RIZAMAT OTA BOG‘LARI

Dehqon bozori. Savdosi yurishib, qo‘li-qo‘liga tegmay uzum sotayotgan odam “Kep qoling, Rizamat ota uzumidan op qoling! Yeganlar darmonda, yeb qoling...”, deya o‘tgan odamni o‘ziga chorlardi. Uzum sotib olayotgan xaridor bilan sotuvchining suhbati qulog‘imga chalindi:

 

— Og‘ayni, siz Rizamat otani taniysizmi? 

— Tanimasam gapiramanmi, o‘zimizning oltiariqlik-da. Usta bog‘bon bo‘lganlar u kishi, — dedi ovozini balandlatib, g‘urur bilan.

— Ie, otaxonning Farg‘onalik ekanini bilmas ekanman. Hayotmilar?

— Bilmadim, ammo biz uchun barhayotlar. Nafaqat bog‘bonlar, bizdek oddiy odamlarniyam tilidan tushmaydi. Yaxshi odamlar tiriklik paytida qilgan yaxshi amallari uchun o‘tganlaridan keyin ham umrlari davom etaverarkan-da, birodar. 

— To‘g‘ri aytasiz, biz ham nabira kutyapmiz. Bozorga kelib kunora kelinimga mana shu uzumdan olib ketaman. 

— O‘g‘il nabira tug‘ilsa ismi aniq ekan-da!

— Albatta, o‘sha kunlarga yetkazsin!

Ularning gurungini eshitarkanman, Rizamat ota haqida bilganlarimni aytib bergim keldi-yu, andisha qildim. Ularning “barhayot” degan so‘zlari menga taskin berdi.

 

 

Halqimizda hikmatli bir gap bor, “Dunyoda yaxshi nom qoldiray desang, ko‘chat ek”. Bu naql avloddan-avlodga, tildan-tilga ko‘chib, doston, ertak, hikoyalarda talqin etildi, tobora chuqurroq mazmun va ma’no kasb etdi. 

Uzumchilik nafaqat respublikamiz qishloq xo‘jaligining eng qadimiy va serdaromad tarmog‘i, balki mirishkor xalqimizning sevgan kasb-korlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham o‘lkamizda yetishtirilgan uzum navlari chiroyli tashqi ko‘rinishi, sershiraligi, xushta’mligi bilan dunyoga mashhurdir. Yurtimiz ho‘l mevalar yetishtirish bilan bir qatorda quruq meva va mayiz yetishtirishda jahon miqyosida yetakchilik qiladi. Oltinga teng tuprog‘imizda yetishtiriladigan uzum navlari anchagina. 

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sohibkor, Davlat mukofoti sohibi, faxriy akademik Rizamat ota Musamuhamedov o‘zining hayoti va faoliyati davomida uzumning o‘nlab navlarini yaratdi, tokni yashartirish usulini joriy qildi. Uzumchilikda asrlar osha amal qilib kelgan ishkom, so‘ri usullaridan voz kechib, zamonaviy texnika yordamida katta maydonlarda uzumzorlar bunyod etishga moslashgan yangicha “qalpoqli simbag‘az” usulini yaratib, amaliyotga joriy qildi. Ushbu tajriba tok oralariga traktor bilan ishlov berish, kuzda ko‘mish, bahorda ochish kabi og‘ir mehnatlarda texnikaga tayanish hamda uzum hosildorligini oshirish imkonini berdi. Mirzacho‘l, Farg‘ona vodiysi va yurtimizning janubiy hududlarida bepoyon uzumzorlar dunyoga kelishida Rizamat otaning xizmatlari katta. O‘zbekistonning deyarli barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Qozog‘istonning bir qator tumanlarida, Qirg‘iziston, hatto Gruziya va Armanistonda minglab gektar yerlarda namunaviy tokzor va bog‘lar yaratishga bosh bo‘lganlari esa bizda faxr hissini uyg‘otadi. O‘zbek bog‘bonining uzum yetishtirish usullari bugungi kunda ham o‘nlab xorijiy mamlakatlarda e’tirof etilib, amaliyotga kiritilmoqda. Rizamat otaning hayoti va faoliyatidan hikoya qiluvchi “Uzumchilik bo‘yicha qisqacha amaliy qo‘llanma”si o‘zbek va rus tillarida takror-takror nashr etildi. Ayniqsa, uning 1959 yilda nashr etilgan “Mo‘l uzum hosili yetishtirishdagi tajribalarim” nomli kitobidagi falsafiy mushohadalari o‘quvchini bee’tibor qoldirmaydi. Undagi “Bog‘bonlik – eng umrboqiy kasb”, “Bog‘bonlik – bolalikdan boshlanadi”, “Tug‘ma bog‘bonlarni vaqtida payqab, yaxshi tarbiyalaylik”, “Bog‘ingdan el bahra olsa, g‘ayratingga g‘ayrat, umringga umr qo‘shiladi”, “Serquyosh diyorimizning yeri – zar, suvi – obi kavsar”, “Daraxtning umri mevasi bilan, insonning umri mehnati bilan” kabi ibratli so‘zlar yuragimizdan joy oladi.

