KONSTITUSIYA – DEMOKRATIK DAVLATNING HUQUQIY POYDEVORI

Bosh Qomusimiz davlatimiz mustaqilligining ulkan ramzi bo‘lib, unda o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘limiz aks etadi. Uni yosh avlod  erkinlik, mustaqillik, ozodlik va hurlik tantanasi sifatida e’zoz-hurmat bilan tilga olmoqda. U xalq xohish-irodasini ifoda etuvchi adolatli davlat, ochiq jamiyat va erkin hayot qurish va uni rivojlantirishning istiqbollarini belgilaydi. Unda  inson hayoti, uning sha’ni, qadr-qimmati, haq-huquqlari va manfaatlari oliy qadriyat sifatida mustahkamlab qo‘yilgan.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zolari tomonidan o‘tkazilgan mazkur davra suhbatida Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi, uning ahamiyati, konstitutsiyaviy qoidalarni hayotga tatbiq etish muammolari, shuningdek,  amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi.

Akmal SAIDOV

qo‘mita raisi:

– Ma’lumki, o‘tgan 24 yillik tarixiy davrda Konstitutsiyamiz mamlakatimiz, xalqimiz hayotining barcha sohalarini tartibga solayotgan milliy huquqiy tizimimizning asosiy manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, ushbu hujjat inson huquqlari, erkinliklarini amalga oshirish va himoya qilish kafolatlarini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lganini ta’kidlash zarur. Zotan, tarixan qisqa davrda inson huquqlarini ta’minlash borasida asrlarga tatigulik ulug‘vor ishlar amalga oshirildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Bosh qomusimizning qabul qilinishida davlatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning beqiyos xizmatlari bor. U kishining tashabbuslari va tavsiyalari, maslahatlari bilan puxta o‘ylab, juda ko‘plab huquqshunos olimlar fikr-mulohazalariga tayanib ishlab chiqilgan Konstitutsiyamiz mana 24 yildirki, yurtimizni farovonlik sari yetaklab bormoqda.

Mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi tufayli mamlakatimizda istiqlol yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. Bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi oliyjanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘ulari yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi. 

Bugungi kunda davlatimiz xalqaro huquq normalariga mos, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or huquqiy tajribasiga, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosiga va xalqimizning urf-odatlari, siyosiy va huquqiy tajribalariga asoslangan milliy huquq tizimiga ega bo‘ldi. Eng muhimi, Konstitutsiyamiz yurtimizda barpo etilayotgan insonparvar, adolatli va demokratik huquqiy davlat va uning huquqiy tizimining nazariy hamda huquqiy asoslarini ishlab chiqishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Men bugungi davra suhbatida quyidagi uchta masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Birinchisi, Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi va bugungi kundagi ahamiyati; ikkinchisi, Konstitutsiya qoidalarini qo‘llash muammolari; uchinchisi, konstitutsiyaviy vatanparvarlik.

Mamlakatimizda yangi Konstitutsiya haqidagi ilk fikrlar 1989 yili O‘zbekistonda “Ijtimoiy fanlar” jurnalida, 1990 yili “Sovetskoe gosudarstvoi  pravo” jurnalida e’lon qilingan edi. Rasman “O‘zbekistonga yangi Konstitutsiya kerak” degan g‘oya 1990 yil 30 martda O‘zbekiston Oliy Kengashining birinchi sessiyasida ilgari surildi. 1990 yil 24 martda sobiq Ittifoq respublikalari ichida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda Prezidentlik lavozimi joriy etildi. Mazkur sessiyada mustaqil O‘zbekiston davlatining ramzlarini ishlab chiqish bo‘yicha Maxsus komissiya tuzildi.

