Huquq

20 Aprel 2007 09:16
SIYOSIY MADANIYATGA EGAMIZMI?
Davlat hokimiyatini boshqarish va u haqdagi tasavvurlarni odatda “siyosat” tushunchasi orqali ifodalaymiz. Global jarayonlar kechayotgan bugungi davrda “siyosiy madaniyat” degan istilohga ham tez-tez duch kelamiz. Aslida mazkur tushunchaning asl mohiyatini anglab yeta olganmizmi? Mazkur og‘riqli savolga to‘la-to‘kis ijobiy javob qaytarish mushkul, albatta. Shunday ekan, avvalo, mazkur tushunchaga ozgina oydinlik kiritsak.
Siyosiy madaniyat bu — jamiyatda yashayotgan fuqarolarning davlat hokimiyati va siyosatiga bo‘lgan munosabatidir. Bu munosabat fuqarolarning siyosiy hayotdagi faolligi bilan izohlanadi. Buning uchun esa shu yurtning har bir fuqarosi davlat qonunlari, hukumat qarorlari, prezident farmonlaridan o‘z vaqtida boxabar bo‘lib turishi darkor. Fuqarolarda siyosiy va huquqiy ong qanchalik yuqori bo‘lsa, siyosiy madaniyat ham shu darajada yuksala boradi. Har qanday fuqaro qaysi jabhada bo‘lmasin, o‘z siyosiy, iqtisodiy va boshqa huquqlarini, shu bilan birga burchlarini to‘la-to‘kis anglay olishi darkor.
Siyosiy madaniyat shundayin hodisaki, u xalqning siyosiy ongi bilan birga o‘sib boradi. Siyosiy ongning o‘zi nima? Siyosiy ong bu xalqning davlat olib borayotgan siyosiy jarayonlarga munosabati ifodasidir. Misol sifatida muhim siyosiy jarayonlardan biri bo‘lmish saylov jarayonini keltirishimiz mumkin. Oddiy fuqaro xoh u ishchi bo‘lsin, xoh u ziyoli bo‘lsin, mazkur jarayonga befarq bo‘lmasligi darkor. Chunki u o‘zining ertasini kimning qo‘liga topshirayotganidan xabardor bo‘lishi kerak.
Sobiq Ittifoq davrida madaniyat tushunchasi haqida gap bo‘lishi mumkin emasdi. Totalitar tuzumning asoslariga nazar tashlasak, kommunistik partiyaning yakka hukmronligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Bunday sharoitda boshqa hech qanday g‘oyaga yo‘l qo‘yilmagan. Bu muhitda unib-o‘sgan insonlarda haq-huquq va erkinliklardan ko‘ra burchlar va majburiyatlar ko‘proq edi. Sobiq Ittifoq o‘z fuqarolariga ishchi mashina sifatida qaragani hech kimga sir emas.
Hurmatli Prezidentimiz xal­qimiz orasida ko‘p uchraydigan loqaydlik qusuriga ko‘p bora to‘xtalib o‘tganlar. Befarqlik, jamiyatda kechayotgan jarayonlarga e’tiborsizlik demokratik va huquqiy yo‘ldan borayotgan har qanday davlat poydevorini zaiflashtiradi. To‘g‘ri, fuqarolarning siyosiy ongi faqatgina saylov jarayonlari bilan belgilanmaydi. Bu borada “to‘rtinchi hokimiyat” bo‘lmish ommaviy axborot vositalarining ham o‘rni muhimdir. OAV har bir insonga turlicha ta’sir qiladi. Eng asosiysi, OAV insonlarning ongini charxlovchi kuchli omil sanaladi. Turli mish-mishlarga quloq tutmay har bir jarayonga ongli yondashish xalqning siyosiy madaniyati shakllanishida eng asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu jarayonda esa OAV faoliyatidan boxabar bo‘lib turish juda muhimdir.
OAV jamiyatning ajralmas bo‘g‘iniga aylanib ulgurdi. OAV, avvalo, fuqarolar bilan davlat orasidagi eng muhim vositachi hisoblanadi. Bu vositachilik esa jurnalistlarning faolligi orqali ro‘yobga chiqadi. OAVning nofaolligi esa mavjud hokimiyatning jamiyatdan uzoqlashuviga olib keladi. Darhaqiqat, jamiyatning siyosiy jihatdan ijtimoiylashuvida, ya’ni siyosiy ong va xulq-atvorning shakllanishida jurnalistika eng kuchli omil sanaladi. Fuqarolardagi o‘sha ongni, o‘sha xulq-atvorni tarbiyalash esa uning birlamchi vazifasi. Bu tarbiya har qanday demokratik tizimning asosi bo‘lib xizmat qilishi hech kimga sir emas.
Bugungi kunga kelib jahon OAVlariga xos eng katta kamchiliklardan biri bu jurnalistlarning faqat kuzatuvchi bo‘lib qolishayotganidir. Mavjud voqealarga faqat kuzatuvchi bo‘lib turish bu loqaydlik, befarqlik ko‘rinishi. Xoh telejurnalist bo‘lsin, xoh matbuot xodimi bo‘lsin, o‘zi sharhlayotgan voqealarga ochiq ko‘z bilan qaramasa, bu avvalo, o‘sha jurnalistga shuning barobarida ommaviy axborot vositalariga ishonchsizlikni keltirib chiqaradi.
Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida OAVning roli naqadar muhimligi bizga ayon. Bugungi kunda dunyo OAVlarida ommalashib borayotgan yana bir “kasallik”, bu voqealarni noxolis yoritishdir. “Andijon voqealari”ni keltirib o‘tishning o‘zi kifoya. Mazkur voqealar yuz bergan davrda G‘arb jurnalistikasi voqealarga xolis baho berish o‘rniga, haqiqiy “informatsion tahdid”ga o‘tib ketdi. Bu kabi holatlar ostida, albatta davlatning xalqaro mavqeiga putur yetkazish maqsadi yotadi.
G‘arb jurnalistikasi balki o‘zining “qaynoq” sahifalari bilan voqealarni bayon qilib, dunyoni bir zumga hayratga solgan bo‘lsa, ajab emas. Biroq  bugunga kelib, G‘arb jurnalistikasida voqealarni gazetxonga xolis yetkazishdan ko‘ra, o‘ta qiziqarli va shiddatkor qilib yetkazib berish birlamchi o‘ringa chiqib ketdi. Ayrim jurnalistlar hatto o‘zbek diyo­rida bo‘lmagani holda tashqaridan turib ham bashoratgo‘ylik yo‘liga o‘tib ketishdi. Ushbu jarayon bevosita “siyosiy madaniyat” tushunchasi bilan ham bog‘liq.
Siyosiy ongi va siyosiy madaniyati kuchli bo‘lgan har qanday jamiyat yoshlari, bu kabi “qayroqi” maqolalar ta’siriga berilmaydi, bu kabi maqolalar ostida shunchaki “siyosiy o‘yinlar” yotganini osongina tushinib yetadi.
Bugungi kun OAVlari shiddat bilan rivojlanmoqda. Xususan o‘zbek jurnalistikasi ham ana shu pog‘onalarda ildamlamoqda. Bir yozuvchimizning “Yozishni o‘rganish uchun yozish kerak” deya ta’kidlab o‘tgan gapini bugungi kun jurnalistikasi uchun ham shior qilib olsak bo‘ladi. Inson qobiliyati va mahorati ham xuddi olmosga o‘xshaydi, unga qanchalik ishlov bera borsang, u kun sayin ko‘rkamlashib javohirga aylana boradi.
Sanjar MATKARIMOV,
JIDU talabasi 

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM