DUNYO BOLALARI ularning himoyasi qay ahvolda?

 

Butun dunyoda har yili 1 iyunda “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” nishonlanadi. Mazkur bayram g‘oyasi ilk bor 1925 yili Jenevada bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon konferentsiyasida ilgari surilgan.

 

Xo‘sh, bugun dunyo bolalari qanday himoyalanmoqda? Bolalikning beg‘ubor olamiga putur yetmayaptimi? Kattalar ularning dunyo haqidagi tasavvurlari bilan qiziqyaptimi? Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyada, o‘smirning iqtisodiy ekspluatatsiyadan va u uchun xavfli bo‘lgan yoki uning ta’lim olishiga xalaqit qiladigan yoxud sog‘ligiga, jismoniy, aqliy, ma’naviy, axloqiy yoki ijtimoiy rivojlanishiga zarar yetkazadigan har qanday ishni bajarishdan himoyalanish huquqi bor. Bu huquqlardan qaysi yurt bolalari qanday foydalanmoqda? 

Joriy yil 24-30 aprel kunlari YuNISYeF hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Butunjahon immunizatsiya haftasini o‘tkazdi. Bu bolalar hayotini himoya qilishning samarali yo‘llaridan biridir. Shunga qaramay, dunyo bo‘yicha 19,4 million bola vaktsinatsiyadan chetda qolmoqda. Immunizatsiya yordamida yiliga ikki-uch million go‘dakning sog‘lomlashtirilishi ko‘zda tutilgan, ushbu tadbir keng qamrovda o‘tkazilgan taqdirda yana 1,5 million bola xastaliklardan asrab qolinishi mumkin.

Inson hayoti uchun muhim bo‘lgan birinchi ming kunligida yoki ona qornida to‘qqiz oylik bo‘lganidan boshlab, to dunyoga kelib ikki yosh bo‘lguncha har bir bolaga alohida g‘amxo‘rlik zarur. Ana shu davrda odam miyasida har soniyada mingtagacha yangi ma’lumot almashinar ekan. Bu esa kishining kelajakdagi bilim zaxirasi va salomatligi uchun poydevor bo‘ladi. Aynan shu davrda ona va bola uchun e’tibor, to‘g‘ri ovqatlanish, rag‘batlantirish, mehr ko‘rsatish, asab zo‘riqishidan himoyalash o‘ta muhim. 

Afsuski, dunyo bolalarining hammasi uchun ham bunday imkoniyat mavjud emas. Hatto ushbu omillarning jillaqursa birortasiga ega bo‘lmagan bolalar ham borki, dunyoga keliboq ularning ko‘rgiligi xorlik bo‘lib qolayotir. Jahondagi besh yoshgacha bo‘lgan 250 million (yoki 43 foiz) bola daromadi past va o‘rta davlatlarda yashaydi. Ular to‘g‘ri ovqatlanish u yoqda tursin, to‘yib ovqat yemaydi, to‘laqonli g‘amxo‘rlikdan mahrum. Bunday shart-sharoitlar go‘daklarning sog‘ligi, ta’lim olishiyu butun hayotiga jiddiy ta’sir etmoqda, oxir-oqibat jamiyatda tengsizlik va yo‘qsillik paydo bo‘layotir.

BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISYeF) dunyo bolalariga yordam ko‘rsatish uchun 2017 yilda 3,3 milliard dollar mablag‘ zarur bo‘lishini yil boshida ma’lum qilgan edi. Ushbu mablag‘ning 40 foizi Suriyadagi ziddiyatlar tufayli o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan bolalar uchun ajratilishi qayd etildi. O‘tgan yili 2,8 milliard mablag‘ yetarli bo‘lgani holda, ayni paytda Yaman, Janubiy Sudan va Iroqdagi voqealar sabab qo‘shimcha mablag‘ jalb etishga to‘g‘ri kelayotgani ham ta’kidlandi. 2016 yilda YuNISYeFning bosh homiysi AQSh bo‘lib, 407 million dollarga yaqin mablag‘ ajratgan. “Biz AQShning yordam ko‘rsatish borasidagi o‘z an’anasini davom ettirishiga umidvormiz”, deydi YuNISYeFning tezkor operatsiyalar o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i Manuel Fonten. Ammo AQSh prezidenti Donald Tramp xalqaro tashkilotlarni moliyalashtirishni biroz cheklashini ma’lum qilgan. Demak, bolalar himoyasi uchun zarur mablag‘ masalasi hali to‘la hal bo‘lgan emas.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda 1,4 million bola ochlikdan nobud bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Hozirgi kunda Janubiy Sudan, Somali, Nigeriya va Yamanda to‘yib ovqatlanmaslik, oziq-ovqat yetishmovchiligi bo‘yicha jiddiy muammolar bor. Birgina Yamanning o‘zida qurolli to‘qnashuvlar tufayli 462 ming bola ochlikdan aziyat chekmoqda. Nigeriyaning shimoli-sharqiy qismida 450 ming voyaga yetmagan o‘smir xuddi shunday yetishmovchilik sabab sillasi qurigan. Somalining qurg‘oqchilik avj olgan ko‘p hududlarida 185 ming bolaga ochlik ajal xavfini solib turibdi. Janubiy Sudanda 270 ming voyaga yetmaganlar to‘yib ovqatlanmaydi. Ochlikka qarshi kurashga ulush qo‘shishni maqsad qilgan Buyuk Britaniya Janubiy Sudan va Somali aholisi uchun 250 million dollar mablag‘ ajratgan edi. Ammo ushbu davlatlardagi qurolli to‘qnashuvlar to‘xtatilmas va boshqa muammolar hal etilmas ekan, nochorlikka barham berish mushkul. 

Ukraina esa Yevropa mamlakatlari orasida onalar va chaqaloqlar o‘limi bo‘yicha “lider”lik qilib kelmoqda. Bu davlatda 11-17 yoshli o‘smirlarning 67 foizi ta’qibga uchrayotir. Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan – Chernigovda maktab o‘quvchilarining shafqatsiz kaltaklanishi, Kievda ikki o‘smirning o‘n yoshli nogiron bolani zo‘rlashi kabi voqealar ushbu mamlakatda yagona hol emas, qolganlari jamoatchilikka ma’lum qilinmagan, xolos. “Ta’qib qilinayotgan bola ruhiy bosim ostida aziyat chekadi, asta-sekin his-tuyg‘ulariga zarar yetib, qadr-qimmati toptaladi, – deydi Ukrainadagi maktablardan birining ruhshunosi Larisa Chernokrilyuk. – Psixologiyada buni shaxs chegarasini buzib o‘tish deyiladi. Ayni paytda biz psixologlar ko‘p duch kelayotgan narsa shuki, bolalar his-tuyg‘u, qadr-qimmat chegarasini bilmaydi, birini ikkinchisidan ajrata olmaydi. Hatto o‘zini mazax qilishlariga qo‘yib beradi, qarshilik ko‘rsatmaydi. O‘smirga samimiy, do‘stona va iliq munosabatda bo‘lingan joydagina buning aksini ko‘rish mumkin”...    

Qorni to‘yib ovqat yemagan bolalarning o‘qib-o‘rganishi qay ahvolda bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas. Dunyoning 22 ta davlatida yashovchi 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 25 milliondan ortiq bola qurolli ixtiloflar tufayli ta’lim olish huquqidan mahrum. Boshlang‘ich sinflarda davomat bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Janubiy Sudanda qayd qilingan, bu davlatda 72 foiz bola maktabga bormaydi. Chadda esa bu ko‘rsatkich 50 foiz, Afg‘onistonda 46 foizni tashkil etadi. Maktabga bormaydigan qizlar soni bo‘yicha ham shu uchta davlat oldinda turibdi. O‘rta sinflardagi mashg‘ulotlarga qatnash bo‘yicha past ko‘rsatkich Nigeriya (32 foiz), Janubiy Sudan (40 foiz) va Markaziy Afrika Respublikasida (55 foiz) qayd qilingan.  

