MULOQOT MUAMMOLAR YECHIMIGA YO‘L OCHMOQDA

Elimiz yaxshilikning, yaxshi gapning shaydosi. Turmush tashvishlaridan horib, turli o‘y-xayollar girdobida xastalanib qolgan odam ham gohida birgina shirin so‘z, ko‘ngilni ko‘taruvchi latif kalom bilan dardlarini unutadi, hayotga muhabbati ortadi. Bugun dunyo chayqalib turgan, kurrai zaminimizning turli manzillarida inson hayotiga har xil tahdidlar chang solayotgan, fitnalar, buzg‘unchiliklar to‘xtamayotgan bir pallada odamlarning bir-biriga mehru oqibati nihoyatda zarur ekanligi yanada yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.

 

Bu yil Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb belgilanishida ham shu yurt fuqarolarining bir-biri bilan hamfikr, hamjihat bo‘lib, yig‘ilib qolgan muammolarga birgalikda yechim topib, Vatan obodligini birgalikda ta’minlash maqsadi mujassamdir. Eng muhimi, xalqni rozi qilish, inson manfaatlarini amalda ta’minlash eng ustuvor vazifa etib belgilangani ertamiz bugundan-da yaxshiroq bo‘lishiga ishonchimizni oshiradi.

Xalq bilan muloqot qilishda hikmat ko‘p. Odamlarning qanday yashayotgani, orzu-o‘ylari, turmushda duch kelayotgan muammolari, elning xotirjamligi yoxud nimadandir bezovtaligi ular bilan muloqotda oydinlashadi. Hozir har bir rahbardan bu haqiqatni yurakdan his etib yashash, ishlash talab etilmoqda. Aslida ham rahbarlik degani elning og‘irini yengil qilishni, odamlar duch kelayotgan muammolarni yechishda bosh-qosh bo‘lishni mard bo‘lib zimmasiga olish demakdir. 

Odamlar biror muammoga duch kelsa, uni hal etishda yordam so‘rab eng avval shu sohaga bosh bo‘lgan rahbarlarga borib murojaat qiladi, albatta. Ammo rahbar o‘zini baland tutsa, fuqaroning dardini eshitishni istamasa muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi, qaytaga yanada chuqurlashib ketaveradi. Xalq bunday munosabatga, adolatsizlikka chidamaydi. Birinchi Prezidentimiz: “Xalq hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chidayolmaydi”, deb doimo ta’kidlab kelgani bejiz emas edi. Xalqdan o‘zini uzoq tutgan rahbarlarga odamlarning ishonchi yo‘qolib, undan yuqori idoralarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etilgach, qisqa vaqtda yuz minglab murojaat kelib tushgani xalqning muammolari yig‘ilib qolgani, joylardagi ko‘pgina rahbarlarning xalq bilan ishi bo‘lmay qolganini yuzaga chiqardi. 

Odamlarning dardu tashvishlari bilan yashash, har bir fuqaroning muammosidan xabardor bo‘lib, ularga yaqindan ko‘mak berishni ko‘zda tutib tashkil etilgan Prezidentning Xalq qabulxonalari ijtimoiy hayotimizda o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Unga ko‘ra, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha aniq mexanizm yaratildi. Bu borada sayyor qabullar uyushtirilib, yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Endi odamlar turli idoralarning eshigi oldida navbat kutib turishi kerak emas. Aksincha, rahbarlar xalq orasiga kirib borishi kerak. Xalq qalbiga quloq tutish, ularning muammolarini imkon qadar joyida o‘rganib hal qilish, ezgu taklif va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash zarur. Bugunning talabi shunday.

Prezidentning Xalq qabulxonalarida fuqarolarning ko‘pdan beri yechimini kutayotgan muammolari qonun doirasida hal etilayotgani e’tiborga loyiq ish. Shuningdek, joylarda Prezidentning Davlat maslahatchisi boshchiligida o‘tkazib kelinayotgan sayyor qabullarda odamlar mutasaddi rahbarlar bilan bevosita uchrashib, yuzma-yuz muloqot qilib, tashvishlarini ochiq-oydin aytish imkoniyatiga ega bo‘layotganidan mamnun.

