ORZULARI YUKSAK INSON

Samarqand tumani markazidan ancha yurganimizdan keyin mashinamiz manzilga yetib to‘xtadi.

 – “Istiqlol shu’lasi” fermer xo‘jaligi shu yerda, – dedi haydovchi.

Qarshimizda uch qavatli salobatli bino turardi. U yaqinda tiklangan bo‘lsa kerak, tashqarisiga pardoz berilmagandi. Bu bino biz istagan fermer xo‘jaligining idorasi ekan. Chap tomonimizda turli qurilmalar bir-biriga ulashib ketgan bo‘lib, ularning biridan motorning kuchli guldiragan ovozi eshitilib turardi. Bu – armatura ishlab chiqaradigan zavod, undan nariroqda shifer ishlab chiqarish tsexi joylashgan.

 

Choshgoh payti, kun qizdirmoqda edi. Mening nigohimni daf’atan binoning o‘ng yonboshiga kelib taqalgan yam-yashil kenglik jalb etdi. Undan go‘yo tevarakka sarin epkin esayotgandek edi. Yaqinroq bordim, baravj o‘sayotgan uzumzor ekan. Tok novdalari chiziqqa terilgandek saf-saf tsement ustunchalarga bog‘langan simlarga chirmashib gurkirardi. o‘ujg‘on yaproqlar orasida yoqa ostidan ko‘rinib qolgan marjondek yetilib qolgan shingillar ko‘zga tashlanardi.

Kutib olgan yigitlar bizni bino ichkarisiga taklif qilishdi. Bino xonalari shinam va salqin, eshiklari ko‘rkam edi. Bir necha yigit va qiz stollar ustidagi kompyuterlarga termilishgandi, demak, ular ish bilan band. 

– Kelinglar, yaxshisi, raisimizning kabinetiga kira qolamiz, – dedi yigitlardan biri. Kabinetga kirib stullarga o‘tirganimizdan keyin u o‘zini Sherzod Soliev deya tanishtirib, fermer xo‘jaligi raisi o‘rinbosari ekanligini aytdi.

– Rahbarimizni viloyat hokimligidagi bir yig‘ilishga zudlik bilan chaqirib qolishdi. U kishi kelgunlariga qadar bemalol suhbatlashib o‘tiramiz, menga, mehmonni xo‘jaligimiz hayoti bilan tanishtirib turing, deya tayinladilar,– dedi u xush takalluf bilan va keyin jamoa faoliyatidan so‘z ochdi. – Fermer xo‘jaligimiz “Istiqlol shu’lasi” nomi bilan Baxtiyor aka Odilov rahbarligida 2003 yili tashkil etilgan. Jami maydonimiz 15,8 gektardan iborat. Xo‘jaligimiz dastlab bog‘dorchilik va sabzavotchilik bilan shug‘ullangan. Bog‘larimizni mana bu yerdan ham kuzatishingiz mumkin, – deya u kabinetning ulkan derazasi pardasini surib ochdi. Men deraza yaqiniga borib, tashqariga ko‘z tashladim: boyagi uzumzor – bu maydonda birorta begona o‘t, adashib qolgan giyoh ko‘zga tashlanmaydi, undan keyin ko‘rinib turgan bog‘ giloszor ekan, keyin – olmazor va o‘rikzor...

– Kechirasiz, manovi uzumzorga qaraydigan mirishkor ishchi qaerdan bo‘ladilar?

– Tushunmadim... – muovin kalovlandi.

– U ishchi farg‘onalik emasmi, demoqchiman?

– Yo‘g‘-e, shu yerda tug‘ilib o‘sganlar.

– Ismlari?

– Shodmon aka Haydarov...

– Tasanno, qoyil!..

Muovinning aytishicha, fermer xo‘jaligi o‘tgan yili bog‘dorchilik va sabzavotdan yaxshigina hosil olibdi. Jumladan, 22,1 tonna kartoshka, 59 tonna pomidor, 53 tonna uzum, 102 tonna olxo‘ri, 96 tonna shaftoli, 4 tonna lavlagi, 5 tonna qovoq va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirilgan. Ularni sotishdan tushgan daromad 405 million 385 ming so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, 900 ming dollardan ortiq valyutaga sifatli mahsulot eksport qilingan.

– Fermer xo‘jaligimizda ellik nafar ishchi bor, jami ishchilarimiz soni ikki yuzdan ortiq, – gapida davom etdi muovin.

