OLTIN KO‘PRIK

Sinchiklab nazar solsangiz, ulug‘ bobomiz nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati o‘ziga xos qiyofasi bilan boshqa hududlarimizdan ajralib turadi.

 

Saranjomu sarishta, ko‘rkam va bag‘ri keng Navoiy shahri ko‘chalari zamonaviy qiyofasiga hamohang ravishda charog‘on. Bu yerda o‘zbek qozog‘ini bovurim deb avaylaydi, qaraqalpoq, rus, tojik, qo‘yingki, turli millat va elat vakillari bir-biriga esh, yo‘ldosh, mehribon...

Chetdan qaraganda bu go‘zal bo‘stonda inson ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan hamma narsa muhayyo. Hamisha ko‘ngil talpinib turadigan bu suyukli makonga qadami yetgan kishi borki, shunday o‘ylasa, ajab emas.

Nurotaning zilol chashmasidan bahra olmagan, qadim ajdodlar turmush tarzidan hikoya qiluvchi Sarmishsoy qoyalaridagi turfa suratlarga lolu hayron boqmagan kishi topilmasa kerak. 

Biz ijodkorlar Navoiy viloyatiga xuddi bobomizning iliq bag‘riga oshiqqandek talpinamiz. Barcha o‘zgarishlar ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotganiga guvohmiz. Dam olish bog‘lariyu havobaxsh favvoralar, zamonaviy turar joy inshootlariyu korxonalar, o‘quv muassasalariyu tarbiya o‘choqlari... bari-barisi navoiylik zamondoshlarimizning turmushi farovonligini ta’minlash, dasturxonini obod etish, tinch va totuv hayot kechirishga qaratilgan davlat siyosatining amaldagi ko‘rinishlaridir. Odatda joylarga chiqqanimizda hayotga ijtimoiy nuqtai nazardan shu tarzda qarardik, maqolalarimiz ham, taassurotlarimiz ham havoyi emas-ku, har holda shu yanglig‘ ruhda bo‘lardi.

Bu galgi ijodiy safarning bichimi o‘zgacharoq bo‘ldi. Aniqrog‘i, buni o‘zimiz ham hududga borganimizdan so‘ng yaqqol sezdik.

So‘nggi ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, viloyatda salkam bir million aholi istiqomat qiladi. Bu shuncha insonning fikru xayoli, orzu umidlari, muammolari, taqdiriyu qismati ham betakror deganidir.

Bu holni nufuzi 32 millionli xalqimiz turmush tarzida tasavvur etsak, bir olam muammolar, jamoatchilik ko‘magida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezedenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz Konstitutsiyasining 24 yilligi tantanasida 2017 yilni yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilishi va olijanob ushbu maqsadni amalga oshirish uchun Davlat dasturining ishlab chiqilishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi faoliyat ko‘rsatayotgani daryodil xalqimizning ko‘ngliga oltin ko‘prik bo‘lib tushdi.

Xalq bilan muloqot! Uning mazmun-mohiyatida Ona Vatanimizning buyuk kelajagini hamjihatlik bilan barpo etish, qudratiga-qudrat, boyligiga-boylik qo‘shish kabi ezgu niyatlar yotibdi. Ko‘zlangan maqsadlarga yetishish uchun avvalo, uning tanti bunyodkorlari – odamlarimizning qalbidagi orzu umidlariga qanot bag‘ishlash, holidan xabar olish, ular bilan bir tan, bir jon bo‘lib, erkin va jo‘shqin faoliyat yuritishlari uchun to‘g‘anoq bo‘layotgan muammolarni o‘rganish, bartaraf etish kabi mas’uliyatli vazifalari turibdi. Bu sharafli mas’uliyatni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari o‘z zimmasiga olganida katta mazmun mujassamlashgan. 

