Davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligi, tinch hayotimizning ishonchli tayanchi

Shu kunlarda yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligini munosib kutib olish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. O‘zbekiston bugungi kunda professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan, yaxshi ta’minlangan, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli, mamlakatimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalarni samarali ado etish, fuqarolarimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyasiga ega bo‘ldi.

 

Ana shu ma’noda harbiylarning sharafli va mas’uliyatli xizmatini yuksak e’tirof etish, mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab qo‘yilgan ilk odimlar, qabul qilingan qarorlar va chuqur o‘ylangan islohotlar samarasi to‘g‘risida fikr yuritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolari bilan davra suhbati tashkil etishni lozim topdik.

Zero, bundan 25 yil muqaddam mamlakatimiz Qurolli Kuchlariga asos solinishi davlatimiz tarixida ulkan voqea bo‘ldi. Mustaqillikni, o‘z taraqqiyot yo‘limizni o‘zimiz tanlash, hech kimdan kam bo‘lmaslik huquqini asrash, har qanday xavf-xatarni bartaraf etishga tayyor turish, yovuz niyat bilan ko‘z olaytiradiganlarga zarba berish uchun qudratli milliy armiyaga ega bo‘lish zaruratini hayotning o‘zi oldimizga qo‘yganini teran anglaymiz.

— Mamlakat mudofaa tizimini yaratish va uni ta’minlash sohasi davlat siyosatining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu borada mustaqillik yillarida qanday ishlar amalga oshirildi? Shu haqda gapirib bersangiz.

Rustam KOMILOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi:

— Tinchlik bu bebaho, bitmas-tuganmas, qadri abadiy boylikdir. Rivojlanish, o‘sish sur’atlari, umuman olganda, jamiyatning taraqqiy etishi, avvalo, tinchlik qaror topishiga bevosita bog‘liqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Butun dunyoda murakkab vaziyat yuzaga kelayotgan, terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda doimo hushyor va ogoh bo‘lish, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini, Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini har tomonlama mustahkamlash — xavfsizlik va barqarorlikni hamda xalqimizning osoyishta hayotini ta’minlashning eng muhim sharti va kafolatidir”.

Ana shu ma’noda Prezidentimizning ko‘rsatmalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi Mudofaa vazirligi va boshqa tuzilmalar rahbariyati bilan birgalikda Qurolli Kuchlarimizning 25 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni munosib nishonlashga doir kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2016 yil 28 noyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil” esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risidagi farmoni ham ayni qutlug‘ sanani munosib kutib olishda ulkan ahamiyatga ega bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 25 yilligi bilan barcha harbiy xizmatchilarimizni chin qalbimdan tabriklab, chorak asr mobaynida bosib o‘tgan murakkab yo‘limizga nazar tashlashni lozim deb bilaman.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, o‘zining yangi mudofaa tizimini yaratish, zamonaviy, ixcham armiyasini barpo etish vazifasini o‘z oldiga qo‘ydi.

Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991 yil 6 sentyabrdagi PF-243-sonli farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi tuzildi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimovning bevosita tashabbusi va rahbarligida mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash borasida izchil islohotlar amalga oshirildi.

Jumladan, mudofaa va xavfsizlik tuzilmalari safi milliy kadrlar bilan to‘ldirildi, barcha talablarga javob beradigan, tezkor va harakatchan, tashkiliy jihatdan mukammal, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikaga ega milliy armiyamiz barpo etildi. Shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqirish bir yilda bir marta tashkil etilib, uni o‘tash muddati bir yil qilib belgilanganligi, serjantlar tarkibining sezilarli darajada kengaygani, safarbarlik rezervi xizmati joriy etilgani milliy armiyamiz qiyofasini va mazmun-mohiyatini tubdan o‘zgartirib yubordi. 

