El dardiga darmon bo‘lib...

Qay bir ishga qo‘l urmaylik, avvalo “Yetti o‘lchab bir kes”, “Ko‘pdan ko‘p fikr chiqadi”, “Maslahatli to‘y tarqamas”, “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi”, “Avval o‘yla, keyin so‘yla” maqollariga amal qilish donishmand bobokalonlardan qolgan odat. Bu hikmatlar zamirida fikrlashmoq, maslahatlashmoq, axborot almashmoq, xalq bilan muloqot qilmoq kabi ma’nolar mujassam. 2017 yil mamlakatimizda e’lon qilingan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturini amalga oshirishda ham shu tafakkur yog‘dulari sanalmish maqollar bamisoli ma’naviy qanot bo‘lib xizmat qiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 24 yil to‘lishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali yig‘ilishda so‘zlagan nutqida yil nomi mazmun-mohiyati quyidagicha ifodalab berildi: “Avvalo, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning asosiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor”.

 

 Davlatimiz rahbari tez-tez turli viloyat, shahar va tumanlarda odamlar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazmoqda. Boshqa mutasaddilardan ham shunday ishlash talab etilmoqda. Eng muhimi, shunga yarasha fuqarolarning murojaatlarida ko‘tarilgan qanchadan-qancha masalalar o‘z yechimini topmoqda. Shu tariqa xalq bilan muloqot mamlakatimizda muhim ijtimoiy voqelikka aylanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonalari faoliyati bilan tanishish maqsadida oltin vodiy sari otlanarkanman, shuurimdan shunday o‘ylar kechdi. 

Prezidentimizning joylardagi Xalq qabulxonalariga umid bilan qadam qo‘yayotgan insonlar qalbiga davlatimiz rahbarining quyidagi so‘zlari malhamdek bo‘lishini tasavvur etish qiyinmas: “hammamiz tushunamizki, xalq bilan muloqot, odamlarning ichiga kirish, ularning dardu tashvishlari bilan yashash, inson manfaatlarini ta’minlash, bu – biz uchun faqat bir yillik ish emas. Bu masala kelgusi besh yillik faoliyatimizda ham eng ustuvor vazifa bo‘lib qoladi va bu haqiqatni hammamiz chuqur tushunib, yaxshi anglab olishimiz shart. Chunki biz yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat qurish yo‘lida qanday ish qilsak, ularning barchasini xalqimiz bilan bamaslahat qilamiz”. 

Fusunkor Namangan shahrining eng tepa qismida joylashgan bino Xalq qabulxonasiga aylantirilgani zamirida ham bir hikmat bordek. Ya’ni, xalq manfaatlari – hamma narsadan ustunroq! 

Xalq qabulxonalarida odamlar uchun barcha qulayliklar muhayyo etilgan. Tibbiyot, ona va bola xonalari, kutish zali, nogironlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Tegishli xonalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilmoqda. Qabulga kelgan fuqarolarning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbar va mansabdor shaxslari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishiga sharoit yaratilishi uchun binolarning kirish qismida, aholi uchun qulay joyda, tegishli idora rahbarlarining ism-familiyasi, xizmat telefon raqamlari, zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar aks ettirilgan peshlavha joylashtirilgan. 

Ana shunday fayzli maskanda davlat organlarining fuqarolar bilan rosmana muloqoti yo‘lga qo‘yilgan. Odamlar o‘z muammolarini ochiq-oshkor aytish uchun xuddi shu maskanga umid bilan kelmoqda. 

Mutasaddilar esa yillar mobaynida qalashib ketgan muammolar haqida avval obdan tinglab, tegishli idora va tashkilot vakillari bilan birgalikda ularning yechimini izlashmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Sobitxon Turg‘unovning aytishicha, shu kunga qadar viloyat, shahar va tumanlardagi Xalq qabulxonalari tomonidan 2920 ta murojaat qabul qilinib, shundan 2818 tasi tegishli idora va tashkilotlarga yuborilgan. 102 nafar fuqaroning murojaatlari Xalq qabulxonalarida o‘rganilib, o‘z o‘rnida hal etilgan. Qabulga kelgan 670 nafar fuqaroga murojaat qilish tartiblari yuzasidan huquqiy maslahatlar va tushuntirishlar berilgan. Yozma ravishda kelib tushgan murojaatlardan 1117 tasi hal etilib, shundan 460 tasi qanoatlantirilgan, 637 tasi bo‘yicha huquqiy maslahatlar berilgan, qonuniy asosi bo‘lmagan 20 tasi rad etilgan. 