Rizamat otaning kenja farzandi matematik olim, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Muhammadrahim Musamuhamedov padari buzrukvori haqida shunday hikoya qiladi:

– Otam 1881 yilda Toshkent shahrida, bog‘bon oilasida tug‘ilgan. Bolaligi mashaqqatli mehnatda kechgan. O‘n ikki yoshida ro‘zg‘or boqishda qiynalib qolgan otasiga yordamlashish uchun “Degrez” uzumchilik xo‘jaligiga ishga kirgan ekan. Otam rahmatli tuproqni nondek aziz deb biladigan inson edi. Qishloq xo‘jaligida ko‘p yillar xizmat qilgan otam 90 yoshga kirganida, katta bir anjuman minbarida turib shunday degandilar: “Bolalarim men qaridim. Lekin o‘kinmayman. Goho yolg‘iz qolib, umr haqida o‘yga tolsam, xayolim qadim ota-bobolarimizning manzillariga ketib qoladi. Ular necha asrlar avvalida ham tok parvarish qilishgan, uzum sharbati ichib, qand o‘rniga mayiz yeyishgan. Qahrabodek uzum boshlari, tok novdalari azaldan xalqlarning tinchlik, salomatlik, baxt-saodat ramzi bo‘lib kelgan. Ko‘hna Shosh shahrining tamg‘alarida tok bargining tasvirlari bor.  O‘ylab qarasam, keksa umrim o‘sha tarix zahmatlariga ulanib ketganday. Men bog‘lar o‘stirdim, mana shu qadoq qo‘llarim bilan juda ko‘p manzillarga nihol qadadim. Yurtimizda bog‘lar, uzumzorlar zumraddek ko‘karib yotibdi. Moldova, Ukraina, butun Kavkaz, O‘rta Osiyo – hamma-hammasida men yaratgan bog‘lar gurkirab turibdi. Siz balki hayron bo‘larsiz, bir yupun dehqonning bolasi edingiz-ku, deb. To‘g‘ri, yupunlik, zorlik, xorliklar qahrini ko‘rdik, haqsizlikning qoq nonini yeganlardanman. Ammo baxtim shundaki, men ona tabiatning etagidan tutdim, qo‘ynida ulg‘aydim. Omadim shundaki, yoshligimdayoq buyuk qalb egalariga, katta sohibkorlarga shogird tushganman. Taniqli olim Stekolnikov bilan 22 yil birga ishladim. Asli uzoq Daniyadan bo‘lsa ham, o‘zbek urf-odatlarini hurmat qiladigan, O‘zbekiston tuprog‘ini yaxshi biladigan R.R.Shreder mening toklarni boladay parvarish qilishimni ko‘rib, “ha, bularni boshqarish mumkin, ular yaxshi sohibkorning gapiga ko‘nadi, lekin xalq tajribasidan yiroqlashib ketish kerak emas”, – derdi.

