Kollej ARMlariga bir nazar

Kitobni inson tafakkuri mevalarini o‘zida jamlagan tilla sandiqqa qiyos etish mumkin. Har bir inson, har bir avlod shu mevalardan bahramand holda kelajak sari odimlab boradi. Zero, kitob insoniyat tomonidan yaratilgan kashfiyotlar orasida eng muhimi va ishonchlisi, desak xato bo‘lmaydi. Shu vositani yillar, asrlar osha kelajak avlodga yetkazishda esa kutubxona atalmish muassasalarning xizmati beqiyos.

 

Hayotimizning ajralmas qismi bo‘lgan kutubxonalar tufayligina qadimgi qo‘lyozmalar, bosma kitoblar, tarixiy shaxslar haqidagi manbalar bizgacha yetib kelgani hech kimga sir emas. Bugungi kunda esa mamlakat kelajagi bo‘lmish yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashda, ularda o‘zligini anglash, jamiyat talablariga hozirjavob bo‘lish hissini shakllantirishda asosiy rol o‘ynayapti. 

Jamiyatimizdagi global-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalari kutubxonalari faoliyatidagi isloh qilishga olib keldi. Natijada yosh avlodning intellektual ehtiyojlarini qondirishga, madaniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni asrashga yo‘naltirilgan yangi zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari barpo etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2006 yil 20 iyunda “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi esa yuqoridagi vazifalarning izchil amalga oshirilishida asosiy turtki bo‘ldi. Xo‘sh, ilm uchog‘i o‘rta maxsus ta’lim tizimi — kollejlarimizda bu borada ahvol qanday?

Kollej ARMlari zamon talablariga javob beradimi?

Ushbu savollarga javob izlab Chilonzor pedagogika kollejida bo‘ldik. Kollej kutubxonasi 40 o‘ringa mo‘ljallangan. Yorug‘ va tinch xonada o‘quvchilar mutolaa bilan band. Kitob javonlari adabiyotlar bilan to‘la. To‘rtta javonda ko‘rgazmali targ‘ibot uchun O‘zbekiston milliy entsiklopediyasining to‘liq 12 tomi, Alisher Navoiy “Xamsa”sining lotin va kirill yozuvdagi variantlari, Prezident asarlari tizilib turibdi. 

— Kutubxonamizda jami 70319 ta kitob bor, — deydi ARM rahbari Dilfuza Hidoyatova. — Shulardan 18671 tasi umumta’lim, 6081 tasi siyosiy, 9519 dona badiiy, 17607 tasi notalar haqidagi kitoblardir. O‘tgan yili kollejimiz hisobidan maktabgacha ta’lim pedagogikasiga oid 2 million so‘mlik adabiyotlarni xarid qildik. Muassasamizda 3352 nafar o‘quvchi o‘qishini inobatga olsak, kitoblarimiz yetarli.

— Umuta’lim fanlarining barchasidan ko‘rgazmali metodik qo‘llanmalarimiz bor, — deydi kutubxonaning yana bir xodimi Yulduz Egamderdieva. — Bundan tashqari, elektron darsliklarimiz ham mavjud. Ularning bari kompyuterga tushirilgan. Internetga ulangan jami 6 ta kompyuter orqali o‘quvchilarimiz o‘qituvchilar nazoratida internetdan foydalanishadi. 

Adabiyotlarni o‘zimiz ko‘zdan kechira boshladik. Stol ustida  “Xalq so‘zi”, “Narodnoe slovo”, “Pravda Vostoka”, “Toshkent oqshomi”, “O‘zbekiston ovozi”, “Vaziyat”, “Ma’rifat”  kabi gazetalar, “Til va adabiyot ta’limi”, “Yoshlik”, “Kasb-hunar ta’limi” singari jurnallar taxlami turibdi. ARM xodimasining aytishicha, mazkur nashrlar 1 nusxadan bo‘lgani bois o‘quvchilar kollejning o‘zida foydalanishar ekan. Bugun mamlakatimizda 1,5 mingdan ziyod matbuot nashrlari chop etilayotganini nazarda tutsak, bu ancha kam.  