Professional armiyani shakllantirish yo‘lida amalga oshirilgan islohotlar tufayli unda xizmat qilish O‘zbekiston fuqarosi uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki eng nufuzli kasblardan biriga, tom ma’nodagi shon-sharaf ishiga aylanganligini, bugungi kunga kelib harbiy xizmatni o‘tash istagida bo‘lgan yoshlarning soni kundan-kunga ortib borayotganligi bu yo‘nalishdagi islohotlar naqadar to‘g‘ri bo‘lganligini ko‘rsatib turibdi. Bunday modernizatsiya jarayonlari armiyamizning qiyofasini, uning mazmun-mohiyati va jangovar imkoniyatlarini, harbiy jamoalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni ijobiy tomonga o‘zgartirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining tashkil etilishi,  faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari Qurolli Kuchlar ustidan samarali fuqarolik nazorati mexanizmini shakllantirish, Mudofaa vazirligi faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, shuningdek, davlatning mudofaa va harbiy qurilish sohasidagi siyosatini amalga oshirish va rivojlantirishga fuqarolar va jamoat birlashmalarini jalb qilish, harbiy kasb nufuzini oshirish, harbiy xizmatchilar va chaqiriqqacha bo‘lgan yoshlarning ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi tizimini shakllantirishga qaratilishi o‘z samarasini berdi.

O‘tgan to‘rt yil davomida Jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan harbiy okruglar va garnizonlarda, oliy harbiy ta’lim muassasalarida mingdan ziyod tadbir o‘tkazilgan. Harbiy xizmatchilar bilan tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borilishini tashkillashtirish, ularning mustaqil fikrini, atrofda ro‘y berayotgan hodisalarga daxldorlik hissini, faol hayotiy pozitsiyasini shakllantirish, Vatan taqdiri, uning mustaqilligi va xavfsizligini ta’minlashni harbiy xizmatchilar va chaqiriqqacha bo‘lgan yoshlar uchun hayotiy maqsadga aylantirish bu tadbirlarning tub mohiyatini tashkil qiladi.

Shuni faxr bilan ta’kidlash joizki, mudofaa sohasining takomillashtirilishi, ushbu sohaga berilgan e’tibor natijasida bugungi O‘zbekiston yoshlari Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishni nafaqat fuqarolik burchi sifatida, shu bilan birga eng yuksak maqomdagi mutaxassislik sifatida qabul qilmoqdalar. Keyingi paytlarda Qurolli Kuchlarga muddatli harbiy xizmatga chaqirish tanlov asosida o‘tkazilayotganligi buning yaqqol isbot-dalilidir. Armiya saflariga xizmatga kelgan yoshlarimiz bu yerda faqat harbiy mutaxassislikni egallash bilan cheklanayotganlari yo‘q. Ham jismonan, ham ma’nan chiniqib qat’iy irodaga va hayotiy pozitsiyaga ham ega bo‘lmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2016 yil 8 sentyabrda o‘tkazilgan qo‘shma majlisida Prezidentimiz Sh.Mirziyoev “Hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlari O‘zbekiston hududida joylashishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilgarigidek, davlatimizning qat’iy siyosiy pozitsiyasi bo‘lib qoladi”, deya alohida ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekistonning tashqi siyosati ushbu g‘oyalarga sodiq qolishi nafaqat O‘zbekiston, umuman mintaqa xavfsizligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib qoladi.

 

— Shu o‘rinda Oliy Majlis – milliy parlamentimizning asosiy faoliyati bevosita qonun ijodkorligi bilan bog‘liqligini alohida ta’kidlash o‘rinli. Shu bois o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan mudofaa sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlarimiz, ularning mazmun-mohiyati haqida gapirib bersangiz.

Akmal RAHMONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:

— Bu yo‘nalish to‘g‘risida gapirganda, avvalo Asosiy Qonunimizning 1-moddasida “O‘zbekiston – suveren demokratik respublika” ekanligi belgilab qo‘yilganiga ahamiyat beraylik. Konstitutsiyaning birinchi moddasida mustaqil o‘zbek davlatining tub mohiyati ifodalangan. Suverenitet – davlatning muhim ajralmas belgisi bo‘lganligi bois unda o‘zbek davlatining mustaqilligi, suvereniteti o‘zining qonuniy ifodasini topgan. 