– Jami deganingizga kimlar kiradi? – so‘radim men.

– Ular fermer xo‘jaligimiz qoshida ochilgan qo‘shimcha tarmoqlar ishchilari. Masalan, zamonaviy kushxona. U ancha yildan beri faoliyat ko‘rsatadi. Unda viloyat uchun go‘sht tayyorlab yetkaziladi. Kushxonaga bir kunda 300 ushoq mol, 150 qoramol qabul qilinadi. So‘ng tayyor mahsulot sotuvga chiqariladi.

Yana xo‘jaligimiz ta’sischiligida 2011 yilda shifer tsexi tashkil etildi va bu bilan o‘nlab ish o‘rinlari yaratildi. O‘tgan yili bu tsexda 323, 7 ming dona shifer ishlab chiqarilib, 8 milliard 194 million so‘mga sotildi.

2014 yilda armatura zavodi ishga tushirildi. U bir yilda ikki ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ayni paytda ming tonnalik sig‘imga ega muzlatkich ham faoliyat ko‘rsatyapti.

– Ishchilarning ishga munosabati qalay?

– Bizda ish vaqti ertalab sakkiz dan kechki oltigacha. Har kim o‘z vazifasini yaxshi biladi. Ular guruhlarga bo‘lingan, masalan, uzumzor uchun bir guruh, giloszor uchun boshqa bir guruh... va shu tarzda. Hech kim ularni nega yerni yumshatmading, nega unday qilmading, nega bunday qilmading, deb tergamaydi. Chunki har biri zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his qiladi va vazifasini sidqidildan ado etadi. Raisimiz vaqti-vaqti bilan ularning ishlarini tekshiradi, ko‘rib chiqadi.

Yana bir gap, xo‘jaligimiz ishini yaxshilash uchun har bir qarich yerdan unumli foydalanishga harakat qilamiz. Masalan, o‘tgan yili oraliq yerlarga sarimsoqpiyoz ekdik. Dastlab bu daraxtlarga ziyon yetkazmasmikan, sug‘orish ishlarini qiyinlashtirmasmikan, deya ikkilandik. Lekin tajriba xavotirga o‘rin qoldirmadi va sarimsoqpiyozdan katta hosil oldik.

– Ishchilarimizga yaratilgan sharoitlarni ham gapirib o‘ting-da, – deya suhbatga qo‘shildi davramizda o‘tirgan yigit. U o‘zini hisobchi deb tanishtirgandi.

– Ha, xo‘jaligimizda ishchilarga yaxshi sharoitlar yaratilgan. Ular uchun alohida oshxona tashkil etilgan. Unda bepul tushlik taomlari, sut-qatiq beriladi. Bunga mahsulotni qoshimizdagi yordamchi manba yetkazib beradi. Shuningdek, ishchilarimizga maxsus ish kiyimlari ham beriladi. Ularning ishga kelib-ketishlari uchun alohida transport ajratilgan.

Davradagi boyagi yigit muovin gapini davom ettirdi:

– Biz ayni paytda aholiga homiylik yordami ham ko‘rsatib turamiz. Maktablarni, bog‘chalarni, nuroniylar choyxonasini ta’mirlashda o‘z hissamizni qo‘shyapmiz. 2015 yilda 40 million so‘m ajratib, qishloq qabristonini obod qilishda ishtirok etdik. 2016 yilda maktabni ta’mirlashga 22,5 million so‘m ajratdik.

– Sizlar mehnat qilayotgan xo‘jalikda ishlarning yuqori darajada tashkil etilgani borasida tasavvur hosil qildim, sog‘lom muhitni his etib turibman. Fermer xo‘jaliklari bo‘yicha bu yil o‘tkazilgan respublika tanlovida faxrli ikkinchi o‘rin sizlarga bejiz berilmaganiga ishonch hosil qildim. Avvalo, bu ulkan muvaffaqiyatinglar bilan sizlarni tabriklayman. Xo‘sh, endi kelajakdagi rejalaringiz qanday, shular haqida bilmoqchi edim, — so‘radim men.