Xo‘sh, nega aynan Prezidentning Xalq qabulxonasi?! Xalq bilan yaqindan muloqot qilish, uning qalbiga quloq tutish, ezgu ishlarga safarbar qilish vazirliklar, viloyatlar, shahar va tumanlardagi davlat va hukumat idoralari mutasaddilarining ham qo‘lidan kelmasmidi? Kelmagan ekan-da!

Shu bois ham Xalq qabulxonalari o‘z vaqtida tashkil etildi va bu demokratik nuqtai nazardan mamlakatimizning davlatchilik tarixida o‘ziga xos voqea bo‘ldi. Boshqa mamlakatlarda xalq bilan qanday muloqot qilinadi, bu ularning ishi. 

Mamlakatimizda endilikda davlat rahbaridan tortib, tuman hokimigacha, barcha darajadagi davlat idoralarining mutasaddilari xalq qalbiga astoydil quloq solmoqda. Mavjud hayot haqiqatini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, mushohada qilmoqdalar. 

Juda katta va og‘ir vazifa! Buni uddalash, xalqimizga, uning timsolida onamizga ko‘mak berish, qavatiga kirib, qaddini tiklash har bir qobil farzandning burchi. 

Navoiy viloyatining olis Konimex tumanida bo‘lganimizda u yerdagi Xalq qabulxonasida ish qizg‘in edi. Bir guruh odamlar navbati bilan mutasaddilar qabuliga kirmoqda. Boshqa guruhlari esa muammosiga qarab, avvaldan belgilangan rejaga asosan mutaxassislar qabulida turibdilar.

Shu kuni jinoyat ishi bo‘yicha viloyat sudi raisi Arslon Usmonov fuqarolarning sud ishlari bilan bog‘liq masalalarini hal etishayotgan ekan. 

– Fuqarolarning murojaatlari tur-turiga ajratilib, elektron portalga qo‘yilishi, rejaga asosan qabullar tashkil etilayotgani ishimizni osonlashtirdi. Hozir ishxonada o‘tirib ham o‘zimizga tegishli vazifalarni ko‘rib turamiz, darhol hal etish choralari belgilanadi. Bugun masalalarni joyida, murojaatchilarning o‘zlari bilan yuzma-yuz o‘tirib ko‘rish uchun bu yerga keldim. Ertaga Uchquduq bilan Zarafshonga yo‘l olaman, – dedi u. 

Biz o‘z muammolarini tezroq hal etish niyatida navbat kutayotgan fuqarolarning vaqtini olmaslik uchun suhbatni qisqa qildik.

Qabulxona mudiri Nurlan Karimovning aytishicha, tumanda soliq, prokuratura, mahalla raislari bilan munosabatlar aniq reja asosiga qurilgan. Har qaysi mutasaddining o‘z qabul kunlari bor. Masala o‘z muddatida joyida hal etiladi. Murakkabligiga qarab tasniflanadi. 

– Ma’lumki, – deydi Nurlan Karimov, – hududimiz ancha keng, hamma ham tuman markaziga kelib, o‘z fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlasha olmaydi. Shu sababli ularning qabulxonaga kelib murojaat qilishlarini kutib o‘tirmay, tuman mas’ullari bilan birga sayyor qabullarni ham uyushtiryapmiz. Oy boshida tumanning “To‘qqiztepa” mahalla fuqarolar yig‘inida shunday qabul o‘tkazildi. “Jayhun” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.Ortiqov qishloqda ichimlik suv yo‘qligi, bundan aholi nihoyatda qiynalayotganini aytib, ko‘pchilik nomidan shu muammoni hal etib berilishini so‘radi. O‘z navbatida viloyat “Suvoqova” DUK Konimex tuman filiali boshlig‘i O.Kamolovga masalani besh kun muddatda ko‘rib chiqib, hal etish topshirig‘i berildi. Muammo aholi ishtirokida joyida o‘rganildi. 2016—2017 yil Davlat dasturi doirasida 14,6 kilometr masofaga ichimlik suvi quvuri yotqizilgan. Yaqin kunlarda tumanning “Sho‘rko‘l”, “Jayhun” qishlog‘i aholisi to‘la-to‘kis ichimlik suvi bilan ta’minlanishiga aholining o‘zi ham amin bo‘ldi. Hozircha toza ichimlik suvi maxsus transport vositalarida yetkazib berilmoqda.

