ULUG‘ YO‘LDAGI bardavom yangilanishlar

Inson ertangi kunga hamisha umid bilan talpinadi, hayotini yanada farovon etish uchun yaxshi kunlar murodu maqsadi bilan yashaydi, mehnat qiladi. 2016 yilni ortda qoldirib, 2017 yilga qadam qo‘yar ekanmiz, har birimizning ko‘nglimizdan bunday gaplarning o‘tishi tabiiy. Shu boisdan yangi yil arafasida kelayotgan yilimiz fayzli-barakali, poyqadamli bo‘lishini tilab, bir-birimizga ezgu niyatlar bildirib, duolarga qo‘l ochdik. Bayramni to‘kin-sochin dasturxonlar ko‘rk bergan davralarda, quvonch va hayajonlar og‘ushida qarshi oldik.

 Odatda mana shunday qutlug‘ ayyomlarda kelayotgan yil o‘tganlaridan bir muncha farq qilishini, hayotimizning turli jabhalarida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berishini istaymiz. Imonimiz komilki, erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini qurishdek yuksak maqsadu a’molimiz xayrli va bardavom yo‘limizda yorqin mayoq bo‘lib qolaveradi. Buni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning «Biz muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘anievich Karimov boshlab bergan keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar yo‘lini og‘ishmasdan, qat’iy va izchil davom ettiramiz» degan fikrlari ham yaqqol tasdiqlab turibdi.  

Yangi yilimiz yaxshi niyat bilan «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb nomlandi. Ushbu xayrli iboraning tag-zamirida juda teran ma’no va mazmun yotibdi desak, aslo mubolag‘a qilmaymiz. Zotan, shu xalq bor ekan, mamlakat bor, shu xalq qanchalik farovon va baxtiyor bo‘lsa, Vatanimiz yanada gullab-yashnaydi, uning butun jahondagi nufuzi yanada yuksalaveradi. Shuni ham aytish joizki, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, xalq bilan muloqot, odamlarning ichiga kirish, ularning dardu tashvishlari bilan yashashdek olijanob, sharafli, shu bilan birga, mas’uliyatli bu yumush faqat bir yillik emas, balki kelgusi besh yillikning ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi. 

«Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan — shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham — shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq, — deb ta’kidladi qo‘shma majlisda davlatimiz rahbari.

— Shunday ekan, biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak — avvalo odamlarimiz bilan. 

Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak — avvalo xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi. 

Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi.

Xalq bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi».  

Prezidentimizning barcha soha mutasaddilariga qarata   aytgan bu da’vatidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, endilikda kattayu kichik har bir rahbar xalqimiz manfaati yo‘lida chinakam qayg‘urishi va mehnat qilishi lozim bo‘ladi. Elparvar, xalqparvar, degan iboralarni bejiz ishlatmaymiz. Zotan, elparvar rahnamolar haqida xalqimiz azaldan orzu qilgan va ko‘plab doston hamda ertaklarda ular siymosini yaratgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, elning tashvishida yashagan, uni rozi qilgan insonlardan Xudoning o‘zi ham rozi bo‘ladi, ikki dunyosi obod bo‘ladi. Zotan, sir emaski, odamlar, xalq doimo hamma narsadan xabardor, har bir rahbarning ishi va muomalasini ochiq-oydin ko‘rib-bilib tursa-da, dilidagini ro‘y-rost aytishdan istihola qiladi. Ayni kunda virtual qabulxonalar, xalq qabulxonalarining ochilishi bilan aholi o‘zini qiynayotgan muammo va masalalarni bemalol aytishining o‘zi o‘tgan yildagi voqeligimizning muhim hodisasi bo‘ldi, deya olamiz. Chunonchi, o‘tgan yil 25 sentyabrda Bosh vazirning internet tarmog‘ida virtual qabulxonasi ish boshlab, dekabr oyining boshigacha 218 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularning qariyb 59 foizi yechimini topgan bo‘lsa, 41 foizi hozirgi paytda ko‘rib chiqilmoqda.