Ikkinchi muhim qadam  – 1990 yil 20 iyunda Mustaqillik deklaratsiyasining qabul qilinishi bo‘ldi. 1990 yil 21 iyunda Prezidentimiz boshchiligida 64 kishidan iborat Konstitutsiyaviy komissiya hamda akademik Sh.O‘razaev rahbarligida mazkur Komissiya tarkibida 32 kishilik Ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruhi tomonidan 97 mamlakat,  nafaqat o‘arb, balki Sharq mamlakatlari Konstitutsiyalari ham o‘rganildi. Konstitutsiyaning uchta kontseptsiyasi yaratildi. Birinchi kontseptsiyaning ahamiyatli tomoni shundaki, u O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan Oliy Kengashga kiritilgan edi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Konstitutsiyaning yaratilish jarayoni bugungi kunda qonunchilik jarayoni uchun katta saboq maktabi bo‘lishi kerak. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya tarixi muzeyini yaratish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Konstitutsiyaga bo‘lgan hurmat uning amalda qo‘llanilishi bilan belgilanadi. To‘g‘ri, O‘zbekiston Oliy sudi Plenumining O‘zbekiston Konstitutsiyasi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga havola qilgan qarorlari bor. Bundan tashqari, Konstitutsiyaning har bir moddasi bo‘yicha qonunlar qabul qilingan, lekin Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita  qo‘llanilishiga e’tibor yetarli emas edi. Birinchi Prezident Islom Karimovning 2001 yil 4 yanvardagi Farmoyishi ijrosi yuzasidan joylarda Konstitutsiyani o‘rganishga va uning  bevosita qo‘llanishiga katta e’tibor qaratildi. Jumladan, Konstitutsiyamizga bag‘ishlangan yuzdan ortiq ilmiy-ommabop kitob, darslik, qo‘llanmalar chop etildi. Xalqimiz Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatini tobora chuqurroq anglab yetmoqda. Ammo Konstitutsiyani amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarini takomillashtirish muhimligicha qolmoqda.

Respublikamizda adliya, sud, prokuratura, ichki ishlar, bojxona va soliq tizimi xodimlarining malaka oshirish muassasalari mavjud. Lekin Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, uning har bir moddasi bo‘yicha bilim beriladimi? Bo‘lajak sudya, bo‘lajak prokuror yoki tergovchiga Konstitutsiya xususida qanchadan-qancha savollar bor-ku? Bu tomonlar o‘ylab ko‘rildimi?  Zotan, Konstitutsiya – huquqiy bilimlar alifbosi. Huquqni bilish esa Konstitutsiyani o‘rganishdan boshlanadi. Har qanday fuqarolik jamiyatining poydevori  Konstitutsiyadir.

Uchinchi masala  — konstitutsiyaviy vatanparvarlik. O‘ylaymanki, bizda konstitutsiyaviy vatanparvarlik, Konstitutsiyaga ishonch, undan g‘ururlanish, iftixor etish tuyg‘usi kuchli bo‘lishi kerak. Chunki konstitutsiyaviy vatanparvarlik – o‘z taqdirini o‘zi yaratayotgan, madaniyati yuksak xalq ma’naviyatining uzviy qismi ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.

  

Jahongir SHIRINOV, 

qo‘mita a’zosi:

Hurmatli Akmal Xolmatovich, mamlakatimiz asosiy qomusining yigirma to‘rt yilligi arafasida juda dolzarb masalaga e’tiborimizni qaratdingiz. Konstitutsiyamizni o‘rganish, undan kundalik turmushimizda faol foydalanish uchun avval uning tarixi, ahamiyati va zaruratini to‘g‘ri anglashimiz lozim. Bilamizki,  konstitutsiya – lotincha (constitutio) so‘zdan olingan bo‘lib, “tuzish”, “o‘rnatish” degan ma’noni bildiradi.

Har qanday me’yoriy-huquqiy hujjat, qonun, farmon, qaror avvalambor konstitutsiyaga asoslanadi. Boshqacha aytganda, Konstitutsiya – davlatning Asosiy qonuni bo‘lib, shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi. 

O‘zbekiston mustaqil davlat deb e’lon qilingan kundan boshlab Konstitutsiyamiz loyihasi ustida tinimsiz ish olib borilmoqda.

Konstitutsiya loyihasini tayyorlashda uch manbaga tayanilganiga diqqatni qaratmoqchiman. 

Birinchi manba: ko‘p asrlik boy milliy huquqiy meros. Aynan shuning uchun ham Konstitutsiyamizda eng avvalo, o‘zbek millatining tarixiy an’analari, hududiy tafakkuri o‘z aksini topgan. Aytish joizki, bizning Konstitutsiyamiz nafaqat yuridik hujjat, balki u milliy mafkuramizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy asosini tashkil etuvchi umuminsoniy g‘oyalarga xizmat qiladi.

