Ma’naviy tahdidlar ta’siri

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida shunday yozgan edi: “Ayni paytda hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki xil maqsadda – ezgulik va yovuzlik yo‘lida foydalanish mumkin”.

 

Ilgari insoniyat o‘zaro ziddiyatlarda qurol-yarog‘ning turli ko‘rinishlaridan foydalangan. To‘qnashuvlar hosilasi dushmanning yeri, moddiy boyliklarini qo‘lga kiritish bilan izohlanar edi. Urush xavfi hammaning ko‘ziga yaqqol ko‘rinib turgan sifatlarda namoyon bo‘lardi. Hozirgi zamondagi eng katta xavf insonlarning qalbi va ongini egallash uchun uzluksiz davom etayotgan mafkuraviy kurash tusini oldi. Endilikda yadro poligonlarida emas, mafkura maydonlarida bo‘layotgan kurashlar ko‘p narsani hal qiladi.

Ayni paytda g‘oyaviy-mafkuraviy kurashlar yer yuzini, barcha mintaqa va mamlakatlarni qamrab olmoqda. Bugun bu jarayonlardan biror kishi yoki mamlakat chetda qolmaydi. Ayniqsa, diniy ekstremizm, fundamentalizm va boshqa axloqsizlik g‘oyalarini kishilar ongiga singdirishdan iborat mafkuraviy-ma’naviy tajovuzlar mintaqaviy va umumbashariy muammo darajasiga chiqib, unga qarshi kurashning xalqaro institutsional tizimini shakllantirishni taqozo qilmoqda. 

Xo‘sh, muammo qaysi jihatlarda ko‘rinadi?

 

“OMMAVIY MADANIYAT” TAHDIDI

“Ommaviy madaniyat” nima o‘zi?   Uning jamiyatga va kelajakka foyda-ziyoni qaerda ko‘rinadi?

Kimdir buni shu kunning modasi, xiti yo   keng iste’moldagi qaysidir narsasi ko‘rinishida qabul qilishi mumkin.   Aytaylik,   qizlar uchun miniyubka, tor va badanni yaqqol ko‘rsatuvchi futbolka, yigitlarga tizzaning yuqorisida turuvchi shorti va tananing yarmini ham yopmaydigan mayka bugunning modasi bo‘lib turibdi. Ayrim mutaassib ayollar esa   boshdan-oyoq qop-qora libosga o‘ranib yurishni o‘zlariga ep ko‘rishadi.   Yana qaysidir   kishi   yaktak-ishton, oqmi-ko‘k yo qora do‘ppi kiyish bilan kimlargadir o‘rnak bo‘lmoqni istaydi.  

“Ommaviy madaniyat”ni targ‘ib  etuvchilarning maqsadi nima?

“Ommaviy madaniyat” ma’naviy   tanazzulning debochasidir. Uni targ‘ib qiluvchilarning asl maqsad va niyatlari ham qaysidir millat yoki xalqni   ma’naviy jihatdan inqirozga uchratish bilan yengishga qaratilgan.   Chunki,   turli   yarim yalang‘och suratlar,   fahsh kinofilmlar, har xil bemaza o‘yinlar odamlarda izlanish, yaxshilik sari intilish kayfiyatini yo‘qotadi. Bularning yoniga (qo‘rqmay) ayrim saviyasiz xonandalarning maza-matrasiz qo‘shiqlari, bema’no va hayosiz kliplarini ham qo‘shish mumkin. 

Uzoqqa bormaylik. Atrofimizga bir qaraylik. Achinarlisi shuki, bir paytlar yigitlik, erkaklik g‘ururini har narsadan ustun qo‘ygan xalqning hozirgi yoshlari orasida qulog‘iga sirg‘a taqqan, tirnoqlarini o‘stirib bo‘yagan, uzun sochli yigitlarni uchratish mumkin.   Yoki yorilib ketaman, deb turgan shim kiygan, yelkasiyu beli ochiq, tizzasiga yetmaydigan yubkali qizlarni oling. Ular erta-indin ota-ona bo‘lsa, farzandlariga qanday tarbiya beradi? O‘zlari axloqli bo‘lmay turib, zurriyotlariga odobni o‘rgata oladimi?