– Raisimiz qo‘shimcha yer olishga harakat qilyaptilar. Bu yangi yerda kattakon issiqxona quriladi va unda unobi, yong‘oq, limon ko‘chatlarini yetishtirmoqchimiz. Muhtaram Prezidentimiz yaqinda viloyatga kelganlarida fermer xo‘jaliklari oldiga mana shu ishlarni dolzarb qilib qo‘ydilar, buni hammamiz yaxshi bilamiz. Keyin, istiqboldagi yana bitta ulkan rejamiz – Narpay tumani hududida tsement zavodi qurishdir. Bu zavod yiliga bir million tonna tsement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Va unda yetti yuz ishchi o‘rni yaratiladi.

– Bu ishlarni tashkil etish hamda jamoada mo‘’tadil rivojlanish maromini ta’minlash oson emas. Bu, avvalo, jamoa rahbaridan alohida iste’dodni talab qiladi. Shu jihatdan qaraganda, jamoangiz rahbarining muvaffaqiyat sirini nimada deb bilasizlar?

– Bu “sir”ni biz u kishining doimo izlanishlarida, talab va takliflarga doimo e’tiborli munosabatda bo‘lishlarida deb bilamiz, – dedi davradagilar.

– Menimcha, yana bu sizlarga bo‘lgan ishonch va hurmat tuyg‘usidan ham bo‘lsa kerak...

– Shundoq, shundoq...

– Raisingizning oilasi haqida so‘ramoqchi edim...

– Uch qizi, bir o‘g‘li bor...

– O‘g‘li qavatiga kirib qolgandir?

– Ha bu yil Xitoyda o‘qib keldi...

– Ismi?

– Ismi Iftixor.

– Haqiqatan ham iftixor qilsa arziydigan o‘g‘il bo‘libdi.

Suhbatimiz yakunlanib, tashqariga chiqdik. O‘sha paytda xo‘jalik raisi mashinadan tushib keldi.

– Uzr, uzr, ming bor uzr!.. Bir muhim ish yuzasidan chaqirib qolishuvdi.

– Hechqisi yo‘q. Lekin siz bilan endi qandoq uchrashaman, qachon ko‘rishaman, deb turgandim...

 Men rais taklifi bilan yana uning kabinetiga kirdim. Unga jamoa davrasida bo‘lgan suhbat g‘oyat maroqli kechganini, xo‘jalik haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lganimni aytdim.

– Lekin o‘zingizdan so‘raydigan gaplarim ham bor edi. Tadbirkorlikni qachon boshlagansiz? – dedim men muddaoga ko‘chib.

– Tadbirkor bo‘lishga dastlab 1989 yilda uringanman. O‘shanda SamDUning matematika fakulteti kechki bo‘limida o‘qirdim. Ishimni shlakoblok ishlab chiqarishdan boshladim. Lekin ikki oy yugurib, bunga qonuniy ruxsat ololmadim. Shunda kolxoz ma’muriyati shartiga ko‘nishga rozi bo‘ldim: go‘yo bu – kolxoz tomonidan chiqarilayotgan mahsulot, men uni kolxozdan olib aholiga tarqatayotibman. Aslida hammasi mendan – material ham, mehnat ham. Agar kimdir mahsulotni aholiga tarqatayotganligimni bilib, tutib olsa, meni o‘g‘riga chiqarishi hech gap emasdi. Yuragimni hovuchlab ishlaganlarim esimda. Otamning bir eski “Zaporojets”lari bo‘lardi, uning o‘rindiqlarini olib tashlab, ham shag‘alu tsementni, ham shlakoblokni tashirdim shunda. Dastlabki shlakobloklarni xuddi mana shu joyda – turganimiz mana shu idoramiz o‘rnida quyib tayyorlaganman. Ilgari bu yerlar katta chiqindixona bo‘lardi. Kolxoz mutasaddilaridan biri, agar shu joyni tozalab bersang va odamlarni axlat tashlashdan to‘xtatsang, ishingni, mayli, shu yerda boshlay qol, degandi. O‘, tunda uxlamay chiqqanlarim! Ko‘zim yumildimi, kimdir axlat to‘kib ketgan bo‘lardi. Nihoyat, bu yerni chiqindidan tozaladim, odamlarni ham boshqa bundoq nojo‘ya ishni qilmasliklariga o‘rgatdim. U yillarni eslasam, bag‘rim ezilib ketadi. Keyin mustaqillik davri – emin-erkinlik zamoni boshlandi. Tadbirkorlarning ko‘kragiga shamol tegdi.

– Ishchi jamoangiz bilan suhbatda kadrlarni yaxshi tanlaganingizga amin bo‘ldim. Bu borada sizning rahbar sifatidagi aqidangiz qanday?