Yurtimiz uzumchilik borasida tajriba maydoniga aylangan kezlar “Oqqovoq”dagi 40 gektarlik bog‘da uzumning bir necha navi yaratildi. O‘zbekistonda kongress bo‘ldi. Shunda yig‘ilgan olimlar otamdan so‘rashgan, “Rizamat ota, uzumning qaysi navi bilan chatishtirsak yangi va yaxshi nav dunyoga keladi”, deb so‘raganlarida, “Kattaqo‘rg‘on navi bilan Parkentning pushti uzumini chatishtirib ko‘ringlar”, deb maslahat bergan. Keyingi kongressda ana shu uzumning yangi naviga otamning nomini berishdi. “Rizamat ota” navli uzum bugun dasturxonimiz ko‘rki bo‘lib turibdi. Otam keksaygan paytidayam g‘ayratlari, quvvatlari bizdan yaxshi bo‘lgan. Mana shu katta hovlimiz uzumzor edi. Onam rahmatli ikkovlari ertalab yeng shimarib tok parvarishiga tushib ketsa, kun oqquncha bog‘dan chiqmasdi. Erta bahor yerdan qor ketmay turib yuk mashinalarga ko‘chat yuklab uzoq viloyatlarga ketardi. Qaerga va qaysi paytda yetib borsa, ikkita ishchini yoniga olib, chuqur o‘ra kavlab uzum ko‘chatlarini tuproqqa ko‘mib keyin dam olarkanlar. Bir kuni bir ishchisi “Ota, qishloq odamlari tunda ko‘chatlarni bir-ikkitadan olib tashib ketyapti, ko‘rib turib nega indamayapsiz?”, desa, mayli qo‘yavering, shunaqa bo‘lishiga aqlim yetib, ikki barobar ko‘p opkeldim. Uyiga oborib eksa, o‘stirsa meva beradi. Bolalari yesa bizga savobi tegadi. O‘z hovlisida uzumi pishib turgan odam kolxoz bog‘ida pishgan mevalarga ko‘z olaytirmaydi. Nazari to‘q o‘sadi o‘sha xonadon bolasini”, deb javob beribdi.

Otam o‘zi aytganidek, o‘qimagani bilan tajribali olim edi. Moskvada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston ko‘rgazmalarida bir necha marta oltin medal olib qaytgan. U yerda O‘zbekistonlik sohibkor uchun alohida xona ajratilib, uzumchilik, bog‘dorchilik borasidagi maslahatlariga tayanib ish yuritishardi. Esimni tanibmanki, uch oy qishda uyda bo‘lardi, umri dalada kechardi. Xokisor, kamtarligidan viloyatlarda bo‘lgan kezlari ish joyidan xizmat safari uchun pul to‘lansa olmasdi. “Nega olmaysiz ota”, deb so‘rasam, “Mening hurmatimni qilib xonadonlardan joy qilib, osh-ovqatimni pishirib berishsa, nega tovlamachilik qilib hukumatning pulini olishim kerak, andisha qilaman, vijdonim oldida hisob berishim bor, o‘g‘lim”, derdi. Bir kuni uyimizga hukumat rahbari Sharof Rashidov mehmon bo‘lib keldi (Bir necha marta otamni yo‘qlab kelib bog‘imizda o‘tirib suhbatlashganlarini eslayman). Bog‘u gulzorimizni ko‘rib dili yorishib ketganidan ishkom tagida turgan “Gaz-21” rusumli, ancha eskirib qolgan mashinaga ishora qilib, “Ota, hozir “Gaz-24” volga mashinasi chiqqan, tez kunda almashtirib beraman”, dedi. Shunda otam “E’tibor uchun rahmat, ammo o‘g‘illarim shu mashinani baquvvat, deb, yaxshi ko‘rishadi-da”, deb ko‘nmadilar. Mehmon ketgach, akam otamga, “Dada, nega yo‘q dedingiz, axir mashina eskirib qolganini bilasiz-ku, shunday katta odam mashina hadya qilaman desa, siz yo‘q, deb turibsiz-a!”, dedi qizishibroq. Xotirjam jilmayib turgan otam akamning yelkasiga qoqib, “O‘g‘lim, qaysi nodon odam o‘z uyiga kelgan mehmondan tuhfa talab qiladi. Mehmon otangdan ulug‘ degan gap bor-ku! Musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi, mening bolam bo‘lsang bunaqa gaplarni boshqa gapirma”, dedilar.

Otam nafaqat uzumchilik yoki bog‘dorchilik, limonchilikka ham asos solgan, desam adashmayman. 1947 yil Botumiga borganda yurtimizga birinchi marta limon ko‘chatini obkelganlar. Olim Zayniddin Faxriddinov bilan birga ko‘chatni ekkanlar. Shogirdlarining tsitrus o‘simligi bizning tuproqda o‘sadimi, degan savoliga “shunday mevalar, uzumlarni qand-shakar qilib yetishtirgan jannat joyda hamma o‘simlikni o‘stirsa bo‘ladi”, deb javob berganlar. 