Turli sohaga oid adabiyotlarning aksari, jumladan, ”Bolalar adabiyoti”, “Korrektsion ishlar maxsus metodikasi”, “Tadbirkorlik va biznes asoslari”, “Zardo‘zlik texnologiyalari”, “O‘zbek xalq harakatli o‘yinlari” kabi maxsus darsliklar lotin alifbosida. Bundan tashqari, 2500 ga yaqin rus adabiyotiga oid kitoblar ham alohida javonlarda taxlab qo‘yilgan. Badiiy adabiyotlar bilan ham tanishish maqsadini bildirgan edik, kutubxonachi opa bizni turli anvoyi gullar bilan bezatilgan bo‘limga olib kirdi. Bu yerdagi javonlar ham kirill yozuvidagi Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor”, Said Ahmadning “Tanlangan asarlar”i, O‘tkir Hoshimovning “Saylanma”si, Shukur Xolmirzaev, Luqmon Bo‘rixon kabi yozuvchilarning ijod namunalari, lotin alifbosidagi Chingiz Aytmatovning “Erta qaytgan turnalar”, Xudoyberdi To‘xtaboevning “Sariq devni minib”, O‘tkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar”, “Kalila va Dimna”, “Buyuk Sohibqiron” kabi badiiy asarlar bilan to‘laligi diqqatimizni tortdi. 

Mutolaadan bosh ko‘tarmayotgan kollej o‘quvchilarining kutubxona haqidagi fikrlarini bilish maqsadida ularga yuzlandik.

Dildora Abdug‘anieva, 

2-kurs o‘quvchisi, musiqa yo‘nalishi: 

— Kollejimiz kutubxonasida o‘qishni istagan kitobimni topa olmaganimni hali eslolmayman. Badiiy kitoblarni sevib o‘qiyman. Oxirgi marta Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini o‘qigandim. 

Umida Sharipova, 

2-kurs o‘quvchisi, ARM yo‘nalishi:

— Ko‘rish imkoniyatim cheklangani bois ko‘proq ovozli elektron badiiy kitoblarga murojaat qilaman. Kutubxonamizda lotin yozuvidagi badiiy kitoblar ko‘proq bo‘lishini istayman. Chunki kirill alifbosidagi kitoblarni o‘qishga qiynalaman. 

Mazkur ilm dargohi ARMdan qoniqish hosil qilib, unga deyarli qo‘shni bo‘lgan Chilonzor kommunal xo‘jalik va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji tomon odimladik. Kollej o‘qituvchilaridan biri “kutubxona” deb boshlab nari borsa 20 o‘ringa mo‘ljallangan o‘qish zali (ko‘proq o‘qituvchilar xonasini eslatadi)da biri kompyuter o‘yinlari bilan band, biri rasm tomosha qilayotgan, yana biri matn terayotgan o‘quvchilarga duch keldik. Xona ham o‘rta yorug‘ (elektrni tejash uchun chiroqlarni yoqishmagan ekan), o‘ziga yarasha bezatilgan. O‘zini ARM xodimi deb tanishtirgan Gulchehra Mamadalieva kitoblar haqida gapira ketdi:

— Kutubxonamizdagi jami kitoblar soni 6475 tani tashkil etadi, shundan 2719 ta darslik, 254 tasi badiiy, 2014 tasi o‘quv qo‘llanma, 300 tasi siyosiy adabiyotlar. 5 xil nashrga obuna bo‘lganmiz. “Xalq so‘zi”, “Ishonch”, “Mahalla” kabi gazetalarimizni o‘quvchilarimiz mutolaa qilib boradi. Yo‘nalishlar bo‘yicha darslik hamda o‘quv qo‘llanmalar yetarli: “Xorijiy mamlakatlar, o‘zbek milliy pazandachiligi”, “Qandolatchilik texnologiyasi”, “Metallar texnologiyasi”, “Liboslar kompozitsiyasi” va boshqalar.