Ulkan shoirimiz Cho‘lponning: “Quchoq ochib xalq ichiga boraylik”, degan da’vatlari bugungi kunda bizning faoliyat mezonimizni belgilab turibdi. Shunday qabullardan biri avvalroq “Yuksalish” MFYda ham o‘tkazilgandi. Xullas, hal etilishi lozim bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Xususan, gaz ta’minotidagi muammolar, yo‘lovchilarga transport xizmati ko‘rsatilishini tartibga solish, qishloqlarning ichki yo‘llarini ta’mirlash kabi ijtimoiy ahamiyatga ega talablar haqli ravishda aholini bezovta qilmoqda. Murojaatlarning turi xilma-xil. Birov shaxsiy masalada ko‘mak so‘raydi, boshqalar jamoatchilik nazaridan chetda qolayotgan biror muammoni ko‘tarib chiqadi. Eng muhimi hayot jo‘shqinlashdi, odamlarda ishonch paydo bo‘ldi.

Karmana tumanida ham ichimlik suvi muammosi shu paytgacha tuman hokimligining e’tiboridan chetda qolib kelayotgan ekan chog‘i, “Degaron” MFYda yashovchi fuqaro Ulug‘bek Aslonov aholi nomidan ariza berilganidan so‘ng Xalq qabulxonasi mudiri Ilhomiddin Razzoqov Karmana tuman hokimi F.Umarovga yozma murojaat qilgan.

Tumandagi “Shabzon” MFY aholisidan tushgan yozma murojaatning mazmuni bilan tanishsangiz ham tuman hokimligining aholi muammolarini o‘rganish darajasi o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladi.

Tumanning “Shabzon” MFY 73 nafar aholisidan kelib tushgan murojaati bizning ham e’tiborimizni tortdi. Unda “Madaniyat” mahallasi hududida joylashgan QVP tuman markazidan 14 kilometr uzoqlikda joylashgani, undan 7 kilometr uzoqlikda joylashgan “Yangiobod” qishloq aholisi “Madaniyat” QVPdan foydalanib kelgani, ayni paytda QVPlar tizimida oilaviy poliklinikalar tashkil etilishi munosabati bilan bir qator qishloq vrachlik punktlari maqbullashtirilishi nazarda tutilgani, buning natijasida aholi uchun noqulaylik paydo bo‘lishi ta’kidlangan. Yuzaga keladigan muammoni ijobiy hal etish uchun quyidagi taklif berilgan: “Zarafshon” QVP tuman markazidan 7 kilometr, “Jaloyir” QVP 10 kilometr, “Madaniyat” QVP 14 kilometr uzoqda bo‘lgani holda “Jaloyir” va “Madaniyat” QVPlari qisqartirilishi nazarda tutilgan. Aholi esa bo‘lajak oilaviy poliklinika o‘rtalikda – “Jaloyir” QVP kesimida tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb hisoblashgan.

Vaholangki, bu kabi muammolarni mahallalar, hokimliklar doirasida o‘z vaqtida – yozma murojaatlarsiz hal etilsa bo‘ladigan ishlar. Buning uchun mutasaddilar o‘z halovatlaridan kechib, xalq tili bilan aytganda “Biroz qornining suvini qimirlatishlari” kerak bo‘ladi, xolos.

Aholini ish bilan ta’minlash muammosi Xalq qabulxonalaridagi eng dolzarb, balki, asosiy masaladir. Xalqimiz mentalitetidan kelib chiqadigan bo‘lsak, fuqaro davlat organlariga ming bir istihola bilan, boshqa chorasi qolmaganidan so‘ng murojaat qiladi. Bu masala Navbahor tumanidagi Xalq qabulxonasi faoliyatiga ham xosdir.