Har bir murojaat ortida inson taqdiri mujassam. Zotan, inson hayoti davomida turli muammolarga duch kelishi tabiiy. Endigina maktabga qadam qo‘ygan bolakayning ham, hayotning pastu balandini ko‘rib, o‘g‘il-qizlarini uyli-joyli qilib, endilikda keksalik davrini yashayotgan bobo va buvilarimizning ham o‘ziga yarasha turmushda duch keladigan tashvishlari bo‘lishini inkor etolmaymiz. Odamlar o‘zlarining imkonida bo‘lgan dovonlarni o‘zlari yengib o‘taveradilar. Ammo ayrim muammolar qarshisida ilojsiz qolganda mas’ul idora va muassasalar eshigini taqillatishga majbur bo‘lishadi. Afsuski, shunday vaziyatlarda hamma joyda ham ular iliq kutib olinavermasligi bor gap. Gohida bir lahzada hal etilishi mumkin bo‘lgan ish uchun ham odamlarni soatlab, ehtimol haftalab va oylab idora ostonasida sarg‘ayishga majbur etish hollari uchrab turishidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bunday noxush holatlar, avvalo, turli idoralarda o‘tirgan ayrim shaxslarning boshqalarni nazar-pisand qilmaslikka o‘rganib qolishi, shaxsiy manfaatini ustun bilib, odamlarning dardini tinglashni unutib qo‘yishi tufayli yuzaga kelishi hech kimga sir emas. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullarda tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari ishtirokida odamlar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazilib, ko‘pgina muammolar atroflicha o‘rganilgan holda hal qilinayotganidan bugun ko‘pchilik xabardor. Joriy yilning birinchi yarmida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi shahar va tumanlar aholisi uchun sayyor qabullar tashkil etilib, mamlakatimizning eng chekka qishloqlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan ham yuzma-yuz suhbatlar o‘tkazildi. Binobarin, ana shu uzoq hududlardagi odamlarning ham Prezident Devoniga, vazirlik va idoralarga aytadigan gaplari ko‘p. Lekin uzoq yo‘l bosib poytaxtga kelib ketishning o‘zi bo‘lmaydi. Rahbarlarning o‘zlari ularning huzuriga borgani esa ayni muddao bo‘ldi.  

Farg‘ona vodiysi viloyatlarida o‘tgan dastlabki sayyor qabullarga respublika vazirlik va idoralari rahbarlari hamda viloyatlarning 800 dan ortiq mansabdor shaxslari jalb etildi. Sayyor qabul jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalari hamda Virtual qabulxonasiga murojaat etgan, shuningdek, sayyor qabullarda bevosita ishtirok etgan 1200   dan ortiq fuqaro bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 465 nafar, Toshkent shahrida 1382, Samarqand viloyatida 514, Surxondaryo viloyatida 538, Toshkent viloyatida 981, Jizzax viloyatida 776, qolgan viloyatlarda ham har birida 300 dan ziyod, jami 8300 nafardan ortiq fuqaro sayyor qabullarga murojaat qilib kelgan bo‘lsa, ularning har biri diqqat bilan tinglanib, muammolariga yechim topishga harakat qilindi. Murojaatlarning 3600 dan ortig‘i qabul davomida hal etildi. 3200 ga yaqin fuqaroning murojaatiga tegishli vazirlik va idoralar, hokimliklarning mas’ul rahbarlari tomonidan atroflicha tushuntirishlar berildi. Bir yarim mingdan ortiq arizalar mutasaddi idoralar tomonidan o‘rganib chiqib javob qaytarish uchun qabul qilindi. 