Konstitutsiyada harbiy qurilish sohasini tartibga soluvchi qator normalar belgilangan. Bular Konstitutsiyaning 125- va 126-moddalarida, shuningdek 93-, 17-, 52-, 57-moddalarida mustahkamlangan. Bu normalar mudofaani tashkil qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasini bevosita qurolli himoya qilishga qaratilgan tadbirlardan iboratdir. 

Konstitutsiyaning 125-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi”. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari mudofaa maqsadlarida tashkil etiladi. Yuqorida milliy armiyamizning hech qanday siyosiy bloklarga qo‘shilmasligi haqida fikr aytildi.

Haqiqatan ham O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari urushlar va qurolli mojarolarni qaytarish hamda oldini olish, maqsadida O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hamda aholining tinch hayotini himoya qilish uchun davlat tomonidan tashkil etilgan va saqlab turilgan harbiy birlashmalar, qo‘shilmalar va qismlarni, shuningdek, boshqa harbiy tuzilmalarni o‘z ichiga olgan holda mudofaa pozitsiyasiga amal qiladi. Konstitutsiyaning 125-moddasi ikkinchi qismiga asosan, “Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun bilan belgilanadi”. Ya’ni davlatning eng muhim faoliyatiga kiruvchi harbiy qurilish sohasi qonun bilan tartibga solinishi tufayli mudofaani tashkil etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining boshqaruvi jamoatchilik nazoratida bo‘lishi ta’minlanadi. Bu esa, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalarini o‘zida mujassam etgan, demokratik Konstitutsiya ekanligini yana bir bor ko‘rsatadi.

Mustaqillik yillarida Konstitutsiya asosida milliy xavfsizligimizni ta’minlashning tashkiliy-huquqiy tizimini shakllantiruvchi o‘nlab qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi va hayotga samarali tatbiq etib kelinmoqda.

Bugungi kunda jahonda globallashuv jarayonlarining yil sayin jadallashib borishi, hozirgi zamonda vaziyatning shiddat bilan o‘zgarishi, siyosiy va iqtisodiy kuchlar joylashuvida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, mintaqada hamda O‘zbekistonning yonginasida tahdidlarning, terrorchilik ko‘rinishidagi xavf-xatarlar va keskinlikning kuchayishi davlat tomonidan xalqaro, mintaqaviy va mamlakat miqyosidagi voqelikka o‘z vaqtida va munosib javob qaytarishga shay turishni taqozo etadi. 

Aslida har qanday mustaqil davlat asosiy ijtimoiy institutlardan biri sifatida rivojlana borib, vujudga keladigan davr xavf-xatarlariga mos ravishda munosabat bildiradi, o‘z funktsiyalarini takomillashtirib boradi. Ayniqsa, XXI asr boshlaridan xoh alohida bir davlatda bo‘lsin, xoh global ko‘lamda bo‘lsin xavfsizlikni ta’minlash muammolari ustuvor ahamiyat va g‘oyat dolzarblik kasb etdi. 

Shu bois davlatning mudofaa va milliy xavfsizligini ta’minlash eng asosiy va eng muhim funktsiyalardan biri hisoblanadi va mamlakat suvereniteti daxlsizligini ta’minlaydi. Davlat suverenitetini, xavfsizligini va hududiy yaxlitligini ta’minlamay turib, o‘zining strategik maqsadlariga erisha olmaydi, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va boshqa funktsiyalarini bajara olmaydi. Kuchli davlat tuzumi, avvalo, mamlakatning mudofaa qobiliyatiga suyanadi. 

O‘zbekiston Respublikasining mudofaa va milliy xavfsizligini ta’minlash funktsiyasini amalga oshirish uchun strategik maqsadlar, vazifalar, sohalarni belgilovchi — milliy xavfsizlik kontseptsiyasi, tashqi siyosiy faoliyat kontseptsiyasi, mudofaa doktrinasi kabi kontseptual huquqiy asoslar ishlab chiqilgan. 

Mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik sohasidagi qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashga qodir institutsional tuzilmalar yaratilgan bo‘lib, ular bo‘ysunuv printsipiga asosan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoniga bo‘ysunadi. Shuningdek, mamlakat ichkarisida barqarorlik va huquq-tartibotni, davlat chegaralarining daxlsizligi va mustaqilligini saqlashni, tashqi tahdidlarni bartaraf etishni doimiy ravishda ta’minlashga qaratilgan kompleks usul va choralar majmui ishlab chiqilgan. 

Shu bilan birga, hozirgi dunyoda davlat barqarorligini ta’minlash O‘zbekistonda rivojlangan mamlakatlar singari jamiyatning ijtimoiy-ruhiy, ma’naviy va axloqiy, madaniy va tarixiy ildizlariga tayanadi. Jumladan, O‘zbekiston davlati milliy xavfsizlik ob’ekti sifatida millatning bir butunligi va barqarorligini ta’minlashni muqarrar zaruriyat, deb biladi. Chunki, davlat insonning huquqlari va erkinligini ta’minlar va kafolatlar ekan, milliy suverenitet davlat timsolida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, xavfsizlik sohasidagi siyosatimiz barqaror demokratik rivojlanish strategiyamiz bilan uzviy bog‘liqdir.

Binobarin, o‘tgan davr ichida kelgusi avlodlar oldida faxrlanishga asos bo‘ladigan natijalar qo‘lga kiritildi, agar mustaqil taraqqiyotimiz zamiridagi eng katta boyligimiz tinchlik va osoyishtalikni saqlash yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, bundan buyon ham yurtimiz qudratli, hayotimiz yanada obod va farovon bo‘ladi.

— Bugun Qurolli kuchlarimiz salohiyatiga zamonaviy talablar nuqtai nazaridan razm solsak, uning qudratini qanday mezonlar bilan baholash mumkin? Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

To‘lqin KARIMOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi:

— Zamonaviy talablarni, yuz berishi mumkin bo‘lgan harbiy harakatlar teatrining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, Qurolli Kuchlarning tashkiliy-shtat tuzilishi printsipial jihatdan o‘zgartirildi, tezkor-strategik boshqaruv, operativ tayyorgarlik va qo‘shinlarni jangovar qo‘llashning haqiqiy markaziga aylangan samarali boshqarish tizimi yaratildi. 1998 — 2002 yillarni qamrab olgan davrda harbiy okruglar tuzildi, Davlat chegaralarini himoya qilish va qo‘riqlashning zamonaviy talablarga javob beradigan tizimi shakllantirildi, harbiy operatsiyalar amalga oshiriladigan eng muhim yo‘nalishlarda harakatchan, yaxshi ta’minlangan bo‘linmalar, birinchi navbatda, sarhadlarimiz daxlsizligi va odamlarimizning tinch-osoyishta hayotini buzishga qaratilgan har qanday yovuz kuchlarning tajovuzkor xatti-harakatlariga qat’iy zarba berishga qodir bo‘lgan maxsus bo‘linmalar tashkil etildi.

Qurolli Kuchlar qurilishi borasidagi rejalarga muvofiq, qo‘shinlarni modernizatsiya qilish hamda eng yangi qurol-yarog‘ va texnika, jumladan, havo hujumidan mudofaa vositalari va vertolyotlar, bronetank qurollari, artilleriya tizimlari, aloqa vositalari, alohida va guruh bo‘lib himoyalanish vositalari bilan qayta qurollantirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirildi.

Istiqlol yillarida harbiy xizmatchilar uchun zamonaviy turarjoylar qurish, mavjud turarjoy fondini ta’mirlash, zamonaviy harbiy shaharchalarni qurish va rekonstruktsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2007 — 2015 yilgacha mo‘ljallangan davlat dasturiga asosan, 6 mingga yaqin harbiy xizmatchi uy-joy bilan ta’minlandi. 2016 — 2025 yilgacha mo‘ljallangan Davlat dasturiga ko‘ra har yili 900 dan ziyod harbiy xizmatchi turar-joy bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Mudofaa vazirligi tasarrufida zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan jihozlangan, malakali tibbiy xodimlar faoliyat olib borayotgan yigirmadan ortiq davolash-profilaktika muassasalari, tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimining birlamchi bo‘g‘ini bo‘lgan ko‘p sonli tibbiyot punktlari, shu bilan birga harbiy sanatoriyalar va boshqa maxsus harbiy-tibbiyot muassasalari harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining sog‘ligini saqlash va mustahkamlash yo‘lida faoliyat olib borishmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlarning natijasi o‘laroq, Global Firepower tashkiloti qatorasiga ikki yil — 2015 — 2016 yillardagi reytingida O‘zbekiston armiyasini Markaziy Osiyoda eng kuchli armiya, deya e’tirof etib kelmoqda.