Keyingi oylarda O‘zbekistonda muhim siyosiy va ijtimoiy jarayonlar, Prezident saylovi munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuv va muloqotlarning guvohi bo‘lib, davlatimiz rahbarining Konstitutsiyamiz bayramidagi ma’ruzasini tinglab, qilinayotgan ishlar, qabul qilinayotgan dasturlar, farmon va qarorlar, umuman, har bir sohada bo‘layotgan o‘zgarishlar va yangilanishlarni ko‘rib, ko‘nglimizga yorug‘lik kirib kelmoqda. 

Darhaqiqat, o‘tgan qisqa davrda davlatimiz rahbari tomonidan «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi, «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunlar, «2017 — 2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida»gi Prezident qarori, «Sud huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida», «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida», «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida», «O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlari qabul qilindi. Ushbu hujjatlar aynan shu kunning eng dolzarb muammo va masalalarini yechishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir. Eng asosiysi, ushbu sa’y-harakatlarning barchasi ertangi kunda xalqimizning manfaat va ezgu maqsadlari ro‘yobiga, ular hayotini yanada yaxshilashga xizmat qilishi shubhasiz. 

Yangi yil arafasida viloyatda yashovchi sinfdoshim telefon qilib qoldi. Uning aytishicha, yaqinda uyiga «Asakabank»dan vakil kelib, chorva mollarini xarid qilish va parvarishlash uchun kredit olishni taklif etibdi. Yillik foizi ham arzimagan summani tashkil etarkan. Ko‘rayapmizki, bugun bank xodimining o‘zi oyog‘i bilan kelib, mijozga kredit taklif etayotir. Men sinfdoshimga kredit olishni maslahat berarkanman, albatta, bu holatda poytaxtda aytilayotgan gaplarning joylardagi ijobiy aks-sadosini ko‘rdim. Ochig‘ini aytganda, bunga o‘xshash xushxabar va yangiliklarni ayni kunda har bir yurtdoshimizdan eshitayapmiz va bundan quvonayapmiz. 

Yangi yil arafasida poytaxtimizning «Chorsu» bozorini aylandim. Odamlarning yuz-ko‘zlariga boqib, xalqimiz yangi yilni katta orzu-niyatlar bilan qarshilayotganiga yana bir karra guvoh bo‘ldim. Yilning qish fasli bo‘lishiga qaramasdan bozor peshtaxtalarida go‘sht va sut mahsulotlari, turli-tuman mevayu sabzavotlar, tsitrus mevalari, qo‘yingki, istalgan mahsulotlarning serobligiyu arzonligi, xaridorlar eng sifatlilarini tanlab olayotganini ko‘rib quvondim. 

Mamlakat kuch-qudrati va salohiyatini, xalq farovonligini yanada oshirish, jahon maydonida Vatanimiz obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida yildan-yilga yangi-yangi marralarni zabt etayapmiz. Xalqaro miqyosdagi reytinglarda O‘zbekistonimizning yuksak pog‘onalarni egallayotgani barchamizning ko‘nglimizni cheksiz g‘urur va faxrga to‘ldirib turibdi, albatta. 

Ammo bugun televidenie va internet orqali ayni kunda dunyodagi qanchadan el-elatlarning tinchlik istab, halovat topolmasdan zoru sarson, boshpanasiz, ishsiz, ertangi kundan mutlaqo umidsiz yashayotgani ham voqeligimizning ayanchi va fojiali haqiqati. Jahonda terrorizm va ekstremizm balosi tobora kuchayib, hatto rivojlangan mamlakatlarda ham tinch aholining qurbon bo‘lishiga sabab bo‘layotir. Insoniyat urush va taloto‘plar vahimasi, tajovuz va agressiyaning ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan qutqularidan zir qaqshamoqda. Shubhasiz, bunday ahvol har birimizni yanada hushyorlik va ogohlikka, yurt tinchligidek bebaho ne’matni asrab-avaylash, uni ko‘z qorachig‘idek saqlashga, qadrlashga da’vat etadi. 