— Oltita kompyuterning bari internetga ulangan. Ular orqali “Ziyonet” va boshqa saytlarga bemalol kirish mumkin, — deya suhbatimizga qo‘shildi ARMning 1-toifali mutaxassisi Linar Sulaymenov. — Bundan tashqari, kollej darsliklarining ham elektron nusxalari kiritilgan.

Anchadan buyon kompyuterlarni band qilib o‘tirgan o‘quvchilarning afsuski birortasi internetdan o‘ziga kerakli ma’lumot olayotgani yo‘q, aksincha, ikkovlashib o‘yinlarni miriqib davom ettirishyapti. 

Kitoblar saqlanadigan xonaga ko‘z yugurtirarkanmiz, aksar darslik hamda eskirgan kitoblardan iborat javonlaru, atigi bitta javonni ham to‘ldirolmagan badiiy kitoblarga guvoh bo‘ldik. Kutubxonachi opadan Alisher Navoiyning “Xamsa”sini so‘ragan edik, faqatgina kirill alifbosidagi “Layli va Majnun” hamda “Abadiyat gulshani” asarlarini ko‘rsatdi, xolos.

Xodima kitobsevar o‘quvchilardan biri deb tanishtirgan Javohirxon Muhammedaminov haqiqatdan ilmga chanqoq yoshlardan ekan.

— Elektron adabiyotlardan ko‘ra, qitobni afzal ko‘raman, – deydi u. – Chunki kitob hissiyotlarni kuchliroq junbushga keltiradi, ham ko‘zimizga zarar yetkazmaydi. Badiiy asarlarni sevib mutolaa qilaman. Yaqinda “Graf Monte Kristo”ni o‘qib chiqdim. Kutubxonamizda badiiy kitoblar ko‘p bo‘lmagani uchun Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonaga ham a’zo bo‘lganman. Javonlarimiz badiiy kitoblar bilan to‘lishini istardim. 

“ZiyoNET” tarmog‘iga ulanganmiz, deb maqtangan ARM mutaxassisi arang bir soatda bosh sahifaga kirdi. Mazkur kutubxonani kuzata turib, Javohirxonga o‘xshagan kitobsevar o‘quvchilarimizni shu kabi ARMlar qondira oladimi, deya o‘yga toldik. Xo‘jako‘rsinga internetga ulangan kompyuterlar-chi? Haqiqatda talabalar undan foydalana olyaptimi?

Savol tug‘iladi, poytaxtimizdagi kollej ARMlarida ahvol shunday bo‘lgach, viloyatdagi kutubxonalar qay darajada ekan?

— Muxtor Ashrafiy nomidagi Buxoro san’at kollejimiz ayni paytda 556 nafar o‘g‘il-qizga ta’lim bermoqda. Kollej axborot-resurs markazi o‘quv zali, abonoment va elektron resurslar bo‘limidan iborat. Har kuni yuzdan ortiq talaba mutolaa uchun kutubxonaga kiradi, — deydi ARM xodimi Dilafruz Rizaeva. — O‘quvchilar umumta’lim va mutaxassis fan darsliklaridan tashqari Prezident asarlari, badiiy adabiyotlar, gazeta-jurnallardan foydalanib, bilimlarini oshirishadi. Jami 26281 ta kitobning 900 tasini badiiy adabiyotlar (bu juda oz emasmi?) tashkil etadi. Lotin alifbosida 6837 ta, o‘zbek kirill alifbosida 6005 ta, xorijiy tillarda 657 ta va rus tilida 12782 ta kitob bor. O‘quvchilarning kitobga qiziqishini yanada oshirish maqsadida ko‘rgazmalar, ommaviy tadbirlar hamda yangi kitoblar taqdimotini o‘tkazib turamiz. “ZiyoNET” internet tarmog‘iga ulangan ARM kompyuterlari orqali bemalol elektron darsliklarni ham o‘qish mumkin.

