HUQUQ VA BURCH UYG‘UNLASHGANDA…

“O‘z burchini bajarishdan mamnun odamgina erkin yashaydi”, – degan edi Sitseron. Burch bilan huquq bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularni ayro tasavvur etish qiyin. Chunki huquqini yaxshi bilgan odam burchini ham ado eta oladi. Shu orqali hayotda o‘z o‘rnini topadi, jamiyat uchun xizmat qiladi.

Huquqiy madaniyat rivoji har qanday muammo yechimining asosiy mezonidir. Jamiyatda huquqiy ong, huquqiy madaniyatni yuksaltirish va qonuniylikni mus­tahkamlashga yo‘naltirilgan targ‘ibotga alohida e’tibor qaratilayotganining asosiy sababi ham shunda.

 Aholi huquqiy savodxonligini oshirish, huquqiy axborotdan kengroq foydalanish imkonini yaratish, shuningdek, huquq va sud tizimini rivojlantirishning muhim masalalarini hal etishga ko‘maklashishda huquqiy nashrlarning ham o‘rni bor. Prezidentimizning 2005 yil 18 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik jurnallar tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishda belgilangan vazifalarni bajarish hamda muammolarni hal etishda yuridik jurnallar rolini kuchaytirishga zamin yaratdi. Qarorga binoan O‘zbekiston Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi muassisligida “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tashkil etildi.

Jurnal o‘tgan davr mobaynida muassislar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini keng ommaga yetkazish hamda aholi huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Davlat va jamiyat qurilishining dolzarb siyosiy-huquqiy masalalari, qonun ijodkorligi, fuqarolik jamiyati ins­titutlari faoliyatini takomillashtirish, sud-huquq tizimini yanada liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari kabi mavzular jurnal mundarijasini belgilaydi. Bugungi kunda jurnal sahifalarida fuqarolarning huquqiy ongi, siyosiy madaniyati va ijtimoiy faolligini oshirishga, odamlar tafakkurida demokratik qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qiladigan materiallar muntazam chop etib kelinmoqda.

Yuridik fan rivojiga, milliy huquq maktabi shakllanishiga, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga oid muammolar yuzasidan munozaralar, davra suhbatlari jurnalning yanada qiziqarli chiqishini ta’minlaydi. Qonun ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish borasida xorijiy mamlakatlar tajribalarini qonunchiligimizga tatbiq etish jarayonlari ham jurnalning doimiy mavzularidan hisoblanadi. “Prokuror nazorati”, “Qaror va ijro”, “Sud amaliyotidan”, “Faoliyat mezoni”, “Qonun mohiyati”, “Tadqiqot, tahlil, taklif” singari ruknlarda ayni mavzularga oid qiziqarli materiallarni o‘qishingiz mumkin. “Dolzarb mavzu”, “Mulohaza” ruknlarida o‘z yechimini kutayotgan yoxud e’tibortalab masalalar qalamga olinmoqda.

Jurnalning 2015 yil 2-so­­­ni­da e’lon qilingan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ibrohim Normatovning “Erkinlikning ham chegarasi bor…” nomli maqolasida: “Jahon miqyosida qabul qilingan qonun-qoidalarda birovlarning milliy va ma’naviy qadriyatlarini kamsitish, muqaddas diniy his-tuyg‘ularni haqoratlash taqiqlanadi. So‘z erkinligi, matbuot erkinligi, fikrni erkin ifodalash degan niqoblar hech kimga musulmonlarning muqaddas his-tuyg‘ularini haqoratlash huquqini bermaydi. Aksincha, bunday harakat jazolanishi kerak”, – deya ta’kidlanishi barobarida maqsadga erishish uchun g‘irrom populizm yo‘lini tanlaganlarning munofiqligi fakt va raqamlar asosida tahlil etiladi.

“Adolatnoma”, “Sharqning buyuk allomalari”, “Movaraunnahr faqihlari” singari rukn­larda berilayotgan maqolalarda fiqh ilmi olimlarining hayoti, noyob asarlarning huquqiy, ilmiy jihatlari ochib beriladi. “Sarhadlar osha” ruknidagi maqolalar o‘quvchilarning jahon mamlakatlari sud-huquq tizimiga oid tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladi.

Shuningdek, tahririyat elektron pochtasiga fuqarolardan ko‘plab taklif, ariza va shikoyatlar ham kelib tushmoqda. “Huquq va burch” javob beradi”, “Huquq va burch” pochtasidan” kabi ruknlarda o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislarning javoblari, huquqiy maslahatlar muntazam berib boriladi.

Jurnalda yoritilayotgan mavzularning rang-barang va qiziqarli bo‘lishini ta’minlash uchun taniqli yozuvchilar, shoirlar, davlat va jamoat arboblari, mutaxassislar bilan ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Muxtasar qilib aytganda, huquqiy davlatni qonun ustuvorligisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Buning eng maqbul usuli esa ommaga qonunlar mazmun-mohiyatini xalqona va sodda tilda yetkazishdir. Jurnal ham bunga barcha yetakchi nashr­lar qatori munosib ulush qo‘shmoqda.

Gulbahor MAQSUDOVA,

Toshkent yuridik kolleji o‘qituvchisi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + three =