Ayni chog‘da xalqaro munosabatlar tarkibidagi o‘zgarishlar, dunyoda keskinlik, mojarolarning yangi o‘choqlari paydo bo‘lishi, Markaziy Osiyo mintaqasida va jahonda murakkab vaziyat yuzaga kelayotgan, terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda doimo hushyor va ogoh bo‘lish, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini mustahkamlash masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu maqsadlarning izchil amalga oshirilishi yurtimiz sarhadlarini har qanday xavf-xatarlardan himoya etish, xavfsizlik va barqarorlik, xalqimizning osoyishta hayotini ta’minlashga xizmat qiladi.

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida ta’kidlaganidek: “O‘zbekiston va uning bag‘rikeng xalqi tinchliksevar siyosat yuritish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash tamoyillarini amalga oshirish pozitsiyasida doimo mustahkam turib kelmoqda. Lekin zarur bo‘lsa, biz mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga, xalqimizning tinch va osuda hayotiga tahdid soladigan har qanday urinishlarga qarshi keskin zarba berishga qodirmiz. Shuning uchun men, xalqimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchimanki, bu masalada hech kimda hech qanday ikkilanish va shubha bo‘lmasligi lozim. Bunga bizning kuchimiz ham, qudratimiz ham yetarli”.

— Ma’lumki, harbiy soha salohiyatli kadrlarni talab qiladi. Mamlakatimizda harbiy mutaxassislarni tayyorlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 

O‘tkir TURSUNOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi:

— O‘tgan davrda harbiy kadrlar tayyorlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilishiga alohida ahamiyat qaratildi. Negaki, kadrlar sohasini isloh etish harbiy xizmatchilarning professionallik, jangovarlik va intellektual darajasi oshishiga bevosita xizmat qiladi.

1990 yilda mamlakatimiz hududida joylashgan uchta oliy harbiy bilim yurtlarida faqat uchta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassis ofitser kadrlar tayyorlanib, mahalliy ofitserlar yurtimizdagi harbiy kadrlarning atigi 0,6 foizini tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda Qurolli Kuchlar akademiyasida yettita, Mudofaa vazirligining oltita oliy harbiy ta’lim muassasalarida 28 yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali ofitser kadrlar hamda serjantlar tayyorlash maktablarida 26 yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha serjantlar tayyorlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi, Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti, Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurti, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondon-muhandislik bilim yurti, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakulteti, zamon talablariga javob beruvchi Chirchiq, Chortoq, Samarqand, Qarshi, Urganch shaharlarida joylashgan harbiy okrug serjantlar tayyorlash maktablari mamlakatda milliy ofitserlar va serjantlar tayyorlash tizimini yuqori pog‘onaga ko‘tardi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 19 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida harbiy ta’lim tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilinganligini alohida ta’kidlash joiz.

Ushbu hujjat oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun zarur shart-sharoit yaratish, munosib nomzodlarni tanlab olish, harbiy ta’lim nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 3 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oliy harbiy ta’lim muassasalariga har tomonlama tayyorgarlikka ega, qobiliyatli yoshlarni tanlash maqsadida, nomzodlar harbiy-professional yo‘nalish, dastlabki tanlash, harbiy-professional tanlash va test sinovlarini nazarda tutuvchi tanlov asosida kompleks ravishda bosqichma-bosqich saralab olish tartibi joriy etilgan.