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tibbiyot kollejining kutubxona fondi bilan ham qiziqdik.

— 54 o‘ringa mo‘ljallangan kutubxonamiz o‘rta bo‘g‘imi tibbiy xodimlarni yetishtirib berishda o‘z hissasini qo‘shmoqda, — deydi ARM rahbari Mahbuba Qaraboeva. — Kollejimiz tashkil etilgan yili kutubxona fondi 1520 tani tashkil etgan bo‘lsa, hozir 14628 dona bosma va elektron kitoblar fondiga egamiz. Kitobxonlarimiz kundalik matbuot nashrlari, Internet, elektron va bosma an’anaviy adabiyotdan foydalanish uchun barcha qulayliklarga ega. ARMda 2013-2014-o‘quv yilidan boshlab KARMAT dasturida kitobxonlarga xizmat ko‘rsatib kelinmokda. Qisqa qilib aytganda, ushbu dastur asosida elektron kataloglarning cheklanmagan ma’lumotlar omborini yaratishdan iborat. Shu bilan bir qatorda, audio va video materiallarni kompyuter fayllari va dasturlari ma’lumotlarini ta’riflash imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha ish olib borilmoqda. 

Buxoro viloyati Shofirkon maishiy xizmat kasb-hunar kolleji bilan bog‘landik. ARM rahbari Nafisa Sharipova bizga quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi:

— 32 o‘ringa mo‘ljallangan kutubxonamiz fondidagi 12000 kitobning 3000 tasini badiiy asarlar tashkil etadi. ARMda internetga ulangan oltita kompyuter o‘quvchilar ixtiyorida. Yaqinda KARMAT dasturi bo‘yicha ish boshlashni rejalashtirib turibmiz. Yetishmayotgan adabiyotlar boshqarma hamda kollej maxsus hisobidan to‘ldirilib borilyapti. O‘quvchilarimiz bu yerdan topolmagan kitoblarini tuman markazidagi ARMdan olib turishadi. 

Suhbat davomida Nafisa opa “muammolarimiz yo‘q” degan bo‘lsa-da, shu narsa ayon bo‘ldiki, kutubxonadagi aksar badiiy adabiyotlar kirill alifbosida ekan. Milliy entsiklopediyaning esa birorta ham tomi yo‘q. 1607 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan ilm maskanining ARM o‘quv zali atigi 32 o‘ringa mo‘ljallangani ham ozdek, nazarimizda.

Xullas, qaysi kollej kutubxonasiga murojaat qilmaylik, baridan “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq ARM faoliyati yaxshilanyapti, kompyuterlarimiz internetga ulangan, elektron darsliklarimiz yetarli, elektron kataloglashtirish yo‘lga qo‘yilgan qabilidagi javoblarni oldik. Biroq ular bilan yuzlashganda muammolar birma-bir bo‘y ko‘rsatyapti. Kutubxonalar yangilanayotgan bo‘lsa-da, muammolar eskiligicha qolayotgani ayni haqiqat. Kuzatuvlarimizning xulosasi shu bo‘ldi: kollej ARMlari yangi alifbodagi kitoblarga, kutubxonalar ko‘proq kitobxonlarga, kutubxonachi xodimlarning esa tashabbusga hali ehtiyoji bor. 

 

Go‘zal MALIKOVA, 

“Hurriyat” muxbiri

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Yolg‘onning qurbonlari

2018-01-15 06:33:35

MA’RIFAT YO‘LIDA SOBITQADAMLAR

2018-01-15 06:45:38

Tvda SO‘ZLASHUV MADANIYATI

2018-01-15 06:30:30

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

January 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.