Urushdan keyingi yillar. Issiqxonalar qilishga mablag‘ ham imkon ham yo‘q. So‘rining tagiga chuqur kavlab ekilgan. O‘shanda 2-3 ta limon meva bergandi. Qish kunlarining birida dadamni Sharof Rashidov yo‘qlatdilar. Mashina yuborishibdi, bormasam bo‘lmas, deb taraddudga tushdilar. Kech kuzda dadam pishib yetilgan toifi uzumning ustiga namat tashlab qo‘yardilar. Qishda ham pishiqchilik paytidagidek uzib olib yerdik. O‘sha uzumdan uzib, savatchaga solib berdim. Moskvadan kelgan mehmon yoniga qo‘yilgan uzumni ko‘rib hayratlanib, “Mening yonimga qo‘yilgan mana bu uzum qaerdan keldi”, deb so‘rabdi. Shunda otamni tanishtirib, “Rizamat otaning yuz bahori” degan hujjatli filmni namoyish etishibdi. Otamga o‘sha yili davlat mukofoti berildi. Otam 82 yoshida mehnat qahramoni bo‘ldilar. O‘sha kuni yonlarida edim. Sharof Rashidov yonlariga kelib “Ota birorta taklifingiz, tilagingiz bormi?” deb so‘radilar. “Ha bor, nimani aytsam bajarasizmi?”, dedi kulib. “Albatta, qo‘limdan kelsa”, degan so‘zlaridan keyin jilmayib, “Imkon bo‘lsa mening yoshimni 50 yosh qilib bering. Hali ko‘p bog‘lar yaratgim keladi. Butun O‘zbekiston boqqa aylanishi kerak. Maqsadlarim juda ko‘p, yoshim o‘tib qolgani yuragimga g‘ul-g‘ula solyapti”, – dedilar.

Dadam haqida mening ham iliq xotiralarim bor, deya suhbatimizga qo‘shildi Rizamat otaning kelini, olima Jo‘raxon opa.

 – Men kelin bo‘lib kelganimda dadam sakson yoshni qoralab qolgan, juda mehribon, beozor inson edi. Oyim bilan dadam bir-birlariga juda mehribon edilar. Hech qachon jahl qilganlarini bilmayman. Hamisha “Boy bo‘gur” deb gap boshlardilar. Agar ko‘chada osh yeb kelsalar, oyimga “Nazokat, men osh yeb keldim, bolalarga osh qilinglar”, derdilar. Ko‘p keksalar qariganlarida bolalarning sho‘xliklarini yoqtirmay injiq bo‘lib qoladi. Lekin dadam daryodilligicha yashab o‘tdilar. Yetti nafar qizimiz bor. Hammasini yaxshi ko‘rib yelkalariga opichib katta qildilar. Shoira Zulfiyaxonimga o‘xshagan inson bo‘lsin, deb bir qizimizga Zulfiya, deb ism qo‘yganlar. Qaynota-qaynonamning soyalarida mening nihollarim ham bo‘y cho‘zdi. Bugun hammalari katta xonadon bekalariga aylangan... 

Rizamat otaning saxovati chegara bilmas edi. Ikkinchi jahon urushida frontga ketgan katta o‘g‘li Shukurni ko‘rgani borganda jangchilar uchun bir vagon quruq meva olib borganini hamon ko‘pchilik eslaydi.

 

“O‘zbekning tuprog‘i — oltin, unga tushgan arava payrahasi ham ko‘karib chiqadi”, der edi Rizamat ota faxru mehr bilan. Yuz yillik umrining to so‘nggi nafasigacha yurt tuprog‘idan ezgulik nihollarini undirishga, jannat yurtimizning yanada ko‘rkam bo‘lishi uchun jon fido qilgan bunday insonlar hamisha barhayotdir.

 

Munavvara USMONOVA

 

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yolg‘onning qurbonlari

2018-01-15 06:33:35

MA’RIFAT YO‘LIDA SOBITQADAMLAR

2018-01-15 06:45:38

Tvda SO‘ZLASHUV MADANIYATI

2018-01-15 06:30:30

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

January 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.