Ikkinchi manba: inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar. Bilamizki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida to‘la o‘z ifodasini topgan.

Jumladan, Asosiy qonunimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari mazmunini bevosita ochib beruvchi 34 ta modda mavjud. Uning muqaddimasidan tortib, yakunlovchi qoidalariga qadar inson to‘g‘risida, uning farovonligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik g‘oyalari singdirilgan. 

Hammamiz bilamizki, Sobiq sho‘ro tuzumida davlatning manfaatlari shaxs manfaatlaridan ustun ekanligi qat’iy belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, ushbu masala  mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasida adolatli hal etilgan. Ya’ni, shaxs manfaatlari ustunligi, uni “oliy qadriyat” deb e’tirof etish nuqtai nazaridan hal etilgan (13-modda).

Bosh Qomusimizning 19-moddasida esa, fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emasligi qonuniy mustahkamlangan. 

Konstitutsiyamizning ikkinchi bo‘limi bevosita fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklariga bag‘ishlanganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Unda insonning shaxsiy huquqlaridan boshlab, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarigacha o‘z aksini topgan. Masalan, yashashga bo‘lgan huquqni olsak. Bilamizki, hayot insonga Alloh taolo tomonidan baxshida etilgan eng buyuk ne’matdir, undan mahrum etish esa insonparvarlikka zid hisoblanadi. Aynan shuning uchun, Konstitutsiyaning 24-moddasida “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir...” — deb belgilangan.

Fuqarolarga berilgan ijtimoiy huquqlar ham alohida e’tiborga molikdir. Ayniqsa “Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega” degan qoidani aynan Asosiy qonunda mustahkamlab qo‘yilganligi, ushbu masalada aholining ijtimoiy muhtoj qatlamlariga o‘zbekona g‘amxo‘rlikning kafolatlanganligi bilan baholanadi. 

Bosh Qomusimizda qonuniy mustahkamlab qo‘yilgan yana bir muhim masala fuqarolarning iqtisodiy huquqlarini samarali muhofaza etish masalasidir. Bozor iqtisodiyotining huquqiy zaminini yaratish manfaatlaridan kelib chiqib, Konstitutsiya xususiy mulk daxlsizligi va uning davlat tomonidan himoyalanishini (53-modda) hamda har kimning mulkka egalik qilish huquqini (36-modda) mustahkamladi. 

Uchinchi manba: xorijiy konstitutsiyaviy tajriba. Mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi rivojlangan davlatlarning tarixiy tajribasini o‘rgangan holda yaratilgan. Konstitutsiya Muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob va 128 moddadan iborat bo‘lib, u o‘z ichki tuzilishi bilan jahon Konstitutsiyaviy amaliyotiga to‘la mos keladi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 2014 yilda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi qonun qabul qilindi. 

Aytish kerakki, Konstitutsiyaning birgina 32-moddasiga kiritilgan qo‘shimcha — “davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish” bugun xalqaro jamoatchilik tan olgan “o‘zbek modeli”ning o‘ziga xos jihatlaridan biri ekanligini tasdiqlaydi. Shunday qilib, jamoatchilik nazorati Konstitutsiyaviy institut maqomiga ega bo‘ldi.

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, avvalambor parlament palatalarining o‘rni va vakolatlarini yanada kengaytirib, ularning ijro hokimiyati ustidan nazorat funktsiyalarini kuchaytirdi.

Prezident vakolatlarining bir qismi Bosh vazirga o‘tkazildi. Bosh vazir nomzodini taqdim etish va uning Oliy Majlis palatalarida tasdiqlanishiga oid tartibga aniqliklar kiritildi.

Undan tashqari, Markaziy saylov komissiyasini shakllantirishning demokratik tizimi, shuningdek, uning faoliyatiga doir asosiy printsiplar konstitutsiyaviy tarzda mustahkamlandi.