Jahonning ko‘pgina qaynoq nuqtalarida onalar va bolalar hayoti hech qanday qadr-qimmat topmayotgan, ular xor etilayotgan bir davrda ming shukurki, yurtimizda onalar va bolalarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Xususan, mamlakatimizda “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilingan o‘tgan yilda aynan shu borada salmoqli ishlar amalga oshirilgani ayniqsa, e’tiborga loyiq. Bunda birinchi navbatda, onalik va bolalikni muhofaza qilish, davlat barqaror taraqqiyotining muhim omili  bo‘lgan oila institutini mustahkamlash maqsadida qonunchilik va normativ-huquqiy baza  yanada kuchaytirildi. Mamlakatimizda tibbiyot muassasalarini zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun 80 million dollar qiymatidagi kredit va grant mablag‘lari yo‘naltirildi. Dasturda belgilangan tadbirlar yuzasidan 9 millionga yaqin reproduktiv yoshidagi xotin-qizlar hamda 10 millionga yaqin bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 350 dan ortiq bolada koxlear implantatsiya operatsiyalari amalga oshrildi. Buning uchun 21 milliard so‘m miqdorida mablag‘ sarflandi.

Xorijiy sarmoyalar ishtirokida qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash, tuman va shaharlardagi suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish maqsadida 100 million dollar jalb etildi. Yurtimizda bolalar sportini rivojlantirish, ayniqsa, qiz bolalar o‘rtasida sportni ommalashtirish maqsadida umumta’lim maktablarida 20 dan ziyod sport zallari barpo etildi. Xulosa qilib aytganda, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida barcha manbalar hisobidan 7 trillion 480 milliard so‘m va 190 million dollardan ziyod mablag‘ sarflandi.

Yangi yilda yuz beradigan katta o‘zgarishlar, ulkan bunyodkorliklar nafasini ilk qadamlardanoq sezib turibmiz. Inson manfaatlarini  ta’minlashda iqtisodiyotimizni yuksak sur’atlar bilan barqaror rivojlanishi muhim ahamiyatga ega. Shu boisdan yangi yilda ham, albatta, bu yo‘nalish ustuvor ahamiyat kasb etib qolaveradi. Inson ko‘ngli xotirjam yashashi uchun avvalo aniq bir ish bilan band bo‘lishi kerak. Samarali mehnat uchun zarur shart-sharoitlar, munosib ish haqi, zamonaviy uy-joylar, sifatli ta’lim va tibbiy yordam, dam olish uchun imkoniyatlar yaratish, bularning hamma-hammasi mamlakat kelgusi taraqqiyotini belgilab beruvchi bosh mezonlardir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni shu boisdan, yangi yilda aholini ish bilan ta’minlash, bu borada turizmni rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar qilinishi ko‘zda tutilayotir. Inson manfaatlarini ta’minlash yana bir muhim masala — Vatanimiz aholisining yarmidan ko‘prog‘i yashaydigan qishloq joylarda hayot darajasi va sifatini oshirish bilan bevosita bog‘liqdir. Shu ma’noda bundan keyin ham qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib qolaveradi.

Chunonchi, ana shu dasturiy vazifalarni bajarish borasida tashlanayotgan ilk qadamlar xalqimiz qalbiga yorug‘lik olib kirib, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlamoqda. Poytaxtimiz Toshkentda anchadan buyon to‘xtab qolgan metro qurilishining qaytadan boshlangani, Yunusobodni Qorasuv bilan bog‘lovchi eng yaqin yo‘llar va ko‘priklar qurilayotgani, Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari chorrahasidagi yirik yo‘l o‘tkazgichning barpo etilayotgani, qolaversa, loyihalari tayyorlanayotgan boshqa katta bunyodkorliklar albatta, elimiz farvonligi va yurt obodligiga xizmat qiladi. 

 Bir so‘z bilan aytganda, yangi yil siyosatimizning bosh maqsadini, ya’ni inson manfaati har narsadan ulug‘, degan ezgu g‘oyani izchil davom ettirish, hayotimizni yanada obod va farovon etish yo‘lida yana bir ulkan qadam bo‘ladi.  

   

   Abdumajid AZIMOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.