INSON MANFAATI oila va jamiyat manfaati demakdir

Necha-necha asrlardan beri xalqimizning qon-qoniga singib, azaliy qadriyatlariga aylangan ezgu an’analari bor. Bizda oila qo‘rg‘onining chirog‘i, farzandlarning jismoniy va ma’naviy kamoloti uchun mas’ul inson sifatida ayolga o‘zgacha e’tibor va ehtirom ko‘rsatiladi.

 

Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilganidek, ayollar erkaklar bilan teng huquqqa ega, jamiyatda ularning qonuniy haq-huquqlari kafolatlangan, shu bilan birga, o‘ziga xos ruhiy-psixologik xususiyatlari, hayotimiz davomiyligi, farzandlar kamolotidagi o‘rni e’tiborga olinib, ayol zotini e’zozlash, asrab-avaylash, qadrlash tamoyillari ham nazardan chetda qolmagan. 

2016 yil 9 fevralda “Sog‘lom ona va bola yili” davlat Dasturining qabul qilingani zamirida ham ana shu yuksak qadriyatlar, azaliy an’analarga sadoqat g‘oyalari, qolaversa, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, jamiyatda onalarga alohida hurmat-e’tibor muhitini shakllantirish, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, oilaning mustahkam, sog‘lom va ahil bo‘lishida mahalliy davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlarining hamkorligini yanada kuchaytirish maqsadlari o‘z ifodasini topgan.

Dasturda alohida belgilab qo‘yilgan vazifalar va ularning ijrosi sarhisob qilinayotgan, shuningdek, yangi maqsadlar hamda tashabbuslar rejasi tuzilayotgan bir pallada jamiyatimizning har bir a’zosi, har bir yurtdoshimiz, shu qatori, FHDYo idoralari xodimlari ham o‘z faoliyatimizni tahlil etyapmiz, qilingan ishlar va amalga oshmay qolgan ayrim rejalarni yanada puxta qilish, kelgusidagi vazifalarimizni belgilash taraddudidamiz.

Asosiy vazifalarimizdan biri oila institutining huquqiy asoslarini mustahkamlash, balog‘at yoshiga yetmaganlar yoki yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, oilaviy ajrashishlar, qo‘ydi-chiqdilar sonini kamaytirishdan iborat. 

Xo‘sh, oila mustahkam bo‘lishi uchun nimalarga e’tibor berish kerak? 

Buning uchun, avvalo, nikoh ostonasida turgan ikki yoshning salomatligi zarur. Bir go‘dakning sog‘lom dunyoga kelishi, baxtiyor o‘sib-ulg‘ayishi uchun har birimiz mas’ulmiz. Ko‘p yillik faoliyatim davomida bu borada burchimiz, hamkasblarimning mas’uliyati yuz chandon ortiq ekaniga ishonch hosil qildim.

Respublika Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, FHDYo idoralariga murojaat qilgan yoshlar ruhiy kasalliklar, giyohvandlik, tanosil va sil kasalliklari, shuningdek, OIV, OITS bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi. Agar tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibi buzilib, bu holatlar yashirilsa, nikohlanuvchilar va ularning bo‘lajak farzandlari uchun og‘ir asoratlarga sabab bo‘lishi turgan gap. Qolaversa, tegishli tartiblar buzilgan holda tuzilgan nikoh sud qarori bilan haqiqiy emas, deb topilishi ham mumkin.

Ayni paytgacha to‘plagan tajribam, eshitgan-ko‘rganlarim, tevarak-atrofda ro‘y berayotgan turli voqealar, holatlar asosida, kezi kelganda, fuqarolar orasida “Sog‘lom turmush tarzi”, “Barkamol avlod”, “Sog‘lom va mustahkam oila” tushunchalari yuzasidan olib borayotgan suhbatlarimiz, tadbirlar o‘zini oqlayotganiga guvoh bo‘lyapman. FHDYo idoralariga murojaat qilayotgan fuqarolarning huquqiy-ma’naviy tushunchalarida namoyon bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lganimda esa, sa’y-harakatlarimiz izsiz ketmaganidan ko‘nglim yorishadi. 

Shu o‘rinda faoliyatimdan bir misol keltiraman. Bir oila besh yildan buyon qonunga zid bo‘lsa-da, shar’iy nikoh asosida oila qurib yashab kelayotgan ekan. O‘rtalarida ikki nafar farzand ham tug‘ilibdi. Ular qonuniy nikohni rasmiylashtirish uchun FHDYo bo‘limiga ariza berishdi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma berganimizda: “Biz besh yildan buyon birga yashab kelamiz, tibbiy ko‘rikdan o‘tishimiz shartmas-ku, ortiqcha yugur-yugurlarsiz nikohimizni tezlatib, qayd qilib bera qoling”, deya achchiq qilib chiqib ketishdi. Oradan 20 kuncha o‘tgach, idoramizga kirib kelgan erkak: “Uzr, opa sizni xafa qilib ketgandim, yaxshiyamki, shu tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan ekan, ayolimning o‘pkasida kuchli  shamollash borligi ma’lum bo‘ldi. Agar biroz bee’tibor bo‘lganimizda, sil kasalligi kelib chiqishi mumkin ekan, uni o‘z vaqtida olib boribman, davolansa sog‘ayib ketadi, deyishdi. Oilamning mustahkamligi uchun bolalarimning onasini albatta davolataman”, deya minnatdorchilik bildirdi.

Haqiqatan, ona sog‘lom bo‘lsagina, farzandlarni ham har tomonlama yaxshi parvarish qila oladi. Aks holda oiladan totuvlik ham, baraka ham ketishi bor gap. 

Ezgu an’anaga muvofiq, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan kelgusi yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilindi. Ko‘pchiligimiz “xalq bilan muloqot”, “inson manfaatlari” tushunchalari asosida yotgan maqsad-vazifalar va ezgu g‘oyalarni allaqachon anglab, mag‘zini chaqishga, o‘zimiz uchun zarur xulosalar chiqarishga ulgurdik, nazarimda. Aynan adliya idoralari faoliyatida xalq bilan muloqotni kengaytirish, fuqarolar bilan yanada yaqin muloqotga kirishish orqali oila va nikoh bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni hal etish, jamiyatda sog‘lom jismoniy hamda ma’naviy-ruhiy muhitni yaratish va uni mustahkamlashga erishish mumkin. “Inson manfaatlari” tushunchasi asosida esa, hech shubhasiz, oila manfaatlari, ya’ni ona va bola manfaatlari yotadi. Inson omiliga e’tibor, uning manfaatlariga e’tibor masalasi, shubhasiz, onalik va bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan islohotlarni, ezgu tashabbuslarni davom ettirishga chorlaydi. 

 

Shoira ABDULLAYEVA, 

Namangan viloyati adliya boshqarmasi huzuridagi

viloyat FHDYO arxivi mudirasi