Qiz bola — elning yuzi

 Aytishlaricha, olimlar bugungi kun tiliga tarjima qilinganda “Hozirgi yoshlar buzilib ketdi” degan ma’noni beruvchi qadimiy yozuvni topishgan. Mazkur jumla bugun ham o‘z “ahamiyati”ni yo‘qotmagani qiziq. Bebosh yoshlarning ba’zi qiliqlaridan xunobi oshgan keksalarimiz hanuz “bu yoshlar gap ko‘tarmaydi” yoki “ularga bir og‘iz gapir-u, qoch” iboralarini takror va takror qo‘llashadi.

 

Xo‘sh, nima uchun? 

O‘zim guvohi bo‘lgan bir voqeani so‘zlab beray.

Yo‘lda bir haydovchi bilan o‘smir qiz gap talashyapti. Haydovchi: “...Men senga yomon gapirmadim, qizim, telefoningga tikilguncha, yo‘lga qarasang-chi, turtib yuborishimga sal qoldi-ya! Keyin kim aybdor, haydovchi aybdor. Qara, hatto gaplarimni eshitishga ham toqating yo‘q, qiz bola degani bunaqa bo‘lmaydi-da!..”, deya kuyinib, tushuntirishga urinardi. Qiz: “Otammisiz, menga aql o‘rgatasiz, telefonim bilan nima ishingiz bor, yo‘lingizga qarasangiz-chi”, deya otasi tengi odam bilan tillashardi. Uni ko‘rib, buvimning bir gapi yodimga tushadi: “Esimni tanibmanki, otamning ko‘zlariga tik qaramaganman, hatto ko‘z oldimdan chehralari unutilayozgan”. Yoki kitoblarda mutolaa qilganimiz jon talashib yotgan bo‘lsa ham, qaynotasi — Yusufbek hojini ko‘rib, ro‘molini boshiga tashlab, o‘rnidan qo‘zg‘alishga uringan Kumushbibini esga oling. Chinakam o‘zbek ayoli timsolidagi ana shunday ibo, hayo, iffat bugun qayga yo‘qoldi?! Nega endigina katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yosh qizlarning aksari jizzaki, qo‘rs, qo‘pol, “aqlli” bo‘lib qolishdi? 

Talabalik kezlarimiz kursdoshlarim bilan Olmazor tumanidagi Maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji yonidan ko‘p o‘tardik. U yerdan o‘tayotib har gal ko‘nglim g‘ashlanib, nafratim alangalanardi. Sababi, “Muzqaymoq olib bermaysizmi, yaxshi yigit”, “Meni sevmaysizmi?” yoki kurakda turmaydigan boshqa uyat gaplar bilan o‘tgan-ketgan yigitga gap otuvchi kollej qizlarida na uyat bor edi, na sharm-hayo. Bu gaplardan xunob bo‘lganimizdan keyinchalik kollejni aylanib o‘tadigan bo‘ldik. 

Qizlar uchun doim birinchi navbatda onalar o‘rnak bo‘lishadi. Ularning yurish-turishi, xulq-atvorida ham oilaviy muhit ta’siri seziladi. 

— Yoshlar tarbiyasida oilaviy muhit, o‘quv muassasalarida berilayotgan ta’lim-tarbiya sifati ham muhim. Ammo axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir paytda yosh qizlarimiz yurish-turishi, fe’l-atvorida anchagina salbiy o‘zgarishlar kuzatilyapti. Bunda oila yoki ta’lim muassasasini ayblab bo‘lmaydi. Negaki, XXI asrda yoshlarimizning ongu shuuriga, ruhiyatiga ta’sir etuvchi tashqi kuchlar juda ko‘p. Masalan, telefon, kompyuter kabi vositalardan me’yoridan ortiq foydalanish ularning sog‘lig‘i bilan birga ruhiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardagi nosog‘lom muloqot, turli saytlarda berilayotgan zararli axborot va ma’lumotlar qizlarimiz tarbiyasini yemirmaydi deb o‘ylaysizmi? Bu esa masala yuzasidan chuqurroq bosh qotirish vaqti yetganidan darak, — deydi psixolog Lutfulla Tursunov.

Mutaxassis fikrlaridan anglashiladiki, qizlar tarbiyasi masalasida nafaqat oila, o‘quv muassasasi, balki mahalla, tashkilotlar ham bir yoqadan bosh chiqarib, o‘zaro hamkorlikda ish olib borishi zarur. Hamkorlikda targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish, har bir xonadondagi muhitdan boxabar bo‘lish, shu bilan birga yoshlarimizning, ayniqsa, qizlarimizning bo‘sh vaqtidan unumli foydalanishlarini tashkil etish birlamchi vazifalardandir.

Yurtboshimizning “Yoshlarga oid davlat siyosatining samaradorligini oshirish va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmonining o‘ninchi bandi ikkinchi qismiga muvofiq “Qizlarjon” jurnali tashkil etilishi ko‘zda tutilgan edi. Qizlar hayotini to‘laqonli aks ettirishni o‘z oldiga maqsad qilgan mazkur jurnalning dunyoga kelishi nafaqat qizlar, balki barchamiz uchun birdek quvonarli.

“Qizlarjon” jurnali ijtimoiy faol, iqtidorli yoshlarni, tarbiyasiga putur yetayotganlarga o‘rnak qilib, ularning ichki olami, dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qilsa, to‘g‘ri yo‘lga boshlasa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ana o‘shanda nashr o‘zbek qizlarining maslakdoshi, ajralmas dugonasiga aylanadi va ularning taqdir yo‘lida mayoq bo‘ladi.

Qizlar nafaqat ota-onasi, aka-ukasi, oilasi sha’ni, balki butun millatimiz, yurtimiz qadr-qimmati, oriyati, yuzi hamdir. O‘sib kelayotgan har bir nozik xilqat chin ma’noda kelajagimiz bunyodkorlari, bo‘lajak uy bekalariyu, onajon-buvijonlaridir. Shu bois ularning ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom, oqila bo‘lib yetishishlari yo‘lidagi o‘zaro hamkorlik bugunning eng muhim vazifalaridan. 

 

Sanjar 

ESHMURODOV

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASLNI SOXTADAN AJRATISH FURSATI KELDI

2017-12-14 12:02:58

FAXRIYLAR E’TIBORDA

2017-12-14 11:54:51

“MUSTAQIL JURNALIST” KIM O‘ZI?

2017-12-14 11:56:37

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.