Xalq qabulxonalariga qilingan murojaatlar mazmuniga e’tibor qaratamiz. Deyarli hal etsa bo‘ladigan masalalar. Tegishli idora va tashkilotlarning mutasaddilari ularni o‘z vaqtida ijobiy hal etsalar bo‘lardi. E’tibor qiling, viloyat bo‘yicha jami 2920 ta murojaatdan 661 tasi uy-joy, 251 tasi moddiy yordam, 200 tasi ish bilan ta’minlash, 200 tasi aliment masalasida, 162 tasi tergov va surishtiruv ishlari haqida, 119 tasi gaz, elektr, suv ta’minoti yuzasidan, 1327 tasi boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha murojaat qilishgan. 

Xalq qabulxonasi mudirining aytishicha, fuqarolar murojaati bilan samarali va sifatli ishlashni tashkil etish uchun eng yetuk mutaxassislar jalb etilgan. Murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi va qonuniy hal etilishi uchun birinchi galda ular nazoratga olinmoqda. Joylarda, ayniqsa olis hududlarda aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rganish hamda joyida hal qilish maqsadida sayyor qabullar jadvali ishlab chiqilgan. Unga binoan viloyat hokimi, prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va Xalq qabulxonasi mudiri birgalikda sayyor qabullar o‘tkazmoqda. 

Hokimlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari fuqarolarning murojaatlarini belgilangan muddatlarda ijobiy hal etilishiga jiddiy e’tibor qaratmoqdalar. Qaysi fuqaroning huquqlari poymol etilsa, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligi har bir mutasaddi ongiga yetkazilmoqda. Shu tariqa viloyatning chekka hududlarida o‘tkazilgan 54 ta sayyor qabulda 6239 nafar fuqarolar ishtirok etgan. Bu jarayonlarda 484 nafar jismoniy va yuridik shaxslar og‘zaki va yozma ravishda ariza, shikoyat va takliflar bilan murojaat qilganlar, ulardan 122 tasi joyida hal etilgan, 282 tasi o‘rganib chiqish uchun tegishli davlat organlari tomonidan qabul qilingan. Ularning ijrosi to‘la ta’minlanishini Xalq qabulxonasi o‘z nazoratiga olgan. 

Kimning muammosini qaysi mutasaddi hal etishi mumkin? Har bir murojaat shu nuqtai nazardan o‘rganilib, tegishli shaxslar bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etilmoqda. Chunonchi, Xalq qabulxonasida va sayyor qabullar jarayonida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 37 nafar, viloyat prokurori Bahodir Umarov 20 nafar, IIB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov 12 nafar, boshqa davlat organlari rahbarlari 31 nafar fuqaroni shaxsan qabul qilib, ularning muammolarini hal etishga ko‘maklashgan. 

Shahar va tumanlarda esa hokimlar 738 nafar, prokurorlar 398 nafar, Ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari 255 nafar, viloyat, boshqa davlat organ rahbarlari 122 nafar fuqarolar bilan muloqot qilishgan va ularning murojaatlari ijobiy hal etilgan yoki qonuniy tushuntirishlar berilgan. 

Xalq qabulxonalari tomonidan amalga oshirilayotgan targ‘ibot va boshqa tadbirlar mahalliy gazetalar, radio va televideniya orqali keng yoritilmoqda. 

Bunday maqola, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarda tahliliy, ayrim salbiy holatlarga nisbatan tanqidiy yondashuvlar o‘z aksini topmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi shahar va tumanlardagi 12 ta Xalq qabulxonasi faoliyatiga amaliy-uslubiy jihatdan ko‘maklashmoqda. 