– Bu yerga aholi yordam so‘rab keladi, – deydi biz bilan suhbatda qabulxona mudiri Avaz Hojiev, – biz esa har bir asosli murojaat yuzasidan ko‘mak berishimiz shart. Biror bir murojaat e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Shunisi quvonarliki, aksariyat murojaatlar ijtimoiy ahamiyatga ega. Masalan, “o‘ujbog‘”lik Qudratbobo Dilmurodov qishloq hududida bir paytlar o‘rnatilgan Xotira monumentini tiklash taklifi bilan keldi. E’tiborsizlik tufayli vaqt o‘tishi bilan mazkur yodgorlik ko‘rimsiz holatga kelib qolgan ekan. “Bir paytlar elu yurt uchun, Vatan uchun jonini fido qilgan ajdodlar xotirasiga munosabat, e’tibor shu bo‘lsa, bugungi yoshlardan qanday hurmat kutasiz”, deganda otaxon haq edi. Yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan bu manumentni tiklash chora-tadbirlari darhol belgilandi.

Fikrimizcha, shu kunlarda aholi bilan ishlaydigan barcha korxona va tashkilot rahbarlari o‘z faoliyatlariga qayta tanqidiy nazar solayotgan bo‘lsa, ajab emas. Shunday qilishlari kerak ham. Chunki, ko‘pgina muammolar muomala madaniyatining yo‘qligidan kelib chiqayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Ya’ni qaysidir mansabdor kimnidir vaqtida qabul qilmagan, gapiga quloq solmagan yoki nopisandlik bilan muomalada bo‘lgan. Bunday holat aksariyat yosh, tajribasiz, elu yurt orasida kamroq yuradigan, o‘ziga bino qo‘ygan rahbar xodimlar orasida ko‘proq kuzatilmoqda. Aholi shu bois ham endilikda Xalq qabulxonalaridan qanoat topmoqdalar. Birgina misol, Qabulxonaga “Yangiobod” MFYda yashovchi fuqaro R.Nurillaev o‘zi istiqomat qiladigan ko‘chaga kiruvchi yo‘lni ochib berishni so‘ragan. Tuman hokimligi vakillari murojaatni joyida borib o‘rganganida fuqarolar – O.Xoliqov, J.Cho‘kimov, S.Saparboev, Sh.Shodievlar Konimex kanali himoya mintaqasidagi yer maydonidan vaqtinchalik foydalanib turganligi aniqlangan. Masala joyida hal etilgan. Mazkur maydondan yo‘lning chegaralari belgilab berilgan.

O‘z murojaatlari qanoatlantirilgan odamning mamnuniyat balqib turgan qiyofasini ko‘rganingda yanada faolroq ishlaging keladi. Xalqning rahmatlarini o‘z qulog‘ingiz bilan eshitsangiz edi. O‘nlab shunday misollarni keltirishimiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Navoiy shahridagi Xalq qabulxonasida bo‘lganimizda bu yerda ham fuqarolarning gavjumligiga guvoh bo‘ldik. Demak, jamiyatda hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘p. Navoiy shahar, Navoiy-4 dahasi 601-4 xonadonda yashovchi Murodulla Jiyanovning quvonchiga sherik bo‘lamiz. U o‘z minnatdorligini quyidagicha ifoda etgan: “Men 14 aprel kuni Navoiy shahar “Sanoatqurilishbank”iga murojaat qildim. Mutasaddilar murojaatimni eshitmay qo‘pol muomalada bo‘lishdi. Navoiy shahridagi Xalq qabulxonasiga murojaat qilganimda mening ishtirokimda bank xodimlari bilan tushuntirish ishlari olib borilib, huquqlarim tiklab berildi. ...Behad minnatdorligimni bildiraman”. 