Murojaatlar mazmuni xilma-xil. Har kimning o‘ziga yarasha muammosi, turmushda duch kelayotgan qiyinchiliklari bor. Odamlarning mushkuliga yelkadosh bo‘lish, donishmandlar aytganidek, Ka’bani obod qilish bilan barobardir. Murojaatlarning aksariyatini uy-joy bilan ta’minlash va uy-joy uchun imtiyozli kreditlar ajratish, moddiy yordam ko‘rsatish va ishga joylashish, tibbiyot va sog‘liqni saqlash, sudlarda jinoyat va fuqarolik ishlari ko‘rilishi, ichki ishlar idoralari faoliyati, yer ajratish va kadastr masalalari, aliment undirish hamda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq masalalar tashkil etadi.

Tan olib aytishimiz kerak, bugungi kunda sog‘liqni saqlash sohasida anchagina muammolar mavjud. Shu boisdan Prezidentimiz tomonidan sohani rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni va arzon dori-darmon bilan ta’minlashni tashkil etish borasida qator farmon va qarorlar chiqarilmoqda. Shunga hamohang ravishda tibbiyot xodimlari ham o‘z faoliyatlariga tanqidiy yondashib, bilim va malakalarini oshirib borsalar, kasb mas’uliyatini chuqurroq his etib, najot istab kelgan har bir bemorning dardini diqqat bilan tinglashni, xushmuomalalikni odat qilsalar ayni muddao bo‘lardi. Yaxshi so‘z jon ozig‘i, deb xalqimiz bejiz aytmagan. Har qaysi dardning davosi, eng avvalo, shirin so‘z, undan keyin bilim va mas’uliyat.

Marg‘ilon shahri Eshonguzar ko‘chasida yashovchi Jo‘ra Suyarov nabirasidagi yurak nuqsonini davolatish uchun respublika tibbiyot muassasalariga joylashtirishda yordam so‘rab Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan. Tezkor yordam choralari ko‘rilishi natijasida nabirasi M.Jo‘raevaga Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining kardioxirurgiya bo‘limida birinchi bosqich operatsiyasi o‘tkazildi, imtiyozli order asosida davolandi. Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazida ikkinchi bosqich operatsiyasini o‘tkazishga ham imtiyozli order berildi. 

Albatta, xalqimiz bolajon, yotsa ham, tursa ham bolam, deydi. Farzandi uchun yelib-yuguradi, qaysi eshikka borish lozim bo‘lsa bosh urib boradi. Shunday vaziyatlarda ularga imkon qadar ko‘mak berish, hech bo‘lmaganda e’tibor bilan dardini tinglab, to‘g‘ri maslahat berish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish ham insoniylik sanaladi. Marg‘ilon shahri Bobur mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi To‘lqinjon Yusupov bemor farzandini davolatishga yordam so‘rab qancha mutasaddilarga uchrashmagan deysiz. Natija bo‘lavermagach, nihoyat Xalq qabulxonasiga murojaat qilib, Respublika travmotologiya-ortopediya ilmiy markaziga imtiyozli davolanishga yo‘llanma oldi.

Andijon shahri V.Azimov ko‘chasida yashovchi Umidaxon Yusupova ham o‘z murojaatida og‘ir kasallikka chalingan o‘g‘lini davolatishga yordam so‘ragan. Murojaatni tekshirish natijasiga ko‘ra uning farzandini imtiyozli davolatish uchun Respublika bolalar tayanch harakat tizimi reabilitatsiya markaziga yo‘llanma berildi.

Xorazm viloyati Urganch shahrida yashovchi Nigora Jumaniyozova qizi sakkiz oylik vaqtida dunyoga kelgani, uning hayotini saqlab qolish uchun ko‘p miqdorda antibiotiklar berilgani natijasida eshitish qobiliyati yo‘qolganini bildirib, qizini davolatish uchun yordam so‘ragan. Bunday xastalikning davosi bor, albatta. Uning farzandi davlat ko‘magi bilan Toshkentda implantatsiya jarrohlik operatsiyasi o‘tkazib davolash uchun ro‘yxatga kiritildi. Surxondaryo viloyati Denov tumani Qoraxon mahallasidan Abror Jabborov ham 2015 yilda tug‘ilgan farzandini viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi kardiorevmatologiya bo‘limida davolatish uchun yordam so‘rab murojaat qilgan. Uning murojaati sayyor qabul davomida hal etildi. 

