MANGU BEDOR SHAHAR

Bundan yigirma yil muqaddam, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida u zotning haykali o‘rnatilgan, uning ochilishi marosimida ishtirok etgan mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov shaharga Amir Temur ordenini topshirgan va 18 oktyabrni Samarqand kuni sifatida nishonlashni taklif etgan edi. Shundan buyon har yili ushbu sana keng nishonlanadi.

 

Qariyb uch ming yillik tarixga ega bu azim shaharni mangu bedor go‘sha deyish mumkin. Chunki u yaratilgandan beri mudom insoniyatni o‘ziga maftun etib, tuprog‘idan olimu fozillar, adabiyot va san’at ahli, sayyohlar qadami uzilmaydi.

Taraqqiyot yurtimizning har bir shaharu qishlog‘ida bo‘y ko‘rsatmoqda. Jumladan, qadimiy va hamisha navqiron Samarqand ham o‘tmish va zamonaviy tsivilizatsiya uyg‘unligida ajib qiyofaga ega bo‘ldi. Xo‘sh, o‘tgan chorak asr bu yurt taqdirida qanday ahamiyat kasb etdi? 

Qutlug‘ sana arafasida Samarqand shahri hokimi Akbar Shukurov bilan suhbatimizni mazkur savol bilan boshladik.

— Mustaqillik qadriyatlarimiz va buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, o‘zligimizni anglash imkonini berdi. Natijada insoniyat tamaddunining beshiklaridan biri, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Samarqand yanada ko‘rkam qiyofa kasb etib, azim kentning tarixiy shuhrati tiklandi, — deydi Samarqand shahar hokimi Akbar Safarovich Shukurov. — Bir paytlar e’tiborsiz va qarovsiz qolgan tarixiy obidalar, qadamjo va ziyoratgohlar istiqlol tufayli qayta jilo topdi. O‘zbekiston Respublikasining Biriichi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida shaharni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, zamonaviy arxitektura yechimlari asosida bino va inshootlar barpo etish, ko‘chalarni kengaytirish va ta’mirlashga qaratilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Xususan, keyingi yillarda shaharning Bo‘stonsaroy, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy, Toshkent, Panjakent, Dahbed ko‘chalarida qilingan ishlar alohida e’tirofga loyiq. Bir paytlar tor, avtomobil va piyodalar harakatlanishiga noqulay bo‘lgan mazkur ko‘chalar kengaytirilib, ularning ikki tomonidagi pana-pastqam binolar o‘rniga Sharq va o‘arb arxitekturasi uyg‘unlashgan yuzlab turarjoy binolari, maishiy xizmat shaxobchalari va ijtimoiy soha ob’ektlari barpo etildi. Ushbu ko‘chalarni obod qilish shahar qiyofasini benazir tarixiy obidalar bilan uyg‘un holda ko‘rkamlashtirish, shaharsozlikning zamonaviy usullaridan foydalanish asosiy vazifa etib belgilangan. Ayni paytda shaharning Rudakiy ko‘chasida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. 

— Samarqand nafaqat sohir tuprog‘i, latif havosi, barakali bog‘lari bilan, balki nodir obidalari, tarixiy maskanlari bilan ham butun dunyoga mashhur. Gap qadimiy osori-atiqalar, ko‘p asrlik obidalar haqida borar ekan, ularni asrab-avaylash, kelgusi avlodga ziyon-zahmatsiz yetkazish masalasi hamisha kun tartibida ekani shubhasiz. Bu borada shaharda qanday ishlar olib borilmoqda? 

— O‘tmishga nazar solmasdan bugungi kunga baho berish, uning qadriga yetishning iloji yo‘q. 

Sobiq mustabid tuzum davrida mamlakatimizda shonli o‘tmishimizni qoralash, buyuk ajdodlarimizning o‘lmas merosini, qadamjo va obidalarni oyoqosti qilish, ulardan boshqa maqsadlarda foydalanish, tutash hududlarga turli sanoat korxonalari va maishiy xizmat ob’ektlarini qurish avj olib ketgan edi. Chunonchi, alloma va avliyo shayx Burhoniddin Sog‘arjiy abadiy qo‘nim topgan Amir Temur maqbaralari, unga tutash hudud ham shunday ayanchli qismatga duchor bo‘lgan. XIV asrning 70-yillarida Amir Temur Sog‘arjiy qabriga maqbara va uning yonida bog‘ barpo ettirgan. Taassufki, sobiq sho‘rolar davrida bu ziyoratgoh maqomini butkul yo‘qotib, xarobaga aylantirildi. Ushbu maskanning eski ahvoli inson ko‘nglini xira qiladigan darajada bo‘lganini xalqimiz juda yaxshi biladi, Xususan, unga tutash maydon chetidagi “Tabassum” restorani, “Zangori ekran” kabi maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari va qator do‘konlar maqbara ko‘rki hamda fayziga soya solardi. Ziyoratgohning yonginasida esa aroq zavodi faoliyat ko‘rsatar, undan anqib turgan badbo‘y hid, ko‘cha bo‘ylab ariqlarda tinimsiz oqib turgan chiqindi suvlar esa manzarani butkul xunuklashtirganini hech kim inkor etmasa kerak. Sobiq tuzum davrining makkor siyosati oqibatida Sohibqiron va uning piri Mir Sayyid Baraka, o‘g‘illari Umarshayx, Mironshoh, Shohrux, nabiralari Muhammad Sulton, Mirzo Ulug‘bek va boshqa temuriyzodalar dafn etilgan Amir Temur maqbarasini qanday nochor ahvolga keltirilgani hali-beri yodimizdan chiqmaydi. Yetti iqlimga dong‘i ketgan bu kabi ziyoratgoh qadamjoni vayron etish, ularga yaqin joylarda ko‘ngilochar maskanlar va sanoat korxonalarini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad xalqni milliy o‘zlikdan ayirish, teran ma’naviy ildizlariga bolta urish, buyuk o‘tmishga salbiy bo‘yoqlarni chaplashdan boshqa narsa emasdi.