1995 yilda Qurolli kuchlar Akademiyasining ochilishi milliy Armiyamiz tarixida muhim rol o‘ynadi. Ofitserlar tarkibi ta’limi bosqichma-bosqichligi va uzluksizligini ta’minlash maqsadida, Akademiya huzurida qo‘mondonlik va boshqaruv tarkibi bo‘lgan ofitserlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha Oliy kurslar tashkil etilgan.

Ta’kidlash joizki, mudofaa sohasiga, harbiylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli, yoshlarning harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishi va intilishlari oshib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 17 fevraldagi “Harbiy akademik litseylar faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 21-qarori bilan harbiy akademik litseylar faoliyatining huquqiy asoslari, vazifalari belgilab berilgan.

Ushbu qaror bilan harbiy akademik litseyning vazifalari sifatida o‘quvchilarni o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi davlat ta’lim standarti talablariga muvofiq sifatli o‘qitishni tashkil etish;

-Vatanga sadoqat, yuksak fuqarolik hamda demokratiya, mustaqillik g‘oyalariga, o‘z xalqining ma’naviy va tarixiy qadriyatlariga sodiqlik ruhida tarbiyalangan yoshlarni tayyorlash;

-o‘quvchilarga qonunchilikni to‘g‘ri tushunishni va ularga ongli rioya qilishni ta’minlaydigan yuksak madaniyatni, ko‘nikmalarni, faol ijtimoiy-fuqarolik xulq-atvorni singdirish;

-litsey ixtisosiga muvofiq o‘quvchilarning tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha oliy, shu jumladan, oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishlari uchun zarur va yetarli bo‘lgan chuqurlashtirilgan nazariy va kasbiy tayyorgarligini ta’minlash;

-o‘quvchilarda jismoniy chidamlilik, kuch, chaqqonlik va tezkorlikni rivojlantirish belgilab berilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, harbiy ta’lim sohasidagi bu kabi islohotlar keng bilim va tafakkurga, yuksak professional va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual jihatdan rivojlangan, shiddatli tarzda amalga oshiriladigan zamonaviy jangovar harakatlar sharoitida, o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishga qodir bo‘lgan harbiy kadrlarni samarali tayyorlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

— Dunyoning turli xududlarida sodir bo‘layotgan mintaqaviy ziddiyatlar, separatizm va xalqaro terrorizmga nisbatan O‘zbekistonning rasmiy munosabati, bu illatlarga qarshi kurashda dunyoning tinchliksevar hamjamiyatining roli, bu boradagi O‘zbekistonning pozitsiyasi haqida ham fikr almashsak.

Alisher HAMROYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi:

— O‘zbekiston Respublikasi BMT doirasida faol va amaliy ishtirok etib kelayotgan yana bir muhim yo‘nalish bu — zamonaviy shart-sharoitlarda umumiy xavfsizlikka tahdid soluvchi etnik, mintaqaviy, mahalliy ziddiyatlar, separatizm va xalqaro terrorizmni oldini olish borasidagi faoliyatdir.

O‘zbekiston mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga dolzarb masala sifatida o‘z e’tiborini qaratgan. O‘zbekiston vujudga kelayotgan tahdidlarga ularning kelib chiqish manbai va o‘zaro bog‘liqligini o‘rgangan holda o‘z vaqtida munosib javob qaytarib, kelmoqda. Bilamizki, dunyoda hali ekstremizm, terrorizm balolari xuruj olmasidan turib,  O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.Karimov 1993 yildan boshlab (BMT 48-sessiyasida) jahon hamjamiyatini xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashishda birlashishga chaqirgan edi. Mamlakatimiz BMTning terrorizm bilan kurash bo‘yicha 13 ta konventsiyasiga qo‘shilgani ham xalqimizning tinchliksevarligidan dalolatdir.

Bugun dunyoning turli mintaqalarida, shu jumladan, Yaqin Sharqda qarama-qarshilik va qurolli nizolar keltirib chiqargan asoratining ko‘lamdorligi, terrorizm, ekstremizm, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishi va milliy chegaralarni tan olmaydigan boshqa xavf-xatarlar kuchayib borayotgani xotirjamlikka o‘rin qoldirmaydi.