BMT Bolalar jamg‘armasi ixtiloflar avj olgan hududlarda ta’lim dasturlarini amalga oshirish, jumladan, repititorlar yordamida bolalar uchun mashg‘ulotlar o‘tkazish, o‘qituvchilarni tayyorlash kurslari tashkil etishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, vayron bo‘lgan maktablarni tiklash, mebel va jihozlar xarid qilishda ham yordam ko‘rsata boshladi. Yil boshidan buyon Chadda 150 ta sinf tiklangan, 58 ming bola o‘quv qurollari bilan ta’minlangan. Bular “Ta’lim kutib turmaydi” jamg‘armasi sa’y-harakatlari bilan uyushtirildi. 

O‘z oilasida jabrlanayotgan bolalar ham dunyoning istalgan davlatida uchraydi. Ko‘pgina mamlakatlarda bolalarni bunday noxushliklardan asrash uchun huquq-tartibot, vasiylik, mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlaridan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy soha mutaxassislari shug‘ullanadi. Doimiy va kundalik ishlar, hatto qiyin, xavfli vaziyatlarga tushib qolgan oila muammolarini hal etish borasida bunday xizmatchilar katta tajriba to‘plagan mamlakatlarga AQSh, GFR, Gollandiya, Buyuk Britaniyani misol qilib ko‘rsatish mumkin. Bu davlatlarda ijtimoiy xodim ayblanuvchiga jiddiy talabnoma qo‘yishi uchun to‘la qonuniy huquqqa ega. Ya’ni ularga jinoiy ish qo‘zg‘atishdan tortib, ota-onalikdan mahrum qilishgacha vakolat berilgan. Ijtimoiy xodim bolaga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘ladigan oilada muhitni barqarorlashtirish uchun uch oydan bir yilgacha nazorat olib boradi. Agar bu davrda ahvol o‘nglanmasa yoki bola hayoti xavf ostida qolsa, ish sudga oshiriladi. Bu esa sud qarori bilan aybdor ota-onani uyni tashlab chiqib ketishga va bolaga nisbatan o‘z huquqlaridan mahrum bo‘lishga olib keladi. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, bola o‘z ota-onasi yoki vasiysidan voz kechish huquqiga ega. Voyaga yetmagan o‘smir o‘z oilasidan norozi bo‘lsa, sudga murojaat qilishi mumkin, buning uchun u 14 yoshdan kichik bo‘lmasligi kerak. 

Aytish lozimki, ayni paytda dunyoning 60 dan ziyod mamlakatida yuvenal – bola huquqlarini himoyalaydigan va reabilitatsiya qiladigan sudlar ishlab turibdi. 

Joriy yilning 5 may kuni BMT Bola huquqlari qo‘mitasi vitse-prezidenti, sudya Renate Vinter ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi mutaxassislari bilan davra suhbati o‘tkazildi.  Vinter bolalar oliy manfaatlarining doimiy e’tiborga olinishini ta’minlaydigan yuvenal adliya tizimini rivojlantirish masalalari hususida so‘zladi va odam savdosi, bolalar pornografiyasidan jabr ko‘rgan o‘smirlar huquqlarini himoya qilishga chorladi. “Adliya tizimida qonunlarni mazkur tamoyillar asosida talqin qilish, ayniqsa, bolaning oliy manfaatlarini aniqlashga harakat qiluvchi prokurorlar, advokatlar va sudyalar bo‘lishi lozim”,  deya ta’kidladi u.  

Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining qariyb yarmi(40 foizi)ni voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Mamlakatimizda bola huquqlari va erkinliklari yuzdan ortiq qonunlar bilan tartibga solinishiga qaramay, 2008 yil 7 yanvarda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni  kuchga kirdi. Mazkur qonun Vatanimizda bola huquqlariga oid birinchi yuridik hujjat bo‘ldi. 

 Har bir ota-ona bolasining ko‘zlari zavqu shavqdan porlab turishini, a’lo o‘qib, kelajakda jamiyatga foydasi tegadigan inson bo‘lishini istaydi. Oilada mehr-muhabbat qo‘rg‘oni barqaror bo‘lsa, bunday tilaklar ro‘yobga chiqishiga shubha yo‘q. Faqat har birimiz o‘z farzandimiz kelajagi uchun javobgar ekanimizni unutmasak bo‘lgani. Toki, BOLALIKning beg‘ubor dunyosiga shikast yetmasin.

Xolida FAYZIYEVA