Shunday holat Registon ansambli, Shohi Zinda majmuasi, Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi hamda boshqa ziyoratgoh va tarixiy obidalar atrofida ham mavjud edi. Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi va rahnamoligida shahrimizdagi barcha qadamjo va obidalar qayta rekonstruktsiya qilinib, asl qiyofasiga kirdi, atrofi obodonlashtirilib, betakror manzara kasb etmoqda.

Islom Karimov Sharq gavhariga “Samarqand diyori umumbashariyat tsivilizatsiyasining Rim singari qadimiy beshiklaridan biri sifatida butun yer yuzida tan olinishi, uning beqiyos tabiati, keng ma’nodagi unumdor zamini, nomlari jahon tarixiga zarhal harflar bilan yozilgan mumtoz zotlarni bergani bilan barchamiz cheksiz faxrlanamiz. Samarqand zamini Imom Buxoriy va Imom Moturidiy, Xoja Ahror va Mahdumi A’zam kabi musulmon olamida mashhur bo‘lgan allomalar, aziz-avliyolar xoki yotgan tabarruk maskanlari bilan ham mo‘’tabardir. Sohibqiron Amir Temur o‘z saltanatining poytaxti etib tanlagan, nafaqat buyuk tarixiy obidalari, balki Ulug‘bek va Ali Qushchi kabi ulug‘ mutafakkirlar o‘zining dunyoni hayratga solgan o‘lmas kashfiyotlarini yaratgan bu yurtni betakror mo‘’jiza desak, aslo xato bo‘lmaydi”, deya ta’rif bergan edi. Mustaqillik yillarida Bosh me’morimiz tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan Samarqandning fayzu tarovatli, ko‘rkam va obod shahar sifatidagi shuhrati qayta tiklandi, Bunyodkorlik ishlarining amaliy tasdig‘i obidalar hududida ham o‘z in’ikosini topdi. Hududlarni obodonlashtirish ishlarida tarixiy va zamonaviy an’analarini o‘zida birlashtirgan shaharsozlikning ilg‘or usullaridan hamda landshaft dizaynidan keng foydalanildi. Favvoralar, turfa gullar, yashil maysazorlar, atmosfera havosini tozalovchi fitontsidlar chiqaradigan ignabargli va manzarali daraxtlar tarixiy obidalarning ko‘rkiga ko‘rk ko‘shib turibdi. Yana bir jihat, shaharda barpo etilgan qirqdan ortiq favvora hududlarga nafislik bag‘ishlamoqda. Ziyoratchilar va hordiq chiqaruvchilar uchun shinam o‘rindiqlar o‘rnatilgan, atrofda esa xushnavo kuy-qo‘shiqlar yangrab turadi.

Bularning barchasi Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida yurtni obod etishga qaratilgan islohotlar samarasidir.

— Samarqand O‘zbekistonninggina emas, Markaziy Osiyoning, aytish lozimki, dunyoning eng yirik shaharlaridan hisoblanadi. Ayni paytda bu go‘shada 520 mingdan (2016 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra) ziyod aholi istiqomat qilayotir. Tabiiyki, shahar aholisining turmush darajasini yanada yaxshilash bu yerda yaratilgan ishbilarmonlik muhitiga ham bog‘liq. 

Ayting-chi, Samarqand shahrida zamon bilan hamnafaslikda hayot kechirish qay darajada? Shahar sharoitida tadbirkorlar, umuman, mehnat ahli nimalar bilan mashg‘ul? Ishbilarmonlik qaysi sohalarda avj pallada, ular uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida so‘zlab bersangiz. 