Bu borada O‘zbekiston oqilona va uzoqni ko‘zlagan izchil siyosat olib borayotganini hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi. Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni asrash hamda mustahkamlash, mintaqani xavfsizlik va barqaror rivojlanish zonasiga aylantirish O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati kontseptsiyasida ustuvor vazifalar qatorida turadi.

Shuni e’tirof etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ilgari surgan ko‘pgina tashabbuslari xalqaro jamoatchilik tomonidan haqli ravishda qo‘llab-quvvatlangan. Ana shunday tashabbuslar orasida quyidagilar mavjud: Birinchi Prezidentimizning 1999 yili Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Istambul sammitida taklif etgan Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Xalqaro Markazni yaratish g‘oyasi  2001 yilning sentyabrida BMT Xavfsizlik Kengashi doirasida Aksilterror qo‘mitaning ta’sis etilishida o‘z aksini topdi.  Bugun shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Aksilterror qo‘mitaning tashkil etilishi bilan O‘zbekiston ilgari surgan tashabbus to‘laligicha amalga oshdi.

2002 yil oktyabrida BMT Bosh kotibining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida tilga olingan, ya’ni Islom Karimovning taklifi bo‘yicha Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular prekursorlarining qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi (SARIKS) tashkil etilgan edi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun mamlakatimiz tinchliksevar siyosatining amaldagi yana bir ifodasi bo‘ldi. Mazkur kontseptsiyada O‘zbekistonning harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmasligi, o‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymasligi, davlatlararo aloqalar va hamkorlikni faqat ikki tomonlama asosda tashkil etishi bayon qilingan. 

2016 yilning 14 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.Mirziyoev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining qo‘shma yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati kontseptsiyasi xalq irodasini ifoda etuvchi puxta o‘ylangan siyosiy xujjat ekanligini ta’kidlab bundan keyin ham O‘zbekiston ushbu kontseptsiyada bayon etilgan g‘oyalarga og‘ishmay rioya etishini e’lon qildi.

Ko‘rinib turibdiki, o‘z navbatida, ushbu jarayonda deputatlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklanmoqda. Mudofaa va xavfsizlik sohasidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini ta’minlash, bu boradagi qonunchilikda mavjud huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash va bartaraf etish oldimizda turgan g‘oyat muhim vazifadir. 2017 yilda parlamentimizning mas’ul qo‘mitasi tomonidan ushbu sohaga oid qonunlar va bir qator qonunosti hujjatlarining tizimli inventarizatsiyadan o‘tkazilib, uning natijalariga qonunchilik hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarning belgilangani mazkur vazifani amalga oshirishga xizmat qilishi, shubhasizdir. Zero, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoit yaratishga oid chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish bugungi kunda hayotiy zaruratdir.

Muxtasar aytganda, mustaqil taraqqiyotimizning o‘tgan davr mobaynida hayotga tatbiq etilgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli mamlakatimiz xavfsizligi hamda barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga, aholining tinch va osuda hayotiga qarshi qaratilgan har qanday tajovuz va g‘arazli urinishlarning oldini olishga qodir bo‘lgan, ixcham, har tomonlama yaxshi ta’minlangan, jangovar qobiliyat hamda tayyorgarlikka ega milliy armiyamiz shakllantirildi. Bular natijasida bugungi kunda Qurolli Kuchlarimizni tashkil etish va boshqarishning mutlaqo yangi tizimi vujudga keldi. Armiya saflarida Vatan uchun xizmat qilish har bir yigitning qalb amriga, g‘ururu iftixoriga aylandi.

Fursatdan foydalanib, tinchliksevar xalqimizni, mudofaa tizimida sidqidildan xizmat qilayotgan Vatan himoyachilarini yaqinlashib kelayotgan ulkan bayram bilan tabriklaymiz, yurtimiz tinch, turmushimiz yanada farovon bo‘lsin!

 

Suhbatni Jobir XO‘JAQULOV

tayyorladi.