ancha ko‘proq edi. “Otang bozor, onang bozor degan gap bor. Biroz tushing, aka”, dedik. Ammo akamiz hech iloji yo‘qligini, terminalda savdolashilmasligi, aytilgan narxda sotilishini, agar pulimiz naqd bo‘lganida arzonroq berishini ma’lum qildi... Fe’limizni keng qilib, keyingi rastaga o‘tdik. Bu safar sotuvchilarning sevimli savoliga “Xudo kechirsin” deya yolg‘on javob berdigu, terminal va naqd puldagi farqni bilmoqchi bo‘ldik. Boyagi akaxonimiz 2200 degan 48 varaqli aynan bir firmaning daftarini bu opamiz 1700 so‘m deb turibdilar. Hay-hay, bunday daftardan 20 ta oladigan bo‘lsak, naqd pulimiz yo‘qligi uchun 10000 so‘m ziyon qilarkanmiz-da. Bu birgina daftardan ko‘radigan zararimiz. Hali olishimiz zarur bo‘lgan o‘quv qurollari qancha! Kuzatishda davom etdik. Savdogar opamiz esa “Xaridor shoxida yursa, sotuvchi bargida yuradi” deydiganlar xilidan ekan, hech tap tortmay, “Terminalda ham sotib turibmiz-ku, faqat savdolashmay olavering” deydi. Ha, mantiqan o‘ylab qaralganda, sotuvchi terminalda savdo qilganida foiz qo‘shmayotganday. Ammo naqd pulda xarid qilsangiz, narxni biroz tushirib, boshqacha aytganda, kelishtirib berishayapti. Terminalda esa yo‘q. Bu qanday tartib? Kim o‘rnatgan uni?

Mening ham qaysarligim tutdi-yu, hu narigi qatordagi rastadan xarid qilishimiz zarur bo‘lgan barcha narsalarni yig‘ib, naqd pul deya hisoblatdim-da, plastikni uzatdim. Juda yaxshi muomala qilib, xohlagan o‘quv quroliyu, maktab sumkasigacha kelishtirib bergan sotuvchining birdan kayfiyati buzildi: “Terminalimiz ishlamayapti!”. “Mana yozib qo‘yibsiz-ku” deya yonginasidagi “Terminal bor” degan yozuvga imo qildim. “To‘g‘ri, bor edi. Lekin hozir ishlamayapti, quvvati tugagan” dedi sotuvchi qovog‘ini uygancha. Men esa sinamoqchi bo‘lib, “Mayli, opa, ustiga ozgina qo‘shib aytarsiz” dedim. Buni qarangki, bu gapdan opamizning terminali “ishlab ketdi”.

Alqissa, avgust oyining jazirama kunlarining birida quyosh tig‘ida toblanib, uyga qaytarkanmiz, o‘g‘limning gapidan sergak tortdim: “Oyi, o‘zimizning supermarketda daftar arzonroq”. “Ie, mahmadona-ey! Elning og‘irini yengil qilaylik, narx-navosi arzonroq bo‘lsin” deb maktab bozorlari ochib qo‘yilibdiyu, sening gapingni qara!” Shunday deb, uyga kirib ketmoqchi edimu, ammo aql yoshda emas, boshda deganlaridek, “Shu bola ham bilmasa gapirmas-ov” deya, xonadonimizga yaqin “Euro Beckery” supermarketiga kirdim. Quyosh tig‘ida obdon toblanib, bozor aylangandan keyin salqingina joyga kirsang bahridiling ochilib ketarkan. Muzdekkina suvdan olib, sotuvchi qizdan biz talashib-tortishib, 2200 so‘mdan olgan daftarning narxini so‘radim. Ichimda “bilib qo‘y, hozir kamida 3000 deydi” deb o‘g‘limga qarab turibman. Ammo javobdan men emas, o‘g‘lim gerdayib qo‘ydi: 2000 so‘m. Boz ustiga naqdmi, terminalmi deya boshingizni ham hech kim og‘ritmaydi. 

Xalq manfaati uchun respublika bo‘yicha 1350 ta maktab bozori ochilibdi. Ammo mutasaddi idoralar narx-navosidan ham xabardor bo‘lib turishsa, nur ustiga nur bo‘lardi. “Uch-to‘rt so‘m bo‘lsa-da, arzonroq olarman”, degan xayolda ham yo‘lkiraga kuyib, ham issiqda dimiqib bozor oralasangu, zarur narsalarni qimmat sotib olsang? Yoki “bu yarmarkalar faqatgina naqd puli borlar uchun xizmat qiladi, oyligi plastikka tushadiganlarga mo‘ljallanmagan”, deya peshtoqiga yozib qo‘yishsa, buncha ovoragarchiliklar bo‘lmasmidi? 

Sitora TOJIDDINOVA,

jurnalist