 

Bahrom OBIDJONOV, 

qo‘mita a’zosi:

— Haqiqatan ham mamlakatimiz Konstitutsiyasi avvalo xalqimiz manfaatiga qaratilgani bilan xarakterlidir. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jamiyatimiz barcha a’zolarining, shu jumladan, yoshlarning manfaatlarini, ularning haq-huquqi va erkinliklarini ham o‘zida to‘la ifoda etadi. Chunki davlatimizning har tomonlama qudratli davlatga aylanishida yoshlarning faol ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yoshlarning qobiliyati, iste’dodi, bilimiga muvofiq ijtimoiy ehtiyojlarini e’tiborga olib, ilm olish, kasb, mashg‘ulot turi va ish tanlash huquqini o‘z ichiga oluvchi huquqlar majmui Konstitutsiyaviy qoidalarda mustahkamlab qo‘yilgan.

Birinchi Prezidentimiz e’tirof etganidek, “O‘zbekistonning boyliklari ko‘p, lekin bizning eng katta boyligimiz, eng yuksak qadriyatimiz — jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikdir”. Zero, bugungi davrda hayotning o‘zi bizga turli millat, e’tiqod va din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik hukm surgan sharoitdagina umumiy xonadonimiz bo‘lgan Vatanimiz va jamiyatimiz, har birimizning oila-ro‘zg‘orimiz, farzandlarimiz kelajagini ta’minlashga erishish mumkinligini ko‘rsatib turibdi.

Konstitutsiyamizning 42-moddasida: “Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish kafolatlanadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi”, degan norma mustahkamlab qo‘yilgan. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning integratsiyalashuv jarayoni izchil rivojlanayotgani misolida ham ana shu konstitutsiyaviy qoidaning hayotimizga nechog‘lik chuqur tatbiq etilayotganini ko‘rish mumkin.

Mustaqillik yillarida yurtimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalari qatori, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashi va sog‘ligini muhofaza qilishi, oila qurish, yashash joylariga ega bo‘lish kabi o‘nlab hayotiy talablarni davlat tomonidan kafolatlash va qondirishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar tizimi ishlab chiqildi va amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, Konstitutsiyaning yoshlarga oid normalari qator qonun hujjatlarida, ularning muayyan tarkibiy qismlarida o‘zining to‘la ifodasini topgan.

Umuman olganda, istiqlol yillarida bolalar va yoshlarga oid 22  ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 27  ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 46  qarori, vazirlik, qo‘mita va boshqa idoralarning 200  dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlari qabul qilingan. Bundan tashqari Oliy Majlis tomonidan bolalar va yoshlar huquqlariga oid 10  ga yaqin xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilingan.

 

Abdullajon HAMROQULOV, 

qo‘mita a’zosi:

— Konstitutsiya haqida har qancha gapirsak oz. U xalqaro standartlarga mos keladigan oliy huquqiy hujjatdir. O‘zbekiston Konstitutsiyasi haqida jahon hamjamiyati, xalqaro huquq bilimdonlari ijobiy fikr bildirib kelishmoqda. Masalan, Frantsiyalik huquqshunos  Mishel Lesaj bir necha yil ilgari quyidagilarni aytgan edi: “O‘zbekiston davlati o‘zining yangi Konstitutsiyasini qabul qilgan. Ushbu Konstitutsiya shunisi bilan e’tiborliki, unda belgilangan normalar asosida dunyo mamlakatlarining yangi qabul qilinayotgan konstitutsiyasini ishlab chiqish mumkin”. 

Shubhasiz, bu fikr Konstitutsiyamizga berilgan katta bahodir. Shuni faxr bilan aytish mumkinki, ko‘plab yondosh respublikalar konstitutsiyasi qabul qilinishida O‘zbekiston tajribasidan foydalanildi.

Konstitutsiyamizning 14 ta muhim xususiyati bor. Ulardan eng asosiylari — suverenitet, xalqchillik, qonun ustuvorligi, hokimiyat vakolatlarining bo‘linishi, tashqi siyosat  asoslarini belgilab beruvchi konstitutsiyaviy qoidalarning mustahkamlanganidir. Bu siyosiy-huquqiy institutlarning nazariy va huquqiy asoslari mamlakatimizda birinchi marotaba yaratildi. Quvonarlisi shundaki, biz birorta moddani biror mamlakat konstitutsiyasidan ko‘chirganimiz yo‘q. Aksincha, Konstitutsiyamizning har bir moddasi milliy mentalitetimizga uyg‘unlashgan, uning matnini ishlab chiqishda ajdodlarimiz huquqiy merosi namunalari, musulmon huquqi manbalari, xalqimizning asriy urf-odatlari ham o‘rganilib, hisobga olindi. 