Fuqarolarning murojaatlari ichida aliment undirish bilan bog‘liq muammolar talaygina. Oila qurayotgan yoshlar orasida o‘z vaqtida nikohni tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik va ajrashish holatlari ko‘pligi aliment undirish, yolg‘iz onalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda uy-joy sohasidagi nizolar yuzasidan murojaatlar sonining oshishiga olib kelmoqda. Holbuki, qonuniy nikoh kun kelib ajrashish uchun emas, balki oila mustahkamligi, shu oilada dunyoga keladigan farzandlar kelajagi va totuv hayotni ta’minlash uchun qayd etiladi. Qonuniy nikohdan o‘tmasdan, dabdabali to‘ylar qilib oila qurish, bir payt kelib oilani barbod etib, o‘rtada dunyoga kelgan go‘daklarni boqishdan bo‘yin tovlash insoniylikning, qolaversa, milliy o‘zligimizning qaysi mezonlariga to‘g‘ri keladi? Yigitlik rutbasi, oriyat degan ulug‘ tushunchalar nahotki bugun ojizlashib borayotgan bo‘lsa?

Masalan, Qo‘qon shahri Jasorat ko‘chasida yashovchi M.Yoqubjonova farzandi uchun sobiq turmush o‘rtog‘idan aliment undirish yuzasidan Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan. Qarzdordan 1 million so‘m undirib berilgan. Shu shaharning A.Umarxon ko‘chasida yashovchi S.Irkaboeva ham 2016 yil sentyabr oyidan buyon to‘lanmay kelayotgan aliment pullarini undirib berishni so‘raydi. Qarzdor shaxsdan 1 million 4 yuz ming so‘m aliment puli undirildi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani Sarishungul ovul fuqarolar yig‘inidan Dilbar Qodirova, Sirdaryo viloyati Guliston shahridan Oksana Fayzieva, Dehqonobod shaharcha fuqarolar yig‘inidan Ra’no Pirnazarova ham ana shunday muammo bilan murojaat qilgan. Bunday misollar juda ko‘p. Huquq-tartibot idoralari aralashuvi bilan bu masalalar imkon qadar hal etilmoqda. Lekin bu muammo hozirgi kunda barcha viloyatlarda, har bir tumanda ko‘plab uchrayotgani achinarli. Oila va farzand tarbiyasi mas’uliyatini anglab yetmasdan turmush qurishning ayanchli oqibatlaridan biri mana shu. 

Qo‘qon shahri Ozodlik ko‘chasida yashovchi fuqaro Maftuna Ashurova ikki yoshga to‘lmagan farzandiga, Namangan viloyati Norin tumani Uchtepa qishlog‘idan Marg‘uba No‘’monova 14 yoshgacha bo‘lgan uch nafar farzandiga nafaqa tayinlash bo‘yicha yordam so‘ragan bo‘lsa, Qo‘qon shahri Ittifoq ko‘chasida istiqomat qiluvchi Anorxon Yo‘lchieva chorvachilik bo‘yicha xususiy tadbirkorlikni tashkil etish uchun kredit olish maqsadida shahar Xalq bankiga barcha kerakli hujjatlarni topshirganligini, ammo bank mutasaddilari turli bahonalarni ro‘kach qilib kredit ajratmaganligini bildirdi. M.Ashurova hamda A.Yo‘lchievalarning bolalariga maxsus komissiyaning qaroriga asosan tegishli tartibda nafaqa puli tayinlandi. A.Yo‘lchievaga esa tadbirkorlikni boshlash uchun bankdan yetti million so‘m miqdorida kredit ajratib berildi. 

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani Bahrin mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ilyos Rahimov o‘zining roziligisiz uning bankdagi hisob raqamidan davlat soliq inspektsiyasi xodimlari hech kanday taalluqli bo‘lmagan shaxs uchun pullarini olib qo‘yishganini bildirdi. DSI xodimlariga murojaat qilganda, ular har xil bahonalar bilan pullarni qaytarib berishni paysalga solishgan. Fuqaro ularning harakatlaridan norozi bo‘lib, sayyor qabulga murojaat qilib kelgan. Murojaat o‘rganib chiqilib, I.Rahimovga tegishli pullarni uning hisob raqamiga qaytarish choralari ko‘rilgan. Ushbu harakatni sodir etgan DSI xodimiga nisbatan intizomiy jazo belgilangan.

