BOLALARNI ZARARLI AXBOROTLARDAN HIMOYALASH bu masala huquqiy jihatdan tartibga solinmoqda

Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi axborot asrida internetning jadal rivojlanishi, uyali aloqa vositalarining keng ommalashishi natijasida yoshlar ma’naviyatiga qaratilgan tahdidlar ham avj olmoqda. Endlikda o‘sib kelayotgan yosh avlodni atrofdan yopirilib kelayotgan yot g‘oya va illatlar, axborot xurujlarining salbiy ta’siridan himoya qilish tobora dolzarb ahamiyat kasb etadi.

 

 Bolalarni zararli axborotdan himoya qilish masalasi ayni vaqtda davlat va jamiyat oldidagi dolzarb masala ekanini inobatga olgan holda, mazkur masala mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritilmoqda va muhokama qilinmoqda. Jumladan, birgina 2017 yilning fevral-aprel oylarida ellikka yaqin teleko‘rsatuv va o‘ttizga yaqin radioeshittirishlarda mazkur masala atroflicha muhokama qilindi. 

Ammo qonunchiligimizda bu boradagi muammolarni tartibga solishning huquqiy mezonlari talab darajasida emasdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bu borada aholi fikri atroflicha o‘rganilib, huquqshunoslar xulosalari va xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda “Bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdilar.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 14 martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 7-ilovasining 3-bandi hamda mazkur qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi 4-bandida belgilangan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tayyorlangan qonun loyihasi bugun keng xalq muhokamasiga qo‘yilgan.

Xo‘sh, ushbu qonun loyihasini ishlab chiqishga qanday zarurat tug‘ildi? Birinchidan, ushbu qonun orqali bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish va axborot olish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratiladi. Ikkinchidan, bolalarni buzg‘unchi, ularning ruhiyatiga zarar yetkazuvchi ta’sirlardan himoya qilish, ularning salomatligiga ziyon yetkazuvchi axborot tarqatilishining oldini olish ishlari kuchaytiriladi va bu borada o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, jismoniy va yuridik shaxslar faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi.

Bundan tashqari, bolalarga yo‘naltirilgan axborot muhiti mazmunini tizimli baholashga yo‘naltirilgan ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, bolalar axborot xavfsizligini ta’minlovchi texnik va dasturiy-apparat vositalarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasi bolalarning sog‘lig‘i va kamol topishiga zarar yetkazadigan axborotlar bo‘yicha asosiy tushunchalar, bunday axborot turlari aniqlab aks ettirilgan. Qonun bilan bolalar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoyalash ta’minlanishi hisobga olingan holda axborot mahsulotining aylanishiga talablar belgilanadi va O‘zbekiston Respublikasi hududida bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotlari tarqatilishini taqiqlovchi Reestrini yuritish mexanizmi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. 

Shuningdek, axborot mahsulotida bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan ma’lumot mavjud yoki mavjud emasligi, muayyan yosh toifasiga muvofiq yoki muvofiq emasligi yuzasidan axborot mahsuloti ekspertizasini o‘tkazish, ekspert xulosasini taqdim etish asoslari, axborot mahsuloti ekspertizasining huquqiy oqibatlari ham belgilanmoqda. Qolaversa, bu borada davlat va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi ham ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasi voyaga yetmagan yoki boshqalar parvarishiga bog‘liqligi sababli alohida himoyaga muhtoj bolalar ma’naviyati va kelajagini himoya qilish, o‘sib kelayotgan avlodni zararli axborotdan muhofaza qilish sohasida rivojlangan demokratik davlatlar tajribasi va xalqaro shartnomalar (huquqlar) hisobga olingan holda ishlab chiqilgan. 

Xususan, uni ishlab chiqishda Bola huquqlari deklaratsiyasi (1959 yil), BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiyasi (1989 yil), Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyaga bola savdosi, bolalar fohishabozligi va pornografiyasiga oid fakultativ protokol (2000 yil), BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konventsiyasiga qo‘shimcha BMTning odam, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosining oldini olish va chek qo‘yish va buning uchun jazolash to‘g‘risidagi protokoli (2000 yil) hamda boshqa muhim xalqaro hujjatlarda aks etgan qoidalar ham hisobga olingan. 

Qonun loyihasi kamchiliklardan xoli emas, jiddiy tahrirtalab boblari mavjud. Shu bois ayni kunlarda qonun loyihasi manfaatdor davlat organlari, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda olimlar, tegishli soha mutaxassislari ishtirokida muhokama qilinmoqda. Ushbu qonun loyihasining muhokamasida gazeta va jurnallar muharrirlarini, jurnalistlarni, ijod ahlini faol qatnashishini istardik. Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlari muhokamasi portali regulation.gov.uz ga ham ommaviy muhokama uchun joylashtirildi va foydalanuvchilar tomonidan shu kungacha 40  dan ortiq takliflar taqdim etildi. Mazkur takliflar qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida inobatga olinmoqda.

 

Muxtasar aytganda, mazkur qonun bolalarni himoya qilish borasida davlat tomonidan ko‘riladigan choralar, jumladan, bolalarning jamoat joylarida bo‘lgan vaqtlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olishga, ularni turli salbiy axborot xurujlari va tahdidlardan ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi. 

 

Bahrom OBIDJONOV,

Oliy Majlis 

Qonunchilik palatasi deputati