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, fuqarolar ko‘pincha tegishli idora va tashkilotlar mutasaddilarining e’tiborsizligi, loqaydligi yoki mas’uliyatsizligi oqibatida yuzaga kelgan va hal etilmayotgan muammolar yuzasidan murojaat qilishadi. Masalan, fuqaro Tamara Isomitdinova Xalq qabulxonasiga Namangan shahridagi “Navbahor Lochinlari Pfk” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan olti oydan beri 940 ming so‘m yakuniy hisob-kitob pullari berilmayotganligi yuzasidan murojaat qilgan. Murojaat zudlik bilan o‘rganib chiqilib, uning asosli ekani aniqlandi va shikoyat taqdim etilgan kunning o‘zida mazkur tashkilotdan murojaatchining ish haqi olib berilishi ta’minlandi. Bundan xulosa shuki, demak, korxona rahbariyati o‘z xodimining yuqori idoralarga shikoyat qilishigacha bormay masalani hal etib qo‘yishi mumkin edi.

– Yarim yildan beri poymol qilib kelinayotgan haq-huquqim Prezidentimizning Xalq qabulxonasi yordamida bir kunda o‘z o‘rniga qo‘yildi,– deydi Tamara Isomitdinova.– Bu mening davlatimiz rahbari olib borayotgan siyosatga ishonch va ixlosimni oshirdi. Katta-kichik barcha rahbarlardan xalq dardi bilan yashash, ishlashni talab qilayotgan Prezidentimizdan g‘oyatda minnatdormiz.

Namangan shahridan ishga joylashtirish masalasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza bilan murojaat etgan fuqaro Matluba Kamolova, 57-sonli maktabgacha ta’lim muassasasidan asossiz ishdan bo‘shatilgan Ra’noxon Saidnug‘monovalarning murojaatlari viloyat Xalq qabulxonasi tomonidan o‘rganilib, murojaat qilingan kunning o‘zida biri ishga joylashtirildi va ikkinchisining avvalgi ish joyiga tiklanishi ta’minlandi. 

Fuqaro Musaxon Abdullaevaning jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudining raisi qabuli masalasidagi murojaati o‘rganilib, muallifning talabi bo‘yicha Xalq qabulxonasida sud raisi Adham Rahmonov qabuli tashkil etildi.

– Nogironlar aravachasiga ehtiyojim borligi haqida Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edim, – deydi Uychi tumanida istiqomat qiluvchi 1-guruh nogironi Toshmuhammad O‘rozaliev.– Shifoxonada davolanib yotganimda menga Prezidentimizning sovg‘asi sifatida nogironlar aravachasini topshirib ketishdi. Xalqni rozi qilishni o‘ziga shior qilib olgan, nuroniylar, nogironlar kabi mehr-e’tibortalab insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Prezidentimizga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, mehnatlarining rohatini ko‘rib yurishni tilayman. 

Xalq qabulxonasi mudirining ta’kidlashicha, murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar hududlarning o‘zida hal etilishi uchun harakat qilinmoqda. Shu maqsadda Xalq qabulxonalarining maqsad va vazifalari, faoliyati va uning natijalari haqida mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali aholiga batafsil ma’lumotlar berib borilmoqda. Bu borada mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, oliy ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi, xalq ta’limi boshqarmalari “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa ko‘plab davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 

Fuqarolarning murojaatlarini muttasil o‘rganib borish ustida izlanayotgan Xalq qabulxonasi mudiri tashabbusi bilan viloyatda hududiy yondashuv asosida fuqarolarning eng muhim hayotiy masalalari bo‘yicha murojaatlarini qat’iy nazorat qilib borish mexanizmi deb nomlangan yangi dastur ishlab chiqilgan. Mazkur mexanizm hududlar kesimida ishchi guruhlarni shakllantirish, ularga tegishliligicha hududlarda joylashgan tashkilot va muassasalar rahbarlarini, tuman tashkilotlaridan yetakchi mutaxassislarni biriktirish asosida murojaatlarni nazoratga olishni keng jamoatchilik asosida amalga oshirishni nazarda tutadi. 

Xalq qabulxonalari odamlarni qiynayotgan muammolarni hal etishdan tashqari ularning huquqiy ongi, madaniyatini o‘stiruvchi o‘ziga xos maktab bo‘lmoqda. Bu yerda olib borilayotgan o‘zaro muloqotlar, tushuntirishlar fuqarolarning huquqiy madaniyati va mutasaddi rahbarlarning mas’uliyati oshishiga xizmat qilayapti. 