Buloqboshi tumani, Qumguzar ko‘chasida yashovchi Muzaffar Sotvoldievning jabrlanishini xalq ta’biri bilan aytganda “emagan somsaga pul to‘lash” deyish mumkin. U avto ustaxonaga mashinasini tuzattirish uchun topshirgan. Ustaxona egasi esa shu mashinada jinoyat sodir etgan. Qarabsizki, bir hokisor odamning mulki jinoyat quroli sifatida musodara qilib yuborilgan. Fuqaro sud hukmidan norozi bo‘lib, qancha yugurmasin, avtomashinani qaytarib olishning iloji bo‘lmagan. Sayyor qabulga kelib murojaat qilganidan so‘ng ish diqqat bilan o‘rganilib, adolat qaror topdi. Mashina qonuniy egasiga qaytarib berildi. 

Adolat buzilgan joyda albatta norozilik paydo bo‘ladi. Agar har bir korxonada, muassasada ish adolatli tashkil etilsa, odamlarga to‘g‘ri muomala va munosabatda bo‘linsa, fuqarolarimiz ovorayu sarson bo‘lishmaydi, shikoyatlar ham ko‘paymagan bo‘lardi. E’tibor berib qarasak, tushayotgan murojaatlarning ko‘pchiligida fuqarolar o‘z haq-huquqlarini so‘rayotgani seziladi. Adolat tantana qilganda esa ular xursandliklarini yashirmay, minnatdorlik bildirishmoqda. 

Dang‘ara tumani, Paxtaobod qishlog‘ida yashovchi Sh.Qobilova talaba o‘g‘li D.Habibullaevning to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi uchun yordam berish masalasida murojaat qilgan. Albatta, ona o‘z farzandi uchun, uning kelajagi uchun har qanday qiyinchilikka ham, ovoragarchiliklarga ham chidaydi. Qaysi idoraga bosh urib borish kerak bo‘lsa boradi. Lekin idoralarda o‘tirgan mas’ullar ularni nega sarson qilishlari kerak? Aslida ta’lim krediti berish hukumat qarorlari bilan tasdiqlab qo‘yilgan. Kredit berishga hech narsa to‘sqinlik ham qilmaydi. Ammo onaxonning muammosi Prezidentning Davlat maslahatchisi o‘tkazgan sayyor qabulga kelibgina hal bo‘ldi. Natijada sarsongarchiliklarga chek qo‘yilib, Qo‘qon shahridagi “Qishloq qurilish bank” tomonidan ta’lim krediti ajratish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirildi va  shartnoma imzolandi.

Mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani yurtimizning ertangi taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu maqsadda shahar va qishloqlarda zamonaviy maktablar va boshqa turli ta’lim-tarbiya maskanlari barpo etilmoqda. Aholi soni yil sayin ortib borayotganini e’tiborga olsak, demak bunday bunyodkorlik ishlari ham yildan-yilga kengayib boraveradi. 

Qo‘shtepa tumani “Balandmasjid” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Umarali Hamroaliev mazkur mahalla hududiga yangi maktab hamda bog‘cha qurib berish masalasida yordam so‘ragan. Ushbu murojaat atroflicha o‘rganilib, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi  tomonidan Xalq ta’limi vazirligiga xat yuborildi va “Balandmasjid” MFY hududida 216 o‘rinli maktab va 70 o‘rinli bolalar bog‘chasi binosi qurilishi bo‘yicha taklif kiritildi. 

