Xalq dardiga malham bo'laylik

Bugun nufuzli davlat idoralarida xizmat qilayotgan har bir rahbar, xodim ko‘nglida ushbu da’vat bo‘lsa, ajab emas. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 28 dekabrdagi Xalq qabulxonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham mana shu: davlat organlari xalq hayoti, kundalik turmushi bilan yaqin bo‘lish, yurtdoshlarimizni qiynayotgan masalalarga to‘g‘ri yechim topishdan iboratdir. Xalqimizning mazkur Farmonni xursandchilik bilan qarshilagani bejiz emas. Yurtdoshlarimiz his etishmoqda: bu xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomidir.

 

Farmonga muvofiq xalq qabulxonalarining respublikamiz bo‘yicha butun bir tizimi tashkil etilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, jismoniy shaxslar uchun ham, yuridik shaxslar uchun ham ko‘plab qulayliklar yaratadi. Birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushadigan murojaatlarni qonunga muvofiq belgilangan muddatlarda, sifatli va xolisona ko‘rib chiqish imkoniyati yaratiladi, ya’ni xalq qabulxonalarining har bir tuman va shaharda tashkil etilayotgani bir qabulxonada ish hajmining keskin ortib ketishining oldini oladi. Ikkinchidan, murojaatlar mazmunining ko‘proq hududiy xarakterga ega ekanidan kelib chiqqan holda, ko‘tarilgan masalaning murojaat qilgan fuqaro yashaydigan yoxud yuridik shaxs joylashgan tuman yoki shaharning o‘zida hal etilishini ta’minlaydi. Bu esa, murojaatlarning tegishliligi bo‘yicha yuborilishi, qo‘shimcha muddatlarning talab qilinishi kabi holatlarning oldini oladi. Uchinchidan, bunday qabulxonalarning tashkil etilishi xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, bu orqali murojaat qiluvchi shaxslarning yechilmayotgan muammolari bilan yaqindan tanishish va ularni hal qilishga ko‘maklashish imkoniyatini yaratadi. Mazkur omillar bir butunlikda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan talablar doirasida, o‘z vaqtida va sifatli, xolisona ko‘rib chiqilishini ta’minlashi turgan gap. 

Bundan tashqari, mazkur qabulxonalarning faoliyatini tashkil etish orqali Konstitutsiyamizda qayd etilgan davlatning xalq irodasini ifoda etishi, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldida mas’ulligi tamoyili hayotga izchil tatbiq etiladi.

Shuni alohida qayd etib o‘tish kerakki, tariximizning yangi sahifasini ochib bergan bugungi kundagi islohotlar Prezidentimiz ta’kidlab o‘tgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilga to‘la mos kelmoqda. Inson manfaatlari oliy maqomga ko‘tarilishi, ularning to‘la-to‘kis ta’minlanishi nazarda tutilayotgan islohotlar, shubhasiz, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqaligina ta’minlanishi mumkin. Xalqimiz dardini, ular yechimini topa olmayotgan muammolarni bilmasdan turib, biror-bir islohotni amalga oshirish orqali ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi.

2016 yilning 25 sentyabr kuni tashkil qilingan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning aksariyati tadbirkorlik sub’ektlarining rivojlanishiga xalaqit berayotgan to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, qonunchilikka zid bo‘lgan idoraviy qarorlarni bekor qilish, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash, bank kreditlaridan erkin foydalanish, uy-joy-kommunal va yo‘l-transport xizmatlari sifatini yaxshilash masalalariga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining faoliyati bilan aloqador ekanini ko‘rsatdi. Farmonda nazarda tutilgan Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi mazkur sohalardagi muammolarni, murojaatlarni hal qilishning samarali mexanizmi bo‘la oladi.

Farmonning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratsak, ya’ni unda murojaatlarga asos bo‘lgan tizimli qonunbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash yuzasidan doimiy tahlillar o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Bunday tahlillarning o‘tkazilishi, shubhasiz, qonunlarni qabul qilish va ularni qo‘llash amaliyotida, bu orqali esa mamlakatimizda shakllantirilayotgan fuqarolik jamiyati asoslarini yanada mustahkamlash borasida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Birinchidan, ushbu tahlillar qabul qilingan qonunlarning ijrosi masalasida mavjud muammolarni yuzaga chiqarib beradi. Xususan, bunday omillar mavjud muammoning qonunchilikdagi bo‘shliqlar bilan yoxud uning ijrosini ta’minlashga mas’ul idoralar yoki shaxslarning xatti-harakatlari bilan bog‘liqligini yaqqol namoyon qilib bersa, ikkinchidan, murojaatga asos bo‘lgan muammoning ijobiy hal qilinishi bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqishga imkon yaratadi. Bu esa, shu yo‘sindagi barcha murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal qilish borasida amaliy dastur vazifasini o‘tab beradi. Uchinchidan, bunday tahlillar joylarda davlat xizmati ko‘rsatayotgan kadrlarning salohiyatini ko‘rsatib beradiki, bu esa amalda kadrlar siyosati bilan bog‘liq islohotlarni samarali davom ettirishga turtki bo‘ladi. Zero, farmonda ta’kidlab o‘tilganidek, xalq qabulxonalari kadrlar tarkibini aholi bilan bevosita ishlash uchun zarur bilimga, tashkilotchilik va tahlil qilish qobiliyatiga, shuningdek, ma’naviy-axloqiy va psixologik fazilatlarga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish va mustahkamlab borishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

 

A.ISMOILOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi 

Milliy markazi direktori o‘rinbosari