Navoiy shahar, Qurilish ko‘chasi, 5-15 xonadonda yashovchi fuqaro Abbos Meliqulovning minnatdorlik xatini o‘qib, o‘zimiz ham behad xursand bo‘ldik. “Muddatli harbiy xizmatdan kelganimdan keyin meni ishga qabul qilishmagandi. Xalq qabulxonasiga murojaat qilganimdan so‘ng, ishimni qayta tiklashga amaliy yordam berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Navoiy shahridagi Xalq qabulxonasi mudiri Normurod Safarov qilni qirq yoradigan huquqshunos. Shu bois ham u kishining aholi bilan ishlash tajribasi kattaligi ish tutumida ko‘rinib turibdi.

– Eng muhimi xalqimizning bizdan rozi bo‘lishi, – deydi u mamnuniyat bilan. – Shuncha ishlaganim bir bo‘ldi-yu, bu yerdagi faoliyatim bir bo‘ldi. Biz uchun eng muhimi, murojaat qilib keluvchilarning yuzida tabassum balqishi. Chunki, ishingdan ko‘ngli to‘lgan odamgina dildan quvonadi. Odamlarning koriga yarash lazzatliroq ekan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Navoiy viloyatidagi Xalq qabulxonasida soat 09:30 da 32-raqam bilan ro‘yxatdan o‘tdik. Hamrohim, Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi raisi Bahriddin Sadriddinov qayd ro‘yxatiga qarab: “E-hey, hozirdan shuncha odam murojaat qilgan bo‘lsa, kun bo‘yi yuzdan oshib ketarkan-da”, — dedi. Haqiqatan ham shunday. Qabulxona xodimlarining qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Shunday paytda ularga xalaqit bermaslik uchun bir chetda ish zaylini kuzatamiz. Har bir fuqaro murojaat mavzusiga qarab mutaxassislar bilan uchrashyapti. Bir muddat o‘tgach, biz kirishimiz kutilayotgan eshik qarshisida chaqqongina yigit paydo bo‘lib, qabulxona mutasaddisiga:

– “Agrobank”ka oid murojaatlarning hammasini ko‘rib chiqdik. Savollar bo‘lmasa, bizga ruxsatmi?” – dedi.

Qabulxona mas’uli uning yonida turgan bir guruh murojaatchilarga savol ohangida qaradi:

– Javoblar qoniqarlimi?

Ular ochiq chehra bilan bosh irg‘ab tasdiqlashdi:

– Kelishib oldik, rahmat!

Fursatni qo‘ldan bermay o‘zimizni tanishtirdik. Maqsadga ko‘chdik. U: “Bir daqiqa”, – dedi-da, boshqa murojaatchilarni bank xodimiga ro‘para qildi. “Bular ham sizga.” Ular maxsus ajratilgan xonalarga boshlashib ketishdi.

– Qabul kunlari yo‘nalishiga qarab rejalashtirilgan. Moliyachilar, soliqchilar, sud-huquq idoralari xodimlari, elektr, gaz ta’minoti mutasaddilari deyarli har kuni ishni shu yerdan boshlashadi. Eng kamida soha rahbarining o‘rinbosari fuqarolarni qabul qiladi, deydi, ishni mohirlik bilan muvofiqlashtirib turgan qabulxona mas’uli Jamshid Nazarboev bizni qabulxona mudiri Rahmat Mamatov huzuriga boshlab kirarkan.

Mudir 2017 yil 6 mayga qadar aholidan viloyat bo‘yicha 8684 ta murojaat tushgani, ish ko‘lamining borishi haqida tushuncha berdi.

Anglashimizcha, ayrim odamlar bitta mavzu yuzasidan bira to‘la barcha qabulxonalarga yozma murojaat qilayotgan holatlar ham uchrab turarkan.

