INSON QALBIGA YO‘L

Yoshlar hayotida kuzatilayotgan ko‘pgina muammolar, xususan, oilaviy ajrashishlar, o‘spirinlar va hatto 25-30 yoshli yigit-qizlar orasida uchrayotgan axloqsizliklar sababi mushohada qilinsa, ularning zamirida milliy va diniy qadriyatlarimizdan bexabarlik, ilmsizlik kabi illatlar yotganini ko‘ramiz.

 

Odam fiziologik jihatdan yigirma yoshgacha to‘liq ulg‘ayib bo‘ladi, yigirma beshida esa u mustaqil fikrli, teran mulohaza qila oladigan, ijtimoiy mas’uliyatini to‘liq anglab yetgan tom ma’nodagi shaxs bo‘lishi kerak. Afsuski, ayrim oilalarda ma’naviy tarbiyaga e’tiborning sustligi yoxud ota-onalarning bu muhim ishga umuman e’tibor qaratmasliklari, qolaversa, ta’lim muassasalari, mahalla-ko‘ylardagi nosog‘lom muhit oqibatida yoshlarning turli xunuk ishlarga, hatto jinoyatlarga qo‘l urayotgani guvohi bo‘layapmiz. Bu holat nafaqat ota-onalarni, mahalla faollarini, o‘qituvchi-murabbiylarni, balki butun jamoatchilikni tashvishga solmay qo‘ymaydi. Masalan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi — mahallani olaylik. Uning jamiyatdagi vazifalaridan biri aholi orasida tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashda davlatga ko‘maklashishdir. Shuningdek, odamlar orasida, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida go‘zal ma’naviy muhitni shakllantirishda ham mahalla faollari, oqsoqollarning o‘rni katta. 

Mahallalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, milliy, diniy qadriyatlar, ezgu urf-odatlarni asrab-avaylash, ularga rioya qilish, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashda fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilarining o‘rnini yuksak baholash mumkin. Zero, ham diniy, ham dunyoviy ilmlardan yaxshi xabardor, el-ulus orasida hurmat-e’tiborga, katta hayotiy tajribaga ega, insonlar qalbiga yo‘l topa oladigan kishiga hamma joyda ehtiyoj bo‘ladi. Bunday zotlarga har kim o‘z dardini yora oladi, muammolarini, o‘zini qiynayotgan tashvishlarni jon deb unga so‘zlaydi. 

Diniy-ma’rifiy maslahatchilarga qo‘yilayotgan talab ham aslida mana shu: jamiyatda, jumladan, uning bir bo‘lagi hisoblangan mahallada kuzatiladigan ma’naviy-axloqiy muammolar yechimini topish. Ularni qo‘llab-quvvatlash, e’tirofga munosib ishlarini omma e’tiboriga havola etish borasida qilinayotgan amaliy ishlarga misol sifatida “Fuqarolar yig‘inlarining eng namunali diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi” ko‘rik-tanlovini keltirish mumkin. Yaqinda ushbu tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman (shahar) bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 193 nafar yurtdoshimiz ishtirok etib, 3 ta shart asosida bellashdi.

Birinchi shartga ko‘ra diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilarning ish faoliyati bo‘yicha hududda amalga oshirayotgan ishlari, yutuqlari, namunali ish tajribalariga oid taqdimoti namoyish etildi. 

Ikkinchi shartda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda maslahatchilar faoliyatiga oid qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, ular faoliyatida uchrayotgan turli masalalar, muammolarning yechimini topish yuzasidan ishtirokchilarning bilim saviyasi, dunyoqarashi savol-javob asosida baholandi. 

Uchinchi shartda maslahatchilar zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, aholi bilan samarali muloqot olib borish bo‘yicha notiqlik san’atini namoyish etdilar. 

Barcha shartlar bo‘yicha maslahatchilarining faoliyati va bilimi “Mahalla” fondi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Ichki ishlar, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash boshqarmalari, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakilligi, kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi bo‘limi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari rahbarlaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan oshkoralik va adolatlilik tamoyillariga rioya qilgan holda baholandi.

Natijalarga ko‘ra, ko‘rik-tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida 1-o‘rinni – 14 nafar, 2-o‘rinni – 14 nafar, 3-o‘rinni 14 nafar maslahatchi egalladi. Qolgan 151 nafar ishtirokchi ham turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan 14 nafar ishtirokchi tanlovning respublika bosqichiga tavsiya etildi.

 

Elmurod 

MAHMARAYIMOV 

tayyorladi.