Yoshlar, imtiyozlardan qanday foydalanayapsiz?

Kasb-hunar kollejida o‘qishdan maqsad nafaqat ilm olib, kasb egallash, balki kelajakda yaxshi ishga joylashish hamdir. “Yaxshi ish” iborasini har kim har xil talqin etadi. Kim uchundir u serdaromad, “yog‘li” ish. Yana kim uchundir yuksak mansab va martabalarga erishish uchun imkon taqdim etadigan yumush. “Yaxshi ish”ni o‘z kasbidan, qilayotgan amalidan zavq tuyish deb biladiganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Bizningcha, mana shu eng to‘g‘ri yo‘l.

 

Inson o‘zi qilayotgan ishdan lazzat olsa, kasbidan faxrlansa, shuning o‘zi juda katta baxt. Bugun mamlakatimiz o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi sohasi vakillariga qo‘yilayotgan asosiy talablardan biri ham shu: yoshlarga bilim berish bilan birga, ular qalbida o‘z kasbiga mehr uyg‘otish zarur. Toki, ular qaysi sohada bo‘lmasin, mamlakat ravnaqi yo‘lida maroq bilan ishlasin, xalqqa xizmat qilsin.

Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Erkin Jumaev bilan muloqotimiz kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari va ularni ish bilan ta’minlovchi kichik biznes sub’ektlari uchun yaratilgan imtiyoz va qulayliklar to‘g‘risida bo‘ldi.

— Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish, yoshlarni, avvalambor, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2010 yil 28 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi, — deydi E.Jumaev. — Unga ko‘ra, mikrofirma va kichik korxonalar respublika kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan mehnat shartnomalarini tuzganda, band bo‘lgan xodimlarning o‘rtacha yillik soni qonunchilikda belgilangan cheklangan normativdan ko‘pi bilan 50 foiz oshirilgan hollarda, ularga mikrofirma va kichik korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, kafolatlar va huquqlar saqlanib qoladi. Bunda xodimlar sonining oshirilishiga respublika ta’lim muassasalari bitiruvchilarining o‘qishini yakunlagan kunidan boshlab uch yildan ortiq vaqt o‘tmagan taqdirdagina yo‘l qo‘yilishi belgilangan. Masalan, yengil sanoat sohasida faoliyat yurituvchi kichik korxonalar xodimlarining cheklangan soni 200 kishini tashkil etadigan bo‘lsa, ular ishchilar sonini ushbu ta’lim muassasalari bitiruvchilari hisobiga yana 100 taga oshirgan holda kichik tadbirkorlik sub’ektlari uchun belgilangan yagona soliq to‘lovini to‘lash, hisob-kitoblarni soddalashtirilgan tartibda yuritish kabi imtiyoz va kafolatlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar. Bir misol. Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida yengil sanoat sohasida faoliyat yuritayotgan “Barchinoy” xususiy korxonasida mana shunday imtiyozlardan foydalanish hisobiga ishchilar soni 229 nafarga yetdi. Ulardan 58 nafari kollej bitiruvchilari hisoblanadi.

Kollejni endigina bitirgan yigit yoki qiz birdaniga tadbirkor bo‘lib keta oladimi? 

Bu savolni bejiz qo‘yayotganimiz yo‘q. Zero, tadbirkorlik sirtdan qaraganda, jozibali kasb hisoblansa-da, uning mashaqqatlarini faqat shu sohada o‘zini sinab ko‘rganlar va bu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganlar yaxshi biladilar. 

Erkin Jumaevning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 375-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga muvofiq, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari kollejni tamomlagandan keyin o‘n ikki oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan e’tiboran qat’iy belgilangan soliqni to‘lashdan olti oy muddatga ozod etilishi nazarda tutiladi. Bu ham bo‘lsa, yosh tadbirkor uchun bir ko‘mak, imtiyozdir. Toki, u biznesda o‘z o‘rniga ega bo‘lsin, tadbirkor sifatida o‘zini namoyon qila olsin. Biroq, deydi mutaxassis, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan paytdan boshlab o‘n ikki oy ichida faoliyati tugatilgan yoki uch va undan ko‘p oyga to‘xtatilgan taqdirda, qat’iy belgilangan soliq faoliyat amalga oshirilgan butun davr uchun to‘lanishini unutmaslik kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni talablariga muvofiq, 2015 yilning 1 iyulidan yakka tartibdagi tadbirkorlarga faoliyatidan kelib chiqqan holda, har bir yollangan ishchi uchun pensiya jamg‘armasiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida sug‘urta badali va yakka tartibdagi ish beruvchi tadbirkor uchun belgilangan soliq stavkasining 30 foizi miqdorida soliq to‘lash sharti bilan bir nafardan uch nafargacha ishchi yollash huquqi berilgan. 

Yakka tartibdagi tadbirkorlar kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga yollagan hollarda kollejni bitirgandan boshlab o‘n ikki oy mobaynida yollanma ishchilar uchun belgilangan soliqdan ozod etilishi belgilab qo‘yilgan.

Albatta, suhbatdoshimiz aytganidek, bo‘lajak tadbirkorlar uchun ko‘p imkoniyatlar yaratilgan. Biroq imtiyozlardan amaliyotda foydalanish darajasi qanday? Yoshlar kezi kelganda o‘z haq-huquqlaridan foydalana olayaptimi? Bu savolni qo‘yishimiz ham bejiz emas. Zero, 19-20 yoshlardagi yigit-qizlar nafaqat davlatimizning g‘amxo‘rligiga, balki jamiyatning ruhiy-ma’naviy, mutaxassislarning huquqiy yordamlariga muhtoj bo‘ladi. Ana shu ko‘mak ko‘rsatilsa, bas, kelgusida ular o‘z faoliyatlari bilan el-yurtga juda katta foyda keltirishadi. 

 

G‘olibjon ABDULLAYEV

Andijon viloyati

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

January 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.