Istiqlolning o‘tgan yillari davomida Bosh Qomusimizga bir necha muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, mukammallik kasb etganini ham alohida e’tirof etish zarur.

 

Ibrohimjon XOJIEV, 

qo‘mita a’zosi:

— Mavzu yuzasidan ushbu davra suhbatida ishtirok etish, hammamiz uchun ham sharaflidir. Chunki, Konstitutsiyamiz o‘tgan yigirma to‘rt yil davomida katta sinovlardan o‘tdi, sayqal topdi. Bugun u olmosday yarqirab ongu shuurimizni yoritib turibdi. Haqiqatan ham Konstitutsiyamiz kelajagi buyuk davlatning ishonchli huquqiy kafolati hisoblanadi. Hayotimizni  farovon etish, uni chinakam qonuniy asosda qurish, o‘z haq-huquqlarimizni ta’minlash, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini o‘rnatish insonni oliy qadriyat deb hurmatlab, uning barcha manfaatlarining himoyasi uchun xizmat qiladi. Jamiyat esa u orqali demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini barpo etishni eng oliy maqsad deb, unga tomon intiladi.   

Biz bugungiday davra suhbatlari, targ‘ibot tadbirlarini ko‘proq o‘tkazishimiz, ayniqsa, yoshlarga Bosh qomusimizning beqiyos ahamiyati, davlatimiz taraqqiyotidagi o‘rnini aniq misollar orqali tushuntirib borishimiz zarur. Zero, ularning qalbida Konstitutsiyamizga bo‘lgan yuksak hurmat, vatanparvarlik tuyg‘ulari kuchaysin. Shunda ular mamlakatimiz taqdiriga daxldorlik hissi bilan kamol topadilar, biz orzu qilgan intellektual salohiyatli, yuksak ma’naviyatli avlod bo‘lib yetishadilar.

Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun munosabati bilan  o‘tkazilayotgan ilmiy-amaliy anjumanlar, davra suhbatlari va uchrashuvlarda biz yosh avlod vakillariga Bosh Qomusimizning davlatimiz rivojidagi beqiyos ahamiyatini yanada chuqurroq o‘rgatish bilan bir qatorda, uning asoschisi bo‘lgan Birinchi Prezidentimizning dono siyosati, xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlarini ham eslatib o‘tishimiz lozim deb o‘ylayman.

 

Odiljon TOJIEV, 

qo‘mita a’zosi:

— Konstitutsiyamizda keng o‘rin egallagan  yoshlar masalasi parlamentimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelayotgani ham quvonarlidir. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, 2016  yil 14  sentyabrda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida yoshlar bo‘yicha davlat siyosatining maqsadlari va tamoyillari, yoshlarning huquqiy va ijtimoiy muhofazasi masalalari, ta’lim olish huquqi, iqtidorli yoshlarga nisbatan davlat ko‘magini amalga oshirish kabi jamiyat rivojlanishi uchun zarur va dolzarb masalalar qamrab olingan.

Yurtimiz aholisini 60  foiz dan ortig‘ini yoshlar qatlami tashkil etadi. Xususan, bugungi kunda, 70 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari, 1  500 dan ortiq kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, 10  000 ga yaqin umumiy o‘rta ta’lim maktablari, 5  000 ga yaqin maktabgacha ta’lim muassasalarida halqimizning 7 milliondan ortiq farzandlari ta’lim-tarbiya olmoqdalar.

Mamlakatda faoliyat yuritayotgan 525 ta bolalar va o‘smirlar sport maktablari, 13 ta olimpiya zaxiralari kollejlari hamda 8 ta Respublika oliy sport mahorati maktabida yuqori malakali, iste’dodli sportchilar tayyorlanmoqda.

Bugun xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan fan olimpiadalari, sport musobaqalari g‘oliblari bizning yoshlarimiz bo‘layotganligi o‘tgan 25 yilda olib borilgan ishlar samarisidir.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz Konstitutsiyasi jamiyat hayotining turli sohalarida olib borilayotgan islohotlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal hisoblanadi va bunday mas’uliyatli ishlarni amalga oshirishda yoshlarimiz o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishlari shubhasiz.

O‘.MIRZAYOROV tayyorladi.

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

January 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31

.