Viloyat markazida ishlar qanchalik qizg‘in bo‘lsa, tumanlarda ham undan kam emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kosonsoy tumanidagi Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishgan kishi bu yerda fuqarolar uchun qanchalik imkoniyatlar yaratilayotganidan qoniqish hosil qiladi. So‘nggi ikki oy mobaynida Xalq qabulxonasiga jami 474 ta murojaat kelib tushibdi. Jumladan, 107 ta ariza, 82 ta shikoyat, 285 ta murojaatlar tegishli idora mutasaddilari bilan o‘rganilib, asosiy qismi ijobiy hal etilibdi.  

– Mening qaramog‘imda bo‘lgan nabiram universitetning jismoniy tarbiya fakultetida to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydi, – deydi kosonsoylik mehnat faxriysi Ne’matjon Rahmatullaev. – To‘lov borasida biroz qiynalib, Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edim. Bugun ushbu qabulda tuman rahbariyati tomonidan nabiram nomiga bankda hisobraqami ochilib, homiylik yordami berish chorasi ko‘rilgani aytildi. Bunday ezgu ishlarning tashabbuskori bo‘lgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Chust tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat boshqarmalari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, Kosonsoy, Pop, Chust tumanlari hokimlari va ushbu tumanlar ijtimoiy-iqtisodiy, huquq-tartibot idoralari mutasaddilari, tadbirkorlar, faxriylar, yoshlar ishtirok etgan. 

Sayyor qabulda fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari, keksalar, xotin-qizlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga, davlatimiz rahbarining joylardagi Xalq qabulxonalariga tushgan yozma va og‘zaki murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga yechim izlanmoqda. Jumladan, fuqarolarning uy-joy, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer maydoni, kredit ajratish, kommunal va ijtimoiy xizmatlarga taalluqli turli mazmundagi murojaatlari ko‘rib chiqildi, ularni bartaraf etish bo‘yicha tuman hokimlari va tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Xalq qabulxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, sayyor qabullar ham g‘oyat samarali bo‘lmoqda. 

Xalq qabulxonasi mudiri Eldor Parpievning aytishicha, shu kunga qadar 100 dan ortiq murojaat tuman hokimi va boshqa mutasaddilar bilan birgalikda ko‘rib chiqilgan. Ularning aksariyati huquq-tartibot idoralari faoliyati, bandlik, yo‘l qurilishi, uy-joy, kommunal xizmat, kredit ajratish, nafaqa olish, aliment undirish kabi ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab oladi. Har bir murojaat sinchiklab o‘rganilib, tegishli korxona va tashkilotlar yordamida hal etilmoqda. Jumladan, Navro‘zobodning Hadikent mahallasida 5,4 kilometrga ichimlik suvi quvuri tortish masalasi o‘z yechimini topish arafasida. Navkentning Rovot mahallasidagi “Qo‘noqvoy” qabristonida inshootlar tomini yopish uchun 100 ta shifer ajratish yuzasidan murojaat tuman obodonlashtirish korxonasi ko‘magida hal etildi. 

Zarbdor qishlog‘idagi “Tinchlik” mahallasida yashovchi Munojat Mo‘minovaning ikki farzandi uchun aliment pullarini bir necha yildan beri ololmayotgani haqidagi shikoyati o‘rganilib, jami 12 million so‘mdan iborat qarzdorlik undirilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Mingbuloq tumanidagi Xalq qabulxonasida ham fuqarolarning murojaatlari doimiy e’tiborda. Xalq qabulxonasi mudiri Farhod Rahimboev bergan ma’lumotga ko‘ra, tuman hokimi Tohirjon Rapiqov, prokuror Shuhrat Qosimov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Mansurjon Sattorov va jinoiy ishlar bo‘yicha tuman sudi raisi Boburjon Ergashevlar ishtirokida 17 ta murojaatda bayon etilgan masalalar har tomonlama ko‘rib chiqilgan va aksariyati ijobiy hal etilgan. 

Xullas, viloyatning qay bir tumaniga bormaylik, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi odamlarning orzu-umidlari, ezgu niyatlari amalga oshadigan, armonlari ushaladigan “najot qal’asi”ga aylanayotganini ko‘rib ilhomlandik... 

 

To‘lqin ESHBEK