— Istiqlol yillarida boshqa sohalarda bo‘lgani kabi tadbirkorlikni, sanoatini rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va eng muhimi, aholini ish bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratildi. Samarqand iqtisodiyoti uchun yangi bo‘lgan o‘nlab turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish va ularni xorijga eksport qilish borasida e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda “SamAvto” Samarqand avtomobil zavodi va “JV MAN Auto-Uzbekistan” zavodlarida ishlab chiqarilayotgan turli rusumdagi yuk avtomashinalari, “SamAntepGilam” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan gilamlar, “8 mart” va “DakaTekc” korxonalarida tayyorlanadigan bejirim kiyim-kechaklar nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham o‘z xaridorlarini topmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlar faoliyatining yanada rivojlanishida, iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni jarayonning yana bir muhim sharti kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga yetarli sharoitlarni yaratishdan iborat. Shu maqsadda 2015 yilning 28 sentyabrida qabul qilingan “Tadbirkorlik sub’ektlariga “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab barcha davlat tashkilotlaridagi mavjud “Yagona darcha” xizmatlari tugatilib, shahar hokimligi huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspektsiyasi negizida “Yagona darcha” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha markaz tashkil qilinib, bugun samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Markazda yaratilgan xizmat turlari tadbirkorlarga qator qulayliklari bilan qo‘l kelmokda, Jumladan, “Yagona darcha”da tadbirkorlik sub’ektlariga bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish, ob’ektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruktsiya qilish, qurilish-montaj ishlari, turarjoylarni noturarjoy toifasiga o‘tkazishga ruxsat berish singari 16 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilmokda.

Markaz faoliyatining samarali tashkil etilishi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarining davlat xizmatlaridan foydalanishini yanada soddalashtirish barobarida davlat tashkilotlari ochiqligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, markaz tadbirkorlarga davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillaridan o‘tishda ochiqlikni ta’minlamokda. Markazning axborot bo‘limida “Sall-senter”da tadbirkorga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va muddatlari to‘g‘risida bepul ma’lumot berilmoqda.

Eng muhimi, markazda tadbirkorlarning ish boshlashidan tortib faoliyati davomida zarur bo‘ladigan barcha xizmatlarni bir joyning o‘zida ko‘rsatilishi ularning samarali faoliyat yuritishida muhim rol o‘ynamoqda. Bu sohadagi turli byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish imkonini yaratdi. Bugungi tadbirkor tashkilotlar o‘rtasida sarson-sargardon yugurib, vaqtini behuda o‘tkazmaydi. U har bir daqiqadan unumli foydalanib, faoliyati bilan bog‘liq barcha muammo va kamchiliklarni bir joyda bartaraf etadi. Xulosa qilib aytganda, “Yagona darcha” tadbirkorning vaqtini ham, naqdini ham tejash uchun imkoniyatdir. Chunki, markazda tashkil qilingan xizmatlardan internet orqali elektron shaklda ham foydalanish mumkin.

“Yagona darcha” markazi faoliyatining samarali tashkil qilinishi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining davlat xizmatlaridan foydalanishini yanada soddalashtirish barobarida davlat tashkilotlari ochiqligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida markaz tomonidan 655 ta yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilib, aholi uchun ko‘shimcha 2 ming 892 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Faoliyatini boshlagan tadbirkorlik sub’ektlarining 48 tasi qayta ro‘yxatdan o‘tib, 571 ta tadbirkorlik sub’ekti o‘z nizomiga qo‘shimchalar kiritdi. Ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar soni 2004 nafarga yetdi. Joriy yil “Yagona darcha” markaziga 16 ta davlat xizmati bo‘yicha jami 1369 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarni tegishli ravishda o‘rganib chiqishning samarali mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgan bo‘lsa-da, sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar, faoliyatga to‘sqinlik qilayotgan salbiy holatlar mavjudligi ham e’tibordan chetda emas. Ayni masalalar yuzasidan fuqarolar tomonidan berilgan savollarga muloqot davomida batafsil javob qaytarilmoqda.

Davralarda, latif majlislarda yaxshi mavzularda so‘z borsa, “Eh, qaniydi, bu gurung hech tugamasa!” deysiz. Samarqand mavzusi — ana shunday mavzu. Butun shahar emas, u bilan bog‘liq biror mo‘’tabar joy yoxud aziz bir inson to‘g‘risida suhbatlashsangiz ham shunday. 

Biroq suhbat qurgan boshqa, so‘z borayotgan muqaddas dargohda bo‘lib, uning havosidan to‘yib-to‘yib bahra olmoq, o‘tgan ulug‘ zotlar ruhlarini his etmoq boshqadir.

Bu qutlug‘ maskanga qadam qo‘yar ekansiz, mazkur o‘qiganlaringiz ko‘rgan-bilganlaringizu his etganlaringiz oldida dengizdan tomchi ekanini anglaysiz. Va beixtiyor bu qadimiy va betakror shaharga bo‘lgan mehringiz yanada ortadi. Samarqand o‘z fayzu tarovati bilan qalblarga ana shunday tuyg‘ularni joylaydi.

 

Suhbatni “Hurriyat” muxbirlari 

Elmurod NISHONOV va 

Ubaydulla XO‘JANIYOZOV yozib oldi.

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Jar yoqasidagi olishuv

2018-04-17 15:13:06

UYG‘OQ YASHASH SAODATI

2018-04-17 15:19:10

TAHRIRIYATLARDAGI KO‘HNA AKSIOMA yoki ...

2018-04-17 15:06:40

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2018
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30

.