                                        

AXBORIY XURUJLAR TAHDIDI

Uchinchi ming yillik odami uchun axborot izlab topish muammosi o‘z-o‘zidan bartaraf etildi. Turli nashrlar,   radio va televidenie, ayniqsa, internet saytlari   istagancha xabar yoki ma’lumotni yetkazib beryapti.

Bu yaxshimi, yomonmi?

Dunyo media  bozorida tarqatilayotgan barcha axborot kishilik jamiyati uchun foydalimi?

O‘sha ming-minglab ma’lumotning ma’naviyatga tahdidi qanday?

Bozorga kirgan kishining ko‘zlari peshtaxtalardagi rang-barang mahsulotlarning ko‘pligidan qamashishi tabiiy. Albatta, biri-biridan chiroyli, ko‘rkam va sifatli tuyuladi. Qay biridan xarid qilishni bilmay, ikkilanishi ham bor gap...

Axborot bozoridagi ma’lumotlar, xabarlar haqida ham shunday deyish mumkin. Narigi bozordan farqli o‘laroq, bu yerdagi mahsulotlar miyani “qamashtiradi”. Qaysi materialni o‘qishni yoki o‘qigandan so‘ng uni qanday “hazm” qilishni bilmay qolish ham hech gapmas.

Har ikki bozor uchun bir xil me’yor bor: hech kim   o‘z molini yomon demaydi. Eng sifatsiz mahsulot sotayotgan ham,   quruq safsatadan iborat xabarni tarqatayotgan ham uni o‘tkazishni xohlaydi.

Oziq-ovqat, dehqon va boshqa bozorlarga kirgan kishi nimani sotib olishni o‘zi biladi. Chunki, u yerga   mahsulotlarni biladigan odam kiradi-da! Lekin media bozorning bugungi xaridori uning peshtaxtalaridagi   xabar yoki ma’lumotning qay biri sifatli ekanini biladimi?

Bizningcha, hamma gap shunda!

Endi ommaviy axborot vositasi sifatida hayotimizga chuqur kirib kelgan internetning ma’naviy tahdidini olib ko‘raylik.

Internetning foydali tomonlari juda ko‘p. Lekin salbiy   jihatlari ham yo‘q emas.   Ayniqsa, turli tanishuv saytlari fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning ongiga halokatli ravishda ta’sir ko‘rsatmoqda. Kimningdir qizi, o‘g‘li, eri yoki xotini begonalar bilan ijtimoiy tarmoqlar, forumlar   orqali tanishib, uchrashib yurganligi, buning oqibatida ayrim oilalarning buzilib ketayotgani bugungi kunda hech kimga sir emas.

Ayni paytda ayrim tarmoqlar nafaqat tanishuv, balki axloqsizlik portaliga aylanib qolganini alohida ta’kidlash lozim. Masalan, “You Tube” axloq-odob normalaridan chiqib boryapti. Ularda o‘zimizning yuzsizlarimiz bor-budini namoyish etib, fahsh ishlariga qolganlarni ham chorlamoqda.“Facebook”da ham yalang‘och ko‘rinishlar ko‘paymoqda. Bundan tashqari, ayrim ekstremistik guruh va oqimlar a’zolari ham bu kabi tarmoqlardan foydalanayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ilgari pana-pastqam joylarda uchrashib, o‘z g‘oya va mafkuralarini boshqalarga singdirishga uringanlar endi ijtimoiy tarmoqlarga tanda qo‘yib olishdi. Axir, bu yerda hech kim ularning mushugini “pisht” demaydi-da. Alam qiladigan joyi, tuppa-tuzuk odam profilida ko‘ringan “suhbatdosh” asta-sekinlik bilan to‘r tashlay boshlaydi. Ilinganlar esa o‘z yurtdoshlarimiz. Kimdir bilmay, boshqasi tushunmovchilik oqibatida, yana biri diniy qadriyatlarimizni hurmat qiluvchi kishi sifatida ularning domiga tushadi. Hozir ham bu davom etmayapti, deb o‘ylaganlar adashib qolishi hech gapmas.