– Bu borada ancha tajriba orttirildi, tegishli yo‘l-yo‘riqlar ishlab chiqildi, – deydi R.Mamatov.

Qo‘limizdagi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish yuzasidan tashkil etilgan hisobot varag‘ida qayt etilishicha, 6 mayga qadar aholi murojaatlarining 4803 tasi hududdagi tashkilotlarga tegishli bo‘lgani uchun jo‘natilgan. Shunday masalalar ham borki, ular ko‘rib chiqish uchun yuqori tashkilotlarga yuboriladi. 3486 tasi hal etish uchun viloyatda qoldirilgan. 1455 ta murojaat qanoatlantirilgan. 5947 fuqaroga ko‘tarilgan mavzu yuzasidan tushuntirish berilgan.

Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, barcha qabulxonalar yagona elektron tarmoqqa bog‘langan. Ko‘rsatkichlarni pm.gov.uz sayti orqali ham tahlil etish mumkin. Ish jarayoni yaqqol ko‘rinib turadi. Bu esa, barcha korxona va tashkilotlar faoliyati haqida aniq xulosa chiqarish imkonini beradi.

– Joylarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilishi faoliyatimiz ko‘lamini yanada kengaytiribgina qolmay, mas’uliyatimizni o‘n chandon oshirdi, – deydi Navoiy viloyat hokimi Qobiljon Tursunov. – Barcha ish jarayoni kaftdagiday ko‘rinib turadi. Eng muhimi oldimizda qanday dolzarb muammolar borligini o‘z vaqtida bilib olyapmiz. Bu umumiy taraqqiyotimizdagi katta voqeadir.

Shu nuqtada maqolamizga xulosa yasasak ham bo‘lardi. Ammo bu borada hali qilinishi zarur bo‘lgan ishlar talaygina ekanligini ham ta’kidlash joiz. Bilamizki, Xalq qabulxonalari faoliyat boshlaganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ayni paytda jadal takomillashuv jarayoni amalga oshirilmoqda. Qator huquqiy me’yoriy hujjatlar ishlab chiqilmoqda. Gap shundaki, barcha masalaning mohiyati baribir inson omiliga borib taqaladi. Fuqarolarimizning huquqiy savodxonligini oshirish naqadar zarurligini barchamiz anglab turibmiz. Bu borada to‘plangan tajribalarni ishga solish kerakday, nazarimizda. Deylik, mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida xalqimizning ma’naviyatini yuksaltirishga, mustaqilligimiz mohiyatini chuqur anglashga qaratilgan ma’naviy targ‘ibotga katta e’tibor qaratilgandi. Tajribali olimlar, yozuvchi va shoirlar, san’at namoyandalari xalq ichiga yurish qildi. Suhbatlar, fikr va mulohazalar almashildi. Bu xayrli ish hozir ham davom etmoqda. 

Taklif shundan iboratki, endilikda huquq sohasida tajribasi katta mutaxassislar, rahbarlikda suyagi qotgan, el-yurt e’tiboridagi faxriylarimiz, mahalla oqsoqollari fuqarolar bilan uchrashuvlar tashkil etsa, OAVda insonning haq-huquqlari, fuqarolik burchi haqida turkum ko‘rsatuvlar, eshittirishlar, maqolalar tayyorlab, ommaga havola etilsa, nur ustiga nur bo‘lib qo‘shilardi. Chunki, ayrim fuqarolarimiz ba’zan oila davrasida, er-xotinning o‘zi hal etsa bo‘ladigan masalalarda o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bo‘layotgan holatlar ham uchrab turibdi. Balki bu borada yuzaga kelgan muammolar fuqarolik burchi, rahbarlik mas’uliyati, insof, vijdon tuyg‘ularini shakllantirish borasida bolalikdan, ta’lim va tarbiya muassasalari bilan chuqurroq shug‘ullanish vaqti kelganidan darak berayotgandir.

 

O‘ktam MIRZAYOROV