– Jamoada shakllangan talabimni ishchilar yaxshi bilishadi. Agar qaysi bir ishchi, men yaxshi ishlasam, xo‘jalikning ishi ham yaxshilanadi, shu asnoda mening ham ahvolim yaxshilanadi, degan o‘yda yursa, u menga akam, ukam yoki qarindoshim kabi hurmatlidir. Agar qaysi bir ishchi men ko‘ringanimdagina o‘zini ishchan qilib ko‘rsatsa, u mening akam, ukam yoki qarindoshim bo‘lsa ham, uning javobini beraman. Meni maqtanyapti demang-u, Xudoga shukur, ishchilar ishga ishtiyoq bilan kelishadi.

– Ulkan bir maqsadni oldingizga qo‘yibsiz, ya’ni yiliga bir million tonna mahsulot chiqaradigan, yetti yuz ishchi o‘rniga ega tsement zavodini bunyod etishga kirishayotgan ekansiz. Bu juda katta ish-ku!

– Bu maqsadni amalga oshirish uchun avval xorijda yurib, zavodning turlarini o‘rgandim, narx-navosini surishtirdim. Vodiyda uchta xususiy, ikkita davlat tsement zavodi qurilishida boshdan-oxirigacha rahbar bo‘lib ishlagan bir akaxonni topib, u bilan masalaga daxldor barcha jihatlarni ipidan-ignasigacha tahlil qildik. 

Turkiyaga borib narx-navoni surishtirdim, qimmat tuyuldi. Xitoyda bu masalani o‘n bir oy o‘rgandim. Ularda eng zamonaviy uskunalar Turkiyadagidan yigirma million dollar arzon turarkan. Nozik jihati, Turkiya uskunalar kafolatini besh yilga bersa (buzilganda katta jarima to‘lash majburiyati bilan), Xitoy kafolatni bir yilga berarkan.

– Sizning ko‘nglingiz qaysi biriga chopdi?

– Albatta, Turkiya uskunalariga-da. Yana bir jihatni aytmabman. Xitoydan keltiriladigan zavod sarflanadigan elektr quvvati va gaz sarfini qirq foizga tejasa, Turkiyadan keltiriladigan zavod oltmish foizga tejarkan. Ana shu yigirma foiz hisobiga ikki davlat uskunasi o‘rtasidagi farq besh yil davomida qoplanarkan. Yana bir jihat, chiqarilgan mahsulotning jami eksportbop bo‘lib, “Yevrostandart – 2017”ga to‘la javob beradi. Shundoq qilib, biz Turkiya uskunalarini olishga qaror qildik.

Ishimiz boshlanish arafasida turibdi. Dastlabki mablag‘imiz o‘tkazilishi bilan yigirma oy vaqt ichida zavod to‘kis bunyod bo‘lib, Xudo xohlasa, ishga ham tushiriladi.

– Omadingizni bersin, maqsadingiz ro‘yobga chiqsin. So‘nggi savolim – o‘g‘lingiz Iftixorning ishlari qalay?

– Xudoga shukur, o‘g‘lim qavatimga kirib qoldi. Ayni paytda zavodni keltirish borasidagi asosiy yugur-yugurlar uning zimmasida.

Biz tashqariga chiqdik. Havoning shashti qaytgan edi. Lekin bino yonboshidagi uzumzor bag‘ridagi zangori ifor siyraklashgan emas, hatto quyuqlashgandek tuyuldi. Men boqqa imo qilib, bog‘bon Shodmon Haydarovga, ko‘nglimdagi tasannomni aytib qo‘yarsiz, dedim. Rais mamnun jilmaydi.

Orzular qanotida yurgan odam bilan suhbatlashish g‘oyat maroqlidir. Chunki bu orzularning yuksak sururi sening ham ko‘nglingga ko‘chadi. Ikkinchidan, yurtimizni farovon qilish uchun tadbir topayotgan va bu borada zafarlar quchayotgan fidoyi insonlar bilan hamnafas yashayotganligingdan ruhingda faxr hissini ham tuyasan. 

 

 Mirpo‘lat MIRZO

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

ASL DEHQONLAR BOZORI

2017-12-07 12:23:10

YURAK DARAXTI

2017-12-07 12:56:42

“Men istagan hayot olddadir”

2017-12-07 12:51:13

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

December 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31

.