Faqat shaxsiy muammolar emas, qishlog‘i, mahalladoshlari uchun jon kuydirib sayyor qabulga kelayotgan bu kabi insonlar ko‘pchilik. Xorazm viloyati Yangibozor tumani Cho‘bolonchi qishlog‘ida yashovchi Sobirboy Otaniyozov ana shunday kuyunchak insonlar sirasidan. Uning murojaatiga ko‘ra, “Oltinko‘l” mahallasidagi oilalarning tomorqalariga Turong‘isoqa kanalidan suv kelib turgan. Endilikda nasos ishdan chiqqani tufayli kanaldan suv chiqarish muammoga aylangan. O‘zlari ko‘p urinib, buni hal etishning uddasidan chiqisholmagan. Sayyor qabulga murojaatidan so‘ng hokimlik va mutasaddi tashkilotlarning ko‘magi bilan ushbu muammo hal bo‘lib, oltinko‘lliklar xursand bo‘lishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani Guldursun ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Qadamboy Avezov esa shu qishloqdagi 43-maktab kutubxonasini badiiy va turli ilmiy-ommabop kitoblar bilan boyitishda yordam berishni so‘rab murojaat qilgan. Ushbu masala Xalq ta’limi vazirligi nazoratiga olindi va yaqin kunlarda kitoblar yetkazib beriladigan bo‘ldi. Sohibqiron Amir Temur o‘zining “Tuzuklar”ida shunday ibratli gaplarni aytadi: “Tajribamda ko‘rilgankim, azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir”. Ko‘pning tashvishini o‘ylagan, elim, yurtim, deb jon koyitgan insonlar doim bor bo‘lsin.  

Ayni paytda barcha shahar va tumanlarda zamonaviy turar joy massivlarini barpo qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani ham e’tiborga loyiq. Arzon va qulay uy-joylar qurish va ularni uzoq muddatli kreditlar asosida berish borasidagi Prezident qarorlari yurtdoshlarimizni mamnun etmoqda. Uy-joyga ehtiyojmand fuqarolardan tushayotgan murojaatlarning ko‘pligini e’tiborga olib, mahalliy hokimliklar tomonidan ushbu toifadagi aholining ro‘yxatini doimiy ravishda aniqlashtirib borish, uy-joy uchun oldindan to‘lovlarga zarur mablag‘larni shakllantirish, shu bilan birga, ushbu fuqarolarni va ularning oila a’zolarini ish bilan ta’minlash, jumladan, bevosita mazkur uy-joylar qurilishi jarayoniga jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda. Bu esa turar joyga ehtiyoji bo‘lgan oilalarning muammolari hal etilishiga zamin yaratadi.

Andijon shahri 1-kichik dahasida istiqomat qiluvchi Anora Komilova oilasi bilan yashash uchun uy-joy olishga yordam berishni so‘ragan. Fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha hududiy komissiya tomonidan A.Komilovaning oilaviy sharoiti o‘rganib chiqilib, unga kredit mablag‘i ajratilishini rasmiylashtirish uchun “Ipotekabank”ning Andijon viloyat filialiga tavsiya berildi.

 

“Haqiqat bahslarda namoyon bo‘ladi” deydilar. Ochiq-oshkora muloqotlarda odamlar o‘z dardini, taklifini, shu bilan birga, oyog‘i yerdan uzilgan ayrim rahbarlarga nisbatan munosabatlarini ochiq bildirishmoqda. Zero, Prezidentimizning: “Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, degan so‘zlari bugun hayotimizda yangicha yashash, yangicha izlanish tamoyillarini belgilab bermoqda. Muhimi, bugun har bir fuqaroning dardiga quloq tutib, ularning manfaatini o‘ylab, shunday muloqot qilish imkoniyatini yaratgani, rahbarlarning xalq ichiga kirib borishini tashkil qilayotgani uchun yurtdoshlarimiz Prezidentimizga o‘z minnatdorliklarini bildirishmoqda. Zero, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning asosiy maqsadi ham shu – xalq ichiga kirib borish, xalq bilan birga bo‘lish, xalq manfaati uchun xizmat qilish. Bu faqat mana shu yilning dasturi emas. Ushbu amaliy harakatlar keyingi yillar uchun ham dasturilamal hamda hayotimizning asosiy g‘oyasi bo‘lib qoladi. 

Uyg‘un RO‘ZIYEV

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.