 

KINO “SAN’ATI”NING TAHDIDI

O‘tgan   asrda kino haqida gap ketganda, quyidagi ibora   ko‘p bor ta’kidlanar edi:

— Hamma san’atlar ichida biz uchun eng muhimi kinodir...

Uni aytgan odam o‘shanda nimani nazarda tutgan ekan-a? Kinoning madaniyat targ‘ibotchisi sifatidagi ahamiyatinimi yoki boshqalar ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omilligi to‘g‘risidami?

Kinosan’atning katta “qurol” ekanligi, mana, endi yaqqol bilina boryapti. Yaqin-yaqinlarda ham o‘zbek televideniesini to‘la egallab olgan sayoz filmlar bunga juda-juda ulkan “hissa” qo‘shdi. Odamlar Turkiya, Braziliya, Hindiston, Meksika va Amerika rejissyorlari ishlagan oldi-qochdi, muhabbat mojarolari, oilaviy munosabatlar haqidagi teleseriallar domiga osongina ilindi. Ota-ona, farzandlar, oila davrasida tomosha qilish jarayonida o‘pishish, quchoqlashish sahnalarini birgalikda ko‘rishga teleseriallar orqali majbur qilindi. Yotoqxona, to‘shakdan boshlangan lavhalar yana aynan o‘sha joyda tugallanishini qanday tushunish kerak?

Bular-ku, kattalar uchun ishlangan teleseriallar... Endi yosh avlod, kichkintoylar uchun tayyorlangan multfilmlarni olib ko‘ring. To‘g‘risi, kattalarnikidan qolishmaydi.

O‘sha sizu biz bilgan “Maugli”, “Qirol Sher”, “Sohibjamol va maxluq”, “Tom va Jerri” multfilmlarida ham o‘pishish, quchoqlashish sahnalari to‘lib-toshib yotibdi. Ularni ishlab chiqarganlarning asl maqsadlari nima o‘zi? Past saviyali film, qo‘shiq, multfilm yoki o‘yinlardagi chalg‘ituvchi xususiyat kishidagi (kattami, kichikmi, baribir) fikrlash qobiliyatini asta-sekin o‘ldirib boradi. Unda tevarakda bo‘layotgan voqea-hodisalarga faqat shu o‘yin yoki film saviyasi, bergan “ta’limi” nuqtai nazaridangina qarash sharoiti yetilib boradi. Ona suti og‘zidan ketmay turib, ana shunday ruhda “tarbiyalangan” boladan nimani kutish mumkin? Ayrim ota-onalar farzandini televizor qarshisiga o‘tqazib, multfilm qo‘yib berish bilan o‘zini aldayotganini bilmaydilar.

 

 

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, ma’naviyatga tahdid kelajakka tahdid, demakdir. O‘zbekiston xalqi jahon taraqqiyotiga ulkan ulush qo‘shgan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Forobiy, buyuk imomlar al-Buxoriy, Moturidiy, at-Termiziy, hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburlarning avlodidir. Ular va boshqa ulug‘larimizning ma’naviy merosini butun dunyo ahli hayrat bilan o‘rganayotgan bir paytda bizning zamonaviylik, madaniyatlilik niqobi ostida turli yengil-elpi, ma’naviyatsizlikni targ‘ib etuvchi omillarga berilishimiz kechirilmas holdir. Bunday salbiy illatlarga qarshi immunitetni shakllantirish, ularga qarshi kurashish bugunning dolzarb vazifasi bo‘lmog‘i kerak.

 

Najmiddin ERGASHEV