Osoyishta yurt shodiyonalari

Yangi yil dunyo xalqlarining eng sevimli bayramlaridan. Bu ayyom kattayu kichikka birday quvonch bag‘ishlaydi. Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Navoiy viloyatining shahar va qishloqlarida ham bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

 

Bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish va tinch-osoyishta o‘tkazish maqsadida viloyat, tuman va shahar hokimliklari hamda mas’ul idoralar tomonidan maxsus ishchi guruhlar tuzilgan. Mazkur guruhlar bayram tomoshalari, savdo yarmarkalari o‘tkaziladigan maskanlarda jamoat tartibi, yong‘in va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, pirotexnika vositalari sotilishining oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘rmoqda. Ushbu tadbirga huquq-tartibot idoralari bilan birga jamoatchilik vakillari ham jalb etilgan.

Bezatilgan archalar, tungi illyuminatsiyalar, rang-barang chiroqlar ko‘zni quvontiradi. Jajji bolakaylar bilan gavjum maydonlar, bog‘lar va xiyobonlar dillarga zavq bag‘ishlamoqda. Ayniqsa, Navoiy shahridagi “Xalqlar do‘stligi” ko‘chasi ko‘rkam, tantanavor, maftunkor va bayramona qiyofa kasb etgan. Poytaxtdan olib kelingan ulkan archa, beshta arka, uchta globus, ko‘plab qo‘ng‘iroqchalar, ertak qahramonlari, turfa chiroqlar va bezaklar bilan yasatilgan ushbu maskan kattayu kichikni bolalikning sehrli olamiga yetaklaydi. Baxtiyor kichkintoylarning shodon kulgisi, dilrabo kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘lmoqda.

– Nabiram Nurmuhammadning quvonchi cheksiz, – deydi Karmana tumanidagi “Farhod” mahallasi fuqarosi D.Hasanova. –  Archa atrofida bolalarning maroqli dam olishi uchun yaratilgan sharoitlardan mamnunmiz. Mustaqil yurtimiz farzandlariga havasim keladi. Istiqlol farzandlarimizni dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan, bilimli, yuksak ma’naviyatli, sog‘lom va teran tafakkurli avlod qilib tarbiyalash imkonini berganidan quvonaman...

Yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda nishonlash va aholi dasturxoni to‘kinligini ta’minlash maqsadida bayram oldi qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari ham o‘tkazilmoqda.

–Iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish kompleksi korxona va tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu yarmarka joriy yilning 15 dekabridan ish boshladi, – deydi “O‘zagroeksport” tashkilotining viloyatdagi vakili Obidjon Shodiev. – Qirqqa yaqin qayta ishlash korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlar, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar o‘z mahsulotlarini xaridorlarga taklif etayotir.

Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasida aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulaylik yaratilgan. Toza va ozoda rastalarda meva, sabzavot, go‘sht, tuxum, non, sut va qandolat mahsulotlari hamda ichimliklar arzon narxlarda sotilmoqda. Bu yerga kiritilayotgan barcha turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari xodimlari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilgach, sotishga ruxsat beriladi. To‘lovni naqd pulsiz amalga oshirish uchun terminallar ham o‘rnatilgan. 

Bayramona bezatilgan rastalardagi kartoshka, piyoz, sabzi, guruch, keng assortimentdagi oziq-ovqatlar, qayta ishlangan mahsulotlar va ichimliklar o‘zining sifati va maqbul narxi bilan xaridorlar e’tiborini tortmoqda.

– Bobodehqonlarimizning samarali mehnatlari tufayli ayni kunlarda ham bozorlarimizda sarxil meva-sabzavotlarni arzon narxlarda, tanlab xarid qilish imkoniyati mavjud, – deydi yarmarkadan mahsulot xarid qilayotgan qiziltepalik Xolniso Sayfullaeva. – Ishlab chiqaruvchi korxonalar ham ko‘paygan, sifatli mahsulotlar mo‘l-ko‘l. Bularning barchasi yurtimizda oilalar mustahkamligi, xalqimiz farovonligi ziyoda bo‘lishiga xizmat qiladi.

Har yili an’anaviy o‘tkaziladigan “Prezident archasi” tadbirlarini ham viloyatning barcha tuman va shaharlarida yuksak saviyada tashkil etish, bayramning unutilmas taassurotlarga boy bo‘lishi uchun qiziqarli, rang-barang madaniy dasturlar tayyorlanmoqda.

– Yangi yilni yuqori saviyada va ko‘tarinki o‘tkazish uchun viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, tizimdagi barcha shahar, tumanlar bo‘limlarida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, – deydi viloyat xalq ijodiyoti markazi muharriri Nigora Qahhorova. – 2017 yilni viloyatda munosib kutib olish uchun boshqarma tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Rejaga asosan shahar aholisiga madaniy xizmat ko‘rsatish uchun “Navo” ashula va raqs ansambli, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xonandalari, Navoiy madaniyat va san’at kolleji havaskorlari, “Farhod” va “Shirin” madaniyat saroyi xonandalari ishtirokida teatrlashtirilgan bayramona kontsert dasturlari namoyishi belgilangan.

Bolajonlarning qishki ta’tilini mazmunli o‘tkazish maqsadida shahar, tuman madaniyat va aholi dam olish markazlarida “Sehrli orzuning ushalishi”, “Qorboboning sehrli olami” kabi ertaklar namoyishi ko‘zda tutilgan.

Ha, tinchlik-osoyishtalik hukm surayotgan, xalq farovonligi muttasil yuksalib borayotgan bunday yurtga bayramlar yarashadi. 

 

Xurshida NARZIYEVA

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

July 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.